

– Sanjar aka, bugungi o'yin haqida qisqacha o'z fikrlaringizni aytib o'tsangiz?
– Avvalo, "Olimpik Mobiuz" jamoasini g'alaba bilan chin dildan tabriklayman. Bugun kim yaxshiroq harakat qilgan bo'lsa, o'sha jamoa g'alaba qozondi. Endi bizda kamchiliklar hali etarlicha. Kamchiliklarimiz bor, xudo xohlasa, o'yindan-o'yinga ochilishga harakat qilamiz. Olimpikni yana bir bor tabriklaymiz.
– O'zingiz yaqindagina intervyu berganingizda, ikkinchi davrada boshqacha “TerDU”ni ko'ramiz degandingiz, yani kuchaytiriladi degandingiz. Lekin bugun ko'rdikki, ayniqsa birinchi bo'limda futbolchilar hatto to'p ololmay qolyapti.
– Jamoamizning, to'g'risi, bizning maqsad asosan futbolchilarni tramplin asosida boshqa jamoalarga etkazib berish. Ko'p o'yinchilarimiz yozgi o'quv yig'in mashg'ulotlarida yo'q edi, deyarli 70 foiz o'yinchilarimiz bugun yetib kelishdi. Yana yangi to'rtta o'yinchi keldi. Asosiy o'yinchilarimizni boshqa jamoalarga berib yubordik. Shu hisobiga bugun qiyin bo'ldi.
To'g'risi, jamoaviy shaklda ikki kun mashg'ulot o'tdik.
Keyingi turgacha vaqtimiz bor. Jamoa bilan Termizdagi bazada yig'ilib, keyingi o'yingacha yaxshi tayyorgarlik ko'ramiz. Jamoaga yangi to'rtta futbolchi qo'shildi. Shu sababdan ham baribir o'zaro tushunmovchiliklar, tushunib harakat qilish bo'yicha kamchiliklar ko'zga tashlandi. Harakat qilamiz, keyingi o'yingacha ularni to'g'rilashga.
– So'nggi nuqtani qo'yuvchi futbolchilarni etarlicha topilmayotgani bu mashg'ulotlarda ishlanmalar kamligidanmi yoki tajriba shu qadar etmayaptimi futbolchilarga?
– Biz ham mashg'ulotlarda shuni o'ylaymiz, yani maksimal futbolchilarga kerak bo'ladigan ko'nikmalarni berishni. Ko'rdingiz, hozir ikkinchi taymda o'yinga tushgan Alizod o'yinchimiz, u ham yangi, bugun kelib qo'shildi jamoaga. Saidumar Karimov, u ham kecha jamoaga qo'shildi, o'zini boshqa jamoada ham ko'rmoqchi bo'lib ketgandi. O'xshamadimi, qaytdi bizga.
Jamoa umumiy hisobda ikki kun mashg'ulot o'tdi. Ikkinchi taym ancha to'liqlik bo'ldi. Hali oldinda yana to'rt kun vaqtimiz bor, keyingi o'yingacha. Shu to'rt kun ichida maksimal yaxshi formaga qaytarishga harakat qilamiz.
– Yozgi tanaffus davomida etti kishi jamoa bilan mehnat shartnomasini bekor qildi. Umuman olganda, moliyaviy qiyinchiliklar jamoaning ruhiyatiga qay darajada ta’sir ko'rsatyapti?
– Moliyaviy qiyinchiliklar har doim jamoa ruhiyatiga salbiy ta’sir qilgan. Harakat qilyapmiz, shu asosan mahalliy futbolchilar bo'lgani uchun, yana tramplin o'tash vazifasi bo'lgani uchun qolgan bolalar qoldi, ketadiganga javob berdik, jamoa topganlarga. Qolgan futbolchilarga ham aytganmiz, kimda variantlar bo'lsa, yaxshiroq jamoadan takliflari bo'lsa, bemalol. Biz har doim futbolchini o'sishini qo'llab-quvvatlaymiz.




