Temur Yafarov: “Oliy ligaga loyiqligimizni isbotladik!”
01 dek 2015 16:29
Yangiliklar
Temur Yafarov: “Oliy ligaga loyiqligimizni isbotladik!”
Yilning so'nggi uchrashuvi “Oq-tepa” – “So'g'diyona” jamoalari o'rtasidagi oliy ligaga o'tish o'yini bo'ldi. Qiziqarli, kurashlarga va darvozabonlarning seyvlariga boy o'tgan bellashuvda oliy liga vakili “So'g'diyona” g'alaba qozondi. Biz kuni kecha “Oq-tepa”ning vice-sardori Temur Yafarov bilan suhbatlashdik.
- Temur, dastavval “Oq-tepa” – “So'g'diyona” jamoalari o'rtasidagi o'tish o'yini haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- Uchrashuvning birinchi bo'limida bizda biroz hayajon bo'ldi. Qolaversa, suniy maydondan keyin tabiiy maydonga ko'nikishimiz ham biroz qiyin kechdi. Ikkinchi taymda hammasiga moslashib, yaxshi o'yin ko'rsatdik. Fikrimcha, o'sha uchrashuvda “So'g'diyona”dan kuchliroq edik.
- SHunaqa deysizku, “So'g'diyona” futbolchilari ham bir qator yuz foizlik imkoniyatlarni ko'kka sovurdi...
- Lekin o'sha hujumlarni imkoni bo'lsa, yana bir marta eslang, ular asosan qarshi hujumda darvozamizga xavf solishdi. Biz ayniqsa, ikkinchi taymda hujumga o'tib ketdik. Ular bizni qarshi hujumlarni jazolashga harakat qilishdi. To'g'ri, darvozamizdan o'rin olgan ikkinchi golda ular kombinaciya tashkil qilishdi. Ammo o'sha golda eng katta xatoni o'zimiz qildik. O'zimizning xatomiz sababli ular gol urish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
- “So'g'diyona” futbolchilari birinchi bo'limda ham, ikkinchi taymda ham Mixail Naumov bilan birga-bir chiqib, darvozani ishg'ol qila olmagani “Oq-tepa”ning omadimidi yoki raqib o'yinchilarining tajribasizligimi?
- Men buni “Oq-tepa”ning omadi yoki “So'g'diyona” futbolchilarining tajribasizligi demagan bo'lardim, shunchaki, Naumov o'zining mahoratini ko'rsatdi. Etibor bering, birorta zarba darvoza ustuni yoki to'siniga tekkani yo'q. Hamma zarbaning yo'liga Mixail to'siq bo'ldi. Qoyil qolish kerak! Aslida o'sha kuni hamma futbolchilar yaxshi o'ynadi. Biz “Oq-tepa”ni oliy ligada ishtirok etishga loyiq ekanligini isbotladik. O'sha kungi o'yinimizni ko'rgan muxlis-u, mutaxassislar bunga amin bo'ldi, deb o'ylayman.
- “Oq-tepa” oliy ligaga loyiqligini isbotladi deysizku, lekin baribir mag'lubiyatga uchradinglar. O'yindan oldin “Oq-tepa” atayin yutqazadi, degan gap-so'zlar urchigandi. Buni o'zlaring ham eshitgan bo'lishlaring tabiiy. Yakunda o'sha gap-so'zlar o'zini oqlagandek, yutqazdilaring.
- Aslida “Orol” va “Mashal-2”ga qarshi o'yinlarda ochko yo'qotmasdan barcha masalani o'tish o'yinida qoldirmaganimizda bunday gap-co'zlar urchimagan bo'lardi. Jamoa tarkibida bir qator yoshlar to'p suradi. “So'g'diyona”ga qarshi o'yinda maydonga tushgan yoshlarning aksari hali oliy ligada umuman o'ynamagan yoki juda kam uchrashuvlarda harakat qilishgan. Tabiiyki, bu borada tajriba kam. O'sha kuni ham qaysidir manoda tajriba o'z so'zini aytdi. Uchrashuvdan keyin muxlislar ham yaxshi o'ynaganimizni etirof etishdi. Agar hisob 1:1 bo'lib turganida o'zimiz yaratgan vaziyatlardan foydalana olganimizda ishoning natija umuman boshqacha ko'rinish olardi. Nega? CHunki biz himoyaga ko'proq etibor qaratib bo'lsa ham hisobni ushlab qolardik. Hisobda ortda borayotganimizda hujumga o'tib, vaziyatni tenglashtirdik. 1:1 hisobidan keyin qarshi jamoa gol ursa, o'sha taraf g'alaba qozonardi. Biz gol ura olmadik, raqib oddiy vaziyatdagi xatoimizdan unumli foydalanib, bizni jazolandi. Ishontirib aytaman, agar biz ikkinchi golni urganimizda “So'g'diyona”ga hisobni tenglashtirishi uchun imkon bermasdik. Haqiqat shuki, biz shu kuni atayin yutqazganimiz yo'q!
- Temur Hakimov gol urgan vaziyatda to'pni unga siz oshirdingiz. O'sha vaziyatda to'pni tavakkal oldinga tepib yuborganmidingiz yoki Hakimovni ko'ra olib, shunga mos ravishda qaror qabul qilgandingizmi?
- (kulib) Yaqinlarim ham o'sha vaziyatda tavakkal qaror qabul qilding, dedi. Men o'sha vaziyatda umuman tavakkal qilmadim. Temurni qanday hujumchi ekanligini, qaysi chiziqda to'p surishini, qanday salohiyatga ega ekanligini juda yaxshi bilaman. To'p oyog'imga kelib tushgach, oldinga qaradim va Hakimovning tezligini inobatga olib, to'pni u tomonga oshirdim.
- Hisob 1:1 bo'lib turganida g'alabaga qanchalik ishongan edingiz. Yoki jamoaning maqsadi penaltilar seriyasida g'alaba qozonish edimi?
- Yo'q. 90 daqiqada barchasini hal qilishni rejalashtirgandik. CHunki biz penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko'rmagandik. Etibor bergan bo'lsangiz, ikkinchi bo'limning ilk daqiqalaridanoq hujumga o'tdik va maydondagi ustunlikni o'z qo'limizga oldik. Maqsad – vaziyatni o'nglab, g'alaba qozonish edi. SHunga mos ravishda harakat qildik va hisobni tenglashtirdik. Yana gol ursak bo'lardi, biroq omadimiz kelmadi. Alamlisi, yo'q joydan gol o'tkazdik. Haqiqatdan ham yo'q joydan. Hisob tenglashganidan keyin ham, ikkinchi golni o'tkazib yuborganimizdan so'ng ham himoyani o'ylamadik. Ko'rgan bo'lsangiz kerak, uchrashuvning so'nggi soniyalarida ham gol urish uchun imkoniyatimiz bo'ldi. Agar Jaloliddin Saidovning zarbasi golga aylanganida vaziyat umuman boshqacha bo'lardi. U erda Jalolning aybi yo'q. Saidov toza markaziy himoyachi. Zarba ham himoyachiga mos ravishda bo'ldi. Zarbada uzoq burchak ko'zlandi-ku, biroq biroz kuchsizroq chiqdi. Agar uning o'rnida tajribaliroq futbolchimi yoki hujumchimi bo'lganida katta ehtimol bilan zarba golga aylanardi!
- Mag'lubiyat bu - bir yillik mehnat, futbolchilarning oldiga qo'yilgan vazifa bajarilmaganidan darak beradi. Uchrashuvdan keyin rahbariyat va murabbiylar shtabi o'yinchilarga nima dedi?
- Bellashuvdan so'ng murabbiyimiz aynan shu o'yindagi harakatlarimiz, mehnatimiz, g'alaba uchun borimizni berganimizga rahmat dedi. CHunki natija bizning foydamizga bo'lmagan bo'lsa-da, murabbiyimiz ham maydonda biz qanday harakat qilganimizni o'z ko'zi bilan ko'rdi. Sababi, yigitlar haqiqatdan ham mazkur o'yinda g'alaba qozonish uchun bor kuchlarini sarflashgan edi. Yana bir gap: “Oq-tepa” chempionatdagi so'nggi uchrashuvini 7 noyabrda o'tkazgandi. “So'g'diyona” esa, aksincha, 20 noyabr kuni oliy ligadagi oxirgi o'yinida maydonga tushib, o'sha tonusda o'tish uchrashuviga tayyorgarlik ko'rdi. Ularning jismoniy holati, o'yin amaliyoti yaxshi bo'lganini ham etiborga olish kerak. Bizga o'yin amaliyoti etishmagani ham ayni haqiqat-ku! Buni yoddan chiqarmaslik shart! “Oq-tepa” o'yinni atayin yutqazdi, deyishdan oldin hamma jihatlarga etibor qaratish kerak. Agar salkam 20 kunlik pauza sababli o'yinimiz chiqmaganida nima deyishardi? Unda aniq atayin yutqazdi, deyisharmidi? Biz oxirigacha harakat qildik.
- Raqib “So'g'diyona” ekanligidan kelib chiqadigan bo'lsak, uchrashuvdan oldin g'alabaga ishonch qanchalik yuqori edi?
- 100 foiz. Hamma futbolchilar g'alabaga ishongandi. Aslida futbolchi avvalo o'zining kuchiga, keyin jamoadoshlarining va jamoasining kuchiga ishonishi shart! Aks holda ijobiy natijaga erishib bo'lmaydi.
- O'yindan keyin echinish xonasidagi vaziyatni tasvirlab bersangiz.
- Hech kimning kayfiyati yo'q edi. Buni tushunish uchun inson juda ham aqlli bo'lish shart emas! 10-15 daqiqa echinish xonasida jimlik hukmronlik qildi. Bu daqiqalar davomida futbolchilar echinishmadi ham. SHunchaki, jim o'tirishdi. Hech kim bir-biriga gapirmadi. Bosh murabbiy xonaga kirib, yigitlarga dalda bo'ladigan ikki og'iz gap gapirganidan keyingina futbolchilar biroz o'ziga keldi va narsalarni yig'ishtirib, uy-uyiga jo'nadi. Aslida biz hali ham shokdamiz. Aniqrog'i, o'zi “Mashal-2” bilan durang o'ynaganimizdayoq shokka tushgandik. “So'g'diyona”ga yutqazib, oliy ligaga chiqish yo'llanmasi boy berilgach, yanada kuchliroq shokka tushib qoldik.
- Hakam uchrashuv yakunlangani haqidagi xushtagini chalganidan so'ng aksar yosh futbolchilar maydonning o'zida ko'z yosh to'kishganiga guvoh bo'ldik...
- Bunisi ham tushunarli. Boisi, jamoa yil davomida turnir jadvalida peshqadamlik qildi. Hamma “Oq-tepa”ni oliy ligaga chiqishiga ishonardi. Yoshlarimiz jamoa bilan oliy ligaga chiqib, kelasi yil o'zlarini ko'rsatishdan umidvor edi. Qolaversa, ikkinchi bosqichda asosiy raqibimiz “Obod”ni o'zaro uchrashuvlarda mag'lubiyatga uchratib, ikkinchi o'rindagi jamoadan olti ochkoga ilgarilab ketgandik. Aynan shu o'yinlardan keyin biz deyarli oliy ligaga chiqib bo'lgandik. Qolgan uchrashuvlarda ochko yo'qotishimizni hech kim tasavvur ham qila olmasdi. Ammo dastlab “Zomin”, keyin “Orol” hamda “Mashal-2”ga qarshi o'yinlarda muhim ochkolarni boy berdik va peshqadamlik qo'ldan ketdi. O'tish o'yini oliy ligaga chiqish uchun oxirgi imkoniyat edi. Buni hamma ich-ichidan his qilib turgandi. To'g'ri, “So'g'diyona” oliy liga jamoasi, qaysidir jihatlar bo'yicha bizdan ustun bo'lishi mumkin, lekin shunga qaramay yigitlar mazkur o'yinda g'alaba uchun borlarini berishdi. Hech kim raqibdan hayiqmadi, kerak bo'lsa, ustunlik qildik. Oliy ligaga loyiqligimizni barchaga ko'rsatib, isbotlay oldik, ammo mag'lub bo'ldik. SHunisi barchaga alam qildi va futbolchilar maydonni ko'z yosh bilan tark etdi.
- Aslida jamoaga nima bo'ldi? Jamoa nega chempionatning so'nggi uchrashuvlarida omadsizlikka uchrab, peshqadamlikni raqibga topshirib qo'ydi. “Obod” har ikkala o'yinda ham mag'lubiyatga uchratilgach oliy ligaga chiqdik, deya haddan tashqari o'zlaringga ishonib yuborganmidilaring?
- Ochig'i, “Obod” ustidan g'alaba qozonganimizdan so'ng oliy ligaga chiqdik, deya o'zimizga haddan tashqari ishonib yuborib, yakunda buning uchun to'lov to'ladik. Bu to'lov bizga qimmatga tushdi. Bir yillik mehnatimiz chippakka chiqdi.
- Jamoa “Obod”ni ikkala o'yinda ham mag'lubiyatga uchratib, asosiy raqibidan olti ochko ilgarib ketganidan so'ng uchta o'yinda xatoga yo'l qo'ydi. Avvaliga Zominda yutqazdi. Keyin o'z uyida “Orol” va “Mashal-2” bilan durang o'ynadi. Bu xatolarda faqat jamoa aybdormi yoki tashqi tomondan ham qandaydir tasirlar bo'ldimi?
- Birinchi navbatda o'zimiz aybdormiz. Aytganimdek, asosiy raqib mag'lubiyatga uchratilgach, o'zimizga haddan tashqari ishonib yubordik. Zomindagi mag'lubiyatda tashqi tasirlar ham bo'ldi. Jumladan, Zomindagi maydonning holati juda yomon edi. Qolaversa, uchrashuvni boshqargan hakamning saviyasi ham pastligi mag'lubiyatimizga tasir qildi. Lekin “Orol” va “Mashal-2ga qarshi uchrashuvlarda bizga omad kulib boqmadi. Umumiy manoda, barchasiga o'zimiz aybdormiz!
- “Oq-tepa” yil boshida o'z oldiga oliy ligaga chiqish vazifasini qo'yganda, ko'pchilik bunga ishonmadi. Jamoa mavsum davomida turnir jadvalida aksar hollarda birinchi o'rinni egallab turdi va yakunda peshqadamlikni topshirdi. SHundan so'ng ayrimlar “Oq-tepa”ning maqsadi o'tish o'yinida o'ynab, yutqazish edi, degan gaplarni ilgari surdi. Bunisi ham to'g'ri chiqdi. Jamoaning etakchi futbolchisi sifatida aytingchi, aslida klub haqiqatdan ham oliy ligaga chiqishni maqsad qilgandimi?
- Oldingi mavsumlarda nima bo'lganini bilmadim-ku, lekin bu yil jamoa oldiga aniq oliy ligaga chiqish vazifasi qo'yilgandi. Murabbiylar shtabi va futbolchilar shu maqsad yo'lida yil davomida mehnat qildik. Ammo yakunda omadsizlikka uchradik. Jamoa oliy ligaga chiqa olmasa, bu niyati yo'q, ekanligidan darak bermaydi. Hayron qolasan kishi, ketma-ket g'alaba qozonib, maqsadga erishsangiz ham g'alabalaringizga shubhalanishib, haqqoniy tarzda yutishmagan deyishadi. Ochko yo'qotsangiz ham ishonishmaydi. Xuddi bizning vaziyatga o'xshab. Jamoa chempionatda maqsadsiz qatnashib yuraversa ham shubhalanishadi. Bular ochko beradigan klub deb! Nima qilish kerak unda?
- “So'g'diyona”ga qarshi o'yinda sizni o'zingiz uchun umuman yangi ampluada, aniqrog'i, tayanch yarim himoya chizig'ida ko'rdik. Buni qanday izohlaysiz?
- Murabbiylar shtabi, rahbariyat meni qaysi chiziqda jamoaga foydam tegishini ko'ra olsa, darvozada turishga ham tayyorman.
- Bir yil birinchi ligada o'ynadingiz. Bu sizga nima berdi?
- “Oq-tepa”dagi sharoitlar bilan oliy liganing aksar jamoalaridagi sharoitlarni solishtirganda deyarli farq sezmadim. Birinchi ligada menga nima yoqdi? Ayniqsa, birinchi bosqichda bir haftada deyarli ikkitadan o'yin o'tkazdik. Ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'ldik. Aynan shu jihat kaminaga manzur bo'ldi. Lekin birinchi ligadagi stadionlar umuman yoqmadi. O'zbekistonda shunday yomon holatdagi maydonlar borligini birinchi marta ko'rdim.
- Klubda qolasizmi?
- Bu jamoaning oldiga kelasi yil qanday vazifa qo'yilishi, kim bosh murabbiy bo'lib ishlashi bilan bog'liq. Agar klub kelasi mavsum ham oliy ligaga chiqish uchun kurash olib borsa, albatta jamoada qolaman
Fikrlar