So’nggi yangiliklar

12:05Неймар ижтимоий тармоқларда Мбаппени ҳақорат қилди  4 11:43Ўзбекистон футзал терма жамоасининг Ироққа қарши учрашувини баҳрайнлик рефери бошқаради  2 11:22"Пахтакор-79" ПФЛ талабини бажармагани учун Биринчи лигадан четлаштирилиши мумкин  0 10:47Шерзод Эсанов: «Биз Андижон халқи ва »Андижон« мухлислари учун бор кучимизни майдонда берамиз»  7 10:20«Манчестер Сити»нинг ёзги асосий трансфер мақсади маълум  10 09:52Англия клублари 9 йил аввалги нохуш натижани такрорлашди  6 09:26Иброҳимҳалил Йўлдошев: «Осиё кубогига келишим жуда қийин бўлди»  4 09:01Клопп жамоасини Европа лигасидан чиқиб кетгани ҳақида фикр билдирди  3 08:36Ўзбекистон кубоги. Бугун 2-турга старт берилади  0 08:10Футзал. Бугун терма жамоамиз 2-турда майдонга тушади  0 07:47«Байер» навбатдаги рекордни ўрнатди   6 07:05U-23 Осиё кубоги. Иордания - Қатар 1:2   0 07:00U-23 Осиё кубоги. Индонезия - Австралия 1:0   0 06:55Европа лигаси. "Марсель" - "Бенфика" 1:0 (Пенальтилар 4:2)   0 06:50Европа лигаси. "Рома" - "Милан" 2:1   0

U-23 Osiyo chempionati. Finalga chiqamizmi? Yangiliklar

U-23 Osiyo chempionati. Finalga chiqamizmi?

Xitoyda bo'lib o'tayotgan U-23 Osiyo chempionati o'zining qizg'in pallasiga kirdi.

Bugun bo'lib o'tadigan yarim finalning ikkita o'yinidan so'ng finalga yo'l olgan baxtli ikkita jamoa nomini bilib olamiz. Quvonarlisi shundaki, mana shu baxtli jamoadan biri O'zbekiston U-23 terma jamoasi bo'lishi mumkin. Buning uchun bugun Janubiy Koreyani mag'lub etishimizga to'g'ri keladi. Eslatib o'tamiz, o'yin bizning vaqt bilan 16:30da boshlanadi.

Omadsiz start, lekin ishonchli ishtirok

Musobaqada hozircha to'rtta o'yin o'tkazdik: uchta g'alaba va bir mag'lubiyat. Birinchi o'yindagi mag'lubiyatdan so'ng bosh murabbiy Ravshan Haydarovni ham, futbolchilarni ham tanqid qilganlar ko'p bo'ldi. Zero bunga asos bor edi. Gap mag'lubiyatda emas. Qatar bilan kechgan bahsda o'yinimiz umuman qovushmadi. Butun 90 daqiqa davomida raqib darvozasi tomon atigi bir marta aniq zarba yo'llaganimiz odamlarni xunob qildi.

Lekin keyinroq bildikki, Qatar guruhimizdagi eng kuchli jamoa ekan. Ikkinchi kuchli jamoa kim ekani biz bilan Xitoy o'rtasida aniqlanishi lozim edi, xayriyat aynan shu o'yindagi g'alaba futbolchilarimizning o'ziga bo'lgan ishonchini qaytardi. CHunki yana yutqazsak, musobaqa bilan xayrlashishimiz turgan gap edi. Albatta, Xitoyga qarshi zo'r o'ynadik deya olmaymiz, raqib ham tengma-teng kurashdi, faqat gol urish bizga nasib qilgani omad kelganidan darak berdi.

Xitoy esa to'p kirita olmadi, natijada biz 1:0 hisobida zafar quchdik. Oxirgi tur oldidan guruh jadvalida g'alati vaziyat yuzaga keldi: Qatarda 6 ochko, O'zbekiston va Xitoyda 3 ochkodan. Agar Xitoy Qatarni yutib qo'yganida masala to'plar nisbatiga qolardi va yana matematik hisob-kitob boshlanardi. Lekin Qatar 0:1 hisobida yutqazayotib, keyinchalik vaziyatni o'nglay oldi: ular 2:1 hisobida zafar quchishdi. Biz esa so'nggi turda Ummonni mag'lub etib, chorak finalga yo'l oldik.

Yaponiyaning mag'lub etilishi

CHorak final bizni oddiy bo'lmagan jamoaga qarshi qilib qo'ydi: Yaponiya. Garchi musobaqa nomi U-23 Osiyo chempionati bo'lsa-da, Yaponiyaning turnirga U-21 futbolchilari bilan kelgani malum edi. Bu haqda turnirdan oldin Yaponiya termasi bosh murabbiyi Xajime Moriyasu aytib o'tgandi.

