So’nggi yangiliklar

10:02«Ньюкасл» Англия терма жамоаси аъзосини 70 миллион еврога ҳимоячи сотиб олади  3 09:31Давид де Хеа фаолиятини Европанинг ТОП-5 чемпионатида давом эттиради  1 09:03Карло Анчелотти Беллингемнинг ҳаракатидан норози? Нега?  5 08:35Хулиан Альварес фаолиятини «Атлетико»да давом эттиради  6 08:08Федерико Кьеза фаолиятини Италиянинг бошқа бир топ клубида давом эттириши мумкин  2 07:40Бугун Ўзбекистон кубогининг чорак финалига старт берилади  4 07:17Бугун тўрт нафар ўзбекистонлик спортчи Париж Олимпиадасида қатнашади   4 02:55Париж-2024. Франция Мисрни енгиб, финал йўлланмасини қўлга киритди  6 01:28"Атлетико" "Манчестер Сити" футболчиси учун 75 млн. евро таклиф қилди  1 01:11Саидазамат Мирсаидов: “Навбаҳор”га соврин ютиш учун келганман”  17 23:51Нико Уильямснинг "Барселона"га ўтишига унинг акаси қаршилик қилмоқда  5 23:10Париж-2024. Испания олимпия ўйинлари финалига чиқди  23 22:24Грузия терма жамоаси вакили "Ливерпуль"га ўтиши мумкин  3 21:54"Вест Хэм" 27 млн. еврога 31 ёшли ҳужумчи сотиб олди  3 21:23Марокаш - Испания ўйинида Илгиз Танташев алмаштирилди. Нега?  6

Timur Hakimov: "Odamlar men haqimda ko'p narsani bilmay gapirishyapti" Yangiliklar

Timur Hakimov: "Odamlar men haqimda ko'p narsani bilmay gapirishyapti"

Teglar :  Timur Hakimov
18 oktyabr kuni "Timur Hakimov, qaerdasan ukam?" sarlavhali maqola yozgandim. Bu maqola o'ziga yarasha shov-shuv bo'ldi.

O'sha maqolani ushbu HAVOLA orqali o'qishingiz mumkin.

Xullas, maqolada 2010 yil Toshkentda o'tkazilgan U-16 Osiyo chempionatida yaponiyalik hujumchi Takumi Minaminoning 5ta gol urgani va bu borada Timur Hakimov bilan bir xil ko'rsatkich qayd etgani, oradan 8 yil o'tib yapon hujumchisining milliy terma jamoa darajasiga chiqqani-yu, lekin Hakimovning "yo'qolib" qolgani haqida gap borgan. 

Maqola elon qilingach, muxlislar tomonidan turli fikrlar bildirildi. Hakimov shaniga nisbatan haqoratli, ustidan kulish so'zlar yangradi. Hozirgi paytda hech qaysi klubda o'ynamayotgan bo'lsa-da, baribir u ham odam va haqoratlarga chidab tura olmaydi. To'g'ri, Timur Hakimov o'smirlik paytlarida o'zini ko'rsatib muxlislar mehrini qozongandi. Ammo katta bo'lgach nimadir bo'ldi-yu, o'yinini yo'qotib qo'ydi. 

Hozir 24 yoshda. Ayni o'ynaydigan paytda jamoasiz yuribdi. Xullas, maqola elon qilinganidan ko'p o'tmay Hakimov qo'ng'iroq qilib, aka mening ham aytadigan gaplarim bor, ko'pchilik men haqimda ko'p narsani bilmasdan gapiryapti, shuning uchun intervyu bermoqchiman dedi. Men esa mayli deb ofisga taklif etdim. Timur bilan bir soatdan sal ko'proq gaplashdim. Uning ichida ko'p gaplar yig'ilib qolgan ekan. Keyin erinmay qog'ozga tushirishga harakat qildim.

- Aka, yozgan maqolangizni o'qidim, - deydi Timur Hakimov. - Maqolaga etirozim yo'q. Siz to'g'ri yozgansiz, Osiyo chempionatida men bilan bir xil natija ko'rsatgan Minamino vaqt o'tib milliy terma jamoa darajasiga chiqdi. Endi o'zingiz bilasiz-ku, Yaponiyada futbolga bo'lgan etibor va umuman mentalitet boshqacha. Balki murabbiylar meni ham uning darajasiga chiqara olishmagandir. Meni maqoladan ko'ra maqola tagida qoldirilgan ayrim fikrlar xafa qildi. Bazilar meni hatto kafeda ichib o'tiribdi deb ham yozishgan. To'g'risi, oxirgi paytlarda o'zimdan o'zim ancha xafa bo'lib qolganman. CHunki hech qaysi klubda o'ynayotganim yo'q. Faqat kuniga ikki mahal shug'ullanib turibman. 

- SHu kunlarda bazi muxlislardan xafaman. CHunki ishqibozlar meni yaqindan bilmay turib men haqimda har xil gaplarni gapirishyapti. Yashirmayman, menga restoran, kafelarga borish yoqadi, yaxshi ovqatlansam, yaqin o'rtoqlarim bilan maza qilib o'tirsam deyman. Ammo bu degani o'tirib ichaman yoki sigaret chekaman degani emas-ku. Men umuman chekmaganman. Odamlar bo'lsa bilmasdan Timur o'zgarib ketdi, ichkilikka, chekishga berildi deyishmoqda. Men sigaretni umuman qo'limga olmaganman. Odamlarning mana shunaqa gaplari tufayli meni hech kim o'z jamoasiga olishni xohlamayapti, bundan esa xafa bo'lib ketyapman. 

- Yoshligimda ko'plab musobaqalarda qatnashdim. Bir nechta gollar urdim. Ammo oliy ligada omadim kelmadi. Muxlislar Timur yulduzlik kasaliga chalingan deyishyapti. Endi o'zingiz o'ylab ko'ring, shu paytgacha oliy ligada faqat bitta gol urgan bo'lsam, qanaqasiga yulduzlik kasali bo'lishi mumkin? Men kimgadir yomonlik qildimmi? Men ham yaxshi o'ynasam, ko'proq gol ursam deyman. Ammo hayotimda shunday voqealar ro'y berdiki, futboldan ko'nglim sovib ketgan paytlar bo'ldi. Endi-endi o'zimga kelyapman. 

- Yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatidan so'ng Evropadan yaxshi takliflar bo'lgandi. “SHtutgart” va “Zenit” jiddiy qiziqish bildirgandi. Lekin nimadir sabab bo'lib “Paxtakor” meni qo'yib yubormadi. Toshkentga qaytib kelganimdan keyin meni “Andijon”ga yuborishdi. Bunday vaziyatda qaysi futbolchi sinib qolmaydi? Evropadan tayyor taklif tushib turgan bir paytda meni quyi jamoaga jo'natishyapti, ayting-chi, bu o'zini ko'rsatishni xohlagan futbolchiga tasir qilmaydimi? Hatto Qatardan taklif bo'lib, samolyot chiptasigacha jo'natishgandi. Menga 2012 yildan to 2014 yilgacha chetdan tinmay qiziqish bo'laverdi, ammo “Paxtakor” hech qaysi jamoaga qo'yib yubormadi. 

- Mayli, “Paxtakor” qo'yib yubormagan taqdirda ham o'zida o'ynatsa xafa bo'lmasdim. Mashg'ulotlarda astoydil ishlardim, o'zim aytmagan bo'lsam ham, jamoadagi yoshi katta futbolchilar Samvel Babayan oldiga kirib “Timurni o'yinga qo'ying, o'ynab ketadi” deb ko'p marta aytishgan. Lekin Babayan men bu bolani qo'ymayman degan. O'shanda Samvel Vyacheslavovichning o'z futbolchilari bo'lib, ular gol urmasa ham o'ynayverardi. Menga hatto imkon bermasdi. Jamoada 22 futbolchi bor deb hisoblasak, Babayan faqat 11 kishini o'ynatardi, qolgan 11 futbolchi mashg'ulotlarda fishkaga o'xshab turardik. Kim maydonga tushishi-yu, kim o'ynamasligini hammamiz bilardik. SHunday bo'lganidan keyin har qanday futbolchi sport formasini yo'qotadi, to'g'rimi? 

- Yoshlikdagi futbol aldamchi ekan. Haqiqiy futbolda nimalar bo'lishini katta bo'lgach ko'raverar ekansiz. Mening birinchi murabbiyim Aleksey Evstafeev bo'ladi. U kishi “Neftchi”ga ketgan payt meni ham oling, pul kerakmas o'ynasam bo'ldi degandim. Lekin Evstafeev meni chaqirmadi, sababini esa bilmayman. Menga ko'p murabbiylar imkon bermagan. Faqat birinchi ligadagi “Oqtepa”ga borganimda klub rahbari G'anisher aka SHog'ulomov menga ishonib imkoniyat bergandi. O'shanda olimpiya terma jamoamizga chaqirilgan futbolchilar orasida birinchi ligadan faqat men edim. 

- 2016 yil olimpiyachilar tarkibida Iroq darvozasiga gol urganimdan so'ng Samvel Babayan meni chaqirib “Paxtakor” bilan yangi shartnomaga qo'l qo'ysang ko'proq o'ynaysan dedi. Lekin men “Paxtakor”dan allaqachon ketgan va qaytib borish niyatim yo'q edi. Aslida “Paxtakor”dan ketishim oson bo'lmagan. Samvel Babayan oldiga kirib meni qo'yib yuboring yoki o'ynating deganimda Babayan vaqtingni kut, oldin Sergeevni o'ynatib chetga sotaylik, keyin seni navbating keladi degandi. SHunda ilojsizlikdan Mirabror Usmonov oldilariga borib yordam qiling, siz yordam bermasangiz boshqa hech kim menga qaramaydi deganman. 16-17 yoshimda menda juda yaxshi variantlar bor edi, agar Babayan qo'yib yuborganida bemalol o'ynab ketardim. 

- O'sha paytlar “Paxtakor”da ishlagan ko'pchilik men bilan nimalar yuz berganini yaxshi biladi. SHundan beri qiynalib yuribman. Yil boshida birinchi liga bo'lsa ham mayli deb “Nurafshon”ga bordim. Ammo zayavka topshirishga oz qolganida menga sen totalizator o'ynaysan deb jamoadan haydab yuborishdi. Nega unday deyapsiz deb so'raganimda chunki sen “Obod”dan kelding, u erda hamma totalizator o'ynagan deyishdi. To'g'risini aytaman, umrimda totalizatorga qiziqqan bola emasman. Umuman o'ynamagan ham. Zayavka topshirishga bir kun qolgandi, shunda rahbarlar meni chaqirib sen bizga kerak emassan, ketaver deyishdi. O'zimni kuchsiz yoki yulduz futbolchi deb hisoblamayman, lekin imkon berishganida birinchi ligada bemalol o'ynab ketardim. 

- Bosh murabbiy Vohid Xolboev meni jamoada olib qolmoqchi edi. Vohid aka sen menga keraksan dedi. “Nurafshon”tarkibida 10 kun mashg'ulotda qatnashdim va hatto shartnomaga qo'l qo'ygandim. Lekin shartnoma registraciya qilinmay meni ketkazvorishdi. Bundan Vohid akaning o'zi ham hayron qoldi. SHu paytgacha qaysi jamoaga borgan bo'lsam, hech kimdan pul so'ragan emasman. Faqat bir narsani xohlaganman: menga ham imkoniyat berishlarini. Ishonmasangiz, meni shug'ullantirgan murabbiylarga birma-bir qo'ng'iroq qilib so'rashingiz mumkin. Masalan, Vadim Abramovdan so'rang. 

- Hech kimdan oyligim qancha, qancha mukofot puli berasizlar deb so'ramaganman. Orada “Buxoro”dan ham variant bo'lgandi. Lekin Tachmurod SHamakovich zaxirada o'tirasan dedi. SHunda men zaxirada o'tirsam bormayman, chunki o'ynashim kerak dedim. Undan keyin “So'g'diyona” chaqirdi. 2016 yil qishda Qatarda o'tkazilgan U-23 Osiyo chempionatida jarohat olgandim. Jizzaxga jarohat bilan borganman. SHu-shu o'yinim chiqmadi. Keyin esa “Obod”ga keldim. 

- “Nurafshon” varianti o'xshamaganidan keyin juda tushkun holatga tushib qoldim. Hatto futboldan butkul ko'nglim sovib futbolni tashlamoqchi bo'lgandim. Bir tomondan yangi jamoaga o'ta olmaganim, ikkinchi tomondan muxlislarning men haqimda har xil gaplarni aytishi qattiq tasir qildi. Lekin yaxshi odamlar ham bor ekan. Aynan ularning yordami va qo'llab-quvvatlashi tufayli futbolda qoldim. Hozir kun tartibim qanday o'tyapti? O'zimning murabbiyim bor va shu kishi bilan kuniga ikki mahal alohida shug'ullanib turibman. Bir oydan beri tinmay mashg'ulot o'tkazyapman. Buning uchun “Oqtepa” futbol klubi rahbari G'anisher aka SHog'ulomov bilan jamoa boshlig'i Vladimir Gavrilovdan minnatdorman. Aynan shu insonlarning yaxshiligi tufayli men hozir ham futboldaman. Yo'qsa allaqachon tashlab yuborgan bo'lardim. 

- Hozir meni faqat futbol o'ylantiradi. Hech qanday biznesim ham, pul keladigan daromadli ishim ham yo'q. Men o'z vaqtida futbolni deb o'qishni tashlagandim. O'yinimiz borligi tufayli sessiyani yopa olmaganman. Osiyo va jahon chempionatlarida qatnashganim uchun imtiyoz asosida o'qishga qabul qilingandim. Endi kelasi yil yana oliy o'quv yurtiga topshirish niyatim bor. Uyda men, onam, buvim va bobom birga yashaymiz. Futbolni tashlayman deganimda uydagilar juda siqildi. Ayniqsa buvim qattiq qayg'urdilar. Buning oqibatida o'tgan bir yil ichida ancha qarib qoldilar. Hozir 68 yoshdalar. Ko'chada yurganimda ham ko'pchilik odamlar sen o'ynashing kerak deydi. Bir kuni o'zimga o'zim savol berdim: nima uchun o'ynab keta olmayapman? Boshqalardan nimam kam? Balki xarakterim tufaylidir, balki boshqa sababi bo'lsa kerak. Lekin keyingi yil nima qilib bo'lsa-da Superligada o'ynashim kerak. 

- O'yinim chiqmasa ko'p siqilaman. Bundan tashqari, agar menga kimdir nohaq etiroz bildirsa bu narsa yoqmaydi. Murabbiy bo'ladimi yo jamoa rahbarimi, jim o'tirmay gap qaytaraman. SHu xarakterim juda og'ir. Hozir futbol ancha o'zgarib ketdi. Har bir murabbiyning o'z futbolchilari bor. Masalan, menga begona murabbiy qo'ng'iroq qilib jamoasiga chaqirmaydi. Faqat meni taniydiganlar chaqirishi mumkin. Hozir mening o'z murabbiyim yo'q. Oldin Aleksey Evstafeev bo'lardi, lekin u kishi ham ketib qoldi.

- Samvel Babayan umuman imkoniyat bermadi. Mana hozir “Paxtakor”da Masharipov, Iskanderov kabi futbolchilar o'ynayapti. Bir paytlari Babayan shu futbolchilarni haydab yubormoqchi bo'lgandi. Ikrom Aliboev bilan Quvondiq Ro'zievni haydab yuborgandi. Keyin ular ikkisi “Lokomotiv”ga o'tib ketdi. Bo'yim kichik bo'lgani uchun doim sendan futbolchi chiqmaydi derdi. Bu esa menga og'ir botardi. Qatarda o'tkazilgan U-23 Osiyo chempionatida birinchi o'yinni Janubiy Koreyaga qarshi o'tkazdik. Meni hatto zaxiradagilar qatoriga kiritishmadi.

- Musobaqaga ketishdan oldin Babayandan nega meni olib ketyapsiz, baribir o'ynatmaysiz-ku deb so'ragandim. Ikkinchi o'yinimizni Iroqqa qarshi o'tkazdik. O'shanda maydonga tushib bitta gol urganman. O'yinlar qaydnomasiga qarang, zaxirada qolganlar asosiy tarkibdan kuchli edi. O'shanda Aliboev ham zaxirada o'tirardi. Hozir o'sha tarkibdan hamma ham o'ynayotgani yo'q. Jamshid Boltaboev qani? Javohir Sohibov qani? Babayan hatto Sardor Sobirxo'jaevni chaqirmagandi. Bu futbolchining statistikasini ko'ring, Superligada eng ko'p golli pas uzatgan futbolchilardan biri. Sobirxo'jaev yoshligidan kuchli futbolchi bo'lgan. Men hamma aybni murabbiyga to'nkamoqchi emasman. O'zimdan ham xato o'tgan va buni tan olaman.

(Davomini kuting...)

TIMUR HAKIMOVNING OLIY LIGADAGI FAOLIYATI
2012 yil. “Paxtakor”: 2ta o'yin, 25 daqiqa
2014 yil. “Olmaliq”: 8ta o'yin, 163 daqiqa
2016 yil. “So'g'diyona”: 7ta o'yin, 331 daqiqa / ”Obod” 12ta o'yin, 1 gol
2017 yil. “Neftchi”: 5ta o'yin, 371 daqiqa

ERISHGAN YUTUQLARI
2010 yil Toshkentda o'tkazilgan U-16 Osiyo chempionati finalchisi (5ta gol)
2011 yil Meksikada o'tkazilgan U-17 Jahon chempionati chorak finalchisi (3ta gol)
2012 yil BAAda bo'lib o'tgan U-19 Osiyo chempionati yarim finalchisi (2ta gol)
2013 yil Turkiyada o'tkazilgan U-20 Jahon chempionati chorak finalchisi
2016 yil Qatarda o'tkazilgan U-23 Osiyo chempionati ishtirokchisi (1ta gol) 

Reyting: +185   
championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика