Bugun futbol. AGMK - "Qo'qon-1912"

Xayrulla Xoliqov
7 apr 2019, 15:36
Bugun Superliganing 3-turidan o'rin olgan uchta uchrashuv bo'lib o'tadi.

Yil boshida o'z oldiga katta maqsadlarni qo'ygan AGMK o'z maydonida "Qo'qon-1912"ni qabul qiladi. Olmaliq shahrida kechadigan bahs soat 17:15da boshlanadi. 

Har ikki jamoa bungacha ikkita o'yinda maydonga tushib, ikkalasida ham g'alaba qozona olmadi. AGMK bir bor durang o'ynab, bir marta mag'lubiyatga uchragan bo'lsa, "Qo'qon-1912" ikki marta durangga erishdi. Bugun kim zafar quchsa joriy mavsum Superligadagi ilk g'alabasini nishonlaydi. 

Jamoalar O'zbekiston chempionati doirasida o'zaro 10 marta duch kelishgan. Shunda beshtasida AGMK, uchtasida "Qo'qon-1912" g'alabaga erishgan. Shuningdek, yana ikkita bahs durang bilan yakun topgan. Umumiy to'plar nisbati 12-13, qo'qonliklar foydasiga. 

AGMK o'z maydonidagi beshta o'yinning dastlabki ikkitasida g'alabaga erishgan. Shundan keyin qatorasiga uch uchrashuvdan beri "Qo'qon-1912"ni mag'lub eta olmayapti. Bu esa bugungi bellashuv yanada qiziq kechishini anglatadi. Oxigi uchta o'yinning ikkitasida 0:0 hisobi qayd etilgan va so'nggi bellashuvda No'mon Hasanov shogirdlari 3:1 hisobidagi g'alaba bilan qaytib ketishgan. 

Agar bugun AGMK g'alaba qozona olsa, 2016 yildan beri birinchi marta "Qo'qon-1912"ni mag'lub etgan bo'ladi. Mabodo omad mehmonlar tomonida bo'lsa, unda "Qo'qon-1912" ketma-ket ikkinchi bor Olmaliqdan g'alaba bilan qaytadi. 

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia