Diego Kosta qizil kartochka olgan turda "Real" 1 ochko ishladi, "Barselona" esa Dembele bilan yirik g'alabaga erishdi (tur sharhi)

Aslanov Jasurbek
9 yanv 2018, 16:13
8 yanvar kuni "Malaga" hamda "Espanol" o'rtasida bo'lib o'tgan bahs LaLiganing 18-tur uchrashuvlariga yakun yasab berdi.

"Atletiko" - "Xetafe" 2:0

"Matraschilar" safida Diego Kosta yana maydonga tushdi. Bu uning qaytganidan so'ng o'tkazgan LaLigadagi ilk uchrashuvi bo'ldi. Diego Kostaning maydondaligi mezbonlarga qo'shimcha imkoniyatlar yaratdi. "Atletiko" ustunligi ostida o'tgan bahsda Anxel Korrea va Diego Kosta gol urishga muvafaq bo'lishdi, biroq Madrid klubi o'yinni bir kishi kam bo'lib yakunladi. Forvard 62-daqiqada raqibga tirsagi bilan zarba bergani uchun sariq kartochka bilan jazolangan edi. 6 daqiqa o'tib Diego Kosta raqib darvozasini ishg'ol qildi va uni nishonlash uchun futbolchi muxlislar oldiga bordi. Natijada muxlislar orasida tiqilinch yuzaga keldi va hakam bu ishni noto'g'ri deb hisoblab, forvardga ikkinchi sariq kartochkani ko'rsatib, maydondan chetlatdi.


"Valensiya" - "Jirona" 2:1

Kataloniya jamoasi bu turda turnir jadvalining kuchli uchligidan o'rin olgan "Valensiya" mehmoni bo'ldi. "Jirona" bahsning 8-daqiqasidayoq hisobni ochdi. Kristian Portu qanotdan uzatilgan to'pni boshi bilan darvozaga joylab qo'ydi. Bahsdagi ikkinchi golni ham "Jirona" urdi, biroq o'z darvozasiga. Xonas Romalo qanotdan erlatib uzatilgan to'pni qaytarishga urindi, biroq to'p uning oyog'iga tegib darvoza to'ridan joy oldi. Ikkinchi bo'limning 48-daqiqasida Xose Gayya chap qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirdi, uni to'xtatishga uringan Pablo Maffeo qo'pollik ishlatdi va "Jirona" darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik nuqta oldiga yaqinlashgan Daniel Parexo xato qilmadi va o'z jamoasi uchun kerakli 3 ochkoni olib berdi.


"Las-Palmas" - "Eybar" 1:2

LaLiganing 18-turida "Las-Palmas" "Eybar"ni qabul qildi. Pako Xemes shogirdlari bahsning oxirida g'alabani qo'ldan boy berishdi. Avvaliga Xonatan Vera penaltidan mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Shogirdlari birinchi bo'limda hisobni tenglashtira olmaganidan g'azablangan Xose Luis Mendilibar ikkinchi bo'limda Ivan Alexo o'rniga Fabian Orelyanani maydonga tushirdi va bu o'zgarish foyda berdi. Orelyana 73-daqiqada hisobni tenglashtirdi, 4 daqiqadan so'ng Serxi Enrik "Las-Palmas" darvozasini qo'riqlayotgan Leandro Chichizolani yana xafa qildi. Shunday qilib, "Eybar" uyga 3 ochko bilan qaytdi.


"Sevilya" - "Betis" 3:5

Shanba kungi o'yinlarni "Sevilya" hamda "Betis" o'rtasidagi bahs yakunlab berdi. Vinchenco Montellaning LaLigadagi ilk bahsi omadsiz o'tdi. O'tgan tur "Real Sosedad"dan 3ta gol o'tkazib yuborgan "Sevilya" 18-turda "Betis"dan 5ta gol edi. Vissam Ben Yedder, Simon Ker va Klement Lengletlarning gollari ham mezbonlarni mag'lubiyatdan qutqara olmadi. Sevilya derbisida "Betis" safidan Fabian, Feddal, Riza Durmisi, Serxio Leon, Kristian Telolar o'z nomlarini tabloga yozdirib qo'yishdi.


"Leganes" - "Real Sosedad" 1:0

Aser Garitano shogirdlari LaLiganing 18-turida "Real Sosedad"ni qabul qilishdi. Teng kurashlar ostida o'tgan bahsda mezbonlar g'alabaga erishishdi. Bahs taqdirini 75-daqiqada Gabriel tomonidan kiritilgan gol hal qildi. Ushbu muvaffaqiyatdan so'ng "Leganes" turnir jadvalining 9-o'rniga ko'tarildi.


"Barselona" - "Levante" 3:0

160 mln. evroga Filippe Koutinoni xarid qilgan "Barselona" o'zining 23ta uchrashuvlik mag'lubiyatsiz seriyasini 24taga etkazib qo'ydi. Bu safar Kataloniya klubining qurboni "Levante" bo'ldi. Mark-Andre ter Shtegenning ishonchli o'yini Messining goli va golli pasi bahs yirik hisobda yakunlanishini taminladi. Paulino ushbu uchrashuvda o'zining LaLigadagi 7-golini urdi. Kataloniyaliklar kuchayishda davom etmoqda.


"Vilyarreal" - "Deportivo" 1:1

Ko'pchilik g'alabasini taxmin qilgan "Vilyarreal" umidlarni oqlay olmadi. 30-daqiqada Enes Unal "sariq suvosti kemasi"ni hisobda oldinga olib chiqdi. "Deportivo" ikkinchi bo'lim oxirida uzoq kutilgan hujumni amalga oshirdi. Sidneydan to'pni qabul qilgan Florin Andone darvozani aniq nishonga oldi va jamoasiga bir ochko sovg'a qildi.


"Atletik" - "Alaves" 2:0

17ta uchrashuvda durang o'ynamagan "Alaves" LaLiganing 18-turida ham raqib bilan murosa ko'chasini tanlamadi - mag'lubiyatga uchradi. "Atletik" safida Xaber Echeita va Aric Aduris o'z hisobiga gol yozdirib qo'yishdi va o'yin mezbonlarning ishonchli g'alabasi bilan yakunlandi.


"Selta" - "Real" 2:2

Kubok uchrashuvida "Barselona" bilan durang o'ynagan "Selta" LaLigada "Real" bilan ham "do'st tutindi". Gollarga boy o'tishi taxmin qilingan uchrashuv kutilganidek o'tdi. 33-daqiqada Daniel Vass mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi, "Real" yarim himoyachisi Garet Beyl esa 36 va 38-daqiqalarda ikkida gol urib, "Selta"ni havotirga solib qo'ydi. 71-daqiqada Keylor Navas Yapo Aspasni yiqitib, mezonlarga penalti tepish uchun imkoniyat yaratdi. Biroq Aspas 11 metrlik jarima zarbasini golga aylantira olmadi. Shunga qaramay hujumlarni to'xtatmagan "Selta" o'z maqsadiga erishdi. 82-daqiqada birinchi gol muallifi Vassdan to'pni qabul qlgan Maksimiliano Gomes Navas darvozasini ishg'ol qildi va bahs 2:2 hisobida yakunlandi. Zinedin Zidanning LaLigadagi ishlari borgan sari yomonlashmoqda. 18-turdan so'ng "qaymoqranglilar" turnir jadvalining 4-o'rnini egallab turishibdi.


"Malaga" - "Espanol" 0:1

18-turning so'nggi uchrashuvi dushanba kuni bo'lib o'tdi. Xose Migel Gonsales va Kike Flores jamoalari o'rtasidagi bahsda mehmonlar uch ochko bilan uyga qaytishdi. 6-daqiqada Serxi Darder tomonidan urilgan gol Kataloniya klubiga 3 ochko taqdim etdi. Ushbu g'alabadan so'ng "Espanol" turnir jadvalida 14-o'rinni egallab turibdi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia