So’nggi yangiliklar

17:00ПСЖ Угарте учун 70 млн евро хоҳламоқда  0 16:36Расман: Мората – "Милан" футболчиси!  2 16:20"Бухоро"нинг 3 нафар футболчиси жамоадан кетди  0 15:53Сержи Роберто фаолиятини АПЛда давом эттирмоқчи  1 15:29Нико Уильямс "Барселона"да қанча маош олиши маълум  4 15:03"Челси" Бразилия терма жамоаси хавбекига қизиқмоқда  1 14:39Ўзбекистон олимпия терма жамоасининг Олимпиада учун расмий қайдномаси маълум ёхуд кимлар захирада қолди?  18 14:19"Барселона" собиқ ҳужумчиси "Олимпиакос"га ўтади  1 13:53"Барселона" Ольмони қайтариш учун асосий таркиб футболчиси билан хайрлашишга тайёр  8 13:29"Барселона" иш ҳақи харажатларини сезиларли даражада камайтирди  3 13:01Қозоғистон футбол федерацияси Черчесов олдига қандай вазифа қўйган?  6 12:37"FourFourTwo" Яшинни барча даврларнинг энг яхши дарвозабони деб топди  8 12:10"Ювентус" "Верона" футболчисини трансфер қилди  1 11:46"Металлург" 2 нафар футболчиси билан хайрлашганини эълон қилди  2 11:25Олимпиада олдидан. Элдор Шомуродов билан очиқчасига суҳбат  6

Voha va vodiyning choyxonasini, Toshkentning esa dorixonasini boyitgan dastlabki tur haqida Yangiliklar

Voha va vodiyning choyxonasini, Toshkentning esa dorixonasini boyitgan dastlabki tur haqida

Osiyo CHempionlar ligasining 1-turida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan to'rt jamoa ishtirokida bir-biridan farq qiladigan turlicha o'yinlar guvohiga aylandik.

Kecha va o'tgan kungi o'yinlardan keyin yurtdoshlarimizning ishtiroki hamda guruhdagi vaziyat to'g'risida to'xtalib o'tmoqchiman.

OKMK

To'g'risini aytsam, "Al Ittihod"ga qarshi o'yindan oldin olmaliqliklardan Amerika kashf etishini kutganim yo'q. SHu bois, hakam hushtagi quloqni qiyomatga kelturgunga qadar o'zimni ruhan tayyorlash maqsadida parcha-parcha bo'lib ketishi mumkin bo'lgan buyumlarni oldindan ko'zdan nariroqqa yashirib qo'ydim. Uchrashuvdan keyin esa omon qolgan o'sha buyumlar minnatdorchiligini bildiridi. O'yinga kelsak, vakillarimizning himoyaga qo'ygan "avtobus"i o't olmasdan turib, raqib tomonidan ishdan chiqarildi. Superligada o'zining ham, raqibining ham istagancha gol urishiga sharoit yaratadigan Mirjalol Qosimov shogirdlari uchun yangilik bo'lgan beshta himoyachi bilan o'ynash rejimi ish bermadi hamda tezkor gollar jamoani gangdiratib qo'ydi. "Al Ittihod" futbolchilari esa o'z posbonining qo'lqoplariga tuflashiga hojat qoldirmadi. 

Qosimovning maydonda deyarli uyaltirmaydigan Siyavash Haqnazariyni xalqaro va Superliganing muhim o'yinlarida nega ko'rgazmaga olib qo'yilgan buyum singari zaxiraga olib qo'yishiga tushuna olmayman. Eronlik yarim himoyachi bir taym o'ynaganiga qaramay, pas berish bobida (32 ta) maydonda to'liq harakat qilgan G'iyosov bilan bir xil natija qayd etgan bo'lsa, 72 daqiqa harakat qilgan Mirjamol Qosimovdan ko'proq uzatma amalga oshirgan. Qisqa paslar bobida esa ikkalasidan ham yaxshiroq ko'rsatkich qayd etgan. 