Malumki, ikki yildan so'ng yana shunday musobaqa o'tkaziladi va navbatdagi U-23 Osiyo chempionati Olimpiada o'yinlariga yo'llanma beradi. Olimpiada o'yinlari 2020 yil Tokioda o'tkazilishini inobatga olsak, Yaponiya mezbon sifatida to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma egasi bo'lishi mumkin. Lekin bungacha hali vaqt bor va keyingi Osiyo chempionati reglamenti chiqqanidan so'ng hammasini bilib olamiz.

CHorak finaldan o'rin olgan bahsda yaponiyaliklarning bizning futbolchilardan ikki yosh kichik ekani o'yin davomida yaqqol sezilib turdi. Gap bu erda ham yakuniy natijada emas. Odatda yoshlar va o'smirlar o'rtasidagi turnirlarda hatto bir yosh farqi ham katta rol o'ynaydi. SHu bois uchrashuv boshidagi 20 daqiqani aytmaganda qolgan vaqt mobaynida to'liq ustunlik biz tomonda bo'ldi. Yaponlar aytarli hujum qila olmadi. Albatta, 4:0 hisobidagi g'alaba futbolchilarimizning kayfiyatini ko'tarib yuborgan bo'lishi shubhasiz. Qolaversa, shu kuni deyarli hamma futbolchilarimiz yaxshi o'yin namoyish etishdi.

Otaxonov – Ashurmatov – Tursunov - Komilovdan iborat himoya to'rtligi raqib hujumchilariga imkon qoldirmagan bo'lsa, Aziz G'aniev - Odil Hamrobekov tandemi markazni to'liq qo'lga olishdi. Qanotlarda Jasur Yaxshiboev bilan Doston Hamdamov faol harakat qilishdi. Ayniqsa, shu kuni raqib darvozasiga ikkita to'p kiritgan Yaxshiboev hatto xorijlik mutaxassislar etiboriga tushdi.

Uning ajoyib tarzda kiritgan birinchi goli hamon internet tarmoqlarida aylanishda davom etmoqda. Erkin o'yinchi sifatida harakat qilayotgan Javohir Sidiqovni ham maqtasak arziydi. U o'zining abjirligi evaziga raqibga deyarli o'yin bermadi. Ammo hujumda o'ynayotgan Zabixillo O'rinboevdan ko'ngil to'q emas. Uning gol urish tugul, darvoza tomon aniq zarbalarini deyarli ko'rmadik.

Janubiy Koreya - jiddiy raqib

Qaysi yoshdagi musobaqa bo'lmasin, Janubiy Koreya har doim bizga jiddiy raqib bo'lib kelgan. Mana endi yarim finalda jamoamizning asl kuchini ko'rsak ajab emas. To'g'ri, Yaponiyani 4:0 yutdik, yigitlarimizning kuchini ko'rdik, ammo yaponlar bizdan ikki yosh kichikligini unutmaylik. Janubiy koreyaliklar esa xuddi biz kabi, demak bugun ikkita tengqur jamoa o'zaro bahs olib boradi.

Bugungi raqibimiz “D” guruhidan birinchi o'rin bilan chiqdi. Koreya avvaliga Vetnamni 2:1 hisobida mag'lub etgan bo'lsa, keyin Suriya bilan durang (0:0) o'ynadi va oxirgi turda Avstraliya ustidan 3:2 hisobida g'alaba qozondi. CHorak finalda esa ular birmuncha kuchsiz Malayziyani 2:1 hisobida engib musobaqadan chiqarib yuborishdi.

Qizig'i shundaki, musobaqaning yarim finaliga etib kelgan jamoalar “A” va “D” guruhi vakillaridir. Yani, “B” va “C” guruhidagilarning barchasi allaqachon musobaqani tark etib bo'lishdi. SHunday qilib yarim finalda “A” guruhi peshqadami Qatar “D” guruhidan ikkinchi o'rin bilan chiqqan Vetnamga qarshi bahs olib borsa, biz Janubiy Koreya bilan o'ynaymiz.

Hozirdan taxmin qilish qiyinmas, katta ehtimol bilan Qatar Vetnamni engadi va finalga yo'l oladi. Agar biz Janubiy Koreyani mag'lub eta olsak, 2014 yil birinchi bor o'tkazilgan U-23 Osiyo chempionatidagi voqea takrorlanadi. O'shanda Iroq va Saudiya Arabistoni o'z ishtirokini bir guruhda boshlab, yakunda finalga etib kelishgan va hal qiluvchi bahsda Iroq Saudiyani mag'lub etgandi. O'sha musobaqada bu ikki jamoaning guruhida biz ham bor edik va guruhdan chiqa olmaganmiz.

Mana endi oradan to'rt yil o'tib Qatar bilan O'zbekiston finalga chiqadigan bo'lsa, yana shunga o'xshash holat takrorlanadi. Ajab emas, shunday bo'lsa. Bu shunday musobaqaki, undan kim chempion bo'lishini aytish qiyin. Lekin davogarlar orasida O'zbekiston ham borligi kishini xursand qiladi va vakillarimizga oxirigacha muxlislik qilishga undaydi.

Reyting: +22   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика