"Manchester Yunayted" uchun Kataloniyada yirik hisobda mag'lub bo'lmaslik ham yaxshi natija" - Andrey Kanchelskis

11 apr 2019, 22:00
"Championat.asia" jurnalisti Shahboz Beg'amov "Manchester Yunayted" afsonasi, ayni paytda Namanganning "Navbahor" jamoasini shug'ullantirayotgan mutaxassis Andrey Kanchelskisdan "Old Trafford"dagi kechagi o'yin va Sulsherning tayinlovi haqida so'radi.

"Kechagi o'yin haqida qisqacha gapiradigan bo'lsam, hammasi haqqoniy va adolatli bo'ldi. O'yin bobida "Barselona" bir bosh ustunlik qildi. Natija ham shunga yarasha. "Manchester Yunayted" joriy mavsumdagi kuchini sarflab bo'ldi. Mavsum juda yomon boshlandi. Keyin Mourinyu iste'foga chiqarildi. Jamoa ma'lum vaqt chuqurlikda edi va bundan chiqishni ham uddaladi. YCHLda esa PSJ bilan javob o'yinida omad kulib boqdi.

"Barselona" mahorat bo'yicha "Manchester Yunayted"dan ancha ustunligi ko'rindi. Buni shunchaki ochiqchasiga tan olish lozim. Achchiq, lekin haqiqat. Albatta, "Manchester Yunayted" uchun qayg'urdik, lekin hozirgi holatni to'g'ri baholash lozim. "Barselona" kuchliliq qildi va haqli ravishda g'alaba qozondi. Bu yerda ortiqcha savollarga o'rin yo'q", - dedi Kanchelskis.


Kataloniyadagi javob bellashuvida "Manchester Yunayted"ning imkoniyatlari mavjudmi, degan savolga mutaxassis quyidagi javobni berdi:

"Imkoniyat doim bo'ladi. Ayniqsa Yevropa Chempionlar ligasida "kambek" juda ko'p ruy beradi. Lekin tan olish kerak, "Manchester Yunayted" buni amalga oshirishi juda mushkul masala. "Barselona" bu PSJ emas. Kataloniya jamoasida barqarorlik mavjud. Ular YCHLda, muhim o'yinlarda qanday o'ynash tamini olishgan. "Manchester Yunayted" esa mavsum davomida bor kuchini sarflab bo'ldi. Ortig'ini kutish yaramaydi. Kataloniyada durang bilan qaytish ham muvaffaqiyatga aylanadi. Muhimi, javob bahsida yirik hisobda yutqazmaslik ham yaxshi natija", - dedi Kanchelskis.


"Manchester Yunayted" rahbariyati Sulsher tayinlovida adashmadimi? Mazkur savolga "Manchester Yunayted" afsonasi quyidagicha javob qaytardi:

"Hammasini vaqt ko'rsatadi. Hozir har xil variantlarni keltirish mumkin: Adashdimi yoki yo'q. Sulsher keliboq jamoani o'zgartirmadimi, hech narsani buzmadi. To'g'ri qildi. Yangi mavsumda esa jamoani butkul o'zining uslubiga monand tayyorlaydi. Yangi g'oyalarini endi amalga oshirishga urinib ko'rishi mumkin. Avval esa mavsumni kuchli to'rttalikda yakunlash missiyasini bajarmog' lozim. Muhimi, kelasi mavsum YCHLga yo'llanma beruvchi chiptani qo'lga kiritish. Rahbariyat Sulshyerda adashdimi yoki yo'q, buni kelasi mavsumda ko'ramiz", - deya "Manchester Yunayted" haqidagi fikrlarini yakunladi Andrey Kanchelskis. 

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia