Ertaga quvonchli kun: Osiyoda JCH-2022 saralash bosqichi start oladi

Xayrulla Xoliqov
5 iyun 2019, 14:00
Ertadan Osiyo qitasi bo'ylab jahon chempionati havosi keza boshlaydi.

Sababai JCH-2022 saralash o'yinlarining birinchi bosqichiga start beriladi. Ushbu bosqichda 2019 yil 1 aprel sanasiga ko'ra FIFA reytingida 35-46 o'rinlarni egallagan jamoalar ishtirok etadi. Bular - Malayziya, Kambodja, Makao, Laos, Butan, Mo'g'uliston, Bangladesh, Guam, Bruney, Timor-Leste, Pokiston va Shri-Lanka. 

Shu yilning 17 aprel kuni OFK shtab-kvartirasida JCH-2022 saralash birinchi bosqichiga qur'a tashlandi. Unga ko'ra, 12ta jamoa ikkitadan oltita juftlikka ajratilgan. Uy-mehmon tarzida o'tadigan birinchi bosqichning dastlabki uchrashuvlariga ertaga start beriladi. Quyida juftliklarni eslatib o'tamiz: 

6 iyun. Mo'g'uliston - Bruney

6 iyun. Makao - Shri-Lanka

6 iyun. Laos - Bangladesh

6 iyun. Kambodja - Pokiston

6 iyun. Butan - Guam

7 iyun. Malayziya - Timor-Leste 

Javob bellashuvlari 11 iyunga belgilangan. Musobaqa nizomida ikkita o'yin natijasiga ko'ra g'alaba qozongan 6ta jamoa ikkinchi raundga yo'l olishi ko'rsatilgan. 5 sentyabrdan start oladigan JCH saralash ikkinchi bosqichida jami 40ta jamoa ishtirok etadi. Hozir shu jamoalardan 34tasi ma'lum. Qolgan oltitasini 11 iyun kuni bilib olamiz. 

Ikkinchi bosqichda 40ta jamoa beshtadan 8 guruhga bo'linadi. Har bir guruh g'olibi hamda eng yaxshi ko'rsatkich qayd etgan to'rtta ikkinchi o'rin egasi uchinchi bosqichga yo'l oladilar. Uchinchi bosqichda 12ta jamoa 6tadan ikki guruhga bo'linib, har bir guruhdan birinchi-ikkinchi o'rin egalari to'g'ridan-to'g'ri mundial yo'llanmasini qo'lga kiritadi. Uchinchi o'rinni olgan jamoalar dastlab o'zaro, undan keyin g'olib Okeaniya, Janubiy Amerika yoki Shimoliy Amerika vakiliga qarshi yarimta yo'llanmani hal qilish uchun ikkita o'yin o'tkazadi. 

Shuni aytish lozim, ikkinchi bosqich saralash o'yinlariga 17 iyul kuni qur'a tashlanadi. Qur'a jarayonida FIFA reytingidan kelib chiqib O'zbekiston 2-savatchada bo'ladi. 1-savatchadan  joy oladigan jamoalar: Eron, Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni va Xitoy. Bundan ko'rinib turibdiki, mana shu jamoalardan biri aniq bizning guruhda bo'ladi. 

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia