Tomoshaning jonlisi yaxshi. Liga Kubogi nima uchun kerak?
17 apr 2022 15:34
Yangiliklar
Tomoshaning jonlisi yaxshi. Liga Kubogi nima uchun kerak?
Pandemiya va cheklovlar sabab o'tgan ikki yil davomida tashkil qilinmagan turnir bu mavsumdan yana kuchga kirmoqda. Lekin buning o'ziga yarasha yutuq va kamchiliklar ham yo'q emas. Quyida shu haqida fikrlashamiz.
Ko'proq uchrashuv o'tkazish
O'zPFL rasmiy saytida keltirilgan xabarga ko'ra, iyun oyining dastlabki 15 kunligidagi tanaffus, yurtimizda bo'lib o'tadigan musobaqalar, FIFA kunlaridagi tanaffuslar asos qilib olingan. Buni to'g'ri qaror, deb hisoblaymiz. Odatda terma jamoalar yig'inlari, xalqaro musobaqalar sabab ichki chempionatda juda katta to'xtalishlar yuzaga keladi. Bunday sharoitda futbolchilarning sport formasini, o'yin tonusini ushlab turish qiyin. SHu bois klublar o'rtoqlik uchrashuvlari orqali ritmni ushlab turishga harakat qilishadi. Liga Kubogi shunchaki o'rtoqlik o'yini emas, rasmiy musobaqa. Murabbiylar uchun esa tabiiyki foydalidir. Bugungi kunda klublarimiz Superliga va kubokni hisobga olganda 30ga yaqin o'yinda maydonga tushmoqda. Xalqaro maydonda ishtirok etadigan klublarimiz esa nisbatan ko'proq. Liga Kubogi qolgan jamoalar uchun imkoniyatdir. SHunda ular Superliga, kubok bahslaridan tashqari yana kamida yana 3ta o'yinda qatnashishadi.
Qo'shnilar bilan aloqalar
Bilsangiz, "Alay", "Istiqlol", "Xo'jand" kabi klublar davralar oralig'ida, tanaffuslar paytida jamoalarimiz bilan o'rtoqlik o'yinlari o'tkazish uchun kelib ketishadi. Endilikda ular rasmiy musobaqada kuchlarini tekshirib olishlari mumkin. Qolaversa katta yoshli muxlislar qo'shnilarimiz bilan to'qnashuvlarni, Markaziy Osiyo derbilarini sog'inib qolishgan. O'ylaymizki, bu o'yinlar qiziqarli o'tishi shubhasiz.
Reglament nima deydi?
Liga Kubogini o'tkazish doim O'zPFLning rejalarida bo'lgan. Hattoki reglamentda ham qayd etilganini ko'rishimiz mumkin.
Reglamentning 20.4 bandida shunday deyiladi: Liga Kubogi musobaqasi formati ishtirokchi klublar soni aniq bo'lgach, mazkur Reglamentning shu bandiga kiritilgan o'zgartirish asosida tartibga solinadi. Liga Kubogining o'tish yoki o'tmasligi epidemiologik sharoit hamda u keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan muammolar o'rganilganidan keyingina alohida hal etiladi.
Demak ortiqcha gap-so'zga hojat yo'q. Ilgariroq elon qilinishi mumkin edi-ku? Lekin klublar tanaffuslardagi o'rtoqlik o'yinlarini ham mavsum boshida kelishib oladimi? Yo'q. Liga Kubogi o'rtoqlik uchrashuvlari o'rnida xizmat qiladigan rasmiy turnir, xolos. Taqvim va rejalarga ortiqcha tasir qilmasligi kerak. Ammo klublarga muammo tug'diradigan boshqa narsalar ham mavjud.
Uchrashuvlar vaqtlari
Meni o'ylantirayotgan jihati maydonlar va o'yinlarning vaqtlari. Agarda O'zPFL Liga Kubogini iyun oyining 15 kunligida o'tkazishni o'ylayotgan ekan, uchrashuvlarning boshlanish vaqtlari haqida ham jiddiy boshqotirishi talab qilinadi. Axir hamma klubning ham stadionlarining yoritgichlari talab darajasida emas. Bu yildan boshlab Superliga bahslari 18:00dan erta boshlanayotgani yo'q. Bu safar ham buning yo'lini topish kerak.
Klublar uchun ortiqcha xarajat
Muammoli tomoni shuki, klublar mazkur musobaqaga qanday munosabatda bo'lishi. Birinchidan ular uchun ortiqcha xarajatni keltirib chiqaradi. Deylik, smetadan tashqari mukofot pullari, futbolchilarni qo'llab-quvvatlash kabilar. Agarda mavsum boshlanmasidanoq elon qilinganida balki klublarga engillik yaratilgan bo'lar edi. O'rtoqlik o'yinlari o'z yo'liga. Ammo rasmiy turnirda bari boshqacha kechadi. Jamoa, futbolchilar yutgan o'yiniga mukofot puli olishni istaydi. Quruqdan quruq rasmiy o'yinda o'ynamaydi. SHu bois ham jamoalar yoshlar, o'rinbosarlar tarkiblari bilan ishtirok etishlari ehtimoli katta. 2019 yil ilk bor o'tkazilgan Liga Kubogi har holda shunday taassurot qoldirandi. Qandaydir bepisand qarash holati kuzatilgandi. O'zPFLning bu boradagi poziciyasini tushunarli. Mening ham fikrim ijobiy. Haqiqatdan yaxshi loyiha. Buni yanada mukammalashtirish zarur. Lekin hamma gap klublarda qolmoqda...
Fikrlar