Azamat Abduraimov: "G'aniev, Manzukas, Mirabdullaev va ukrainalik legionerlar navbatdagi yig'inimizga keladi"

23 fev 2014, 00:32
"Andijon"ning navbatdagi yig'iniga bir qator yangi futbolchilar kelishi kutilmoqda. Bu haqda bosh murabbiy klub saytiga bergan intervyusida aytib o'tdi.
“Andijon” jamoamizning Toshkentda 6-19 fevral kunlari oralig'ida olib borgan navbatdagi yig'ini nihoyasiga etganini xabar qilgandik.
Andijonliklar poytaxtda keyingi yig'inni boshlash arafasida turishibdi. Shu munosabat bilan “Andijon” ustozi Azamat Abduraimov o'tgan yig'in to'g'risida va keyingi tayyorgarlik rejalari haqida o'z fikrlarini bildirdi.

- Tayyorgarlikni dekbar oyida boshlaganimizni hisobga olsak, bu bizning to'rtinchi yig'inimiz bo'ldi, - deya so'zini boshladi Abduraimov.
 - Ushbu yig'indan ko'zlangan maqsad tarkibga yangi o'yinchilarni jalb etib ularni snovdan o'tkazish edi. Yig'in davomida litvalik ikki nafar legioner va yana bir qator futbolchilarni ko'rikdan o'tkazdik. Bundan tashqari PFL Kubogida ham ishtirok etib, yangilardan kimlarni qolishi yoki ketishini aniqlab oldik. Shuning uchun biz bu o'yinlarda natijaga e'tibor qaratmasdan futbolchilarga imkoniyat berdik. Litvalik legionerlar o'zlarini ko'rsata olishmadi. Shu bois ularga javob berib yubordik.

- Shuningdek, yig'inimizda qatnashgan Sobir Usmonxo'jaev, Sergey Rekun, Eldor Isaboev, Artur Parvanov kabi futbolchilar ham ko'rigimizdan o'ta olishmadi. Alisher Azizov jarohat olib qolgani bois uning taqdiri so'roq ostida turibdi. Himoyachi Ahrol Risqullaev faqat bitta o'yinda to'p surgani uchun uni keyingi yig'inda ham sinab ko'rmoqchimiz.

- Bu yig'inda bizga maqul kelgan o'yinchilardan Aleksey Kasyan, Shahzod Shaymonov va Mirzakamol Kamolov bilan shartnoma imzoladik.

- Toshkentda 23 fevraldan 5 martga qadar davom etadigan navbatdagi yig'inimizda ham tarkibga bir qator o'yinchilarni taklif etamiz. Jumladan Ukrainadan ikki nafar legioner tarkibimizga qo'shiladi. Ular ixtiyorimizga 24 fevral kuni kelishadi. Bu legionerlardan biri himoyachi bo'lsa, ikkinchisi hujumchidir.

- Bundan tashqari “Bunyodkor” vakillari bilan yosh himoyachi Javlon Mirabdullaevni olish borasida gaplashdik. Mirabdullaevni yoshlar terma jamoasidagi o'yinlari orqali yaxshi bilamiz. U chap qanot va markaziy himoyada o'ynay oladi. Shuningdek, yana bir nechta o'yinchilar bilan ham muzokaralar olib boryapmiz. Keyingi yig'inda tarkibimizda darvozabon Temur G'aniev paydo bo'ladi. “Lokomotiv” bilan bu borada muzokaralar olib boryapmiz. Qolaversa, uning o'zi ham jamoamizga o'tishga qarshi emas. G'aniev o'tgan yili ikkinchi davrada “Lokomotiv”ning asosiy posboni bo'ldi. U ko'proq o'ynashni xohlamoqda. O'ylaymanki, G'aniev kelsa darvozabonlar muammosini hal qilishimiz mumkin.

- Shu bilan birga yarimi himoyachi Yannis Manzukasni ham sinovdan o'tkazamiz. Umuman olganda, navbatdagi yig'inda biz tarkibni to'la aniqlab olamiz.

- Shuni ham aytib o'tishim kerakki, Rasul Rahmonov, Lochin Soliev va Bahrom Abdurahimov kabi yetakchilarimiz kutilmaganda betob bo'lib yig'inni oxirigacha davom ettira olishmadi. Shu sababli Soliev PFL Kubogida maydonga tusha olmadi. Faqat “Neftchi” o'rinbosalariga qarshi uchrashuvdagini u ishtirok etdi. O'ylaymanki, bu yetakchilarimiz keyingi yig'inimizda astoydil shug'ullanishadi.

- Yuqorida aytib o'tganimdek, navbatdagi  yig'inimiz 23 fevraldan 5 martgacha davom etadi. Mazkur yig'in mobaynida uchta nazorat o'yinini o'tkazishni rejalashtirganmiz. 27 fevral kuni “Mashal” jamoasi bilan kuch sinashamiz. Qolgan ikkita uchrashuvni qaysi jamoalarga qarshi o'tkazishimiz tez orada ma'lum bo'ladi.

Manba: andijon-pfc.uz