So’nggi yangiliklar

13:57Аёллар Осиё Кубогига қуръа ташланмоқда: Ўзбекистон кимлар билан тушади?  0 13:40Мақсад U-23 Осиё кубогини ютишми ёки Олимпиадага чиқиш?   3 13:20Кичик Пеледан Марадона Жуниоргача: яшил майдонда омади чопмаган фарзандлар  0 12:55Ҳиндистон терма жамоаси CAFA мусобақасида Малайзия ўрнини эгаллайди  3 12:37Футбол фахрийси Гурам Дараселия вафот этди  2 12:32"Металлург" – сокинлик бағридаги юбилей  6 12:03Расман: "Бунёдкор" легионер ҳужумчи трансферини эълон қилди  2 11:45Муҳаммадали Усмонов: "Андижон" мухлисларининг бундай илиқ кутиб олиши бошқача қувонч ва хурсандчилик бағишлади"  1 11:22"Бу рассомни Ван Гог билан солиштиришга ўхшайди". Гвардиола Месси ва Ямаль ҳақида  4 10:54Санчо учинчи марта "Боруссия"га қайтиши мумкин  0 10:26"Пахтакор" ва "Бунёдкор" собиқ ҳужумчиси фаолиятини "Шўртан"да давом эттириши мумкин  7 09:55Жоау Феликснинг "Ал Насср"даги маоши маълум  1 09:28"Пахтакор" ҳимоячиси фаолиятини "Динамо" ёки "Сўғдиёна"да давом эттириши мумкин  3 09:01Абдуқодир Ҳусанов янги мавсумга тайёргарлик кўриш учун "Манчестер Сити" ихтиёрига қайтди  6 08:34"Сурхон" ва "Андижон" ўзаро футболчи алишишди. Шунингдек, "бургутлар" "шерлар"дан футболчи ижарага олади  2

Taniqli sharhlovchi Husan Temirov 60 yoshda! Yangiliklar

Taniqli sharhlovchi Husan Temirov 60 yoshda!

Sport muxlislari, ayniqsa, qashqadaryolik futbol ixlosmandlari Husan Temirovni juda yaxshi tanishadi.
Ovozi o'tkir, so'zlarni chertib-chertib gapiradigan futbol sharhlovchisi yodingizdami? “Ro'ziqul Berdiev to'pni oshirdi, lekin kimga?” yoki bo'lmasa “Maydon egalari “Nasaf”, ko'ylagi qizil rangda” kabi o'ziga xos gapirish ohangi bilan yodimizda qolgan Husan Temirov 7 noyabr kuni qutlug' 60 yoshini nishonladi.

Husan aka bilan tanishganimga 4-5 yilcha bo'lib qoldi. Adashmasam, bahor oylari edi. Ish yuzasidan Qarshiga borganimda hamkasbim Aziz Nuriy bilan (“Nasaf” futbol klubi matbuot kotibi) uning ishxonasiga bordik. Va shu bahonada o'sha erda Aziz meni Husan aka bilan tanishtirdi. Tashqi ko'rinishi salobatli, nigohi o'tkir, baquvvat bu kishi bilan ilk tanishuvim tahririyat binosida bo'lgandi. SHu-shu qachon “Nasaf” markaziy stadioniga bormay, albatta Husan Temirov bilan ko'rishmay qo'ymayman.

Husan Temirovni muxlislar asosan “Nasaf”, “Mashal”, “SHo'rtan” ishtirokidagi o'yinlarni sharhlagani orqali bilishadi. U kishi ayniqsa viloyat bosh jamoasi “Nasaf” o'yinlarini juda ko'p sharhlagan. O'zlari ham “Nasaf”ning ashaddiy muxlisi. Hatto “Mashal” bilan “SHo'rtan”ga ham “Nasaf”chalik muxlislik qilmaydi.

Husan Temirov bugungi kunda “Qishloq hayoti” gazetasining Qashqadaryo viloyati bo'yicha muxbiri lavozimida faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, “Nasaf” markaziy stadionining suxandoni ham hisoblanadi.

Husan Temirov 1970-74 yillarda hozirgi Qarshi davlat universitetida tahsil oldi. Talabalik davri ortda qolgach, harbiy xizmatga ketib, ikki yil davomida Farg'ona, Leninobod, Ashxobod shaharlarida xizmat qildi. Harbiy xizmatdan qaytgach, viloyat radiosida diktor bo'lib ishlay boshladi. Keyinchalik esa radioda bosh muharrir darajasiga ko'tarildi. Bundan tashqari, Husan aka 1994 yilning 16 iyunidan to 2007 yilning 9 fevraliga qadar viloyat teleradiokompaniyasining rahbari sifatida faoliyat yuritdi.

SHundan so'ng malum muddat Qarshidagi markaziy stadion direktori lavozimida ish olib borgach, 2007 yilning 1 iyunidan buyon “Qishloq hayoti” gazetasining viloyat muxbiri bo'lib ishlab kelmoqda.

Husan Temirov – futbolning ashaddiy ishqibozi. Bu borada o'zi shunday deydi: “Futbolga yoshligimdan beri qiziqaman. Maktabda o'qib yurgan kezlardayoq stadionga borib o'yinlardan reportaj tayyorlashga oshiqardim. Menda sharhlovchilikka qiziqish ustozimiz Axbor aka Imomxo'jaevning ovozlarini eshitgach uyg'ongan. Men Axbor aka bilan ilk bor 1980 yilda tanishganman. O'shanda u kishi Qarshiga bir o'yinni boshqarish uchun qanot hakami bo'lib kelgandilar. SHu-shu tanish bo'lib ketdik. Axbor Imomxo'jaevdan tashqari SHoabdulla Muhammadjonov, Azim Alimov va Qurbon Egamberdievni ham ustozlar o'rnida ko'raman”.

Husan Temirovning TVdagi ilk ishi 1995 yilga to'g'ri keldi. Yani, “Mashal”ning o'z maydonida “Navbahor”ga qarshi kechgan bahsini Husan aka televidenie orqali sharhlab bordi. “1987 yil “Paxtakor” Rossiyaning “SHinnik” klubi bilan o'ynagandi, - deb xotirlaydi taniqli sharhlovchi. – O'sha uchrashuvni Roman Turpishchev ikkalamiz radio orqali sharhlaganmiz. O'shanda Turpishchev menga “Ovozing yaxshi ekan, sharh paytida boshqa narsalarga chalg'ima, etiboringni faqat o'yinga qarat. Tinglovchi sendan o'yin haqidagi malumotlarni kutadi” deb maslahat bergandi”.

-   “Nasaf”ga muxlislik qilishingiz qay darajada? – deb so'rayman Husan akadan.

-   Juda yuqori. Men bu jamoa ishtirokidagi deyarli hech bir o'yinni o'tkazib yubormaganman. “Nasaf” – Qashqadaryo ahlining eng sevimli jamoasi hisoblanadi.
 
-   Malumki, sharhlovchi sharh paytida betaraf bo'lishi kerak. Bu sizga ortiqcha muammo keltirib chiqarmaganmi?
-   Men ham barcha hamkasblarim singari sharh paytida biror jamoaga yonbosmaslikka harakat qilganman. To'g'ri, o'zim bilmagan holda “Nasaf”ni ko'proq maqtab yuborgandirman. Lekin jamoa o'yinini imkon qadar obektiv sharhlardim.
 
-   TV orqali oxirgi marta qaysi o'yinlarni sharhladingiz?
-   2012 yilgi mavsumda “Nasaf” – “Neftchi” hamda “Mashal” – “Olmaliq” bahslarini sharhlab bordim.
 
-   Siz uchun sharhlovchilikning qiziq tomonlari nimada?
-   Eng muhimi, sharhlovchi maydonda yuz berayotgan voqealarni ekran qarshisida o'tirgan tomoshabinga his-hayajon bilan etkazib berishi lozim. Toki tomoshabin xuddi stadionda o'tirib o'yinni ko'rayotgandek bo'lsin. Bundan tashqari, sharhlovchi har doim muxlislar dardiga sherik bo'lishi, ularni tushunishi, ularning tashvishini o'ziniki deb bilishi lozim. Bunda futbolni yaxshi tushunish ham muhim rol o'ynaydi. Bazi hamkasblarim xafa bo'lishmasin-u, sharh paytida nuqul oddiy gaplarni qaytaraverishdan qochish kerak. Qolaversa, hadeb hakamning qarorlarini muhokama qilish ham sharhlovchining ishiga kirmaydi. Yani, sharh paytida hakamlarning ishiga baho berish bizning vazifamiz emas.
 
-   O'yinni yaxshi sharhlash uchun tildan unumli foydalanish zarur, to'g'rimi?
-   Albatta. SHarhlovchi ko'pchilikka tushunarli bo'lgan so'zlarni aytib o'yinni sharhlagani maqul. Masalan, “aut”, “ofsayd”, “rekoshet” kabi so'zlar ingliz tilidan kirib kelgan. SHunday ekan, hadeb bu so'zlarni qaytargandan ko'ra ularni o'zbekchalashtirib aytgan maqul emasmi? Men sizga aytsam, o'zbek tilining imkoniyatlari nihoyatda katta. 2007 yil xalq yozuvchimiz Tohir Malik Qarshiga kelganida men bilan ko'rishgan va samimiy ohangda “Sizning sharhlaringiz menga yoqadi, jaydari tilda gapirasiz, so'zlarni ishlatishingiz ham joyida” deb maqtab qo'ygandi. To'g'risi, ulug' adibdan bunday gaplarni eshitish kaminaga g'urur bag'ishlagandi.

-   Yaxshi sharhlovchi bo'lish uchun nimalarga etibor berish kerak?
-   Avvalo odam o'z kasbini sevishi lozim. Kasbga mehr qo'ymay turib yuksalish qiyin. SHarhlovchi so'z masuliyatini nihoyatda his qilishi, so'zdan unumli foydalanishi, adabiy tilni mukammal bilishi hamda futbol qoidalaridan boxabar bo'lishi shart. Bundan tashqari, bilmaganlarini so'rab o'rganish, yoshi kattalardan maslahat olish ziyon qilmaydi. Iloji boricha o'yinni futbol mutaxassislari bilan yonma yon o'tirgan holda sharhlab borish kerak.
 
-   SHu o'rinda shogirdlar haqida to'xtalsangiz.
-   Endi shogirdlar bor-u, lekin ularda ishtiyoq yo'q. Ko'pchiligi shunchaki havas bilan yuribdi. Qashqadaryolik sport jurnalistlari orasida Bahriddin Esonov yarq etib porladi-yu, keyinchalik ko'rinmay qoldi. Husniddin Ilyosov degan ukamiz futbolda bazi-bazida ko'rinib qoladi. SHuningdek, Aziz Nuriyda ham katta salohiyat bor bo'lib, undan kelajakda ajoyib sharhlovchi chiqishi mumkin edi. Ammo u “Nasaf” futbol klubida ishlashni maqul ko'rdi. Nima ham derdim, bu hayotda hamma o'z yo'lini o'zi belgilaydi.

-   Hozirgi sharhlovchilardan ko'proq kimlarni miriqib eshitasiz?
-   Birinchi navbatda Davron Fayzievni. SHarhni juda erkin olib boradi, kishida go'yoki tomoshabin bilan fikr almashayotgandek tasavvur uyg'onadi. Bundan tashqari, Komil Jumaevning ham sharhlashi joyida. SHarhlashda meyor bo'lishi kerak. Iloji boricha tomoshabinni zeriktirmasdan va eng asosiysi hech kimning jig'iga tegmasdan o'yinni sharhlash lozim. Bazi sharhlovchilarni ko'ryapmiz, qayoqdagi gaplar bilan tomoshabinning asabiga o'ynab o'tirishadi.

-   Husan aka, 60 yillik umrning katta qismini futbolga bag'ishlabsiz, to'g'rimi?
-   SHunday desam ham bo'ladi. 1972 yildan beri futbol ichidaman. Hisoblab chiqsak, 41 yillik hayotim futbolda o'tibdi.

-   Ayting-chi, “Nasaf” tarkibida to'p surganlardan kimlar sizda iliq taassurot qoldirgan?
-   Bunday o'yinchilar juda ko'p. Eng avvalo Zafar Xolmurodovni aytmasam bo'lmaydi. Futbol tili bilan aytganda, men uning fanati bo'lganman. O'z vaqtida Zafar juda kuchli hujumchi edi. Bosh bilan gol urishlarini aytmaysizmi. Xolmurodovning ko'plab gollarida Ro'ziqul Berdievning hissasi katta. Menga shuningdek, Vali Keldievning ham o'yinlari doim yoqqan. Uning ayniqsa yaqin masofadan jarima zarbalaridan qanday ustamonlik bilan foydalanishi hamon ko'z oldimdan ketmaydi.

-   Siz bilan futbolchilardan “Nasaf”ning ramziy jamoasiga kimlarni kiritgan bo'lardingiz?

-   Darvozaga shubhasiz Pyotr Gizimchukni qo'yardim. Maydondagi o'yinchilar sifatida esa Baxtyor Qambaraliev, SHuhrat Rahmonqulov, Murod Otajonov, Rustam Abdullaev, Vali Keldiev, Ro'ziqul Berdiev, Bahodir Annamatov, Nurali Sultonov, Asror Aliqulov, No'mon Hasanov, Zafar Xolmurodov, SHuhrat Toshpo'latov, Ilyos Qurbonov hamda Bahrom Haydarov kabilarni tanlagan bo'lardim.

-   “Nasaf”da hozir to'p surayotganlardan kimlarning o'yini yoqyapti?

-   Jamoa sardori Botir Qoraev, shuningdek, Artur Gevorkyan, SHohrux Gadoev, SHuhrat Muhammadiev, Eldor Suyunov va Azamat Allaniyozov.  

Husan Temirov suhbatimiz ancha uzoq davom etdi. To'g'risini aytsam, u kishi bilan gaplashib sira zerikmaysiz. Menga ayniqsa, Husan akaning sof o'zbek tilida gapirishi juda yoqadi. SHevaga xos so'zlardan iloji boricha kamroq foydalanishga harakat qiladi. SHubahsiz, u kishi jurnalistika bo'yicha katta tajriba sohibi. SHu o'rinda barcha futbol muxlislari hamda gazetxonlarimiz nomidan Husan Temirovni 60 yoshga kirgani bilan samimiy muborakbod etamiz hamda u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qolamiz.

Xayrulla XOLIQOV.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика