So’nggi yangiliklar

13:03"Навбаҳор" футболчиси учун мавсум тугади   0 12:45ЎзФҲМ нимани яширмоқда? Асимов, Норсафаров ва бошқа ҳакамлар қаерда?  1 12:08"Милан" Меньян ва Эрнандес билан шартномаларни узайтириш устида ишламоқда  0 11:40FIFA.COM: "Аббос Файзуллаев кичик бўйли эканига қарамай, ажойиб техник хусусиятларга эга"  6 11:28"Реал" Дэвис трансферига шубҳа қилмаяпти  0 10:42Гвардиола нима учун «Манчестер Сити»да қолишга қарор қилганини тушунтириб берди  4 10:06Ламин Ямаль ва «Барселона» ўртасидаги янги келишув шартлари маълум  2 09:30Goal «Олтин тўп»-2025 соврининг асосий даъвогарини эълон қилди. Виниcиус ҳозирча 4-ўринда  13 08:53«Арсенал» январда учта футболчисини сотиб юбормоқчи  1 08:21Про лига. Бугун Бухорога катта футбол қайтади  7 07:45Суперлига. Чемпионлар Фарғонага сафар қилади. «Қизилқум» эса яна бир водий жамоасини меҳмон қилади  2 01:55Роберт Левандовски: "2020 йил "Олтин тўп" топширилмаганини ҳеч тушунмайман"  8 01:24"FourFourTwo" ЕЧЛ финалларида урилган энг чиройли голлар рейтингини тузди  15 01:08Расман: Пеп Гвардиола "Манчестер Сити" билан шартномасини узайтирди  0 00:41Эрлинг Холанд: "Гвардиола энг яхши мураббий, балки тарихдаги энг зўридир"  6

Yaponiya bilan taktik taraflama yutqazmasligiga ishonayotgan, "Nasaf"dagi "teshiklar" haqida eslagan o'zbekistonlik mutaxassis - Usmon Toshev bilan katta intervyu Yangiliklar

Yaponiya bilan taktik taraflama yutqazmasligiga ishonayotgan, "Nasaf"dagi "teshiklar" haqida eslagan o'zbekistonlik mutaxassis - Usmon Toshev bilan katta intervyu

Saytimiz ijodkorlari SHahboz Beg'amov va Jahongir Fayzullaev yaqinda bo'lib o'tgan JCH-2022 saralash bosqichi doirasidagi Tojikiston - Qirg'iziston uchrashuvida ishlash uchun Dushanbeda xizmat safarida bo'lgandi.

Bilasiz, Tojikiston terma jamoasini o'zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev boshqarmoqda. Hozircha ishlari yaxshi ketayotgan mutaxassis Qirg'izistonga qarshi o'yindan keyin saytimiz vakillariga intervyu berdi. Biz 6 sentyabr kuni SHahboz Beg'amov va Usmon Toshev o'rtasida bo'lib o'tgan mazkur suhbatni etiboringizga havola qilamiz.


- Qirg'izistonga qarshi o'yin haqida suhbatni boshlasak...

- Ochig'ini aytaman, o'yindan avval hayajon bor edi. Nega? Mashg'ulotlar, o'rtoqlik o'yinlarida hammasi risoladagidek bo'ldi. Ayniqsa hujum tashkil etishda jamoamiz o'yini ko'rkam ko'rindi. O'yin taraflama havotirga o'rin qolmagandi. Faqat birgina jihat, yani bosim tufayli yuzaga keladigan hayajondan havotirda edim. Ayniqsa dastlabki o'yinni uyda boshlash jamoaga qo'shimcha bosim yukladi. Agarda birinchi bahsni safarda o'tkazganimizda nisbatan osonroq bo'lardi. Bu erda muxlislar juda talabchan. SHu boisdan yigitlar bosim tufayli o'yindan chiqib ketib qolishlaridan havotirlangandim. Qo'shimchasiga rahbariyat etibori, muxlislar bosimi jamoaga qo'shimcha masuliyat yuklaydi. Qoyil qolganim, o'yin davomida muxlislar ajoyib tarzda qo'llab-quvvatlashdi. Futbolchilar esa o'zlariga yuklatilgan vazifalarni yaxshi bajarishdi. TFF rahbariyati garchi juda katta lavozimlarda ishlashsa ham juda oddiy insonlardek muomulada bo'lishadi. Etibor kuchli. Futbolga etarlicha sharoitlar yaratishga harakat qilishmoqda. Futbolchilar ham murabbiy talab qilayotgan o'yinni namoyish etish salohiyatiga ega. Ular qo'pol ohangdagi ko'rsatmalardan bezib, shirin so'zlarni sog'inishgan. Futbolchilarga yaxshi gapirib, ularni shu tariqa ruhlantirish osonroq. Eng muhimi, bizda ajoyib kollektiv yig'ilgan. Muhit shunchaki alo darajada. SHuncha yil ishlab va bu erdagi faoliyatimdagi tajribadan shuni yanada aniqroq bildimki, qachonki muhit zo'r bo'lsa, shunda o'yin va natija ham bo'laveradi. Agarda muhit yaxshi bo'lmay, qo'l ostingizda 10 nafardan super yulduz bo'lsin ham foydasi yo'q. Barchasi chiroyli muhitga bog'liq. O'yin davomida qator yaxshi epizodlarni ko'rdim va o'zim uchun alohida belgilab qo'ydim. Jamoa yaxshi o'ynadi. Buyog'iga eng muhimi, ushbu o'yin tempini saqlab qolishimiz kerak. Hozircha o'yin zo'r, natija kelmoqda. Lekin jamoa bundan ortiqcha havolanib ketmasligi zarur. Bu hali boshlanishi. Oldinda esa ko'plab uchrashuvlar bizni kutmoqda. 

- Aynan ichki muhit zo'rligi evaziga mazkur natijalar qo'lga kiritilayotganini aytdingiz. Muhit ham o'z-o'zidan yaxshilanib qolmaydi. Bunga qanday erishdingiz?

- Qaerda ishlamay doim muhitni yaxshilashga uringanman. Futbolchi va murabbiy o'rtasida tafovut bo'lishi kerak, to'g'ri. Lekin bu narsa faqat ish jarayoni vaqtida. Futboldan tashqari esa murabbiy futbolchi bilan do'st tutinishi lozim. Biz ularni hurmat qilishimiz kerak. Agarda futbolchi murabbiy tomonidan hurmat va ishonchni sezsa, unda uning harakatlari ham o'z-o'zidan yaxshi tarafga o'zgaradi. Aytadiku, kimnidir hurmat qilasizmi yo'qmi, bu sizning ishingiz. Lekin kimgadir hurmat bilan munosabatda bo'lish esa tarbiyani anglatadi. Bilasiz, murabbiylarni o'qitaman, dars beraman. Bu esa meni ham kerakli formada turishimga turtki bo'ladi. Nazariy va amaliy ish bir-biriga bog'liq. Dars berish jarayonida ham o'zim uchun kerakli nuqtalarni belgilab olaman yoki yangilik olaman. Aytmoqchi bo'lganim, dars jarayonida o'zim ham izlanib, o'qib boraman. Mazkur ishim ham menga foyda beradi. Murabbiy sifatida shakllanishimda ham bu jihatning yordami tegmoqda. 

- Yana derbiga qaytsak, ochig'i, men o'yindan avval Qirg'izistonning imkoniyatlari yuqori baholagandim. Ular Osiyo Kubogida yaxshi ishtirok etishdi va tajriba borasida ham ustunlik bor edi. Tojikiston terma jamoasi mavqeidan kelib chiqsak, o'yindan avval ko'pchilik sizlarning g'alabangizga shubha qilgandi. Raqibning qaysi xavfli nuqtalaridan qo'rqqandingiz va buni bartaraf etish qanday kechdi?

- Fikringizga qo'shilaman. Yani, raqib mahorat va tajriba borasida ustunroq. Uchrashuvdan avval taxminlar raqib foydasi tomon bo'layotgandi. Yani, ular mazkur to'qnashuv oldidan favorit sifatida gavdalangan. Buni o'yindan avval mahalliy gazetalarga bergan intervyuimda ham takidlagandim. Qirg'izistonni o'rganish jarayonida raqib ko'proq standart vaziyatlariga etibor qilib, aynan shunga tayanib o'ynashini ko'rdim. Qirg'iziston terma jamoasining murabbiylar shtabidagi ko'plab mutaxassislarni futbolga bo'lgan qarashini yaxshi bilaman. CHunki o'zim o'qitganman. Bu taraflama esa raqibni o'rganish nisbatan osonroq kechdi. Qirg'izistonning standart vaziyatlardagi ishlangan qo'llanmalarini o'yin paytida amalga oshirishiga to'sqinlik qilishga urindik va qaysidir manoda bunga erishdik. SHuningdek, raqib ikkinchi qavatda xavfli o'ynaydi. Buni yigitlarga alohida takidlab, bunga tayyor holda tushgandik. Uchrashuv mobaynida esa havodan kelgan to'plarga ham o'ynashda jamoamiz yaxshi ko'rsatkich qayd etdi. Bu esa ishimizni osonlashtirdi. Tezkorlik va futbolchilarning chaqqon harakati bo'yicha bizda ustunlik borligini bilardim va bundan kerakli darajada foydalana oldik.



- Usmon Toshev Tojikiston terma jamoasi ruliga qanday qilib kelib qoldi. Bu taklif qaerdan paydo bo'ldiyu, siz ushbu chorlovni qabul qilishingizga nima asosiy turtki bo'ldi?

- Bundan oldin ham takliflar ko'p bo'ldi. Hozir ham boshqa jamoalardan takliflar kelib turibdi. Hammasi o'z yo'liga. Lekin odam o'ylashi kerak, men bu erla ishlay olamanmi yoki yo'q. Men o'z vaqtida sharoiti juda qiyin Afg'onistonda ham ishlaganman, chempion bo'lganman va terma jamoa rulida ham o'tirganman. Tojikistonda futbolga bo'lgan sharoitlar juda zo'r, deya olmayman. Lekin hozirgi rahbariyat bu yo'lda juda katta ishlarni amalga oshirmoqda. Hammaning futbolga bo'lgan o'z qarashi mavjud. Meniki boshqacha, rahbariyat o'z qo'zi bilan ko'radi. Men kelishimdan oldin futbolga bo'lgan qarashlarimni aytdim, zamonaviy yo'l bilan keyingi bosqichga o'tish kerakligini tushuntirdim. Ular fikrlarimni inobatga olishmoqda. Menga ishonch bildirishmoqda. SHu boisdan ham kelishib ketish qiyin kechmadi. Ayni paytda Tojikistonda futbolga bo'lgan etibor va qarash yaxshi tarafga o'zgarmoqda. Bu esa ishni engillashtiradi. 

- Demak siz nafaqat terma jamoa rulida, balki butun mamlakat futbolini malum bir tizimga tushib olishida ham asosiy rolni bajaruvchiga aylangansiz, to'g'rimi?

- Albatta. Garchi rahbariyat juda katta lavozimlarda ishlashsa ham, ularning bosh murabbiy, yani men bilan bo'ladigan muloqoti, muomula va munosabati juda samimiy. Futbolga mehr bilan qarashadi. So'zimni, fikrlarimni inobatga olishadi. SHu boisdan ham men bu erda chin yurakdan ishlayapman. Ularning menga bo'lgan munosabati esa juda yoqimli. Bizni bu erda nafaqat ish bog'lab turadi, balki odamgarchilik ham yuqori darajada. Ularning ishonchi meni yanada kattaroq kuch bilan ishlashga undamoqda. Masalan men o'yin kuni kiyinish xonasiga begonalar kirmasligini so'rab iltimos qilganman. Ular esa buni to'g'ri tushunishgan. Meni odatim shunday. Kiyinish xonasiga begonalar kirishini yoqtirmayman. Kecha ham g'alabadan keyin futbolchilar kiyinish xonasiga bizga taaluqli rahbardan boshqa hech kim kirgani yo'q. Qolgan rahbariyat bilan esa bugun kechroq uchrashuv belgilangan. Bilasizmi, tartib doim ustuvor. Yutgan paytingiz hamma xursand. Lekin biz bundan hech qachon havolanib ketmasdan, pastda yurishimiz kerak. Qachonki tartib o'rnatilsa va barcha o'z ishini qilsa, o'shanda natija bo'ladi. SHunda yutuqlar bir marta emas, balki doimiyga aylanadi. Tartib va intizom esa avvalo mendan boshlanadi.

- Murabbiy sifatida sizning oldingizga aynan nima vazifa qo'yilgan?

- Mazkur saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o'tish vazifasi belgilangan. Birinchimi yoki ikkinchimi farqi yo'q, muhimi keyingi bosqich masalasini hal etish kerak. SHunda nafaqat Jahon chempionati saralash bosqichi davom ettiriladi, balki Osiyo Kubogi yo'llanmasi ham avtomatik ravishda qo'lga kiritiladi. Guruh oson emas. Yaponiya, Qirg'iziston, Mo'g'iliston va Myanma osonlikcha taslim bo'ladigan raqiblar emas. Lekin biz kurashamiz. Osiyo Kubogida qatnashmoqchimizmi, unda mazkur guruhdagi o'yinlarda g'alaba qozonib, bunga loyiqligimizni isbotlash zarur bo'ladi. Terma jamoa masuliyati yuqori. Butun mamlakat siznig o'yiningiz va ishtirokingizga qaraydi.



- SHartnoma muddati qancha?

- SHu yil oxiriga qadar shartnoma imzolangan. Qayta ko'rib chiqish ko'zda tutilgan.

- Murabbiyni bog'lab turuvchi va ishonch bu uning shartnomasi. SHartnoma esa juda qisqa tuzilgan. Saralash bosqichi endi boshlandi va o'rtaga kelib shartnoma muddati tugarkan. Bu sizga aniq reja bo'yicha kelajakni o'ylab xotirjam ishlashingiz uchun to'sqinlik qilmaydimi?

- Dastlab o'zim 1 yillik shartnoma imzolashni maqul ko'rgandim. SHartnomani uzaytirish muammo emas. Hammasi ishimga bog'liq. Bu borada muammo yo'q.

- Tojikiston futbol federaciyasi tashkiliy ishlar masalasida qay darajada ishlamoqda. Moliyaviy imkoniyatlar qanday? Uchishlar, safarlar va yig'inlar tashkil etishda muammolar yo'qmi?

- Muammolar bor, yo'q emas. Lekin buni to'g'rilashga harakat kuchli. O'zaro hamjihat maslahat qilib, har bir ishga puxta yondoshishga intilinmoqda. Bu borada ham tashkilot o'smoqda. Rahbariyat ham kelib, nima kamchilik yoki muammolar bor deb so'rab ketadi. Mayda detallar, kichik muammolar bo'ladi. Avval ham bo'lgan. Lekin hozir etibor va muammolar ruy bermasligi uchun harakat kuchli. Farqi shunda. 

- O'yindan keyingi matbuot anjumani bir jurnalist sizni ko'p yillardan buyon kuzatilmagan anshlagni qaytarganiz va bu borada rekord o'rnatilganini takidladi. Keyin to'la stadionda Yaponiyani yuta olamizmi, degan qiziq savolni berdi. To'g'ri, anshlag bilan Yaponiyani cho'chitish qiyin. Mahorat va tajriba borasida ham raqibning darajasi malum. Mazkur savoldan keyin Yaponiyani ham mag'lub eta olamizmi, degan savol sizni qanchalik qiynadi? Rostan ham, buni uddalash mumkin degan o'y paydo bo'lmadimi?

- Futbolda hamma narsa ruy berishi mumkin. Masalan Qirg'iziston bilan uchrashuvdan oldin har xil fikrlar yangragandi. Futbol bu avvalo o'yin. Yaponiya futboli bilan juda yaxshi tanishman. O'yindan oldin yutqazish yo'q. Men Yaponiya bilan qanday futbol o'ynashni juda yaxshi bilaman. Har bir o'yin men uchun imtihon. Murabbiylar o'rtasida ham o'zaro raqobat mavjud. Men bu o'yinda hamkasbimni yuta olamanmi yoki yo'q, degan savolni beramiz. Harakat bor va bo'ladi. Men shuni ayta olamanki, taktika borasida men Yaponiyaga yutqazmayman. Bunga ishonchim komil. Kimni qaerda qo'yish, qanday taktika tanlash va hokazo. Ko'p narsa kuchimizga bog'liq bo'ladi. Ko'p narsa mendan talab qilinadi. Bor tajriba va bilimimni ishga solishga harakat qilaman. Hayajonni kerak paytda bosib olish ham muhim. Bilasiz, kechagi o'yin payti men ko'p ham o'rnimdan turmadim. Faqat to'xtalishlar payti ularni chaqirib olib, kerakli ko'rsatmalarni berdim. Yaponiya bilan esa ko'proq o'rnimdan turishga to'g'ri keladi.

- Hozirgi holatdan kelib chiqsak, Yaponiyaga qarshi bahs faoliyatingizdagi eng muhim to'qnashuvga aylanadimi?

- Ha. Hozirgi holatdan kelib chiqadigan bo'lsak, bu fikrga qo'shilaman. Ammo bunga qadar men Xitoy bilan Marchelo Lippi jamoasiga qarshi o'ynadim. Lippi futbolda murabbiylar orasidagi katta "kit"lardan biri sanaladi. Xitoy biz bilan o'ynaganida, darvozamizga 6-7ta gol urishni o'ylab, mashg'ulot o'tamoqchi bo'lgandi. Uchrashuvdan keyin esa Lippi menga bravissimo, tasanno dedi. Menga bularga futbol o'ynashni qanday o'rgatding, dedi. Lippi Tojikiston paslar orqali futbol o'ynashini kutmaganini takidladi. Men esa unga javoban hazillashib qayta o'ynasak yutishimizni aytdim. Kulishib oldik. Lippidek mutaxassisning bahosi men uchun qadrli bo'ldi.

- Ko'p murabbiylarga beradigan savolim: Menimcha, murabbiy ikki xilga bo'linadi. Yani, falsafasidan kelib chiqib futbolchi tanlab, o'zining uslubiga moslab o'ynatadigan mutaxassis yoki mavjud futbolchilarning imkoniyatini kelib chiqib, shunga monand uslubni joriy qiladigan murabbiy. Bilaman, sizning aniq bir uslubingiz bor va shundan foydalanasiz. Lekin kerak paytda taktik rang-barang, yani qo'l ostingizdagi futbolchilarning imkoniyatidan kelib chiqib ham o'ynashni uddalay olasizmi?

- Yaxshi savol. Ikkalasi ham malum aslida. Yoshligimda meni ham shu savol qiynardi. Marhum Oleg Petrovich Bugaev degan juda kuchli murabbiy bo'lgan. U kishi aytganki, meni yillar mobaynida ishlab to'plagan tajribamdan kelib chiqib tantagan mashg'ulotlarim o'z natijasini bergan. Men o'z yo'nalishim va uslubimdan qaytmayman, degan. Lekin futbolchi sifatida menga u kishining mashg'ulotlari, o'yinlari zerikarli tuyulardi. Balki foydasi bo'lgandir, lekin zerikkanman. Men ikki jihatni ham maqul ko'raman. Ko'proq esa futbolchilarning holati va imkoniyatidan kelib chiqib taktika tanlashni yoqtiraman. Murabbiy doim rang-barang va vaziyatdan kelib chiqib taktikani o'zgartira oladigan bo'lishi kerak. Ayrim holatlar bo'ladi, murabbiyning o'z uslubi va yo'nalishi bor. Lekin futbolchilar uning taktikasiga mos kelmaydi. SHunda ulardan buni talab qilsangiz-u, lekin ular buni amalga oshira olmasa yomon. Unda ishning dabdalasi chiqadi. Yaxshisi futbolchilarning kuchi va imkoniyatidan kelib chiqib ish tutgan maqul. Murabbiy esa bir xil qolipda bo'lmasa, unda har qanday joyda natijaga erishishi mumkin.



O'zbekiston terma jamoasi hamda Kuper haqida

"Tug'ilib o'sgan joyim O'zbekiston. SHu boisdan ham o'zbek futboliga hech qachon befarq bo'lolmayman. Juda ko'plab odamlar bilan o'zbek futboli haqida suhbat quramiz, men bilan savol-javob qilishadi. Yashirmayman, kecha juda ko'plab qo'ng'iroqlar nafaqat tabrik, balki sensacion mag'lubiyat haqidagi savollar bilan murojaat qilishdi. Fikrimni so'rashdi. Kecha yutdik, kayfiyat zo'r. O'yin o'zbekistonlik bo'lganim uchun terma jamoamiz natijasini menga aytishdi. Dastavval ishonmadim, hazillashyapti deb o'yladim. Bu gapga etibor ham bermadim. Keyin yana O'zbekiston yutqazdi, deyishdi. Bo'lishi mumkin emas deb yubordim. Bilasizmi, yutqazganimizni bilgach g'alabadan keyingi zo'r kayfiyat buzildi. 

