Kim tezroq: OFK yoki toshbaqa? Olmaliqlik "Viktor Navorski"lar

Narzulla Saydullayev
4 noya 2023
OKMK klubi 6 noyabr kuni Isfaxon shahrida Osiyo chempionlar ligasi 4-turi doirasida "Sepaxon" klubi mehmoni bo'lishi kerak edi.

Bu avgust oyidagi qur'a tashlash marosimidan keyin ma'lum bo'lgandi.

2 noyabr kuni OFK rasmiy saytida 2 oktyabr kuni bo'lib o'tishi kerak bo'lgan "Sepaxon" - "Al Ittihod" uchrashuvida mezbonlarga texnik mag'lubiyat yozilgani va "Sepaxon"ning uy stadioni 3ta o'yinga diskvalifikaciya qilinganini e'lon qildi. Shu bois "Sepaxon" - OKMK uchrashuvi 6 noyabr kuni Isfaxon emas Tehron shahridagi "Ozodi" stadionda o'tishi belgilandi. Eng qizig'i xuddi shu kuni "Ozodi" stadionida "Nassaji" - "Navbahor" uchrashuvi bo'lib o'tishi kerak. OFK vaziyatdan chiqish uchun o'yinlar orasini uzaytirib qo'ydi xolos.

Olmaliqning OKMK klubi avvalgi reja bo'yicha 4 noyabr kuni tongda Toshkentdan Dubayga, u yerdagi aeroportda bir necha soat bo'lib, Dubaydan Isfaxon shahriga uchishi kerak edi. Yani 4 noyabr kuni tunda jamoa Isfaxonda bo'lishi kerak edi. Qaytish esa uchrashuvning ertasiga, yani 7 noyabr kuni tongda Isfaxondan Dubayga, Dubaydan Toshkentga uchib kelishi lozim edi. Shunda klub 7 noyabrdan 8 noyabrga o'tar kechasi Toshkentga yetib kelardi. Keyin Qosimov shogirdlari 12 noyabr kuni Qarshi shahrida OKMK O'zbekiston kubogi final uchrashuvida "Nasaf"ga qarshi maydonga tushishadi.

OFKning o'yinga 4-5 kun oldin e'lon qilgan qaroridan keyin Olmaliq shahri jamoasining rejalari anchayin o'zgarib ketdi.

Avgust oxirida OKMK Isfaxonga borishi ma'lum bo'lgach avvaldan 40 kishilik delegaciya uchun aviachiptalar xarid qilingan. Qo'shimchasiga Isfaxon shahridagi mehmonxonalardan biri band qilingan va hattoki 50 foiz to'lov ham qilingandi. Avgust oyi o'rtasida o'z maydonida "Al Sib" klubini mag'lub etgan OKMK 7 kundan keyin Qatarga borishi kerak edi. O'shanda aviachipta topishda muammoga duch kelgani bois Olmaliq klubi Toshkent-Dubay-Sharja-Doxa yo'nalishida Qatar poytaxtiga yetib borgandi. Bu safar aviachiptalar ancha barvaqt xarid qilingani bejiz emas.

OFKning qarori esa OKMKga ham moliyaviy, ham manaviy zarba bo'ldi. Dubay-Isfaxon va Isfaxon-Dubay aviachiptalari shunchaki kuyib ketdi. Isfaxon shahridagi mehmonxona uchun qilingan 50 foiz to'lov ham kuydi. Dubaydan Tehronga uchish kerak bo'lib qoldi. Qisqa fursatda Dubaydan Tehronga 40ta chipta topish qiyin masala ekanini barcha bilsa kerak. Shu bois OKMK Dubayda qo'shimcha bir kun qoladigan bo'ldi va o'z-o'zidan BAA uchun tranzit viza qildirildi. Viza olganlar biladi, bu oddiy va tez bitadigan ish emas. 40 kishiga ayniqsa. Tasavvur qiling, agar BAA tranzit vizasi olinmaganida jamoa delegaciyasi Dubay aeroportidan tashqariga chiqa olmasdi va 1 yarim sutka aeroportda qolishiga to'g'ri kelardi. "Terminal" filmidagi Viktor Navorski yodingizdami?

Dubaydagi mehmonxona xarajatlari qo'shildi, qo'shimchasiga o'yin bo'ladigan shaharga rejadagidan bir kun keyin, yani bahsdan bir kun oldin yetib boriladigan bo'ldi.

Klub vakillari hali-hamon (4 noyabr kuni) Tehronda aynan qaysi mehmonxonaga borishini bilishmaydi. Dubaydan turib Tehrondagi mehmonxonalar bilan muzokara o'tkazilmoqda.

To'g'ri OKMKning OCHLda guruhdan chiqish imkoniyati juda kamdir, ammo OFK klubni qanday holatga tushirib qo'yganini tasavvur qildingiz deb o'ylaymiz. Yuqorida yozganimizdek klub 12 noyabr kuni O'zbekiston kubogi finalida maydonga tushishi kerak. Ushbu o'yinda g'olib bo'lgan klub keyingi yil OCHLga yo'llanma olishini bilsangiz kerak.

Shunday qilib, OKMK Tehronga 5 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 14:30da yetib boradi. O'yin ertasi kuni mahalliy vaqt bilan 21:30da (Toshkent vaqti 23:00) boshlanadi.

E'tiborlisi "Sepaxon" - "Al Ittihod" uchrashuvi bo'yicha yakuniy qaror 1 noyabr kungi tartib-intizom va etika qo'mitasi yig'ilishida e'lon qilindi. OFK bu qarorni 2 noyabr kuni kechki payt o'z rasmiy saytiga joyladi. Matbuotda bu qaror 3 noyabr kuni tongda paydo bo'la boshladi.

Qizig'i "Sepaxon" - "Al Ittihod" uchrashuvi aslida 2 oktyabr kuni o'tkazilishi kerak edi. OFK tartib-intizom va etika qo'mitasi 13 oktyabr kuni ham yig'ilish o'tkazgan va unda 3 oktyabr kungi OCHL bahslaridagi vaziyatlar bo'yicha ham qaror chiqarilgan. To'g'ri "Sepaxon" - "Al Ittihod" o'rtasidagi muammo ancha jiddiy va chuqur o'rganish talab etilardi, bunga bir oy vaqt ketdi. Taqqoslash uchun, O'zbekiston U-20 terma jamoasi hujumchisi Shahriyor Jabborov 1 noyabr kuni OFK vakillari bilan onlayn tarzda muloqot qildi va futbolchini 4 yilga chetlatish qarori o'sha kunning o'zidayoq qabul qilingani e'tiborga molik. Yani qaysidir o'yinga texnik mag'lubiyat yozish uchun 1 oy kerak ekan, qaysidir futbolchini 4 yilga diskvalifikaciya qilish uchun nechadir soat ham etarli ekan.

Bizning ko'plab futbol muxlislarimiz taxminan shunday:
- Olmaliq "Sepaxon" bilan qachon o'ynarkan?
- 6 noyabr kuni kechasi 11da.
- Sport qo'yarkanmi? "Sepaxon" buyoda 3ta urgandi, o'zidayam shuncha ursa kerega?

O'sha muxlislar 6 noyabr kuni 23:00da TVni yoqadi va "Sepaxon" - OKMK uchrashuvini ko'rishni boshlashadi. Olmaliq shahri jamoasiga qanachlik mashaqqat bilan Isfaxon emas Tehron shahriga yetib borganiyu, mehmonxona muammosi, rejalarning o'zgarib ketgani haqida o'ylamaydi. Shunchaki TV pultini bosadi va futbol tomosha qilishni boshlaydi. O'sha muxlislarning aksariyati OFK nufuzli, tartibli va qatiy tashkilot deb o'ylaydi xolos. Chunki stadion chetidagi bannerlar chiroyli, bir tekis terilgan, o'yindan oldigi matbuot anjumanida murabbiylar stolidagi to'p ham to'g'ri joylashtirilgan.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia