VAR qachon Superligani to'liq qamrab oladi?
01 avg 2021 13:58
Yangiliklar
VAR qachon Superligani to'liq qamrab oladi?
30 iyul kuni O'FA hakamlik-inspektorlik qo'mitasi rahbari Erkin Baxtiyorov saytimizga bergan intervyusida 2-davra o'yinlarida Video Assistant Referee tizimini ko'proq o'yinlarga jalb qilish maqsadida yangi texnikalar olib kelingani haqida gapirgandi. Bu borada kengroq malumot olish uchun Diyor Imomxo'jaev bilan bog'landik. O'zPFL rahbaridan bu tizimning istiqboli, davlat imtihonlarining futbolga tasiri va Pro-liga borasidagi savollarimizga javob oldik.
PFL rejasi
— Yangi texnikalar 13-tur doirasida poytaxtda o'tkazilgan o'yinlarda sinovdan o'tkazildi. Reja shunday: mavsum oxiriga qadar VAR ishlaydigan o'yinlar sonini 1 ta turda 4-5 taga chiqaramiz. 2-davra boshidan shunday bo'ladi.
VAR ishlaydigan o'yinlar ro'yxati qanday shakllantiriladi?
— Bunga qadar markaziy o'yinlarni tanlashga harakat qilinayotgan edi. Endi bu jarayonni qura orqali aniqlash varianti bor. Qura bo'lsa ham, biz faqat yo'nalishni saralab olishimiz mumkin. Bilasiz, vodiy yoki poytaxtda 1 kunga 2 ta o'yin qo'yilmaydi, ketma-ket kunlarda bo'ladi. SHunda 1 ta yo'nalish vodiyga boradigan bo'lsa, 1-kun "Qo'qon-1912", keyingi kun esa "Navbahor" yoki "Andijon" ishtirokidagi o'yinda ishlaydi. 2-yo'nalish zimmasiga "So'g'diyona" va "Nasaf" kirsa, 3-si Toshkentdagi o'yinlarni qamrab oladi.
Muborak va Termizdagi stadionlarda VAR ishlashi uchun sharoit yo'q. Buni kelasi mavsumga to'g'rilasa bo'ladimi?
— Yo'q. Kelasi mavsumdan to'g'rilash uchun Termizga KTS olib kelishgan. Bu televideniega bog'liq holat. Bizda KTSlarning kameralari kam. Misol uchun, eng katta KTSda 8 ta kamera bo'lsa, qolganlari 6 talik, ayrim o'yinlarda 4 ta kamera ham ishlaydi. Termizdagi o'yinni 2 ta kamera orqali olishadi. SHuning uchun ham takroriy lavhalar yo'q. VAR shunday texnologiyaki, uning ichida o'yindan tashqari holatni aniqlaydigan 2 ta kamerasi bo'lishi kerak. Ammo, bizga olib kelinganda kamera qo'shilmagan. SHu tufayli televideniening 2 ta kamerasini VARga olib berishga to'g'ri kelyapti. Bu translyaciya sifatini tushiradi.
Hozir bu borada talab qo'yganmiz. Men shu erda bo'lsam, kelasi mavsumgacha barcha texnikalarni to'ldirishga harakat qilaman.
VAR qachon barcha o'yinlarni qamrab oladi?
— SHunga harakat qilyapmiz. Nasib bo'lsa, 2022 yilgi mavsumning barcha o'yinlarida VAR ishlaydi. SHunda ham Surxondaryo televideniesi talabga javob bersa. CHunki Toshkentdan yo'lga chiqqan KTSning Termizga etib borishi 2 karra xarajatli ish.
Tez orada test imtihonlari boshlanadi. Bu futbolga qanchalik tasir qiladi?
— Allaqachon tasir qilishni boshladi. Men Toshkentda bo'lganim uchun "Paxtakor" va "Bunyodkor"dagi holatni o'zim nazorat qildirdim. SHunaqa qilyapmizki, partalar o'yinga tasir qilmaydigan joylarga qo'yilyapti. Xabaringiz bor, bu yil test imtihonlari kechqurun o'tkaziladi. Biz jamoalar stadionga kirib-chiqishi uchun halaqit qilmasliklarini iltimos qilyapmiz. Lekin, bazi klublar buning ustida ishlamayapti. Bugun Jizzaxdan xabar keldi. Etibor qiling, DTM stadionga kelib xohlagan joyiga o'tirgisi keladi. "So'g'diyona" mutasaddilari bu borada muzokara qilib, partalarni stadion atrofiga joylashtirishi kerak.
Fikrlar