Umuman olganda, OKMK ikki jabhada kaftni peshonaga bosadigan holatga soldi. To'p nazoratini inobatga olmaganda, birinchisi, ikkinchi qavatda Ittihod Airlines'ga boy berildi (havodagi kurashlarda g'alaba qozonish bo'yicha ko'rsatkich % hisobida 69–31). Ikkinchisi o'z jarima maydoni ichida raqib zarba berishi uchun poyandoz to'shadi ("Al Ittihod" OKMK jarima maydonida 12 marta zarba yo'llashning uddasidan chiqqan).

Biroq ikkinchi bo'limda hovurini bosib olgan, boshqacha aytganda, tanaffusda Qosimovda biz bolalikda darsdan qochganimiz uchun maktab direktoridan eshitgan gaplarni quloqlariga quyib olgan "konchilar" nisbatan tartibli himoyalana olishdi. Ehtimol, birinchi turdagi raqibimiz boshqa bo'lganda, olmaliqliklarda moslashish jarayoni ertaroq boshlanardi. 

Nima bo'lgan taqdirda ham, olmaliqliklar guruhdagi eng qiyin hisoblangan raqibga qarshi o'yinni o'tkazib olishdi. Guruhdagi ikkinchi bahsda Iroqning "Eyr Fors" jamoasi Eronning "Sepahon"i bilan jangovar durang (2:2) qayd etdi. Keyingi uchrashuvni iroqliklarga qarshi o'z maydonida o'tkazadigan Qosimov shogirdlarida guruhda 2-o'ringa ko'tarilib olish uchun yaxshi imkoniyat bor.

Saudiyaliklar uchun esa qita turniridan ko'ra qiyinroq bo'lgan mamlakat chempionatida o'zi singari gegemonlar bilan Tom va Jerri multiqahramonlari singari quvlashmoq o'ynash qiziqroq, nazarimda.

"Nasaf"

OKMK bilan bir vaqtda o'z uchrashuvini boshlagan "Nasaf" uchun ilk turda nisbatan engil raqib ro'baro' keldi. SHunga qaramasdan, o'yin kurashlarga boy bo'ldi. Raqib darvozasini ishg'ol qilish borasida kepkasidan shoda-shoda ter oqayotgan Ro'ziqul Berdiev jamoasida mazkur o'yinda ham shunday holat sodir bo'ldi. Ko'pgina vaziyatlarda esa mezbonlar posboni jamoadoshlarini choyxonaga tushiradigan harakatlar amalga oshirdi. Biroq qarshiliklarning yagona nominal hujumichisi o'rniga maydonga tashlangan Zafarmurod Abdirahmatov bellashuv so'ngida o'z so'zini aytib, choyxonani barbod qildi. 

O'yin davomida "Nasaf" g'alabaga loyiq o'yin namoyish etdi va penalti berilmasa ham, haqli ravishda muvaffaqiyatga erishdi.

Yaqinda "Humo qush"ga aylangan "ajdarlar"ning ustunligini Sardor Mamadaliev tomonidan qo'shiqqa solingan raqamlar ham isbot bo'la oladi.

Guruhning narigi qarama-qarshiligida to'rt jamoa ham gol urmaslikka kelishishgan deb o'ylagan Qatarning "Al Sadd" va BAAning "SHarja" jamoalari bir-birini xafa qilmagan holda maydonni tark etishdi. 

Guruh etakchisiga aylangan Qashqadaryo klubi navbatdagi uchrashuvini 2 oktyabr kuni o'z maydonida "Al Sadd"ga qarshi o'tkazadi.

"Navbahor"

O'zbek futbolida muxislar tomonidan eng ko'p yodga olinadigan murabbiy(lardan biri) televizorga termulib, ko'ziga issiq ko'ringan futbolchisini behisob mullajiringlar evaziga olib kelayotgan gigant klubga qarshi munosib tayyorlay oldi. To'g'ri, namanganliklar mazmunli o'yin namoyish etishmagandir, biroq OKMKdan farqli o'laroq, himoyalanish borasida ancha tartibli o'yin namoyish etdi. Qishloqda futbolga oshno ukamning aytishicha, o'tgan kecha ikki narsaning bo'lar-bo'lmasga baqirishi unga uyqu bermagan: biri ashulachi bo'lishni orzu qiladigan molxonadagi sigirimiz bo'lsa, ikkinchisi Neymar bo'lgan. 

Bellashuv avvalida Saudiya jamoasi tomonidan Babayan sartaroshining bundan buyog'iga ishsiz qoldirilishi mumkinligidan cho'chigandim. Biroq namanganliklarning himoya qo'rg'oni garchi oxirgi daqiqalarda diqqatini biroz yo'qotgan bo'lsa-da, o'ziga biriktirilgan vazifani besh bahoga topshirdi. 

Uchrashuv davomida hamyurtlarimiz o'z imkoniyatlaridan maksimal foydalanishga harakat qildi. "Navbahor" bir yarim taym davomida atigi ikki marotaba aniq zarba yo'lladi, ulardan biri klub uchun unutilmas voqeaga aylangan bo'lsa, ikkinchisiga bildirgan reakciyam uchun atrofimdagilar bir necha soniya quloqlariga naushnik taqib turishdi. 

Ko'rsatkichlarga nazar tashlaydigan bo'lsak, himoyada Milovich–Ivanovich tandemini, yarim himoyada esa O'runovning ko'proq ter to'kkani etirof etishimiz mumkin. Biroq kelgusi o'yinlarda ham ushub taktika asosida o'ynash yaramaydi. Unga qadar Babayan to'p nazorati (23%), havodagi kurashda ustunlik (39%), paslar aniqligi (63%) va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish borasida ish olib borishi lozim. 

Guruhning ikkinchi uchrashuvida Hindistonning "Mumbay" klubi Eronning "Nassaji" jamoasiga 0:2 hisobida yutqazdi. 2-turda namanganliklar 3 oktyabr sanasida o'z arenalarida Bollivudning sportcha variantini ko'rish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Katta to'siqdan oshib o'ta olgan "Navbahor"da keyingi bosqich yo'llanmasi uchun yaxshi imkoniyat mavjud.

"Paxtakor"

Superligada quturgan sher qiyofasida gavdalanadigan poytaxtliklar xalqaro maydonda yuvosh mushukchaga aylanishda davom etmoqda. "Paxtakor"dan kechagi bahsda hech bo'lmaganda boshni eggan holda maydonni tark etmaydigan natija kutgandim, biroq Superliga etakchisi raqibiga mehmondo'stlik qilib yubordi. Ehtimol, "Bunyodkor" stadioni ular uchun begonasiragandir.

"Paxtakor"ning mag'lubiyati olamshumul sensaciya emas. Jamoada mavjud nuqsonlarni Superliga klublari aytishga iymanib turganda, bir emas, ikkita Pro liga klubi birin-ketin ularni yuzaga chiqargandi. Xalqaro bahslarda etakchi CHeranning ham boshqalar singari odam ekanligini anglay boshlayapmiz. 

Yuqorida takidlagan sensaciya atamasi esa Turkmanistonda sodir bo'ldi. "Ahal" o'zi uchun qulay bo'lib qolgan suniy maydonda kimsan Saudiya jamoasini mag'lubiyatga uchratdi. SHayx jamoasi esa alamini 2-turda SHackix jamoasidan olishga harakat qiladi.

Dastlabki tur voha va vodiyliklarning choyxonalarini, toshkentliklarning esa dorixonalarini boyitdi. Bizga kim qanday ko'z bilan qaragan taqdirda ham hamda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan klublarimiz qanday natija qayd etishidan qati nazar siz kabi biz ham barcha klubimizni oxirigacha qo'llab-quvvatlashda davom etamiz.

Osiyo CHempionlari ligasi turnir jadvali

Reyting: +18   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика