Yosh va juratli: kimlar "Arsenal"ni chempionlikka boshlamoqda? (mutolaa uchun)
06 apr 2023 23:34
Yangiliklar
Yosh va juratli: kimlar "Arsenal"ni chempionlikka boshlamoqda? (mutolaa uchun)
2022/23 yilgi mavsum "Arsenal"ga g'oliblikni taqdim etishi mumkin. "Kanonirlar" joriy mavsum Premer-liganing eng barqaror jamoasi bo'lib turishibdi. "To'pchilar" "Manchester Siti"dan o'tib ketgan holda haqli ravishda APL turnir jadvalida etakchilik qilishmoqda. Mikel Arteta jamoasi joriy mavsum milliy chempionatda 23 g'alabaga erishdi va faqatgina 3 bor mag'lub bo'ldi. Bu ligadagi eng yaxshi natijadir. Endilikda barchasi London klubining o'ziga bog'liq – faqatgina uning o'zi sovrinni qo'ldan boy berishi mumkin. Bugun "Arsenal"ning ehtimoliy chempionlik mavsumidagi bosh qahramonlar haqida gaplashamiz.
Aaron Remsdeyl
Remsdeylda nihoyat omadsizlik olib keluvchi maqomdan qutulish imkoniyatiga ega. Uning ko'plab sobiq jamoalari Premer-ligadan tushib ketishgan, shu sabab "Arsenal" muxlislari Aaronning shartnomasidan xavfsirashgandi. Futbolchi "kanonirlar"ning birinchi raqami bo'lgan holda, o'tgan mavsumni yaxshi o'tkazdi. 24 yoshli darvozabon joriy mavsum yanada yaxshi ishtirok etmoqda. Remsdeylda joriy mavsum 12ta "quruq" o'yinlar bor – bu borada faqatgina "Nyukasl"dan Nik Poup (23)da ko'proq. Uning hisobida 70ta seyv bor. Ishonchli darvozabon – jamoa uchun muhim bo'g'in. Hozircha "to'pchilar"da bu bilan jiddiy muammolar yuzaga kelmayapti.
Gabriel / Vilyam Saliba
"Arsenal" joriy mavsum 27ta gol o'tkazib yubordi. Bu "Nyukasl" va "Manchester Siti"dan so'ng ligadagi eng yaxshi natija. Faqatgina Remsdeylning harakatlari etarli bo'lmasdi. Hozirgi jamoaning muhim qismi himoyachilar Gabriel va Vilyam Saliba hisoblanadi. Francuzga avvaliga Londonga qiyin bo'lgandi, hatto ijaraga yurishga to'g'ri keldi. Ammo, "Emireyts"ga qaytgan Saliba birdan yuqori darajada o'ynab ketdi. Unda braziliyalik bilan sifatli bog'lam hosil bo'ldi. Bu yigitlar nafaqat mudofaada yaxshi o'ynashadi, balki vaqti-vaqti bilan samarali harakat bilan ham ajralib turishadi.
Granit Jaka
30 yoshli xavbekda Londonda sardorlik bog'ichini yo'qotgan va muxlislar bilan mojaro yuzaga kelgan payt qiyin paytlar bo'ldi, ammo Artetaning kelishi bilan barchasi o'zgardi. Mutaxassis shveycariyalikka doim xohlaganidek erkinroq o'ynashga imkon berdi. Jaka oldin juda ham mudofaaga bog'lanib qolgan va tez-tez xato qilgan, shu sabab ko'plab kartochkalar olardi. Hozirda esa bu yo'q. SHveycariyalik tinchlandi, aqlliroq bo'ldi va bog'ichsiz ham jamoa etakchilaridan biri bo'ldi. Bunday o'yinchilar "Arsenal" uchun muhim, sababi londonliklarda yosh jamoa bor.
Martin Edegor
"Kanonirlar"ning sardori hozirda Edegor hisoblanadi. 24 yoshli xavbek vizual ravishda jamoani o'z ortidan ergashtiradiganga o'xshamaydi, uning yoshi ham sardorlarga xos emas. Ammo, Arteta norvegiyalik jamoa ichida qadrlanadigan etakchilik sifatlariga egaligini aytdi. Edegor shuningdek "to'pchilar" uchun muhim o'yinchi hisoblanadi. U to'p bilan yaxshi muomala qiladi, hujumni tezlashtiradi va baribir o'z egasini topadigan noodatiy paslar beradi. Martinning hisobida joriy mavsum APLda 10ta gol va 7ta assist bor. U "Arsenal"ning joriy mavsum eng yaxshi to'purarlari uchligiga kiradi.
Gabriel Martinelli
Martinellida London klubida qiyin vaqtlar bo'lgan. Uni bir jarohatlar taqib qilar, bir kam o'yin amaliyoti olardi. Gabrielning kelajagi so'roq ostida edi, ammo fevralda tomonlar shartnomani uzaytirishdi. Braziliyalik yangi kelishuvga loyiqligini ko'rsatmoqda. 21 yoshli vinger joriy mavsum Premer-liga doirasida allaqachon 13ta gol urdi. U hozirda "kanonirlar"ning eng yaxshi to'purari va eng kuchli jihatlaridan hisoblanadi. Uning hisobida hozirda darvozaga 71ta zarba bor. "To'pchilar"dan faqatgina Edegor ko'proq (76) zarba bergan.
Bukayo Saka
Saka unchalik ko'p mavsum o'tkazmagan, ammo bunisi uning faoliyatidagi eng yaxshisi. Bu yigitchaning imkoniyati cheksizdek go'yo. U gol uradi, samarali uzatma beradi, raqiblarni aldashdan qo'rqmaydi va deyarli har doim to'pni maydonda saqlab qolganda qiyin vaziyatlardan chiqish yo'lini topadi. 21 yoshli vinger joriy mavsum Premer-ligada 12ta to'p kiritdi va 10ta assist qayd etdi. U Martinellidan keyin "kanonirlar"ning eng yaxshi ikkinchi to'purari hisoblanadi. "To'pchilar" o'z tarbiyalanuvchilariga uzoq muddatli kelajakda ishonishmoqda. Mish-mishlarga ko'ra, Saka yangi shartnoma imzolangandan so'ng klubdagi eng katta haq oladigan o'yinchiga aylanadi.
Leandro Trossard
Trossard bilan shartnoma imzolash orqali "Arsenal"ning omadi keldi. Aynan qishki transfer oynasida futbolchida "Brayton" bosh murabbiyi Roberto De Zerbi bilan kelishmovchilik chiqdi, "chaykalar" shundan so'ng o'yinchi bilan xayrlashishga qaror qilishdi. "Kanonirlar" barchadan tezroq ishlashdi va 28 yoshli vingerni 24 mln evro evaziga xarid qilishdi. Belgiyalik "to'pchilar" uchun yaxshi bonus bo'ldi, sababi u London klubining chempionlik uchun imkoniyatlarini yanada oshirdi.
Trossard "Arsenal"dagi bir yarim oyda faqatgina 1ta gol urdi, ammo shu bilan birga 7ta samarali uzatma ijro etdi. "Kanonirlar"da gol uradiganlar bor (Gabriel Jezusni hisobdan chiqarib bo'lmaydi), shu sabab vaziyatlar yaratadigan kreativ o'yinchilar juda muhim bo'ladi. "To'pchilar" chempionlik titulini qo'lga kiritishdi deb bo'lmaydi, ammo uni faqatgina o'z qo'llari bilan topshirishlari mumkin.
Footballhd.ru saytidan Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar