Jasur Jaloliddinov: "Islom Qobilovga gol urishga va golni uning farzandiga bag'ishlashga vada bergandim"

Mirjalol Normatov
28 sen 2021, 15:59
"Lokomotiv" yarim himoyachisi Jasur Jaloliddinov "Mashal"ga qarshi bahsdan keyin o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

- Qiziq va qiyin o'yin bo'ldi. Birinchi bo'lib gol o'tkazib yuborganimiz uchun tavakkal qildik. Himoyaga kamroq e'tibor bergan holda hujumni o'yladik. Menimcha bu o'z samarasini berdi. O'ylashimcha, xarakter ko'rsata oldik.

- "Lokomotiv"dagi debyut golingizni urdingiz. Raqiblardan bunchalik oson o'tib ketishingizni sezganmidingiz?

- Debyut golimni urganimdan xursandman. Hisobda ortda borayotgan paytimizda raqiblar himoyada zich o'ynay boshlashdi, deyarli 7-8 futbolchi bo'lib himoyalanishdi. Shu sababli aldovchi harakatlarga e'tibor berish kerak edi. Gol urgan vaziyatda eng to'g'ri qaror deb shuni bildim. Asosiysi - o'ylagan ishim amalga oshdi. Jamoaning g'alabasida o'zimning hissamni qo'shganimdan xursandman.

- Golingizni Islom Qobilovning kechagina tug'ilgan o'g'il farzandiga bag'ishladingiz. Buni o'yin oldidan barcha futbolchilar bilan birga kelishib olganmidingiz?

- Yo'q, unday bo'lmagandi. Islom Qobilov bilan birga "Bunyodkor" akademiyasida birga katta bo'ldik, bir jamoa tarkibida o'ynadik. U bilan munosabatlarim a'lo darajada. Shu sababli o'yin oldidan Islomga gol urishga va golni uning farzandiga bag'ishlashga so'z bergandim.

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: "Локомотив" матбуот хизмати