Dilshod Rahmatov: "Ertaga deyarli final bahsida maydonga tushamiz"

Sherzod Nurmatov
10 mar 2022, 19:08
Futzal bo'yicha Oliy liga 9-turining ikkinchi kun o'yinlari doirasidagi "Huaxin-Jizzax" – "Lokomotiv" (5:1) bahsidan mezbonlar vakili Dilshod Rahmatov fikrlarini bildirdi.

- Bu turda "Huaxin-Jizzax"ni 2 ta muhim o'yin ("Lokomotiv" va AGMK) kutayotgandi. "Lokomotiv" to'sig'idan o'tildi, ertaga AGMK bilan bahs kutmoqda...

- To'g'risini aytsam, 2 ta o'yin demagan bo'lardim, chunki "Nasaf" jamoasini hisobdan chiqarib qo'ymoqdasiz. Hozir har bir klub bizga qarshi bor kuchi bilan qarshilik ko'rsatyapti. Bu esa bizga qiyinchilik tug'dirmoqda. Bir tarafdan bu yaxshi, chunki terma jamoa o'yinchilari rivojlanib borishyapti. Klubimiz ham o'z o'yinini topib bormoqda. AGMKdan 4 ochko ilgarilab ketganmiz, ertaga deyarli final bahsida maydonga tushamiz deb hisoblasak ham bo'ladi. Bugungi va kechagi o'yin orqali chempionlik sari muhim qadamni qo'ydik. 

- Chempionlikka katta qadam tashlandi deyapsiz. Bu ertangi uchrashuvda bolalarning motivaciyasiga salbiy ta’sir ko'rsatmaydimi?

- Yigitlarimiz professional. Yoshlarning ko'zlari yonib turadi, shijoatli bolalar yig'ilgan.

- AGMK siz va boshqa futzalchilarning sobiq jamoangiz hisoblanadi. Bu ichki ruhiyatga ta’sir qilmaydimi?    

- Ichki muhitga keladigan bo'lsak, hammasi a'lo darajada. Aytib o'tganimdek, yigitlar – professional. O'ylashimcha, bu xalaqit qilmaydi. 

-  "Lokomotiv" va "Nasaf" bilan o'yinlardagi g'alabalar oson qo'lga kiritildi deb o'ylaysizmi?

- Yo'q, birorta o'yinni oson kechdi deb bo'lmaydi. Sababi chempionat yarmida "Metallurg"ga 1:4 hisobida mag'lub bo'lgandik. Shundan bilsa bo'ladiki, mensimasangiz, har qanday jamoa sizni yutib ketadi. Raqibga hurmat bilan qarash lozim.

- Joriy mavsumning 2 nafar kashfiyoti sifatida kimni ko'rsata olasiz?

- "Dinamo" jamoasidagi Daler Eshonqulov yaqqol ajralib turibdi. Shuningdek, jizzaxlik Elbek To'lqinov ham O'zbekiston milliy terma jamoasining kelajagi deb o'ylayman.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia