“Vodiy futboli”. Vodiy jamoalari kubok bahslariga tayyorgarlik ko'rmoqda

Tolibjon Qosimov
10 iyun 2015, 15:46
Vodiy futboliga oid xabarlarni berib borishda davom etamiz.
“Andijon”: Mashg'ulotlar “Sog'lom avlod” stadionida olib borilmoqda

Oliy liga 12-turida safarda “So'g'diyona” ustidan qozonilgan g'alaba (2:1) “Andijon” uchun bu mavsumdagi mehmondagi ilk yutuq bo'lgan edi. Shu uchrashuvdan keyin jamoa O'zbekiston kubogi 1/8 final o'yiniga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Ayni paytda mashg'ulotlar “Sog'lom avlod” stadionida olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, “Andijon” O'zbekiston kubogi 1/8 finalidagi ilk uchrashuvni o'z maydonida o'tkazadi, raqib esa Bekobodning “Metallurg” jamoasi.


“Navbahor”: Jamoa poytaxtga yo'l oldi

Namanganliklar rejaga ko'ra bugun potaxtda yig'iladi va navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaydi. Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov MTJda ekanligi bois, mashg'ulotlarni uning yordamchilari Zohid Nurmatov, Mustafo Bayramov va Xislat Chilmatov o'tkazadi. Baxtiyor A'zamovichni ham Toshkentda ekanligini inobatga olib aytadigan bo'lsak, bosh murabbiy jamoasining mashg'ulotlaridan xabardor bo'lib boradi.
Aytgancha, jaroxat sabab safdan chiqqan himoyachi Rahmatullo Berdimurodov ham ushbu Toshkent yig'inida jamoa safiga kelib qo'shilishi kutilmoqda.


“Neftchi”: Jamoaga 11 iyunga qadar dam berilgan

Farg'onaning “Neftchi” jamoasi oliy liga 12-turida “Olmaliq”ni mag'lub etgan edi. Ana shu uchrashuvdan keyin jamoaga 11 iyunga qadar dam berildi. Kichik tanaffusdan so'ng jamoa keyingi bahsga tayyorgarlikni boshlaydi.


“Qo'qon-1912”: “So'g'diyona”ga qarshi bahsga Toshkentda tayyorgarlik olib borilmoqda

Qo'qonliklar kecha Toshkentda yig'ildi va mashg'ulotlarga kirishdi. 12 iyun kuni jamoa Zominda “So'g'diyona”ga qarshi bahs olib boradi. Bo'lajak bahsga poytaxtda hozirlik ko'rilmoqda. Rustam Abdullaev boshqaruvidagi jamoa rejaga ko'ra ertaga Yangierga yo'l oladi.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia