Feliksning taqdiri nima bo'ladi? "Barselona" murabbiylar shtabi va rahbariyatning fikri bir-biriga zid kelmoqda

Omonjon To`xtamirzayev
9 yanv 2024, 18:31
"Barselona" Portugaliya terma jamoasi hujumkor yarim himoyachisi Joau Feliks borasida hali ham yakuniy qarorga kelmagan.

Futbolchi "Atletiko"dan mavsum oxirigacha ijaraga olinganidan xabaringiz bor. Murabbiylar shtabi futbolchi jamoaga kerakligiga shubha qilmoqda, sport bo'limi esa uni tarkibda saqlab qolish kerak deb hisoblamoqda.

Feliks "Barselona"dagi faoliyatini juda yaxshi boshladi, ammo keyin uning o'yinida pasayish kuzatildi. Yanvar oyida portugaliyalikning agenti Jorje Mendesh "Atletiko" va "ko'k-anorranglilar" o'rtasida muzokaralarni boshlagandi. 

Ma'lumotlarga qaraganda, "Barselona" Feliksning ijara muddatini uzaytirish va uni 2025 yilda sotib olishni istamoqda. "Atletiko" esa Joaudan bir yo'la qutulmoqchi. Ayni damda muzokaralar "Barselona"ning tashabbusi bilan to'xtatilgan.

Joriy mavsum Feliks barcha musobaqalarda 22 o'yinda ishtirok etib, 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma etkazib berdi hamda 5 bor sariq kartochka ishlab oldi.

O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: sport.es