"Lokomotiv" sobiq murabbiyi Portugaliyada futbolchi ayolga tahdid qilganlikda ayblandi

Оқил Абдубарноев
27 noya 2026, 13:10
Toshkentning "Lokomotiv" klubi sobiq bosh murabbiyi, hozirda Portugaliyaning "Sporting" ayollar jamoasini boshqarayotgan Mikael Sekeyra futbolchiga tahdid qilganlikda ayblanmoqda.

"O Jogo" nashri xabar berishicha, "Portu" klubi yarim himoyachisi Fatima Pinto "Sporting"ga qarshi uchrashuvdan keyin Mikael Sekeyra unga tahdid qilganini ma'lum qilgan.

22 noyabr kuni ayollar o'rtasidagi Portugaliya chempionatining 7-turida "Portu" o'z maydonida "Sporting"ni 5:1 hisobida mag'lub etdi. Mezbonlarning dastlabki golini urgan Fatima Pinto sobiq jamoasiga hurmat yuzasidan golni nishonlamadi.

Biroq o'yin yakunida futbolchi va "Sporting" murabbiyi o'rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Pinto raqib jamoa zaxira o'rindig'i yonidan o'tayotganida tomonlar o'rtasida tortishuv boshlangan. Vaziyatga hakamlar aralashgan, biroq mojaro kiyinish xonalariga olib boradigan tunnel yonida ham davom etgan.

"Sporting" murabbiyi klubga kelganidan buyon o'zining kibrli munosabati bilan jamoani parokanda qilish va futbolchi ayollarni qadrsizlantirishdan boshqa ish qilmadi. O'yindan keyin esa tunnel yonida menga tahdid qildi va hurmatsizlik ko'rsatdi", – dedi Pinto.

30 yoshli futbolchi ilgari "Sporting" sharafini himoya qilgan. U uchrashuvdan keyin ijtimoiy tarmoqda adolatsizlik insonni yanada yaxshiroq bo'lishga undashi kerakligi haqida ham yozgan.

Hozircha Mikael Sekeyra futbolchining ayblovlariga ommaviy munosabat bildirmagan.

Eslatib o'tamiz, 53 yoshli portugaliyalik mutaxassis 2021 yilda Toshkentning "Lokomotiv" klubini boshqargan. U O'zbekistonga kelishidan avval "Braga" klubida Ruben Amorimning yordamchisi sifatida ishlagan.

Sekeyra 2024 yilning oktyabrida "Sporting" ayollar jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan.

O'xshash yangiliklar

Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: O Jogo