JCH-2014. Mundial ishtirokchilari - Gonduras
06 iyu 2014 16:34
Yangiliklar
JCH-2014. Mundial ishtirokchilari - Gonduras
Bu terma jamoa ancha yillar mobaynida aytarli natijalarga erisha olmagan. Bu mamlakatda futbolga bo'lgan etibor 1980 yillarga kelib ancha kuchaygan va aynan o'sha yillari Gondurasning ilk oltin davri boshlangan. 1982 yildagi mundialga yo'llanma olgan Gondurasni Jahon chempionatida munosib ishtirok etishgan. Garchi guruhdan chiqa olishmagan bo'lsada, Irlandiya va Ispaniyaga qarshi o'yinlarda durang natijasini qayd etishni uddasidan chiqishgan. Bu Gondurasdek jamoa uchun yomon natija emas edi.
SHuningdek, Gonduras KONKAKAF Oltin Kubogida ikki bor ikkinchi o'rin bilan taqdirlangan.
2001 yili Gonduras terma jamoasi Kolumbiyada bo'lib o'tgan Amerika kubogiga taklif oladi. O'shanda terma jamoa katta sensaciya qayd etib, chorak finalda Braziliyani mag'lub etadi. Lekin ularga finalga chiqish nasib etmaydi. Uchinchi o'rin uchun bo'lgan bahsda esa Urugvayni dog'da qoldirishadi va bronza medallariga ega chiqishadi.
Gondurasning keyingi mundialdagi ishtiroki 2010 yilga kelib amalga oshdi. JARda bo'lib o'tgan chempionatda Gonduras CHili, Ispaniya va SHveycariya bilan bir guruhdan o'rin olishgan edi. SHveycariya bilan durang qaytgan Gonduras, Ispaniya va CHiliga imkoniyatni boy berib, yana guruhda qolib ketgan edi.
Hozircha bu jamoa guruhdan nariga o'ta olmagan va haligacha mundialda g'alaba nimaligini bilmay kelmoqda.
Braziliyada bo'lib o'tadigan mundial ular uchun uchinchisi hisoblanadi. Gondurasning asosiy maqsadi bu Jahon chempionatlaridagi ilk g'alabani qo'lga kiritish. Ular bu ishni amalga oshirish bor kuchlarini ishga solishlari aniq.
Gondurasni hozirda kolumbiyalik Luis Fernando Suarez boshqarib bormoqda. Uning qo'li ostida asosan Gonduras chempionatida ishtirok etadigan futbolchilar jamlanishgan. Jamoa safida Angliya premer ligasida o'ynaydigan bir nechta futbolchi ham bor. Bu "Uigan" yarim himoyachisi Espinoza, "Xall Siti" vakili Maynor Figeroa, "Stok Siti" azosi Uilson Palasios kabi tajribali futbolchilar ham mavjud. Gondurasning asosiy vazifasi bu galgi mundialda ham munosib ishtirok etish. Jamoa guruhdan chiqish ehtimoli yuqor iemas. Agarda ular bu qiyin ishni amalga oshira olishsa, shubha yo'qki, Gonduras futbolchilari vatan qahramonlari darajasiga chiqib olishlari mumkin.
Gonduras terma jamoasi haqida:
Tashkil topgan yil: 1921
Mintaqasi: KONKAKAF
Bosh murabbiy: Luis Fernando Suarez (Kolumbiya)
Jamoa sardori: Noel Valyadares
Eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi: Amado Gevara (138 o'yin)
Eng yaxshi to'purar: Karlos Pavon (58 gol)
FIFA reytingidagi o'rni: 30
Ilk o'yin: Gvatemala - Gonduras 10:1 (1921 yil)
Eng yirik g'alabasi: Gonduras - Nikaragua 13:0 (1946 yil)
Eng yirik mag'lubiyati: Gvatemala - Gonduras 10:1 (1921)
Erishgan yutuqlari:
KONKAKAF Oltin kubogi sohibi: (1981)
Gonduras terma jamoasining yakuniy tarkibi:
Darvozabonlar: Noel Valyadares (Olimpiya), Donis Eskober (Olimpiya), Luis Fernandes Lopes (RSA).
Himoyachilar: Brayan Bekeles (Olimpiya), Arnold Peralta (Reyndjers), Emilio Izagirre (Seltik), Oskar Garsiya (Dinamo Xyuston), Maynor Figeroa (Xall Siti), Viktor Bernardes (San-Xose), Serxio Mendosa (USK).
Yarim himoyachilar: Osman CHaves (Cindao Djonun), Xuan Montes (Motagua), Luis Garrido (Olimpiya), Rodjer Espinoza (Uigan), Xorxe Klaros (Motagua), Uilson Palasios (Stok Siti), Oskard Bonek (Dinamo Xyuston), Endi Nadjar (Anderlext), Marvin CHaves (Kolorado Rapids).
Hujumchilar: Jerri Bengston (Nyu-Inglend Revolyushn), Jonni Palasios (Olimpiya), Karlo Kostli (Veriya), Mario Martines (Real Sosedad).
SHahboz Beg'amov tayyorladi.
Fikrlar