

– Bugungi uchrashuv haqidagi fikrlaringiz qanday?
– Bugungi o'yinda durangga erishganimizdan xursandmiz. Sababi – birinchi bo'lim juda ham og'ir kechdi. Yigitlarimiz uch-to'rt kun oldin kubok o'yinida maydonga tushib, ko'p kuch yo'qotgani hisobiga, tiklanish jarayonida ko'pchilik o'yinchilarimizga jismoniy tetiklik yetishmagandek tuyuldi. Qolaversa, xohlaymizmi-yo'qmi, ikkala jamoa ham turnir jadvalida bir xil o'rinda turibdi. Ikkalamizga ham uch ochko juda zarur edi. Shuning uchun futbolchilarimiz birinchi bo'limda ehtiyotkorlik bilan o'ynashga harakat qilishdi, ammo bu unchalik o'xshamadi. Birinchi bo'limda ko'p yakkakurashlarni yutqazib qo'ydik. Yaxshiyamki, ikkinchi bo'limda o'zlariga kelib, tashabbusni o'z qo'llariga olishdi va to'p nazoratini o'rnatganimizdan so'ng, xavfli hujumlarimiz boshlandi.
– Bugun ikkala jamoa ham xuddi hech qanday motivaciyaga ega emasdek o'ynadi. "Dinamo"ning bunday o'yinidan hayron qolmadim, chunki ular uchun mavsum deyarli yakunlangan, ligada qolish imkoniyati yo'q hisobi. Lekin "Andijon"da kubok yarim finaliga chiqish orqali yaxshigina motivaciya paydo bo'lgan edi. Biroq jamoa kubok yarim finalchisidek harakat qilmadi. Ularda xuddi "chempionatda pastga ham tushib ketmaymiz, yuqoriga ham chiqa olmaymiz" degan kayfiyat bordek tuyuldimi?
– Yo'q, unday emas. Yuqorida takidlaganimdek, uch-to'rt kun oldin Jizzaxda o'ynaganimiz sababli, baribir futbolchilarimizda charchoq hissi sezildi. Jismoniy tetiklik yo'qligi hisobiga ularning harakatlari unchalik yaxshi chiqmadi. Qolaversa, aytganimdek, qizil zonaga tushib ketmaslik uchun bugun uch ochko har ikkala jamoaga ham zarur edi. Shuning uchun birinchi bo'limda ehtiyotkorlik bilan o'ynadik va natijada o'yinimiz unchalik qovushmadi.
– Nihoyat, mag'lubiyatlar seriyasiga barham berildi. Abramov uchrashuv unga yoqmaganini aytdi. Sizga-chi, o'yin maqul bo'ldimi?
– Umumiy qilib aytganda, bugungi o'yinda bir ochko oldik. Ochiq aytaman, birinchi bo'limdagi o'yinimiz o'zimga ham maqul kelmadi. Ammo ikkinchi bo'limdan ko'nglim to'ldi. Gol o'tkazib yuborgan bo'lsak-da, o'zimizda kuch topib, hisobni tenglashtira oldik. Shuning uchun, qo'lga kiritilgan bir ochkodan ko'nglim to'ldi, desam bo'laveradi.
– O'yin aynan gol urilgandan keyin ochilib ketganini qanday izohlaysiz? Abramov kiritilgan golni va umuman o'yindagi holatlarni yakkakurashlardagi individual xatolar bilan izohladi. Siz "Andijon"ning umumiy o'yinini qanday baholaysiz?
– Yigitlar astoydil harakat qilishdi, buning uchun ulardan minnatdorman.
– Demak, so'nggi daqiqalarda o'yinni qutqarib qolishgani – bu xaraktermi?
– Ha, albatta. Bu – xarakter. Yigitlarimiz o'zlarining irodali xarakterlarini munosib tarzda ko'rsata olishdi.
– Kubok bahsidan so'ng tarkibda rotaciya qilishga majbur bo'lganingizni va motivaciya masalasini yuqorida aytib o'tdingiz. Bugun besh nafar asosiy o'yinchidan foydalana olmadingiz. Shunday vaziyatda maydonga tushgan futbolchilarning, ayniqsa, yetakchilar yo'qligida o'yinga qo'shilishga majbur bo'lganlarning jismoniy va funkcional holatini qanday baholaysiz?
– Jarohatlar ko'payib ketgani sababli ko'plab o'zgarishlar qilishga majbur bo'lyapmiz. Ammo buning evaziga yoshlarga imkoniyat beryapmiz. Ular o'zlarini yomon ko'rsatishmayapti. Zaxiradan maydonga tushib, o'yinni kuchaytirib berishmoqda. O'ylaymanki, yoshlarimiz ishonchni oqlashmoqda.
– Keyingi turda "Navbahor" bilan, undan keyin esa "Lokomotiv" bilan o'ynaysizlar. Oldinda ikkita kuchli raqib turibdi. Umuman olganda, bu o'yinlardan qanday natijalar kutyapsiz? Tayyorgarlik ko'rish jarayoni haqida ham gapirib o'tsangiz.
– Raqib qanday jamoa bo'lishidan qati nazar, biz o'z o'yin uslubimizdan chekinmagan holda tayyorgarlik ko'ramiz. Hujumkor futbol, to'pni nazorat qilish va hokazo. Chempionatdagi har bir jamoa bilan o'ynashimiz shart. Shuning uchun, o'z falsafamizga sodiq qolgan holda, barcha raqiblarga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz.
– Mavsum boshida "Andijon" katta xarajatlar qildi va nomdor murabbiyni olib keldi. Lekin bu o'zini oqlamagach, guvohi bo'ldikki, "Andijon" tizimida ham yaxshi murabbiy bor ekan. Jahon chempionatigacha bo'lgan o'yinlarga e'tibor qaratsak, jamoa sizning qo'l ostingizda juda yaxshi harakat qildi. Hozirgi kunda qo'lga kiritilgan ochkolarning aksariyati ham o'sha davrga to'g'ri keladi. Biroq keyinchalik biroz pasayish kuzatildi va ikki marta iste'fo so'raganingizni aytdingiz. Ammo rahbariyat buni qabul qilmadi. Hozir esa sizlarda kubokni yutish imkoniyati paydo bo'ldi. Finalga chiqsangiz, narigi tomonda "Andijon"ni mag'lub etgan raqib kutib turibdi. Bu o'zingiz uchun ham qandaydir qo'shimcha motivaciya emasmi? Murabbiy sifatida kubokni yutish orqali salohiyatingizni to'la namoyish etish imkoniyati yuzaga keladi-ku?
– Albatta, har bir o'yin – bu motivaciya. Har bir o'yin – yangi sinov va yangi tajriba. Shuning uchun, takidlaganimdek, har bir o'tayotgan kunimiz biz uchun katta tajriba maktabi bo'lmoqda. O'rganyapmiz, xatolarimizni tahlil qilib, to'g'irlashga harakat qilyapmiz. Xudo xohlasa, kelgusida tajribamizni va ish faoliyatimizni yanada yaxshilab boramiz, deb o'ylayman.


