

Chunki, katta klublarning deyarli to'liq tarkibi terma jamoalar xizmatiga safarbar etiladi. Bu esa bir nechta noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin:
Birinchidan, futbolchilarning milliy jamoalar tarkibiga borib qo'shilishi jarohatlar epidemiyasini keltirib chiqarishi mumkin. Ikkinchidan, futbolchilar terma jamoa yig'inidan ruhan va jismonan turli xil kayfiyatda qaytishdi. Uchinchidan, futbolchi terma jamoa uslubiga moslashishi, u yerda butkul boshqa vazifani bajarishi mumkin. Misol uchun, dunyoning eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri David Alaba Avstriya terma jamoasi safiga qo'shilgach, yarim himoyachiga aylanishi, hatto hujumchi ortida ham harakatlanishi mumkin. Bu kabi holatlar futbolchilarning chalg'ishiga, noo'rin xatolar kelib chiqishiga asos bo'lishi mumkin.
La ligada qisqa muddatlik tanaffusdan so'ng o'tkazilgan 4-tur uchrashuvlari ham kutilgan va kutilmagan voqeliklarga boy bo'ldi. Hozir shulardan eng muhimlari haqida suhbatlashamiz.

Atletik Bilbao Barselonani engishi mumkin, ammo Malorkani emas. Baskoniyaning Gaizka Garitano boshchiligidagi yetakchi klubi musobaqaning joriy mavsumini a'lo kayfiyat bilan boshlagandi. O'shanda amaldagi chempion darvozasiga chalqancha uslubda gol urgan Aric Aduriz bu gal La ligaga qaytgan kamtarona klub darvozasiga penaltidan ham gol kiritolmadi. Malorkaga qarshi bahs teng kurashlar ostida o'tdi. Yakunda hisob ham o'yinga mos bo'ldi va hech kimdan nur chiqmagan bahs durang bilan tugadi. Agarda bilbaoliklar mazkur uchrashuvda g'alaba qozonsa, musobaqa jadvalida Sevilya klubi bilan birgalikda qo'shhokimyatchilikni o'rnatishlari mumkin edi. Ammo, endi ular Madridning Real klubi bilan birgalikda 3-o'rinni bo'lishib turishga majburlar. Malorka esa hisobidagi ochkolar sonini to'rttaga etkazib olgani holda 15-o'rinni band qilib turibdi.
Madridning ikki klubi mag'lubiyatga uchradi. 4-tur poytaxt klublari uchun omadsiz o'tdi. Dastlab, Leganes klubi o'z maydonida Vilyarrealni qabul qilib, yirik hisobda (0:3) mag'lubiyatga uchradi. Bu mavsumni ham oldingilari kabi ancha bo'sh o'tkazayotgan Vilyarreal klubi mavsumdagi ilk g'alabasiga Leganes maydonida erishgan bo'lsa, mezbonlar hali ochko ham to'play olmaganlar.
Mazkur turda Diegi Simeoni boshchiligida Atletiko Madrid klubi futbolchilari San-Sebastyan shahridagi Anoeta o'yingohiga tashrif buyurishdi. Mezbon Real Sosedad klubi uchrashuvda 2:0 hisobida g'alaba qozondi. Uchrashuv davomida transfer huquqi Madridning Real klubiga tegishli bo'lgan Martin Edegor o'z faolligi bilan ajralib turdi, hisobni ochishni ham uddaladi va uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi, deb etirof etildi. Norvegiyalik futbolchi Madrid klubi asosiy tarkibidan o'rin egallash uchun qattiq mehnat qilmoqda. Mazkur bellashuvdagi harakatlari uning nimalarga qodirligini yana bir karra isbotladi. Kelasi mavsum Luka Modrich Qirollik klubini tark etsa, ehtimolki, Edegor uning o'rnini to'ldiradi.

38 yoshli Xoakin Sanches gol urishda davom etmoqda. Mazkur turda Andalusiyaning Real Betis klubi Xetafe jamoasini qabul qildi. Benito Vilyamarin o'yingohidagi bahsda jangovor durang qayd etildi. Bellashuvning 25-daqiqasida Betis klubi bir kishi kam bo'lib qoldi. Uchrashuv yakunida esa jamoa to'purari Loren Moron ham maydondan chetlatildi. Shu tariqa mezbonlar uchrashuvni 11 kishi bilan boshlab, 9 kishi bilan tugatishdi. O'yindagi hisobni mehmonlar hujumchisi Xayme Mata 15-daqiqada ochgan bo'lsa, 73-daqiqada Xoakin Sanches muvozanatni tikladi. Eslatib o'tamiz, mazkur futbolchi Ispaniya chempionatining faxriy yulduzlaridan hisoblanadi. Xoakin hozir 38 yoshda bo'lib, La ligada bundan 20 yil oldin debyut qilgandi.
Yangi murabbiy boshqaruviga o'tgan Valenciyani Messisiz Barselona tor-mor keltirdi. Mazkur bahsda Ernesto Valverde boshchiligidagi ko'k-anor ranglilar mehmon ko'rshapalaklarni 5:2 hisobida mag'lub etdi. Uchrashuvdagi e'tiborni tortadigan eng yirik jihat – Anssumane Fatining ajabtovur o'yini. Fati shu kuni gol urishdan tashqari, yana bir golga hammualliflik ham qildi. To'g'ri, bir necha bor xatolarga yo'l qo'ygan, noaniq zarbalar yo'llagan futbolchi yirik planda kimningdir fonida ko'zga ko'rinmasligi mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, uning yoshi hali o'n oltida. Ehtimol, Messining davomchisi bizning ko'z o'ngimizda katta futbolda atak-chechak qilayotgandir. Buni vaqt ko'rsatadi.
Hozir aytishimiz mumkinki, Barselona 4 bahsda 7 ochko to'plab, musobaqa jadvalining 5-o'rnida boryapti. Klub muxlislarini ranjitadigan yana bir holat shuki, kataloniyaliklar to'rt uchrashuvda o'z darvozalaridan 7 bor to'p olib chiqishdi. Bu natija Xetafe, Alaves, Osasuna, Levante kabi klublarnikidan ham yomonroq hisoblanadi. Mudofaa chizig'idagi zaifliklar jamoaning YCHLning murakkab guruhidagi ahvolini murakkablashtirib qo'yishi mumkin.
Bizni Zidan-Lopetegi to'qnashuvi kutmoqda. Madridning Real klubi Azar debyut qilgan bahsda 3:2 hisobida g'alaba qozondi. Uchrashuvda Karim Benzema dubl qayd etdi. Ammo, mazkur bahs Zidan jamoasining ham mudofaa chizig'i havas qilarli darajada emasligini isbotladi. Bu borada musobaqa jadvalining yakka peshqadami bo'lib turgan Sevilya klubi alohida namuna ko'rsatmoqda. Xulen Lopetegi jamoasi hozirgacha bor-yo'g'I bir bor gol o'tkazib yubordi. Chempionat peshqadami kelgusi turda Realni qabul qiladi. Ushbu uchrashuv shunisi bilan qiziqki, u musobaqa jadvalining yuqori pog'onalariga bevosita ta’sir ko'rsatadi.
Ortda qolga 4 turdan keyin, chempionatning eng yaxshi to'purar va hammualliflari bilan tanishing.

Eng yaxshi asistentlar: Montro (Granada), Ander Kapa (A. Bilbao) 3 tadan.


Faxriddin Ro'ziev



