Ivan Boshkovich: "Bu "Mashal" ko'proq ochko to'plashi kerak edi"

22 okt 2026, 22:47
Superliganing 25-turi doirasida "Bunyodkor" - "Mashal" (2:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "Bunyodkor" ustozi Ivan Boshkovich o'z fikrlarini bildirdi.

- Aytishim mumkinki, juda qiyin o'yin bo'ldi. Men oson o'yin kutmagandim, lekin bunchalik qiyin kechishini ham taxmin qilmagan edim. O'ylaymanki, biz o'zimiz istagan va o'ynay oladigan futbolni namoyish eta olmadik. Jamoamiz bundan ham yaxshiroq o'ynashga qodir, ammo ochig'ini aytganda, raqib bunga yo'l qo'ymadi. Ular biz futbolchilardan talab qiladigan o'yin uslubini ko'rsatishimizga imkon berishmadi. Shuning uchun bu g'alaba biz uchun juda muhim. Birinchi bo'limda koncentraciya yetishmadi, ko'plab holatlarda bolalarcha xatolarga yo'l qo'ydik. Balki futbolchilar raqibning ochkolari kamligini hisobga olib, o'yinga biroz bo'shashgan holda chiqqandir. Bu, albatta, psixologik holatga ta’sir qiladi. Men ularni oldindan ogohlantirgan edim, lekin bu omil baribir o'z ta’sirini ko'rsatdi. Birinchi bo'limda "Mashal"da ham, bizda ham yaxshi vaziyatlar bo'ldi. Shunga qaramay, biroz omad yordamida birinchi bo'limda vaziyatni o'zgartirishga muvaffaq bo'ldik.

"Mashal" jamoasini yana bir bor maqtasam arziydi. Nima uchun ularning hisobida atigi to'rt ochko borligini tushunmayman, chunki bugun juda kuchli qarshilik ko'rsatishdi. Ikkinchi bo'limda esa o'yinimizni biroz yaxshiladik, koncentraciyani kerakli darajaga olib chiqdik. "Mashal"da avvalgidek yaqqol golli vaziyatlar ko'p bo'lmadi, biz esa o'yinni nazorat qilishga harakat qildik. Uchrashuv taqdirini ertaroq hal qilishimiz mumkin bo'lgan bir nechta yaxshi imkoniyatlar ham bo'ldi. Biroq so'nggi besh-o'n daqiqada hamma biroz asabiylashdi - futbolchilar ham, biz ham. Shunga qaramay, o'z futbolchilarimni ham, "Mashal" futbolchilarini ham yaxshi o'yin bilan tabriklayman. O'ylaymanki, muxlislar uchun ham juda qiziqarli uchrashuv bo'ldi. Hozirgi vaziyatda bu uch ochko biz uchun nihoyatda muhim. Endi biz pley-offga tushmasdan, oliy ligadagi o'rnimizni saqlab qolish uchun oxirigacha kurasha oladigan holatdamiz.

- So'nggi o'yinlarda Shamsiddin Tursunmaxamadov va Islom Anvarov hujumkorroq poziciyalarda o'ynayotganini ko'ryapmiz. Bu sizning taktik qaroringizmi yoki raqibga qarab o'zgaradimi?

- Bu - men va murabbiylar shtabi futbolchilardan talab qilayotgan o'yin uslubining bir qismi. "Bunyodkor" qanday futbol namoyish etishi kerakligini yaxshi bilamiz. Futbolchilarimiz malakali va juda iqtidorli. O'yinlar davomida ularning o'ziga bo'lgan ishonchi ham ortib boradi. Men ulardan yanada yaxshiroq o'yin kutayapman, ayniqsa, hujumdagi harakatlaridan. So'nggi bir nechta uchrashuvda buni sezish mumkin. Albatta, natija uchun bosim ham o'z ta’sirini ko'rsatadi. Biroq futbolchilarimiz hujumda yanada faolroq harakat qilish imkoniyatiga ega ekanini o'zlari ham his qilib borishyapti. Umid qilamanki, nafaqat ular, balki butun jamoa hujumda yanada faolroq o'ynaydi va ko'proq gol uradi. Bugun ikkita gol urdik, bu esa quvonarli holat. Bundan tashqari, yana bir nechta vaziyatlarimiz ham bo'ldi. Yana bir jihatni takidlashim kerak: oldimizda rasmiy o'yinlarsiz o'tadigan 15 kunlik tanaffus bor. "Neftchi"ga qarshi uchrashuv 14 noyabrga ko'chirildi, keyingi o'yinimiz esa 6 noyabrga belgilangan. Bu vaqt davomida jarohat olgan, charchoq his qilayotgan yoki sariq kartochkalari bor futbolchilarimiz optimal jismoniy holatga qaytib olishlari mumkin. O'ylaymanki, shundan keyin jamoamiz yanada kuchayadi.

- "Neftchi"ga qarshi o'yin ko'chirilganini aytdingiz. Bu orada FIFA kunlari ham bor. Bunday uzoq tanaffus futbolchilarning sport formasiga salbiy ta’sir ko'rsatmaydimi?

- Menimcha, aksincha, bu tanaffus bizga foyda keltiradi. Krivokapich, Pletnyov, Olimjonov va hatto Nosir Abdusalomovga ham tiklanish va jamoa o'yiniga moslashish uchun qo'shimcha vaqt beradi. Bugun Nosir Abdusalomov sohasida og'riq his qildi. Shuning uchun tavakkal qilishni istamadik. Bu futbolchilarning barchasi biz uchun juda muhim, ular tajribali o'yinchilar. O'ylaymanki, tanaffus bizga kuch to'plash, jismoniy holatimizni yaxshilash va o'yinimiz sifatini oshirish uchun qo'shimcha imkoniyat yaratadi. Natijada boshqa raqiblarga qarshi yanada raqobatbardosh bo'la olamiz.

- Keyingi mavsumdan chempionat formatini "kuz-bahor" tizimiga o'zgartirish loyihasi muhokama qilinayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Murabbiy va mutaxassis sifatida bu tashabbusga qanday qaraysiz?

- Sifatli futbol o'ynalishini istaydigan murabbiy sifatida aytishim mumkinki, barchamiz chiroyli va yuqori saviyadagi futbolni ko'rishni ham, namoyish etishni ham xohlaymiz. Buning uchun eng avvalo, sifatli maydonlar kerak. Shunda futbolchilar ham, muxlislar ham o'yindan zavq oladi. Menimcha, so'nggi ikki yilda maydonlar sifati bilan bog'liq muammolar sezilarli darajada kuchaydi. Bu ayniqsa yoz va qish oylarida, shuningdek, mashg'ulotlar jarayonida ham seziladi. Shuning uchun chempionat tizimini o'zgartirish masalasini har tomonlama tahlil qilish, uning ijobiy va salbiy jihatlarini baholash zarur. Ammo menda bir xavotir bor: agar noyabr, dekabr, yanvar va fevral oylarida rasmiy o'yinlar o'tkazilsa, mavjud maydonlar futbolni yuqori saviyada namoyish etishga imkon bera oladimi? Meni aynan shu masala o'ylantiryapti. Albatta, boshqalarning fikri biznikidan farq qilishi mumkin. Biz esa o'z ishimizni davom ettirishimiz kerak. Lekin barchamizning maqsadimiz bir - mamlakatimizda futbol sifatini oshirish. Zamonaviy futbolni loy va sifatsiz maydonlarda o'ynab bo'lmaydi. Chempionlar ligasidagi uchrashuvlarni kuzating: maydonlar qanday holatda? Agar o'sha musobaqalarda ham bizdagi kabi maydonlar bo'lganida, futbolning sifati qanday bo'lardi? Menimcha, bu - birinchi navbatda hal qilinishi kerak bo'lgan masala.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia