Argentina futzal terma jamoasi bosh murabbiyi: "Biz turnirda nafaqat o'zimiz, balki Jahon chempionatida to'p tepishni orzu qiladigan barcha bolakay, havaskor va mahalliy futzalchi uchun o'ynaymiz"

Sherzod Nurmatov
2 okt 2024, 12:50
Futzal bo'yicha JCH yarim finali doirasidagi Fransiya – Argentina bahs oldidan matbuot anjumani tashkil qilindi.

Unda Argentina futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Matias Lukuiks va terma jamoa futzalchisi Pablo Taborda qatnashdi.

"Fransiya juda kuchli jamoa hisoblanadi. Debyut ishtirokidayoq yarim finalga yetib kelishi bu jamoaning ishtiyoqi bizdagi kabi yuqori ekanligidan dalolat beradi. 

Biz turnirda nafaqat o'zimiz, balki Jahon chempionatida to'p tepishni orzu qiladigan barcha bolakay, havaskor va mahalliy futzalchi uchun o'ynaymiz. 

Oldinda juda muhim o'yin kutib turibdi. Mas'uliyatni his qilib turibmiz. G'alaba qozonish uchun jasoratni yo'qotmasdan, o'z o'yinimizni namoyish etishimiz darkor. 

Fransiyada biz kabi bosimning yo'qligi biz uchun ko'proq xavf tug'diradi. Hozirga qadar oldimizga qo'ygan vazifalarni uddaladik. Ushbu bosqichda ham g'alaba qozonishimizga ishonaman", – dedi Matias Lukuiks.


"O'ylashimcha, guruh bosqichida eng yaxshi o'yinimizni ko'rsata olmadik. Biz barcha bilgan va kutgan Argentina emas edik. Darvozamizdan bir nechta gol o'tkazib yubordik. Guruh bosqichidan so'ng xatolarni muhokama qildik, mashg'ulotlarda buni tuzatish borasida ishladik, murabbiyning bizdan talab qilayotgan jihatlariga ko'proq e'tibor qaratdik. Bu esa chorak finalda o'z isbotini topdi. 

O'yin oldidan jamoaviy birga bo'lamiz, mate ichamiz, musiqa tinglaymiz, karta o'ynaymiz. Bunday odatlarni yaxshi ko'ramiz. 

Biz o'zimizga ishonamiz. Murabbiylar shtabi ko'rsatmalarini bajarishga harakat qilamiz va bu yarim finalda ham ish beradi degan umiddaman", – dedi Pablo Taborda.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia