"Kelajak Yulduzlari - 2015"da bugunning yulduzlari

Nadirkhuja Yuldashev
13 noya 2015, 18:14
So'nggi tur uchrashuvlarida dastlabki ikki bahs g'olibi bo'lgan "Bunyodkor" 0:2 hisobida "Lokomotiv"ga imkoniyatni boy berdi. "Paxtakor" esa "Spartak" bilan 1:1 o'ynab, musobaqadagi ikkinchi durangini qayd etdi.

Bu festival bo'lganligi uchun unda turnir jadvali muhim rol o'ynamaydi. Aslida festivalni o'tkazishdan asosiy maqsad bolalarga bayram kayfiyatini ulashish. Shunday bo'ldi ham. Uch kun davomida 2006 yilda tavallud topgan futbolchilar ham futbol o'ynadilar, ham madaniy hordiq chiqardilar. Birinchi kuni "Mega Cinema"da multfilm tomosha qilgan yosh charm to'p ustalari, ikkinchi kunda muhtasham "Bunyodkor" stadioning muzeyiga sayohat qildilar. Bugun esa ular "Samarqand Darvoza" savdo majmuasi ichidagi turli tuman o'yinlardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo'ldilar.


 

Avvalgi o'yinlarda bo'lgani kabi 3-tur uchrashuvida ham eng yaxshilar aniqlandi. Bu safar bunday baxtga "Lokomotiv" va "Spartak" jamoalarining kelajak yulduzlari sazovor bo'ldilar.

Turnir yakuniga etganidan keyin ishtirokchilarga turli-tuman sovg'alar tuhfa qilindi. Ayniqsa, bir kun avval O'zbekiston milliy terma jamoasi safida maydonga tushib uchrashuv natijasida asosiy rolni o'ynagan futbolchilar - Anzur Ismoilov, Odil Ahmedov, Server Jeparov va Aleksandr Geynrix kabi futbolchilarimizning final turiga kelishlari bolakaylar tursin, ota-onalar uchun ham kutilmagan sovg'a bo'ldi.


 

Mehnatimizni qadrlagan holda milliy olimpia qo'mitasining bosh kotibi Oybek Kasimov, "Lokomotiv" direktori To'labek Akramov va jamoa vakili Ravshan Muqimov, "Paxtakor" klubining direktor o'rinbosari Ravshan Salimov kabi mutaxassislar ham tadbirimizda ishtirok etib, sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etdilar.


 

Avvaliga "Lokomotiv" va "Spartak" jamoalariga yulduzlarimiz musobaqa nishoni tushirilgan medallarni taqdilar. "Spartak" jamoasining muzeyi uchun Anzur Ismoilov "Chanchun Yatay" klubidagi futbolkasini Sergey Arslonovga sovg'a qildi. Server Jeparov esa "Lokomotiv"ga "Ulsan" klubi libosini sovg'a qildi. Keyingi navbat "Paxtakor"ga keldi. Medallar taqilgach, jamoaning sobiq yulduzi Odil Ahmedov "Krasnodar" futbolkasini klub muzeyiga qoldirdi. Afsuski, Sardor Rashidov ayrim sabablarga ko'ra tadbirimizda ishtirok eta olmadi. "Al Jaish"ning futbolkasi "Bunyodkor"ga sovg'a qilinishi lozim edi, lekin buni ham amalladik. Server shu kuni ikkita sovg'a bilan tashrif buyurgan edi. "Ulsan" jamoasi futbolchilarining dastxati tushirilgan to'p "Bunyodkor" tomon yo'l oldi. Mashg'ulot tufayli Kamoliddin Murzoev ham qatnasha olmadi. Ammo u tomonidan musobaqaga taqdim etilgan to'p Farg'onaning "Istiqlol" jamoasiga nasib etdi. 2005/06 yillarda tavallud topgan yosh farg'onaliklar shu kunlarda o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazish uchun Toshkentga tashrif buyurgan ekanlar, ular festivalimiz mehmoni bo'ldilar.


 

Yodingizda bo'lsa, yaqinda xorij futbolchilarini ko'rgan muxlislarni shok holatiga tushishlari aks etgan videoni qo'yar ekanmiz, "Sizni ham shanday yaxshi ko'rishadimi?" deya futbolchilarga murojaat qilgan edik.

Bugungi tadbirga kelgan futbolchilar bilan jamoaviy suratga tushar ekanmiz, bolalarning Ahmedovni qo'lini qattiq siqib olishi, "Men Jeparov bilan", "Anzur aka, siz bilan tushay", "Bolalar, Geynrix keldi, Geynrix", deya to'lqinlanishi ko'rib quvonib ketasiz. Haqiqatdan ham, MTJ safidan o'rin olish uchun qattiq mehnat qilish kerak, u yerdan o'rin olganlar esa millionlar kumiri hisoblanadilar. Ayniqsa, Farg'onadan kelgan yosh futbolchilar uchun bu haqiqiy bayram bo'ldi.

Oradan 6 yil o'tib, mana shu musobaqada ishtirok etgan futbolchilar ichidan hech yo'g'i bir nafari 2022 yili o'smirlar o'rtasida bo'lib o'tadigan Osiyo chempionati saralash (saralash o'yinlari 2021 yil bo'ladi) uchrashuvlarida yurtimiz sharafini himoya qilsa va ularning faoliyatlaridagi birinchi festival aynan "Kelajak Yulduzlari" bo'lgan desalar kifoya, mana shuni o'zi bizga olam - olam baxtni beradi. 


 

Festivalni tashkil etishda yaqindan yordam bergani uchun bosh homiy "Oreo" savdo brendi, "Saltanat" ichimliklari va "Joma" kompaniyasiga, har uchrashuvning eng yaxshilarini aniqlab kelgan "Akfa Olami"ga, shuningdek, final kunini yoritib bergan "Sport TV" rahbariyati va xodimlariga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bundan tashqari, "Bunyodkor" klubi menejeri Baxtiyor Boboev, "Lokomotiv" direktori To'labek Akramov va "Paxtakor" akademiyasi ish boshqaruvchisi Valeriy Borodavkinga rahmat aytamiz.


 


 


 


 


 


 


 


 

Nodirxo'ja Yuldashev


 

O'xshash yangiliklar


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia