Abramovga qo'yib bering termani!

Narzulla Saydullayev
16 iyul 2013
Biz intiq bo'lib kutgan, hal qiluvchi o'yinlar sanalari o'rin olgan iyun oyi yakun topganiga ham yarim oy bo'ldi.
Bu qisqa vaqt mobaynida yoshlarimiz Turkiyada o'tkazilgan kichik mundial bilan bizni biroz chalg'ita oldi. Ular shunchaki “muzqaymoq eb qaytish” saviyasidan yuqori ijro namoyish etishdi. To'g'ri, ikki bor yirik mag'lubiyatga uchradik, biroq o'sha raqiblarimiz finalgacha yetib kelishdi.

Fransiya g'oliblikni tantana qilgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati yakunlanganidan so'ng, nimagadir hamma muhlislar yana terma jamoa o'yinlari haqida so'zlay boshlashdi. E'tibor bering: Milliy terma jamoamizning Turkiya bilan o'rtoqlik o'yiniga bir oydan kam vaqt qoldi! Nega jimlik? Xo'sh, terma jamoamiz yig'ini yoki tarkibga kiritilishi kutilayotgan qaysidir futbolchini muhokama qilmaymizmi? Janob Qosimov qaysi futbolchini kuzatish uchun maxsus safarga otlandi? Iordaniyaning barcha o'yinlari tushirilgan disklarni kuzatib, Turkiya bilan o'yinda Iordaniyaga qarshi taktika o'ylab qo'yildimi? Hech kim javob bermayaptimi yoki biz erto'ladagi ovozni eshitmayapmizmi?

Xo'sh, Abramov bugungi kunda ham terma jamoa boshqaruvida bo'lganida qanday yo'l tutgan bo'lardi? Ikki xil javob berish mumkin:

1. Agar Karlenovich milliy termamiz bosh murabbiyi lavozimida ishlab turganida, muhlislarni lol qoldiradigan nimadir ish qilardi. Yangi qaysidir futbolchini taklif etardi yoki asosiy tarkibdan qaysidir “yulduz” uchun joy ajratmasdi yoinki “Turkiya terma jamoasini engish-menga hech qanday mashaqqat tug'dirmaydi” qabilidagi biror bir mulohazasi bilan terma jamoa futbolchilari elkasidagi bosimni o'z zimmasiga olardi.

2.  Vadim Abramov bosh murabbiy bo'lganda ham bugungidek holat kuzatilardi. Sababi, federatsiyadagilar jimlikni xush ko'rishadi.

Menimcha, birinchi javobga qo'shiladigan muhlislar salmog'i oramizda yuqori. Chunki, bunga bir necha sabablarni ko'rsatishimiz mumkin:

Birinchidan, Abramov tez-tez matbuot e'tiboriga tushishni xush ko'ruvchi murabbiy. U nimadir bilan mashg'ul bo'layotganini, terma jamoa uchun nimadir qilayotganini doim hamma bilib borishini xoxlaydi. Bu salbiy xislatmi yoki ijobiy-talqin qilishingizga bog'liq!

Ikkinchidan, uning uchun hatto Ahmedov yoki Jeparovlar uchun ham terma jamoa asosiy tarkibida  o'ynash kafolatlanmagan. Bu borada Qosimovni maqtay olmaymiz. To'g'ri, muhim pallada yoshlarning pand berishi murabbiyga borib taqaladi. Hatto, o'ziga nisbatan keskin gapirgan Geynrix xizmatidan voz kechishni ham uddalay olmadi. Murabbiy futbolchilarning “noz qilishiga” yoki muhitga salbiy ta’sir etishiga ojiz qarab turmasligi kerak. Abramov-chi? O'sha paytdagi terma jamoamiz tezkor “motor”i hisoblangan Jasur Hasanovni “Terma jamoaga loyiq emas”,  deb qo'ya qoldi.

Uchinchidan, Vadim Karlenovich nafaqat matbuotga balkim termamiz futbolchilariga ham kuchli ta’sir eta oladigan “qaynoq” iboralaridan tortiq qilib turardi. Yaponiyaga qarshi yapon futbolchilarining bundesligadagi faoliyati haqida yoki Gagarinning birinchi bo'lganligi haqida aytilgan gaplari har bir g'ururli futbolchining kuchiga yanada kuch qo'shishi tabiiy.

Bugungi kunga kelib aksariyat futbol muhlislari Janubiy Amerikaning beshinchi jamoasini Qo'shoqovichning himoyaviy taktikasi bilan mag'lub eta olishimizga ishonishmaydi. Yana shuni qo'shimcha qilishim mumkinki, Turkiyaga qarshi o'yinga tushiriladigan tarkibni muhlislarning katta qismi 90 foizga aniq taxmin qilishi mumkin. Hatto bazilar qanday taktika ostida to'p tepishimizni ham aytib bera olishadi. Bu esa ushbu o'yinga nisbatan qiziqishni pasayishiga sabab bo'ladi.

Vadim Abramov davrida muhlislar terma jamoamiz kuchiga ishonishardi. Hech bo'lmaganida to'pni nazorat qilib, taktik hujumlar tashkil qilish jamoada o'z kuchiga ishonchni shakllantirardi.

Biz jahon chempionatiga tayyorgarlik yo'lida avgust oyida bugungi kundagi Yevropaning o'z mavqeyiga ega bo'lgan terma jamoasi-Turkiya bilan o'rtoqlik o'yinida, shundan so'ng Iordaniyadan o'ta olsak, Urugvay yoki Janubiy Amerikaning boshqa vakili bilan ikki bor(shulardan biri o'z uyimizda) muhim bahslarda maydonga tushamiz. Ushbu muhim uchrashuvlarda terma jamoamiz chiroyli o'yini bilan muhlislarni xursand eta olishsa, “muzqaymoq eyish” ham, balki nasib qilib qolar. Jahon chempionatiga borish uchun unga munosib o'yin namoyish qila olmog'imiz darkor. Bugunga kelib, terma jamoamizda ijrochilar etarli! Tayyor “masalliq”ni munosib “oshpaz”ga topshirish vaqti kelmadimikin?!

Futbol saytlaridan birida muhlislar izohlarini o'qiyotgandim, bir fikr e'tiborimni tortdi: “Mirjalol Qosimov-boshlang'ich sinf o'qituvchisi. Abramov ham boshlang'ich sinf o'qituvchisi. Abramov o'z o'quvchilarini yuqori sinf saviyasiga ko'tara oldi, biroq yuqori sinf o'qituvchilariga topshiriladigan sinfni maktab direktori yana boshlang'ich sinf o'qituvchisi-Qosimovga topshirdi!” O'xshatish sizga ham yoqqan bo'lishi va bugun terma jamoamizga hech bo'lmaganda Demyanenko yoki Teo Byuker saviyasidagi murabbiyni olib kelish vaqti kelganligini siz ham anglab turibsiz. Biroq chet ellik murabbiyni olib kelishni hatto xayoliga ham keltirmayotgan federatsiyadan Vadim Abramovga yana terma jamoani topshirishni so'ragan bo'lardim. Bu qaror Qosimovga nisbatan nohaqlik bo'lmaydi, degan umiddaman. Futbolchilik faoliyatida O'zbekistonimizning yorqin futbol yulduzi bo'lgan inson uchun “Bunyodkor”dagi faoliyat o'zining tub manodagi o'rni deb bilaman. Vaqti kelib “Bunyodkor” Qosimov boshchiligida Osiyoni zabt etishiga ishonaman. Mening fikrimcha, Milliy terma jamoamiz uchun bugungi kunda yurtimizda Abramovdan munosibroq nomzod yo'q!

Muddatidan oldin cho'kmay desangiz,
Qo'lingizda tutmang ikki kemani!
“Bunyodkor” ham bir kemadir, bilsangiz,
Abramovga qo'yib bering termani!
 
Qarang, termam o'z yo'lidan toyibdur,
Karlenovich o'z-o'zini koyibdur,
Nohaq Eron g'alabasi aybdur
Abramovga qo'yib bering termani!
 
Termamizga muhim tartib o'rnatgan,
Xujumkor deb taktikasin sozlatgan,
Shogirdiga madhiyani yodlatgan,
Abramovga qo'yib bering termani!
 
Zufarovich, muhlislarni eshiting,
Terma bilan oliy maqsadga eting,
Balkim, bo'lgan-ginalarni unuting,
Abramovga qo'yib bering termani!
 
Murabbiylik muhlis tanlovidadur,
Mundial ham Vadim o'ylovidadur
Balkim aybi-uning mo'ylovidadur,
Abramovga qo'yib bering termani!
 
Olim Tolipov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: voha.uz