Men O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqishini juda xohlardim. CHunki xalq buni juda uzoq kutib qoldi. Hamma narsa tayyor. Faqat o'sha mundialga chiqish, yani bir qadam qo'yish qoldi. 

Dubayda yashaydigan bir do'stim bor. Kecha o'sha Moskvadan qo'g'g'iroq qildi va meni 1,5 soat vaqtimni oldi. Yig'layapti. Men uni tinchlantirib, hali hammasi yaxshi bo'lishini aytishga urindim. To'g'risi, o'yinni ko'rmadim. Nima uchun bunday bo'lganini bilmayman. Qirg'iziston oxirgi o'yinni Falastin bilan 2:2 hisobida durang o'ynagandi. Men kechagi raqibni o'rganish, ularni o'yinini tahlil qilish jarayonida Falastinga ham ko'zim tushgandi. Murabbiyini ham yaxshi bilaman. Ochig'i, men O'zbekiston bu jamoaga qanday qilib yutqazganiga hayron qoldim. Umuman tushunmayapman.

Albatta yaxshi niyatlar bilan kelgusida hammasi yaxshi bo'lishini istayman. Mundialga chiqish kerak! Kecha Falastinga qanday yutqazib qo'yishganini hech tushunmayapman. Ayniqsa tarkib super. Muhitniku gapirmang, terma jamoani qay tariqa kuzatib qo'yishganini ko'rdim. Dahshat. Super! Futbolchilar buni his qiladi. Ikkita to'p farqi bilan qanday qilib yutqazdik? Hayronman. CHetlatish bo'lganmi yoki? Alamli. Yo'qotilgan 3 ochko hali kerak bo'ladi. To'plar nisbati ham zarur. Ustiga-ustak guruhdan barcha 2-o'rin egalari chiqmaydi. Har bir ochko va to'plar nisbati uchun gollar muhim ahamiyatga ega. Qadri baland. O'ylaymanki, hali nasib bo'lsa terma jamoamiz bu guruhdan chiqadi. 

Ektor Kuper terma jamoada nimanidir o'zgartira oldimi? Men Kuperning dastlabki yig'inlaridagi ikkita mashg'ulotini kuzatganman. Tajribali mutaxassis sifatida bilamiz. SHu boisdan ham qiziqib borgandim. Mashg'ulot jarayoni yaxshi, menga yoqdi. Tartib va intizom bor. Mashg'ulot boshlanmoqda, hamma o'z ishi bilan band. Mashg'ulot tugadi va barcha o'z ishini qilmoqda. Bu yaxshi. Futbolchilar bilan ham gaplashaman, tartib va intizom borligi haqiqat. Lekin... Bilmadim, o'yin baribir qovushmayapti. Demak murabbiy istayotgan o'yin yoki uning uslubi bizning futbolga to'g'ri kelmayaptimi, deyman. 

CHunki o'zbek futbolchilari tez harakat qilishni, nostandart o'ynashni, hujumda erkinroq o'ynashni xush ko'rishadi va buni yaxshiroq uddalashadi. Uzun paslar orqali o'ynash bizning futbolchilarga yoqmaydi. Ularni qandaydir ramkaga tushirib qo'yib futbol o'ynatish kerak emas. Balki shu jihat ularga o'z o'yinini ko'rsatishga to'sqinlik qilayotgan bo'lishi mumkin. Ko'proq erkinlik va hujumda ijodkorlik zarur. O'yinimizda mazkur jihatlar borasida uzilishlar mavjud, menimcha. Bu sezilib qolmoqda".


- Murabbiy sifatida turli jamoalarda ishlagansiz. Aytingchi, qaysi jamoadagi ishingiz sizga kelgusida as qotgan va katta dars bo'lgan?

- Har bir jamoadagi ishim o'ziga xos maktab vazifasini bajargan. Qisqa qilib eslayman. Buxoroda 8 yil ishladim. Barchasini boshidan boshlab, maydongacha o'zim tepasida turardim. Ko'plab futbolchilar etishib chiqdi. Buxoroda o'zgacha zavq va mehr bilan ishladim. O'z uyim, o'z shahrim. Maroq oldim ishimdan. Keyinchalik qisqa muddat "SHo'rtan" va "Nasaf"da faoliyat ko'rsatdim. Ikkinchi marotaba "Nasaf"ga qaytganimda ushbu klubda menejer lavozimida ham ishladim. Eng katta darsni aynan "Nasaf"dagi ishimdan olganman. Men "Nasaf"da ko'p narsalarni o'rgandim ham. Ishonasizmi, "Nasaf"da ishlaganimda har kuni kechasi uyimga, yani Buxoroga borib kelardim. Har kuni. Rahmatli Nuriddin Zayniev menga Qarshidan uy qurib beraman, hech qaerga ketmasdan shu erda ishlaysan deyardila. O'shanda meni qo'llab-quvvatlardila. Lekin "Nasaf"dagi ishim bir tekisda ketmadi. Nimadir etishmadi. Rahbar sifatida "Nasaf"ni boshqarish oson bo'lmagan o'shanda. CHunki juda katta klub, qo'l ostingizda 700dan ortiq xodim ishlagan. Byudjet ham juda katta edi. Juda katta mablag'.

Esingizdami, stadionda qurilish ishlari ketayotgandi va unda har bir ishdagi o'ziga yarasha "teshik"lar bor edi. Men esa o'shani yopdim. Bu bilan esa o'zimga dushman orttirdim. Lekin afsuslanmayman, chunki o'zimning ishimni qilgandim. Hozirga qadar o'sha paytdagi rahbar bilan ko'rishib turaman. Bazilari yanada katta lavozimga o'tishgan. Tepadagi rahbariyat doim menga ishongan va meni ishimni biladi. Lekin 2-3 nafar odamga men yoqmaganman. Pul yuvishdagi teshiklarni yopganim bazilarga yoqmagan. Men esa rahbar sifatida pulni havoga uchirishga yo'l qo'ymaganman. Natijada bu meni "Nasaf"dagi faoliyatimga tasir qildi. Menejerlikdan murabbiylikka o'tganimda esa menga nisbatan oppoziciya boshlandi.

"SHo'rtan"da esa juda og'ir muhitda ishladim. Ikrom Norchaev rahbar edi. Ikrom Norchaev futbolni umuman tushunmaydi. Dahshat! Bunday desam, unday derdi, unday desam, bunday derdi. Ertalab turaman, men murabbiyman va o'zimning dasturim bo'yicha bugun mashg'ulot o'tishim kerak. Ikrom Norchaev kelardi va bugun nazorat o'yini o'tkazamiz, gaplashib qo'ydim derdi. Men esa bugun mashg'ulotimiz belgilangan desam ham yo'q deb turib olardi. Mayli deb, mashg'ulot dasturiga o'zgartirish kiritib, jamoani o'yinga tayyorlab tursam, o'yinga yaqin kelib, uchrashuv bekor bo'lganini va mashg'ulot o'tishim mumkinligini aytardi. SHunday muhitda ishladim, chidadim. "SHo'rtan"da umuman futbol muhiti bo'lmagan. Andijonda esa oson bo'lmagan sharoitda ishladim. Murabbiy bo'lib maydonga o'zim qarardim, to'g'rilab chiqardim. Xashar tashkillashtirardim. Hech kim qimirlamasdi. Lekin o'sha erdagi faoliyatim orqali ham do'stlarim bor. Faqat 1-2 nafar shunaqa inson yoki rahbarlar duch kelgan. Bu esa menga juda katta maktab bo'lgan. Meni shunday odatim bor, har bir ishimni daftarchaga yozib qo'yaman. Tahlil qilaman. Ishim menga buni o'rgatgan. Futbol orqali ko'plab yaxshi odamlarni ko'rdim, tanishdim. Futbolda aniq yozilgan reglament bor. Masalan to'p chiziqni tark etsa, aut. To'p darvoza chizig'idan o'tsa, demak gol. Ishda ham yangi amerika ochishning hojati yo'q. Belgilangan yo'ldan to'ri yurish kerak xolos. Men qaerga borsam o'z ishimni qilaman. Agarda kimdir meni oldimda boshqa yo'ldan yurmoqchi bo'lsa, unda yo'llarimiz kesishmaydi. Men hech kimning yo'lini to'smayman va o'zimning tanlagan yo'limdan yuraman.



- Matbuotga nisbatan munosabatingiz qanday? Kuzatib borasizmi?

- Munosabatim yaxshi. Lekin doim ham faol foydalanaman deya olmayman. Yashirmayman, o'zbek futbolidan xabardor bo'lish uchun doimo sizlarning saytingizni (championat.asia) o'qib boraman. O'zbek futbolini keng qamrovda yoritadigan sayt. Tojikistonda esa matbuot kotibimiz telegram kanali orqali futbolni faol yoritadi. Lekin men malumotlarni filtrlab o'qiyman. Yani, lentada chiqadigan barcha xabarlarni emas, o'zim uchun kerakli va qiziq materiallarni mutolaa qilaman. 

- O'zbekiston va Tojikiston futbolidagi eng asosiy farqlarni sanab bera olasizmi?

- Taqqoslaydigan bo'lsak, infratuzilma bo'yicha o'zbek futboli ustun. Masalan o'zbek klublarida qarorgoh, yotoqxona yoki stadionlar mavjud. Bu erda esa hali u darajaga etgani yo'q. Lekin biz aytyapmiz va harakat boshlangan. Stadionlar kam, maydonlar ham ko'proq suniy. Tabiiy maydonlarni ko'paytirish kerak. Jamoalar sonini oshirish kerak, raqobat vujudga kelishi uchun. Tojikistonda ham futbolni yaxshi ko'rishadi. Buni kechagi o'ying misolida ham ko'rish mumkin. Bu jihatlarda iqtisodiyotni ham o'rni katta. O'zbekistondagi har bir viloyatda zavod yoki korxonalar bor. Bu erda esa yo'q. Tojikistonda homiylik nisbatan oshgan. Ularning homiyligi hisi sezilib turibdi. 

- Murabbiy sifatida qanday orzuingiz bor?

- To'g'risi, hozir bor etiborni Tojikiston terma jamoasiga qaratganman. Maqsad va orzu esa keyingi bosqichga chiqish. Ishonchni oqlash kerak. Hozirgi paytda bir kishi boshqa birovga ishonsa ham katta ahamiyatga ega. Nega? CHunki zamon shundayki, hozirgi paytda aka-ukaga, opa-singilga ishonmayapti. Bular esa menga ishonib terma jamoani berdi. Men ularning ishonchini oqlashim kerak. Hozir ham men juda baxtliman. Menga ishonishmoqda va odamlar orasida ishlashning o'zi bir baxt. Kimgadir kerakli bo'layotganimning o'ziyoq katta narsa. Futbol bo'yicha o'z maslahatlarim bilan Tojikistonga foydam tegayotgani ham kishini xursand qiladi. 

- Suhbat uchun tashakkur. Agarda so'nggi so'z o'rnida muxlislarga aytadigan gapingiz bo'lsa, unda marhamat...

- Men o'qituvchilar oilasida tug'ilganman. Akam quruvchi, qolgan hamma o'qituvchi. Onam bizni odamlar orasida oqibatli bo'lishga o'rgatgan. Vaqt g'animat. Kimdir nimadir deyishdan oldin o'ylashi, kimgadir baho berishdan avval o'sha ish unga tegishlimi yoki yo'qligini anglashi kerak. Pul, uy-joy barchasi o'tkinchi. Bir-birimizni qadrimizga etishni o'rganishimiz kerak. Barchamizning boradigan manzilimiz bir. Ochig'i, men sizlarning tashrifingizdan juda xursand bo'ldim. Hozir sizlar uyga ketasizlar, men yana o'z ishim bilan mashg'ul bo'laman. Bir-birimizni qadrimizga etishimiz kerak. Barchaga sog'lik, yaxshi kayfiyat tilayman. O'zbekiston gullab yashnayversin. Futbolimiz yuqoriga o'ssin! Jahon chempionatiga chiqishimizni juda istayman. Hamma buni intiqlik bilan kutmoqda. Hozirgi ishlayotgan joyim esa meni ikkinchi uyimga aylangan, desam mubolag'a bo'lmaydi. Men ham Tojikiston terma jamoasi bilan birgalikda muvaffaqiyat qozonishni juda istayman. Barchaga sog'liklik va yaxshi kayfiyat hamroh bo'lsin! O'zbekistonlik muxlislarga esa salom!



SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.

Reyting: +53   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика