"Metallurg" – sokinlik bag'ridagi yubiley
29 iyu 12:32
Yangiliklar


"Metallurg" – sokinlik bag'ridagi yubiley
Bugun esa butunlay boshqa kayfiyatdagi maqolalar paydo bo'lmoqda. Bu bejiz emas, vaziyat o'zgardi — O'zbekiston ilk bor Jahon chempionati-2026 ishtirokchisi.
Mavzudan chetlashmaylik, shukrki, futbol yopilmadi, ammo faoliyat yuritib turgan bir o'rta klubni yopishga ulgurdik. Aniqrog'i, milliy chempionatdan tajribali va ko'p yillik tarixga ega bo'lgan jamoani chetlashtirishdi.
Bekobodning professional futbol klubi "Metallurg" – tarixga juda boy klub: 1945 yilda tashkil etilgan. 2025 yili esa klubning yubileyi bo'lishi kerak edi. Ajoyib, futbol klubi yubiley yoshida va O'zbekiston futbol yo'nalishida katta g'alabaga erishgan davrda tugatildi. Mana shunday: Bekobod klubi bilan jimjit vidolashuv yil oxirigacha davom etadi. Klub va uning muxlislari 80 yil mobaynida ko'p yutuqlarni va mag'lubiyatlarni ko'rdilar, afsuski, sakson yillikka bag'ishlangan tantanani ko'rmaymiz. Bayramdan mahrum bo'ldik.
Qiziq-da, klubni yopish haqidagi qarorni kim va qanday qabul qilgan ekan?! Keling, tasavvur qilaylik: katta va yorug' kabinetda ikki, uch, to'rt, besh nafar amaldor yig'ilib o'tiribdi, yonidagi yordamchilari esa tegishli hujjatlar to'plamini tayyorlashgan yoki bugungi urf bo'lgan "yo'l xaritasi"ni ijod qilishgan. Unda Superligamizda "Metallurg" kabi o'rtacha bir klubni bosqichma-bosqich yo'q qilishning "ijobiy" va "salbiy" taraflari obdan ko'rib chiqilgan.
Mutaxassislar klub yopilishini har bir jihatni hisobga olishgan, har bir oqibatini etibordan chetda qoldirishmagan. Amaldorlar hamma hujjatlarni va har bir insonning fikrini o'rganib chiqishgan, xulosalarni eshitishgan va nihoyat eng to'g'ri qaror chiqarishgan: "Bekobod shahridagi "Metallurg" PFKni yopish shahar aholisi hamda butun mintaqadagi futbol infratuzilmasi uchun manaviy va moddiy jabr etkazmaydi. Muxlislar ham, Bekobod ham bu yo'qotishni aslo sezmaydi".
Ayrim amaldorlar uchun klubni tugatish hamma muammolardan qutulish uchun mo'jizaviy echim bo'ldi. Tugatishni asoslash uchun foydalar ro'yxatini tegishli idoraga taqdim qilishgan (mazkur ro'yxatga bir nigoh tashlash orzum).
Hullas, kerakli qaror qabul qilindi, byurokratik mashina ishga tushdi-ketdi. Natijada bugun klub deyarli yo'q: "Armiya (Superliga) bir jangchini (klubni) yo'qotganini payqamadi".
Kinoyani bir chetga surib, "Metallurg"ni Superligadan tushib qolishiga olib kelgan qarorni hech qanday mantiqiy asosga ega bo'lmagan axmoqona qadam desa bo'ladi. Shuning uchun klubni yopishga jurat qilgan "qahramonlar"ga bir ko'z tashlagim keladi. Vaqt o'tdi, endi bu qarorning o'zbek futboli uchun qanchalik zararli ekaniga baho berish mumkin:
Birinchidan — moddiy zarar:
Bekoboddda sport infratuzilmasi deyarli yo'q. Ishonmasangiz, futbol maydonlarini borib ko'ring. Stadion, maydonlar, mashg'ulot bazasi va boshqa mulklar o'z asosiy vazifasini yo'qotmoqda. Doimiy foydalanilmaslik oqibatida ular eskirib, vayrona bo'lib boradi. Klub tugatilishidan oldin ko'plab obektlar tamirlanib, yangilanishga ulgurgan edi. Ularni tamirlash va saqlashga sarflangan mablag'lar endi o'zini oqlamaydi.
Ish o'rinlarining yo'qotilishi. Bekobod – iqtisodiy jihatdan inqiroz ahvolidagi shahar. Klubda ishlagan o'nlab mahalliy xodimlar ishsiz qolishdi. Axir, klub faqat futbolchilar va murabbiydan iborat emas. Oddatda professonal futbol klublarida 300-350 ishchi-xodimlar mehnat qiladi: murabbiylar, administratorlar, texnik xodimlar, xavfsizlik xizmati, stadionga xizmat ko'rsatuvchi xodimlar o'rni mahalliy aholi bilan to'ldiriladi. Hatto 100 nafar yangi ishsiz Bekobod iqtisodiyoti uchun juda og'ir yuk. Klubning yopilishi bu erdagi oilalar uchun daromadning yo'qolishi, natijada ish qidirib, shaharni tark etayotganlar ko'paymoqda.
Mahalliy kichik biznes uchun yo'qotish. Stadion atrofidagi savdo go'yo choyda erigan shakarday yo'qoldi, xususiy avtotashuvchilar stadionga yo'lni unutishdi. Futbol akademiyasiga qilingan investiciyalar, murabbiylarni o'qitish, musobaqalarda qatnashish — endi befoyda.
Ikkinchidan — manaviy zarar:
Shahar ramzining yo'qotilishi. "Metallurg" shunchaki sport klubi emas, balki Bekobodning madaniy va tarixiy o'zligining ajralmas qismi edi. Uni yopish mahalliy aholi uchun "shahar qalbi"ning bir qismini yo'qotish kabi qabul qilindi.
Yoshlarga urilgan zarba. Bekobod haqiqiy futbol hududi edi, bu erda hatto qizlar ham mohirona futbol o'ynay oladi. Klub yo'q bo'lib ketishi bilan mahalliy bolalarning "Metallurg"da o'ynash orzusi ham yo'qoldi, sportda o'sish uchun maqsad qolmadi, motivaciya yo'qoldi.
Ijtimoiy bo'shliq hosil bo'ldi. "Metallurg" o'yinlari kuni stadion va uning atrofi aholi uchun yig'ilish joyi, turli yosh va kasb egalari uchun birlashtiruvchi joy edi. Endi esa ommaning birgalikda dam olish va o'z jamoasi bilan faxrlanish imkoniyati yo'q.
Muxlislar uchun ruhiy zarba. Yillar davomida klubni qo'llab-quvvatlab kelgan sodiq muxlislari bor edi. Ular ko'p bo'lmasligi mumkin, lekin o'ta jonkuyarlar edi, hayotidagi eng yorqin lahzalarini aynan klub bilan bog'lashgandi. "Metallurg"ning yo'qolishi ularda xiyonat, ranjish va xo'rlik tuyg'ularini uyg'otmoqda.
Bir necha marta Bekobodda Prezident kelishi mumkin, degan mish-mishlar tarqaldi. Shahar aholisi umid bilan, davlat rahbari klubni kim yopgani bilan qiziqadi, deb kutgandi. Hozircha bu orzu amalga oshmadi. Muxlislar ishonuvchan xalq, endi yangi umid og'ushidalar: milliy futbol jamoamiz Jahon chempionatiga yo'llanma oldi. Balki g'alaba muxlislar orzusini ro'yobga chiqarar, "Metallurg" nomi o'chib ketmas, klub tiklanar...
Axir, "Metallurg"ni yopish oddiy bir futbol jamoasining yo'qolishi emas. Bu – viloyatdagi butun bir shaharning ijtimoiy, sport va iqtisodiy hayoti uchun katta inqiroz.
Yo'qolgan shahar "yuzi"ni tiklash, xalq ishonchini qaytarish va klub strukturasini qayta jonlantirish uchun ko'p yillar va jiddiy harakatlar kerak bo'ladi.
Shohida Nurmatova
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
Futbol Madaniy Xordiq, Zarar Nima qizigʻi bor ularni