Anvar G'ofurov ketma-ket 6 durang haqida: "Bunday holatlar har bir jamoada uchrab turadi"

19 noya 2026, 22:30
Superliganing 26-turi doirasidagi "Surxon" - "Andijon" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida surxondaryoliklar bosh murabbiyi Anvar G'ofurov o'z fikrlarini bildirdi.

- Uchrashuv haqida fikrlaringiz?
- O'ylaymanki, yaxshi va murosasiz o'yin bo'ldi. Har ikki jamoa ham g'alaba qozonish uchun etarlicha vaziyatlar yaratdi. Maydonning har bir qismida keskin kurash kechdi. Raqib jamoa ham yaxshi taassurot qoldirdi. Yigitlarga katta rahmat aytmoqchiman. Ular har qanday vaziyatda ham o'zlarini professional tarzda tutishmoqda. Shuningdek, bizni qo'llab-quvvatlagan muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildiraman.

- Bugungi hisob o'yinga mos bo'ldi, deb hisoblaysizmi?
- Futbol shunisi bilan qiziq. Andijon jamoasida ham, bizda ham gol urish uchun imkoniyatlar bo'ldi. Afsuski, jamoamiz uchun bu birinchi 0:0 hisobidagi uchrashuv emas. Barchasi Xudoning irodasi bilan. Biz esa o'z oldimizga qo'yilgan vazifalarni bajarishimiz va ishlashda davom etishimiz kerak.

- Jamoangiz ketma-ket durang natijalar qayd etmoqda. Buni nima bilan izohlaysiz?
- Eng avvalo, yaratilayotgan vaziyatlardan unumli foydalana olmayapmiz. Bunday holatlar har bir jamoada uchrab turadi. Bizga hozir sabr va izchillik kerak. Ishlashda davom etishimiz, kamchiliklar ustida ishlashimiz va oldinga intilishimiz lozim.

O'xshash yangiliklar

Manba: championat.asia