

Bunda OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Guruhimizda qiziqarli jamoalar yig'ilgan. O'tgan tur "Metallurg" bilan derbi bo'lgandi. Bugun ham gollarga boy o'yin bo'ldi. 2-tur bahsi ko'p narsani hal qilishini bilardik. Yigitlarga rahmat, hamma bor kuchini berib o'ynadi. Qiyin g'alabaga erishdik. Oxirgi turda "Metallurg" - "Qo'qon-1912" uchrashuvi yanada qiziq kechadi deb o'ylayman. Hozircha guruhdan qaysi jamoalar chiqishi aniq emas. Yani hech kim keyingi bosqichni naqd qilgani yo'q. 20 may kuni "Aral" bilan o'ynaymiz, endi shu uchrashuvga hozirlik ko'ramiz. Shundan so'ng kichik tatilga chiqamiz.
- OKMKning goli raqib darvozaboni qaytarganidan so'ng kiritildi. Bu oxirigacha kurashish natijasimi yoki omad tufaylimi?
- Faqat futbolda emas, har sohada omad yonma-yon yurishi kerak. Omad kelmasa yarim metrdan ham gol ura olmaysiz. Omad kelsa ikkita rikoshet ham golga aylanadi. Omad har doim kerak. Lekin futbolda faqat omadga tayanib qolmasdan oxirigacha kurashish shart. To'xtab qolsangiz omad kelmaydi.

- Yozgi transfer oynasida rejalar qanday? Yangi futbolchilar olinadimi?
- Bir yoki ikki nafar o'yinchi olishimiz mumkin. O'z talabimizga javob beradigan o'yinchilarni taklif etamiz.
- Terma jamoamizdan Jahon chempionatida nima kutyapsiz?
- Bashoratchi emasman va oldinni ko'ra olmayman. Faqat omad tilab qolaman. Bu futbol va terma jamoaga ishonamiz. Muxlislarimiz xursand bo'lsa bo'lgani. Menimcha, guruhdan chiqa olamiz.
- Jamoangiz Kubokning ikki o'yinida 5ta gol o'tkazdi. Bu ko'p emasmi?
- Bu juda ko'p. "Metallurg" bilan oddiy vaziyatlarda gol o'tkazgandik, bugun ham shunday bo'ldi. Bu borada mashg'ulotlarda ishlayapmiz, lekin o'yinga kelganda yana xato takrorlanyapti. Ertaga bu narsa pand berib qolishi mumkin. Yaxshiyamki gol uryapmiz, agar to'p kirita olmay qolsak-chi. Oldingi murabbiylar "Ular uchta ursa, biz to'rtta uramiz" deyishardi. Lekin hozir futbol o'zgarib ketdi. Oddiy vaziyatlarda xatoga yo'l qo'yishimiz kerak emas. Har bir yutuqda jamoa mehnati yotadi, buni qadrlash kerak.



