Ulug'bek Mirzaev: "Andijon" futbolchilari "Metallurg" bilan uchrashuvda ham o'zlarining eng yaxshi sifatlarini namoyish qilishadi degan umiddaman"
26 sen 2023 13:52
Yangiliklar
Ulug'bek Mirzaev: "Andijon" futbolchilari "Metallurg" bilan uchrashuvda ham o'zlarining eng yaxshi sifatlarini namoyish qilishadi degan umiddaman"
Hamma ushbu g'alabani o'zgacha tarifladi va "burgutlar"ga yuqori baho berilmoqda. Lekin oldinda yana muhim bellashuvlar turibdi.
"Andijon" klubi bosh direktori Ulug'bek Mirzaev bu boradagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- "Andijon"ning "Navbahor"ga qarshi bahsdagi o'ta muhim g'alabasi bilan tabriklaymiz. Ortda qolgan o'yin bo'yicha sizda qanday taassurotlar bor?
- "Navbahor" jamoasiga qarshi o'yin bu o'z nomi bilan "Vodiy derbisi" edi. Biz bu o'yinni uzoq kutdik va uzoq tayyorgarlik ko'rdik. Xudoga shukr, uchrashuvda muxlislarimizni xursand qila oldik. Bir necha kun oldin Osiyoning eng kuchli klublaridan biri "Al Hilol" bilan Osiyo CHempionlar Ligasida o'ynab qaytgan "Navbahor"ni mag'lubiyatga uchrata olganimiz, o'ylaymanki, mamlakatimizda katta natija sifatida qabul qilindi. "Andijon" jamoasi bu yil haqiqatan o'ziga xos mukammal jamoa sifatida shakllanganligini ko'rsatdi. Biroq bizga etibor bergan bo'lsanglar, yani turnir jadvaliga qarasanglar, himoya va darvozabon tomonidan nisbatan ko'nglimiz to'q. Superligada 14 ta jamoa orasida bizdan kam gol o'tkazgan faqat uchta jamoa bor. Bular – "Neftchi", "Nasaf" va "Navbahor" jamoalari hisoblanadi. Biroq turnir jadvaliga qarasangiz, bizdan kam gol urgan klublar ham atigi to'rtta. Yani "Qizilqum", "Buxoro", "Turon" va "Olimpik". Gol urish borasida ko'nglimiz butkul to'lmayapti. Sermahsullik rejamizdagidan ko'ra biroz kamlik qilyapti.
- Rubin Xebay 10 ta gol bilan to'purarlar orasida borayotganiga qaramay, shunday fikr bildiryapsizmi?
- To'g'ri, biz selekciya jarayonida yaqqol oldingi chiziqda o'ynaydigan futbolchi bo'yicha adashmadik. Rubin Xebay 10 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi. Albatta, bu natijalari bilan u jamoamizga katta hissa qo'shyapti. Lekin ko'proq nimani nazarda tutyapman? Bizda aytaylik, yaqqol to'purar bo'lib turgan hujumchiga aynan gol urish yo'nalishida yordam berayotgan hujumkor yarim himoyachilarimiz yanada boshqacha hajmda to'p tepishlarini istayapmiz. Raqib jarima maydonida qanotlardan tezkor tarzda yorib kirib, vaziyatni o'zi yakunlaydigan yoki golli uzatmani amalga oshiradigan o'yinchilar kelasi mavsumda biz uchun muhim. Xebaydan keyingi bizning to'purarimiz Ilhom Alijonov, unda 3 ta gol bor. Undan keyin Armin Boshnyak va Suhrob Berdiev bo'lib, ularning hisobida ham 2 tadan goli bor. Xebay bilan keyingi to'purarlarimiz orasidagi tafovut 7 tani tashkil qilyapti. Istardikki, tarkibimizda 5-6 ta gol ura oladigan yarim himoyachilar ham bo'lsa. SHunda ochkolarimiz ham yanada ko'proq bo'lardi. Masalan, OKMK bilan safardagi o'yinimizni olaylik. 1:0 hisobida g'alaba qozonayotganimizda Nodari Kavtaradze yakkama-yakka holatda qoldi, ammo o'sha vaziyatdan foydalana olmadi. Balki gol urganida biz uch ochkoni qo'lga kiritgan bo'lishimiz mumkin edi. Mana shunday paytda ochkolarimiz yanada yuqoriga ko'tarilishimiz uchun etishmay qolyapti. Alijonov chap qanot himoyachisi, Boshnyak esa safimizga ikkinchi davrada qo'shildi. Ikkinchi davrada aynan shunaqa yarim himoyachini Armin Boshnyak misolida topdik. U mavsum oxirigacha yana 3-4 ta gol uradigan bo'lsa, bizga etishmayotgan masalani qisman bo'lsa-da, yopgan bo'lamiz. Aytaylik, "Qizilqum"dagi Islom Kenjaboev yoki OKMKdagi Xurshid G'iyosov kabilar har yili 8-9 ta gol uradilar. Yana bir qator golli uzatmalar beradi. To'g'ri, G'iyosov bir qancha to'plarini penaltilardan ham kiritishini bilamiz. Biroq u baribir o'yindan ham etarlicha gol ura oladi. 2019 yili 23 yoshida "Bunyodkor"da chempionatda 12 ta gol urganini ham eslaymiz. SHu bois, uni ko'proq gol urib turadigan yarim himoyachilar qatorida tilga olayotganim bejiz emas. Kenjaboev bu yil hozircha 5 ta gol urdi. Bizga shunday futbolchilar etishmayapti. Masalan, "Bunyodkor"da o'ynagan Umarali Rahmonaliev yoki "Paxtakor"da to'p tepgan Abbos Fayzullaev yarim himoyachi bo'lishiga qaramasdan, 5-6 tadan gol urishardi. Albatta, golli uzatmalarni ham doimiy tarzda amalga oshirishardi. SHunday 2-3 ta yarim himoyachi bilan tarkibimizni boyitib olsak, o'ylaymanki, hozirgi natijalarimiz yanada zo'r bo'ladi.
Masalan, ayni paytda 28 ochkoimiz bo'lsa, bunday yarim himoyachilar bilan ochkolarimiz soni ayni paytda sovrinli o'rinlar uchun kurashayotgan klublarniki kabi kamida 33-34 ochko bo'lishi mumkin edi. Buni tahlillar ko'rsatib turibdi. Keyingi yili gol urish qobiliyatiga ega yarim himoyachilar bilan safimizni yanada boyita olsak, “Andijon” sovrinli o'rinlar uchun kurashishini, bu yilgi natijalarimiz muxlis va mutaxassislarga ham ko'rsatib turibdi. Bu hech qanday oshirilib gapirilayotgan gaplar emas. Biz etishmayotgan jihatni kuchaytirish bo'yicha ishlayapmiz. Bir nechta futbolchilar bilan muzokaralarni boshlab yuborganmiz. Lekin hozircha ularning nomlarini oshkor qilish istagida emasmiz. Yuqoridagi kamchiligimizni bartaraf qilsak, keyingi yili muxlislarimiz "Andijon"dan bundan-da yuqori natijalarni kutsa bo'ladi.
- Jamoani oldinda "Metallurg"ga qarshi bellashuv kutmoqda. Bo'lajak o'yin ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayting-chi, bo'lg'usi o'yinga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilyapti?
- "Metallurg" bilan uchrashuvga tayyorgarlik doimgidek reja asosida olib borilyapti. Xabaringiz bor, "Metallurg"ning uy stadioni maydoni tamirlanishi munosabati bilan mavsumning qolgan qismida raqiblarini Olmaliqdagi stadionda qabul qiladi. Bu yil "Metallurg" birinchi marta raqibini Olmaliqda qabul qiladi. "Navbahor" bilan uchrashuvdan keyin jamoamiz baland ritmga tushib olgan. SHuni ushlab qolish uchun jiddiy tayyorgarlik ko'rilyapti. 25 sentyabr kuni jamoamiz Olmaliqqa etib borgan. Futbolchilarimiz bu uchrashuvda ham o'zlarining eng yaxshi sifatlarini va o'yinlarini namoyish qilishadi degan umiddaman.
Fikrlar