Birinchi liga. “Xorazm” oliy ligani ko'zlamoqda

Narzulla Saydullayev
6 mar 2014, 16:30
Birinchi liga jamoalarida yuz berayotgan yangiliklar va ularning kelajakdagi maqsadlari qanday ekanligi to'g'risida turkum maqolalarni berishda davom etamiz.
Bugun navbat “Xorazm”ga yetib keldi. Jamoaga oid yangiliklarni bilish maqsadida klub rahbariyati bilan gaplashdik. Ularning yaqin kelajakdagi maqsad va o'z oldilariga qo'yayotgan vazifalarini bilishga qiziqdik.

MAQSAD OLIY LIGAGA CHIQISH
Urganchliklar ma'lum muddatlik tanaffusdan so'ng yana oliy ligaga chiqishni maqsad qilmoqda. Klub direktori Sultonboy Nurmetovning aytishicha kuni kecha viloyat hokimligida jamoa rahbarlari va homiy tashkilotlar o'rtasida yig'ilish o'tkazilgan. Unda jamoani rivojlantirish va buning uchun qilinishi zarur bo'lgan masalalar ko'tarilgan va “Xorazm”ni yaqin orada oliy ligaga qaytarish ustuvor vazifalardan biri sifatida qo'yilgan. Shu bois jamoa buy il elitaga chiyish uchun kurashadigan bo'ldi.

JAMOANING YILLIK BUYUDJETI 1,5, 2 MILLIARD ATROFIDA

Kuchlilar safiga chiqishni istayotgan har qanday klubni moddiy texnik bazasi ham shunga monand bo'lmog'i lozim. Xo'sh, “Xorazm”ning bu boradagi imkoniyati qanday? Klub direktori Sultonboy Nurmetovning ma'lum qilishicha, jamoaning bu yilgi mavsumiy harajatlari uchun 1,5, 2 milliar so'm atrofida pul ajratilgan. “Xorazm Shakar”, “Xorazm Yog'” hamda “Urganchneftgaz” singari yirik tashkilotlar “Xorazm”ning bosh homiysi sifatida biriktirilgan. Viloyat rahbarining millionlar o'yiniga bo'lgan e'tibori ham yuqori darajada ekanligini Nurmetov alohida takidlab o'tdi. Shu bois bu yil moddiy jihatdan hech qanday muammolar bo'lmasligi aytilgan.



TAYYORGARLIK URGANCH, XIVA VA TOSHKENT YO'NALISHI BO'YICHA

“Xorazm”ning tayyorgarlik rejasi 5 bosqchidan iborat bo'lib jamoa shu kungacha uchinchi bosqich yig'inini ortda qoldirgan. Umuman aytganda Urganliklar yangi mavsumga tayyorgarlikni 10 yanvardan boshlagan. Jamoa dastlab o'z bazasida yig'ilib “Olimpiya” stadionida kuniga bir mahaldan mashg'ulot o'tkazdi. Tayyorgarlikning to'rtinchi bosqichi esa ayni damda Xiva shahrida o'tkazilmoqda. Chunki kelasi yil Urganchda umid nihollari o'yinlari o'tkazilishi munosabati bilan shahardagi stadionlar rekonstrukciya qilinmoqda. Jamoa mamuri Qahramon Masharipovning xabar berishicha, “Xorazm” mazkur haftada Toshkentga borishni rejalashtirgan. Tayyorgarlikning beshinchi bosqichi uchun poytaxtdagi “Geofizika” qarorgohi tanlangan. Ushbu yig'in davomida murabbiylar asosiy e'tiborni sinov-nazorat uchrashuvlariga qaratadi. Sparring raqiblar nomi esa hozircha ma'lum emas.

TARKIBDA ASOSAN MAHALLIY FUTBOLCHILAR
Oxirgi yillarda jamoa murabbiylari asosiy e'tiborni mahalliy yoshlarni tarbiyalashga va buning barobarida ularga imkoniyat berishga qaratayotgani tahsinga loyiqdir. Bu esa qisqa fursat ichida o'z natijasini ko'rsatmasdan qolmayapti. Xususan o'tgan yili 1994 yilda tug'ilgan Murod Bobojonov bilan Qadamboy Nurmetov to'purarlik mahorati evaziga ko'pchilikni diqqat e'tiborini tortdi. Shu bois ularning har biriga oliy liga vakillaridan chorlovlar bo'ldi. Jumladan Bobojonov bugungi kunda “Neftchi”da shug'ullanayotgan bo'lsa, Nurmetov “Olmaliq”da mashg'ulot o'tkazmoqda.



Klub direktori Sultonboy Nurmetovning takidlashicha bundan keyin ham mahalliy yoshlarga katta e'tibor qaratiladi. Shuning uchun ayni paytdagi o'quv-yig'in mashg'ulotlarida asosan mahalliy futbolchilar qatnashmoqda. Jamoada eng katta yoshdagi futbolchi G'ayrat O'daev (1986 yil)  Mars Quranboev (1987) bo'lsa eng kichik yoshdagi o'yinchi 1996 yilda tug'ilgan futbolchilardir.

O'tgan mavsum jamoa sharafini himoya qilgan Aziz Jo'raev, Sobir Azizov, Marat Hoshimov, Solijon Xayrullaev singari o'yinchilar ayni paytda jamoa bilan birga emas. Yig'inda ishtirok etayotgan yangi futbolchilardan Mamur Abdullaev (“Olmaliq”), Jamoliddin Masharipov (“Nasaf)”, Mirjalol Qurbonov (“Guliston”) kabi o'yinchilarni ko'rsatish mumkin. “Xorazm”ning Toshkentda o'tadigan yig'inida yana bir qator yangi o'yinchilar kelishi kutilmoqda. Chunki ilgari oliy ligada o'ynagan 3-4 nafar mahoratli futbolchilar bilan muzokara olib borilmoqda. Darvoqe, jamoani bu yil ham Mansur Davletov boshqaradigan bo'ldi. Unga murabbiylar shtabida Oybek Quryozov assisentlik qiladi. Ko'ramiz bu murabbiylar bilan jamoa o'z maqsadiga erisha olarmikin?


Islombek RUSTAMBEKOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia