So’nggi yangiliklar

00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  3 00:22Дуглас Коста "Флуминенсе"ни тарк этди  2 23:45Куртуа — жирафа, Рюдигер — псих, Менди — генерал. "Реал Мадрид" футболчилари бир-бирларини қандай чақиришади?  4 23:28"Барселона" Фликни бош мураббий сифатида таништирди  12 23:01Ўзбекистонлик ўсмирлар Японияни тор-мор этди  8 22:44Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ легионери терма жамоа ихтиёрини вақтинчалик тарк этди  17 22:22Ўртоқлик ўйини. Бразилиялик футболчини кўрикдан ўтказаётган "Динамо" "Бунёдкор"ни мағлуб этди  6 22:05"Ювентус" ўз футболчисини "Борнмут"га 18 миллион еврога сотади  1 21:48"Реал" Кепа эвазига Лунинни "Челси"га қўйиб юборишга тайёр  2 21:31Гвардиола "Реал Мадрид" футболчилари "Олтин тўп"га фаворит эканлигини айтди  20 21:14Франциянинг 6 карра чемпиони профессионал клуб мақомидан маҳрум қилинди  5 20:57УEФА Евро-2024 ўйинларида мухлисларни ирқчилик ва камситувчи хатти-ҳаракатлари учун етти давлатни жаримага тортди  3 20:30Назорат учрашуви. Ўзбекистон U-21 терма жамоаси Суперлига клубига ютқазди  2 20:13Париж-2024. Рақиб футбол жамоаси машғулот майдонига дрон учирган мамлакат ходимлари турнирдан четлатилди  0 19:55Азмун БАА клубига ўтади  13

"Yuventus" stadiondan qanday foydalanmoqda? Yangiliklar

"Yuventus" stadiondan qanday foydalanmoqda?

Teglar :  YuventusMarketing
“Yuventus” oxirgi yillarda Italiyada nafaqat maydondagi g'alabalari, balki marketing sohasida boshqalardan o'zib ketgani bilan ham ajralib turibdi.


Stadiondan pul ishlab topish bo'yicha turinliklar Apennin yarim orolida yaqqol etakchiga aylanib olishgan. Stadion direktori Franchesko Jionello Rossiyaning “Sport turlarida menejment” fakulteti talabalari bilan uchrashuvda muvaffaqiyat sirlari va boshqa qiziqarli holatlar xususida berilgan savollarga batafsil javob qaytardi.

- “Yuventus” tizimida stadiondan ishlab topilayotgan pullar miqdori klubning umumiy daromadida nechanchi o'rinda turadi?

- Bu savolga aniq javob berish qiyin. klubning o'tgan mavsumdagi daromadi 387,9 million evroni tashkil qildi. Foyda esa 4 million evrodan ko'proq bo'ldi. Arenadan o'yin kunlari tushumlar esa buning 16 foizini tashkil etgan. Bu ko'rsatkich bo'yicha Evropada 9-o'rinda joylashganmiz. Bir o'rindiq keltirayotgan o'rtacha daromad borasida esa 6-pog'onadamiz. “Yuventus”ning o'yin kunlari topayotgan puli “A” seriyada qolgan jamoalar qilayotgan daromadning chorak qismidan ko'prog'idan iborat. O'tgan mavsumda barcha klublar 210 million evro ishlab topishgandi.
Ushbu holat ko'pchilikni ajablantirishi mumkindir, ammo boshqa tarafdan o'rtacha tashrif miqdoriga nazar tashlasak, barchasi tushunarli bo'ladi. “A” seriyada o'rtacha tashrif 22 mingga teng, bizda esa 39 mingdan iborat. O'z-o'zidan farq tushunarli. Yana bunga ayni paytda Italiyada xususiy stadioniga ega bo'lgan ikki klubdan biri ekanimizni qo'shing. Aksariyat raqiblarimiz o'zlariga tegishli bo'lmagan va ijaraga oladigan stadionlardan foydalanishadi. Eski arenalar esa zamonaviy talablarga javob bermaydi, ularda qulayliklar yaratilmagan. Mehmondo'stlik lojalari ko'plarida yo'q. SHu sababli ulardan foydalanishda bizdek daromad olish shunchaki mumkin emas.
Stadionning o'yin kunlari topayotgan daromadi aynan shulardan iborat. Lekin arenani umumiy ishlatishda boshqa manbalarga ham egamiz. Bunda biz faqat futbol uchrashuvlari bilan kifoyalanmaymiz. Ularning aniq raqamini keltira olmayman. SHuni takidlaymanki, biz haftasiga 7 kun va yiliga 364 kun ishlaymiz.
Bir yil davomida 130ga yaqin turli tadbirlar uchun stadionni ijaraga beramiz. Ular futbolga taalluqli emas. Stadion hududida joylashgan muzeyga yiliga 170 ming odam tashrif buyuradi. Muzeyning yonida tibbiy tashxis markazi faoliyat yuritmoqda. Unda gidromassaj vannalari va ikki sport zali ham mavjud. Birinchi navbatda markaz futbolchilar uchun mo'ljallangan, ammo oddiy odamlar ham muammolari bilan u erga murojaat etishlari mumkin.
Yildagi yagona dam olish kuni arenada Rojdestvo bayramida kuzatiladi. O'sha kuni qo'riqchilardan boshqa barcha dam oladi.


- “Yuventus” “Delle Alpi” stadioni va keyin “Olimpiya”da o'ynagan vaqtga taqqoslaganda tushum sezilarli darajada o'sgan. Bu farqni raqamlarda qanday ifodalash mumkin?

- Farq katta. Bir statistikani aytaman: 2008/09 yilgi mavsumda “Olimpiya” stadionida o'ynaganmiz. O'shanda umumiy daromad 203 million, o'yin kungi tushumlar 11 million evroga teng bo'lgan. Yangi arenaga ko'chgan ilk mavsumimizdayoq o'yin kungi daromadlar darhol uch baravarga oshdi. O'tgan mavsum ishlab topgan pulimiz 388 millionning deyarli 60 millioni aynan stadionda o'yin kungi savdolar natijasida hosil bo'lgan. Sakkiz yil farq orasida o'rtadagi tafovut sezilarli darajada. Bunday o'sishning asosiy sabablaridan biri yangi stadionga ko'chib o'tilganidir.
“Delle Alpi” bilan hozirgi arenani daromad bo'yicha solishtirib bo'lmaydi. Boshqa jihatlar borasida ham, albatta. Gap shundaki, avvalgi stadion noqulay inshoot bo'lgan. Uning memoriy tuzilishi tufayli futbol ko'rish juda qiyin yumushga aylangandi. To'g'ri, o'sha paytdagi talablar bo'yicha u zamonaviy va eski bo'lmagan arena sanalardi. Uni 1990 yilgi jahon chempionati uchun qurib bitirishgan. Biroq u futbol uchun mo'ljallangan stadion emasdi. U erda engil atletika yo'lakchalari bor edi, tribunalar maydondan ancha uzoqda joylashgandi. Qolaversa, tribunalar yon tarafga qarab cho'zilib ketgandi.
Hozir birinchi qatordan maydongacha bo'lgan masofa 7,5 metrni tashkil qiladi. To'pning ovozi va murabbiylarning ko'rsatmalarini ham eshitish imkoniyati mavjud. “Delle Alpi”da esa birinchi qatordan maydongacha bo'lgan masofa 100 metr atrofida bo'lgan. Boshqa joylarni esa qo'yavering. Biror narsani eshitish tugul, ko'rish ham qiyin sektorlar bor edi. Ayniqsa, qishda tuman tushgan paytda maydonda nima ro'y berayotganini ko'rish qiyinlashardi.
1990-yillarda yana pulli televidenie paydo bo'lib, o'yinlarni uydan chiqmasdan ko'rish imkoni yuzaga kelgandi. SHu sababli bu stadionlarga tashrifga katta salbiy tasir ko'rsatgan. Qisqasi, kunlarning birida “Bavariya” bilan CHempionlar ligasi uchrashuviga 18 ming ishqiboz tashrif buyurgan. O'shanda nimadir joyida emasligini tushunib etgandik. Yangi stadion qurish haqida o'yladik. 2006 yil “Alpi”dan “Olimpiya” stadioniga ko'chib o'tdik. 2009 yil esa yangi stadionni qurishni boshladik va 2011 yil uni ishga tushirdik.


- Yangi stadion qurish “Yuventus”ga qanchaga tushgan? Klub buning uchun kredit olganmi va uni qanday to'lamoqda?

- Umumiy sarmoya 150 million evroni tashkil etdi. Xarajatlar eski stadionni buzish va uning o'rnida hozirgi arenani qurish, shuningdek, erni 99 yilga ijaraga olish uchun 20 million evro sarflangan. Kreditlarga kelsak, ularni olganmiz. Qarzni qaytarish muddati 10-12 yildan iborat. Hozir rejadan oldinda boryapmiz. 10 yil oxirida ulardan to'liq qutulamiz. Rivojlanish bizda juda yaxshi holatda.


- “Delle Alpi”da o'rindiqlar soni 67 mingta edi, yangi arenada esa 41 ming. Nega aynan shu raqamda to'xtalgansizlar?

- O'shanda marketing tadqiqotlari 41 ming eng to'g'ri qaror ekanini ko'rsatgan. Avvalgi ikki stadiondagi ko'rsatkichlardan kelib chiqqan holda shu qarorga kelganmiz. Agar uni hozir loyihalashtirganimizda sig'imni 50 minggacha ko'tarishimiz mumkin edi. 2011 yildan beri erishilgan ketma-ket 5 chempionlik “Yuventus”ga bo'lgan qiziqishni keskin darajada oshirib yubordi. Biroq o'sha paytda kim g'alabalarni oldindan aytib berib, rejalashtirishi mumkin edi?


- “Yuventus”ning uy o'yinlariga o'rtacha tashrif 39 ming ekanini aytdingiz. Ularning qancha miqdorini abonement egalari tashkil etadi? Abonementlar qancha pul turadi?

- Savolga javobda aytishim mumkinki, 80 foiz uchrashuvlarimizga chiptalar to'liq sotiladi. “Napoli” bilan joriy mavsumdagi o'yinimizda erkin savdoga birorta chipta chiqarilmadi. CHunki 28 ming abonement sohiblari imtiyoz tarzida do'stlari uchun yana bir chipta sotib olish huquqiga ega sanaladi. Aynan shunday raqiblarga qarshi uchrashuvlarda bundan foydalanib, yaqinlari va do'stlari uchun chipta xarid qilishadi.
Umuman olganda, 40 ming joyning barchasiga abonementlarni sotish muammo tug'dirmaydi, ammo buni amalga oshirmaymiz. CHunki qolgan auditoriyani ranjitmaslik lozim. Turinga kelgan sayyoh “Yuventus” ishtirokidagi uchrashuvni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo'lishi darkor deb hisoblaymiz. CHiptaga ega bo'lish oson bo'lmasa ham baribir unda qandaydir imkoniyat qolishi shart.
Biz yana chipta va abonementlarni boshqa shaxsga o'tkazish tizimini ishlab chiqqanmiz. Biror o'yinga ularning egalari kela olmaydigan holatlar uchrab turadi. SHunda abonement egasi o'rindig'i bo'sh qolib ketmasligi uchun shartnomada bir kishidan uch kishigacha bo'lgan ro'yxatni keltiradi. Ular esa o'sha shaxsning o'rniga stadionga tashrif buyura olishadi. Yoki sotib olingan chiptani klubga qaytarish imkoni bor: u qayta savdoga chiqariladi, chiptaning avvalgi egasi to'lagan pulining 85-87 foizini qaytarib oladi.
Narxlarga keladigan bo'lsak, ular aniq joy, uchrashuv saviyasi, yosh va ijtimoiy kelib chiqishiga borib taqaladi. Janubiy tribunadagi muxlislar sektoriga abonement 400 evro turadi xolos. VIP joylar egalari buning uchun 3200 evrodan 11700 evrogacha to'lashlari talab qilinadi. “Klub afsonalari” deb nomlangan maxsus o'rindiqlar uchun chiptalar Italiya chempionati o'yinlari paytida 200-600 evroni tashkil etadi. O'tgan yili “Real” bilan CHempionlar ligasi yarim finalida ularning donasini 1200 evrodan sotuvga chiqardik va barchasi 19 daqiqa ichida sotilib ketdi.
Bundan tashqari, oilaviy tashrif buyuruvchilar uchun 200 joyga egamiz. Unda butun oila bilan stadionga kelish arzonroq turadi. 6 yoshgacha bo'lgan bolalarni bepul olib kelish mumkin. Faqat uchrashuv mobaynida ularni bolalar xonasida qoldirishga to'g'ri keladi. U erda bolalarni turli qiziqarli narsalar bilan xursand etishadi.




- Stadionda korporativ lojalar soni qancha?

- Oltmish ikkita. Bu borada Italiyada mutloq etakchimiz. Stadion endi bitgan paytda buncha joyni sota olmaslikdan qo'rqqandik. Baxtimizga ayni paytda korporativ loja va VIP sektor chiptalari eng xaridorgir bo'lmoqda. Ularning miqdori 4 mingtani tashkil etadi, sig'imning 10 foizi atrofida. Ular umumiy daromadning 40 foizini keltiradi. Ularning 90 foizi abonement dasturlari asosida egalariga topshiriladi.


- “Yuventus” besh yildan beri yangi stadionda o'ynamoqda, ammo arena hamon tijoriy nomga ega emas. Bu nima bilan bog'liq?

- Bu bizning muammo sanalmaydi. 2011 yil bu huquqni bir marketing agentligiga sotganmiz. Ular esa xaridor topib, “Yuventus” stadionini nomlash huquqiga ega sanaladi. O'sha kompaniyaga bu huquqni 12 yilga 42 million evro evaziga pullaganmiz. Haligacha ular kimnidir topmagani sababini bilmayman. Buni qanday tushuntirishni ham.
To'g'risini aytsam, ular bu imkonni qo'ldan boy berishdi deb o'ylayman. CHunki stadion anchadan beri “Yuventus” deb nomlanmoqda, bunga barcha ko'nikib bo'ldi. Hozirgi paytda amaldagi shartnoma tugashiga 7 yil qoldi. Bu vaqt ichida o'sha kompaniya biror kelishuvga ega chiqmasa, unday holda 42 million evroni bizga shunchaki sovg'a qilishgan bo'lib chiqadi.


- Muzey haqida batafsil aytib bersangiz. U qanday daromad keltiradi?

- Bizda bir qator takliflar bor. Odatiy turimiz stadion va muzey bo'ylab amalga oshiriladi. U bir soatdan ortiqroq davom etadi. CHipta narxi 18-22 evrodan iborat. Bolalar va 6 yoshgacha bo'lganlar uchun tekin. 28-35 evro to'lanadigan tur eksklyuziv deb yuritiladi. Uni sotib olganlarga bonuslar beriladi. Muzeydagi insonlar eksponatlarni ko'rishi bilan birga ularga teginishi ham mumkin bo'ladi. Masalan, kimdir Del Peroning futbolasini ushlab ko'rishi mumkin, boshqa birov Buffonning qo'lqopini. Haqiqiy medallar va kuboklarga tegib ko'rib, ular bilan suratga tushishlari mumkin.
Yana shahar bo'ylab avtobusda sayohat dasturiga egamiz. 20-25 evro evaziga stadiondan boshlanib, uch soatga cho'ziladigan turga ega bo'lasiz. Boshlovchi maxsus ishlab chiqilgan sayohat yo'lida klub asoschilarining uchrashgan joyi, “Yuventus”ning ilk idorasi joylashgan hudud, birinchi stadion sanalgan “Motovelodromo” va shu kabi klub tarixiga bog'liq shahar joylarini ko'rsatib, tushuntirish berib boradi.


- Stadionga o'yin kunlari ekskursiyaga borish mumkinmi?

- Albatta. Agar o'yin kuni ertalab jamoa stadionda shug'ullansa, unda u yopib turiladi. Mashg'ulot tugashi bilan 15 daqiqalardan keyin biz birinchi guruhga ruxsat beramiz. Har 15 daqiqada yangi guruhlar aylangani kirishadi.
Ekskursiya o'yin boshlanishiga ikki soat qolganda yakunlanadi. SHu mahalda odamlarni stadionga kiritish boshlanadi. Bunday turga chipta sotib olgan muxlislar o'yinga tayyorgarlik, menejerlar jamoa liboslarini kiyinish xonasiga eltayotganini bevosita ko'rishlari mumkin. Bunday narsalarni ko'rish haqiqiy ishqibozlar uchun qiziqarli. Uchrashuv kunlari 2 mingtagacha bo'lgan chiptalarni aylanish uchun sotamiz.
SHunday ishlaymizki, kunini “Yuventus”ga bag'ishlashni xohlagan inson yoki kompaniya buni osonlik bilan amalga oshirsin va unga kun mobaynida zerikarli bo'lmasin. Ular tongdan Turin bo'ylab sayohatga chiqishadi, keyin arenada turda bo'lishadi, so'ng muzeyga tashrif buyurishadi. Keyin esa stadion yonidagi savdo markaziga kirib, u erda vaqt o'tkaza olishadi. Markazda 64 magazin joylashgan. Undan “Yuventus”ga taalluqli narsalarni sotuvchi do'konlar, restoran, kafe va vaqtni ko'ngildagidek o'tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Oqshom tushganda esa bemalol uchrashuvga tashrif buyurish mumkin. O'yin boshlangunga qadar stadionda odamlarga xursandchilik ulashadigan narsalar tashkil etilgan. Karaoke, stol futboli, 24 kafe, 6 bufet, VIP mijozlar uchun 10ta xizmat ko'rsatuvchi joylar tayyor turadi. Klub magaziniga kira olmaganlar uchun stadionning o'zida ham xarid qilishga sharoit muhayyo qilingan. Har bir uchrashuvda 4 joyda sotuv tashkil qilinadi.
Bevosita bellashuv boshlanishidan avval mehmonlarni yana bir shou bilan xursand qilamiz – yaqinda maxsus texnik jihozlarni o'rnatdik va endi arenada chiroqlar shousini o'tkazyapmiz. Misol uchun, 29 oktyabrda “Napoli”ga qarshi bahsda hamkorimiz “Jeep” kompaniyasining 75 yilligiga bag'ishlangan maxsus lavhani taqdim qildik. Tomosha qilgan barchada u katta taassurot qoldirdi.
Hamkorlar bilan ishlashda yangi jihozlar tufayli ko'proq imkoniyatlarga ega bo'ldik. homiylarga oddiy reklama taklif qilish va buni chiroqlar yordamida chiroyli amalga oshirish o'rtasida katta farq mavjud.


- Stadionda koncertlar tez-tez o'tkaziladimi?

- Hozirgacha o'tkazilmagan. Stadionlar uchun koncertlar qo'shimcha daromad olib keladi, ammo biz bundan foydalanmaymiz. Stadion birinchi navbatda futbol uchun qurilgan, u talabimizga ideal javob berishi shart. Koncertlar esa maydon uchun katta xavf tug'diradi. Maydonimizga nisbatan tavakkal qilishni istamaymiz.


- Stadionda necha nafar xodim ishlaydi?

- Doimiy shtatda 28 odam. O'yin kunlari bu erda ishlaydigan xodimlarning umumiy soni bir yarim ming nafarga etadi. Bunday kunlarda biz 55 nafar parking bilan shug'ullanadigan, 50 oshpaz, 250 oficiant, 180 barmen, 40 farrosh va boshqalar xizmatiga ehtiyoj sezamiz. Ularning ishi uchun oladigan haqiga kelsak, bir uchrashuvda klub jalb etilgan shaxslarga umumiy hisobda 130 ming evro to'laydi.


- Stadionda xavfsizlik qanday taminlangani haqida so'zlab bersangiz.

- O'ylashimcha, bu mavzuda gap ochganda so'zni 2007 yilgi voqeadan boshlash lozim. O'shanda Kataniyada mahalliy jamoa va “Palermo” ishqibozlari o'rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida policiyachi o'ldirilgan. SHundan keyin chempionatni qisqa muddatga to'xtatib ham qo'yishgandi. O'sha hodisa bu masalaga etibor o'zgarishi, barchasiga jiddiy yondoshilishiga olib kelgan.
Stadionda xavfsizlikka talab qonun tomonlama kuchaytirildi. Barcha chipta va abonement rasman tomoshabinlarning nomiga rasmiylashtirilishi, o'yinga kelganlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo'lishi belgilab qo'yildi. Arenalar elektron turniket va videokameralar bilan taminlandi. Ular yordamida muxlislarning o'zini tutishini boshqarish mumkin bo'ldi. Nafaqat stadion ichkarisi, balki uning atrofida vaziyatni kuzatib borish imkoniyati yuzaga keldi. Stadionlarda pirotexnik vositalardan foydalanish taqiqlandi. Tartibni buzganlar futbol uchrashuvlariga kiritilmasligi va jarimaga solinishi borasida qoida ishlab chiqildi.
Hozir aynan shu qoidalar bo'yicha ishlaymiz. Stadionimizda Italiyaning boshqa stadionlarida bo'lganidek yuqori to'siqlar, sektorlarni bir-biridan ajratib turuvchi oynalar va maydon bilan tribuna o'rtasida to'siqlar yo'q. Bu borada zamonaviy holatni hosil qilganmiz. Odamni asabini chiqarish uchun uni qafasga solish kerak. Biz bunday holatga yo'l qo'ymaymiz. SHu bilan birga ishqibozlarni kuzatish uchun barcha choralarga egamiz. Yuzaga kelishi mumkin bo'lgan hodisaning oldini olishga intilamiz. Stadion ichi va atrofi yuqori sifatli videokameralar yordamida kuzatib boriladi.


- Styuardlarni tayyorlash bilan kim shug'ullanadi? O'yin davomida ularning necha nafari ishlaydi va ularga qancha pul to'lanadi?

- 2014 yilgacha bu ish bilan biz uchun boshqa kompaniya shug'ullanardi. Vaziyat shunga etdiki, biz bundan qoniqmay boshladik. Boshqa kompaniya tomonidan jalb etilgan styuardlarga stadionda munosabat yaxshi bo'lmadi. Ko'pchilik ishqibozlar ularni chiptaga puli etmagan omadsizlar sifatida ko'rardi.
Bu holatni o'zgartirish uchun styuardlar obro'sini oshirish talab etilardi. SHu sababli ularni klub azosi, oilamizning bir qismiga aylantirishga qaror qildik. Hozir styuardlarni tanlab olish uchun o'zimiz shug'ullanamiz. Buning uchun shtatdagi xodimlarimizdan etti nafari javob beradi.
Bir uchrashuvda 550-700 styuard xizmatidan foydalanishimiz mumkin. Ularning maoshiga kelsak, bu unchalik ko'p  emas. Klub ularga soatiga 10 evro to'laydi. Ularning uchrashuv kuni o'rtacha ish vaqti 5 soatdan ortib ketmaydi.
Yana bir jihatni qayd etib o'tish lozim: styuardlarning 47 foizini ayollar tashkil qiladi. Ulardan aksariyati boshliq, yani guruhlarni boshqaradi. Bu ishga ular erkaklarga qaraganda munosibroq deb hisoblayman. Ular sabrliroq, samimiyroq, ziddiyatli holatlarda yaxshi muomala qilishadi. Yana ayollarning kelishi erkaklarga ijobiy tasir etadi. Lekin klubimiz ishqibozlarining munosabati yaxshi bo'lmagan jamoa bilan o'ynaganimizda stadionning xavf kelib chiqishi mumkin bo'lgan joylariga erkaklarni jo'natamiz. Ayollarni bunday holatlarda asrash kerak.


Behzod NAZAROV tayyorladi

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика