Temur Kapadze: “Terma jamoaga yordamim tegsa, yuragim bilan o'ynashga tayyorman!"
31 may 2014 10:20
Yangiliklar
Temur Kapadze: “Terma jamoaga yordamim tegsa, yuragim bilan o'ynashga tayyorman!"
- Temur, yaqinda “Aktobe” tarkibidagi o'ninchi golingizni kiritdingiz. Buni qanday qabul qildingiz? O'zi statistikangiz bilan qiziqasizmi?
- Alabata. Har bir gol futbolchiga yoqimli onlarni taqdim etadi, o'z kuchiga bo'lgan ishonchni yanada oshiradi. Statistikaga kelsak, har bir o'yindan oldin mezbon jamoa tomonidan tayyorlangan “programkalar” berishadi. Qozog'iston Professional futbol ligasi tomonidan bu shart va majburiy qilib qo'yilgan. O'yinga chiqarilgan bu dastur orqali har bir futbolchi qancha o'yin o'tkazgani, nechta gol kiritganiyu yana qanchasiga hammualliflik qilgani haqida batafsil malumotga ega bo'lib boradi. Tabiiyki, men ham o'z statistikam bilan tanishib, kuzatib boraman.
- “Aktobe” jamoasi bu yil ham chempionatda ishonch bilan odimlamoqda. O'tgan yilgi chempionat bilan taqqsoalaganda, farq sezilyaptimi?
- Qozog'iston chempionati yildan-yilga kuchayib boryapti. Jamoalar orasidagi raqobat ham shunga yarasha oshmoqda. Klublar tarkibiga saviyali legionerlarni jalb qilyapti. Xususan, “Aktobe”da ham yaxshi selekciya ishi olib borildi. Safimizga qo'shilgan yangi futbolchilar jamoamiz o'yinini yana ham kuchaytira olishdi. To'g'ri, biz hozir katta farq bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilyapmiz. Lekin bir narsani unutmaslik kerak, jamg'arilgan ochkolar ikkinchi bosqichda teng yarmiga bo'linadi. O'shanda jamoalar bir-biriga juda ham yaqinlashib oladi. Keyin bizda Evropa CHempionlar ligasining saralash bosqichida ishtirok etamiz. Qozog'iston Kubogi o'yinlarida qatnashamiz. Uchta musobaqada qatnashish har qanday kuchli klubga ham qo'shimcha muammolarni keltiradi. Mana kuni kecha kutilmaganda “Atirau” bilan o'z maydonimizda durang o'ynadik. SHu bois, hali xulosa chiqarishga juda erta. Lekin hozir bor etiborimizni ichki chempionatda imkon qadar ko'proq ochko to'plab olishga qaratyapmiz. SHunda ikkinchi bosqichda nisbatan engilroq bo'lishi mumkin.
- Jamoadoshingiz Aleksandr Geynrix bu yil asosiy tarkibda ko'p maydonga tushirilmayapti. Aytishlarishcha, u jamoadan ketishi ham mumkin ekan. Bu haqda nima deya olasiz?
- Matbuotda bu narsa noto'g'ri yozilgan. To'g'ri, boshida Sasha shamollab qoldi va buning natijasida bir nechta o'yinda maydonga tusha olmadi. Bu orada uning o'rnini egallagan boshqa hujumchi o'zini ko'rsatib, birin-ketin gollar kiritdi. Bunday holatda bosh murabbiy gol urib turgan hujumchiga ishonch bildirdi. Murabbiyni ham to'g'ri tushunish kerak. Geynrix hamisha raqobatga tayyor bo'lgan. SHunchaki, bu holatni Qozog'iston matbuoti biroz bo'rttirib yubordi va Geynrix o'ziga yangi jamoa izlayapti, qabilida xabarlar chop etdi.
- 29 may kuni Maksim SHackix, Viktor Karpenko va Ulug'bek Baqoev O'zbekiston milliy terma jamoasi bilan xayrlashishdi. Bu xabarni shaxsan siz eshitgan chog'ingizda qanday qabul qildingiz?
- Menimcha, bu har bir futbolchiga achinarli holat bo'lsa kerak. CHunki, sen futbol bilan, sevgan ishing bilan xayrlashyapsan. To'g'ri, bu uch nafar tajribali o'yinchimiz hali katta futbol bilan xayrlashgani yo'q. SHunchaki, milliy terma jamoadagi faoliyatlarini yakunlashyapti. Nachora, bu hayot, har bir narsa o'z vaqtida bo'lgani yaxshi. O'ylaymanki, ular hali uzoq yillar o'zbek futboli rivojiga xissa qo'shishadi. Balki murabbiy, balki futbol agenti bo'lishar?
- Maksim bilan juda ko'p o'yinlarda birga terma jamoada o'ynagansiz. Bu futbolchi haqida qanday fikrdasiz?
- Maksning shaxsiy hayotda qanday inson bo'lganini bilmayman. Ammo, o'sha terma jamoaga kelgan paytlari mashg'ulotda astoydil harakat qilardi. O'yinlarda ham o'z ishiga professional tarzda yondashgan. Muomala madaniyatiga ham gap yo'q. Hech qachon men yulduzman, deb o'zini katta olmagan. Hamma bilan birdek gaplashib ketavergan. Kievning “Dinamo” klubidagi o'zining gullagan davrida Evropaning qanday grand jamoalariga qarshi maydonga tushganining o'zi uning qanday saviyadagi futbolchi bo'lganidan darak beradi. Yigirma yoshida Evropa CHempionlar ligasida o'ynagan. Bu natijani o'zbek futbolchilaridan yaqin orada kim qayd eta oladi? Gol kiritgan jamoalarini ham bir yodga oling. SHackix saviyasidagi futbolchilar har doim ham tug'ilavermaydi.
- Baqoev bilan terma jamoada ham, Qozog'iston chempionatida ham birgasizlar. Ulug'bek haqidagi fikringiz qanday?
- Ulug'bek ham professionallik bobida SHackixdan qolishmaydi. Ham futbolchi, ham insoniylik jihatidan unga hurmatim baland. Baqoev bilan tez-tez gaplashib turamiz. U Qozog'istonda katta hurmatga sazovor. Bir necha bor Qozog'iston chempionati to'purari, yilning eng yaxshi futbolchisi sovrinlariga ega bo'lgan. Bu O'zbekiston futboli uchun katta yutuq.
- “Bunyodkor”da birga o'ynagan Viktor Karpenko haqida ham gapirmasangiz bo'lmaydi...
- Men Viktorni “Bunyodkor”dan oldin ham taniganman. Milliy terma jamoada u bilan uzoq yillardan beri o'ynab kelyapmiz. Karpenko o'z o'yinlari bilan hamisha yaxshi taassurot qoldirgan. Bu uchchala futbolchimiz ham faoliyatlari mobaynida katta hurmatga loyiq ish qilishgan va bu jarayon hamon davom etyapti. Hozirda o'z tajribalarini yoshlar bilan baham ko'rishmoqda. Fursatdan foydalanib, ularga sog'liq, shaxsiy hayotlarida omad yor bo'lishini tilayman. Afsuski, tur o'yinlarimiz bo'lgani sabab, ularning xayrlashuv o'yiniga bora olmadim.
- O'zbekiston milliy terma jamoasida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi hisoblanasiz. Do'stlaringiz terma jamoa bilan xayrlashishyapti. 109 ta uchrashuv hali so'nggisi bo'lmasa kerak?
- Terma jamoaga hali yordamim tegadigan bo'lsa, bor kuch va mahoratim, yuragim bilan o'ynashga tayyorman!
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar