Islombek Ismoilov: “Yozyovon-Lochinlari”ning asosiy maqsadi birinchi ligada jon saqlab qolish edi"

Narzulla Saydullayev
28 noya 2015, 20:27
“Yozyovon-Lochinlari” jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov “Ruxsor” TRKga yakuniga etgan mavsum borasida intervyu berdi.

 -  Ikkinchi davradan boshlab jamoani qabul qilib oldim. Birinchi navbatda jamoani o'zagini shakllantirib bergan sobiq bosh murabbiy Abdusamad aka Do'rmonovga rahmat aytaman. “Yozyovon-Lochinlari” jamoasini qabul qilib olganimdan so'ng taktik jihatdan o'zgartirishlarni amalga oshirdim. Tashkiliy masalalar borasida oldinga qadam tashladik. Jamoani qabul qilganimdan so'ng imkon qadar “Yozyovon-Lochinlari”ni kuchaytirishga harakat qildim. Birinchi ligada debyut qilgan jamoa uchun 8-o'rin yomon natija emas deb o'ylayman.

- Farg'onaning yana bir jamoasi “Cemetchi” borasida qanday fikrdasiz ? Ular bu yil 4-o'rinni band qilishdi...
“Cemetchi” – tajribali jamoa. “Cemetchi” tarkibida yaxshi ijrochilar jam bo'lishgan. “Yozyovon-Lochinlari”ga qaraganda yuqori saviyali futbolchilar “Cemetchi”da o'ynaydi. Fikrimcha, “Cemetchi” bu yilgi mavsumda yaxshi taassurot qoldirdi.

-   “Yozyovon-Lochinlari” bu yil o'z oldiga qo'ygan vazifani bajardimi?
-   Ha.  Jamoa oldiga ligada jon saqlash vazifani qo'yilgandi.

-   Keyingi mavsumga-chi?
-    Tez kunda yangi mavsumga tayyorgarlik boshlanadi. Hozir biron narsa deyish qiyin. Chunki futbolchilarimizga Oliy ligadan jiddiy takliflar bo'lyapti. Aslida bizning maqsad ham shu: Oliy ligaga iqtidorli futbolchilarni yetishtirib berish.

-   “Neftchi”dan shogirdlaringizga takliflar bo'layotgani rostmi?
-   To'g'risi, hali rasman taklif bo'lgani yo'q. Ammo yaqinda “Neftchi” yoshlari bilan o'ynadik va futbolchilarimizga “Neftchi” murabbiylar shtabidan og'zaki takliflar bo'ldi, xolos.

-   Aslida “Yozyovon-Lochinlari”da “Neftchi” saviyasiga to'g'ri keladigan ijrochilar bor deb o'ylaysizmi?
-   Bilmadim.  Men uchun barcha shogirdlarim yaxshi ijrochi hisoblanadi. Menga yoqqan o'yinchi boshqa murabbiyga yoqmasligi mumkin.

Hojiakbar Jabborov suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia