Superligadagi eng "qaynoq" to'qnashuv - "Navbahor" - "Paxtakor"
27 iyu 2018 18:36
Yangiliklar
Superligadagi eng "qaynoq" to'qnashuv - "Navbahor" - "Paxtakor"
"Navbahor" haqida
Namanganliklar ayni paytda "kuchli-oltitalik"dan joy olishgan va chempionlik uchun kurashni davom ettirishmoqda. Jamoa hozircha o'tkazilgan 18 uchrashuvda 9 g'alaba, 4 durang va 5 mag'lubiyatga uchradi. To'plar nisbati 25-14.
Ilhom Mo'minjonov jamoasi hozircha "kuchli-oltitalik"da qolish masalasini rasman hal etgani yo'q. Yana to'rtta turdan keyin jamoalar ikkita guruhda ajratiladi. Garchi namanganliklar chempionlik uchun kurashadigan guruhda qolish masalasini hali rasman hal etishmagan bo'lsada, katta ehtimol bilan "Navbahor" aynan tepadagi oltitalikdagi o'rnini saqlab qoladi. SHu boisdan ham "Paxtakor" bilan bo'ladigan uchrashuv "Navbahor" uchun juda ahamiyatli sanaladi. Birinchi davradagi Toshkentda o'tgan bahsda namanganliklar imkoniyatni boy berishgandi. Bu safar esa o'sha mag'lubiyat alamini olish uchun ham katta ishtiyoq bilan maydonga tushishlariga shubha yo'q. Agarda "Navbahor" "kuchli-oltitalik"dagi o'rnini saqlab qoladigan bo'lsa, unda "Paxtakor"ga qarshi bo'lajak o'yin ular uchun o'z-o'zidan 6 ochkolik bahsga aylanadi.
"Navbahor" asosan kuchga tayangan futbol namoyish etadi. Jismonan ancha baquvvat futbolchilarga ega jamoa o'z uyida tajovuzkor futbol namoyish etishni xush ko'radi. Ilhom Mo'minjonov asosan 4-2-3-1 taktik sxemasini qo'llab kelmoqda. Ammo murabbiy hozircha jamoaning asosiy tarkibi borasida aniq bir to'xtamga kelgani yo'q. Mo'minjonov oxirgi o'yinlarda juda ko'plab rotaciyalarni amalga oshirmoqda. Ayniqsa himoya chizig'i va markazdagi futbolchilar tandemi ko'plab o'zgarayotgani jamoaning o'yinini bir tekisda davom etmayotganiga ham sabab bo'lishi mumkin. Hujum chizig'ida ham ayni paytda kim asosiy rolda ekanligini Mo'minjonovning o'zi ham bilmayapti. Gohida Azamat Allaniyazovga ishonch bildirilmoqda. Bazan zaxiradan tushib "sehrli tayoqcha" sifatida barchaga tanilgan Sardor Sulaymonov o'z o'rnini boshlang'ich tarkibdan topmoqda.
Birinchi davradagi transfer xato - Nenad Inyac o'rniga kelgan Darko Nikach ham hozircha faqat zaxira o'rindiqida o'tirish bilan band. Maydonga tushgan bahslarida esa legioner hujumchi iliq taassurot qoldirgani yo'q. Tarkib kuchli va ijrochilar borasida tanlov bo'lgani yaxshi. Ammo murabbiy rotaciyani bir maromda, kerakli paytda amalga oshira bilishi lozim. Mo'minjonovda vaziyatdan kelib chiqib rotaciyalarga qo'l urilmayapti, balki asosiy tarkib futbolchisini izlash barobarida ko'plab o'zgarishlarga qo'l urilmoqda. Bu esa bazan o'zini oqlasa, bazi o'yinlarda pand berib qolmoqda. Natijada esa barqarorlik kuzatilmayapti.
"Paxtakor" haqida
"Paxtakor" ayni paytda Superligadagi yaqqol etakchi, peshqadam jamoa. "SHerlar" nafaqat umumiy jadvalda, balki uy yoki mehmondagi o'yinlar bo'yicha ham qolgan raqobatchilaridan ancha ilgarilab ketishga ulgurishgan. Jamoa 18-turdan keyin 42 ochko jamg'argan holda peshqadamlikni mustahkamlab turibdi. To'plar nisbati ham aynan alo darajada: 30-9.
SHota Arveladze boshqaruvidagi "sherlar" "Bunyodkor" bilan birgalikda "kuchli-oltitalik"da qolish masalasini rasman hal etib bo'lishgan. "Navbahor"ni ham katta ehtimol bilan tepadagi oltitalikda qolishini inobatga oladigan bo'lsak, ertangi bahs "sherlar" uchun oltin ochkoli uchrashuvga aylanadi. Agarda Arveladze boshchiligidagi jamoa Namangandan ham 3 ochko olishni uddalasa, unda 22-turdan keyin vujudga keladigan chempion uchun kurashadigan guruhda yaqqol etakchiga aylanib oladi. SHu boisdan ham Namangandagi o'yin "Paxtakor" uchun ham qiymati yuqori bahs sanaladi.
"Paxtakor" ko'proq to'p bilan muomula qilishni xush ko'radigan jamoa. Kuchli pressingga asoslangan futbol namoyish etadigan jamoaning eng xavfli nuqtasi - standartlar. Arveladze jamoasi pozicion hujumlar tashkil etishda ham ancha dadil o'ynaydi. Superligada eng ko'p vaziyatlar yaratadigan jamoa ham "Paxtakor" bo'lib turibdi. SHota Arveladze o'yinni raqib jarima maydonchasi oldida o'tkazishni, o'z jarima maydonchasi imkon qadar uzoqroq o'ynashni yoqtiradi. Arveladzening "Paxtakor"dagi o'yin falsafasi aynan shunga qurilgan. Jamoa oxirgi o'yinlarda malum muddat to'pni raqibga berib qo'yib, jamoani o'ziga chorlashni va qarshi hujum taktikasidan ham maksimal foydalanishga intilayotganini kuzatish mumkin. "Paxtakor"da asosiy tarkib aniq. Bu borada SHota Arveladze o'zining aniq tasavvuriga ega. Zaxiradan qo'shiladigan Jasur Yaxshiboev esa ko'plab o'yinlarda jamoani qiyin palladan olib chiqib ketmoqda. Yaxshiboevni asosiy tarkibda o'ynagan o'yinlaridan ko'ra zaxiradan tushishi jamoaga ko'proq naf keltirmoqda. Arveladze esa bundan imkon qadar maksimum foydalanmoqda. SHuningdek, Jamshid Iskanderovning ham zaxiradan qo'shilishi hujum tashkil etishda Arveladzega qo'shimcha kreativlik taqdim etmoqda.
Arveladze asosan 4-2-3-1 taktik sxemasidan foydalanadi. SHuningdek, jamoa bazi o'yinlarda uchrashuv borishiga qarab bu taktik sxemani 4-4-2ga aylantirishi ham mumkin.
"Paxtakor"ning eng ustun tarafi - jismoniy holat. Jamoa ayni paytda Superligadagi eng yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega. SHu boisdan ham "Paxtakor" kerakli paytda o'yin oxirida ham tempni qo'shishiga guvoh bo'lamiz.
Superligadagi eng "qaynoq" to'qnashuv
Tan olish kerak, hozirgi kunda Superligadagi yangicha format tufayli hali chinakamiga principial va yuqori ahamiyatga ega o'yin guvohiga aylanganimiz yo'q. Ertaga Namanganda bo'ladigan uchrashuv bizga har jihatdan markaziy va juda keskin qarama-qarshilikka aylanadigan to'qnashuvni taqdim etib berishi mumkin.
Ko'pchilik kutayotgan kurash, keskinlik va shiddatli o'yinlarni katta ehtimol bilan 22-turdan keyin vujudga keladigan "A" va "B" guruhidagi o'yinlarda ko'rishimiz mumkin bo'ladi. Ammo Namangandagi o'yin o'sha o'yinlardan oldingi "avans"ga aylanishi kutilmoqda.
To'g'ri, Superliganing 19-tur doirasida yana bir qiziq to'qnashuv, markaziy bahs va derbi maqomidagi "Lokomotiv" - "Bunyodkor" o'yini kutmoqda. Ammo Namangandagi o'yinda kuzatiladigan anshlag, stadiondagi muhit va jamoalarning hozirgi holatidan kelib chiqsak, "Navbahor" - "Paxtakor" to'qnashuvi 29 iyul kuni bo'ladigan Toshkent derbisiga nisbatan qiziqarliroq ko'rinmoqda. "Lokomotiv" - "Bunyodkor" uchrashuvi esa afisha jihatdan jarangliroq yangraydi va eshitiladi.
Intriga bo'yicha esa "Navbahor" - "Paxtakor" uchrashuvi Toshkent derbisini ortga qoldirishga qodir. Asosiy faktor - ajiotaj. Aynan "Navbahor" - "Paxtakor" uchrashuvi atrofidagi ajiotaj kuchli. Katta ehtimol bilan ertaga Namangandagi stadion muxlislar bilan liq to'lishi mumkin. "Navbahor" klubi rahbariyati "Paxtakor" bilan o'yin oldidan ishqibozlarni o'ylab chiptalar narxini tushirgani ham bejizga emas. "Navbahor" "Paxtakor"ga qarshi o'yinda o'zining almashtirib bo'lmas 12-futbolchisiga qattiq ishonmoqda.
"Navbahor"ning gollari
"Navbahor" Superligada urgan to'plarining 16tasini o'yindan kiritgan. Standart vaziyatlaridan esa jamoa 8 marotaba unumli foydalangan. Bir marta "Navbahor"ga raqib futbolchi tomonidan urilgan avtogol foydaga xizmat qilgan.
O'tkazilgan 14ta goldan 3tasi standart vaziyatlaridan so'ng qo'yib yuborilgan. "Navbahor" raqiblari 10ta golni o'yindan urishga muvaffaq bo'lishgan. Bir bor esa avtogol namanganliklar zarariga ishlagan.
"Paxtakor"ning gollari
"Paxtakor" Superliga o'yinlarida 14 marotaba standart vaziyatlaridan samarali foydalangan. Jamoa 15ta golni esa o'yindan urishga muvaffaq bo'lgan. SHuningdek, bir marta raqib futbolchisi tomonidan qayd etilgan avtogol "Paxtakor" foydasiga ishlagan.
"Paxtakor" eng ko'p golni standart vaziyatlaridan o'tkazib yuborgan. "SHerlar"ning raqiblari 5 marotaba standart vaziyatlaridan keyin "Paxtakor"ga gol urishgan. O'yindan esa "Paxtakor" darvozasi 4 marotaba ishg'ol etildi.
"Navbahor" to'purarlari - Azizbek Turg'unboev (4), Azamat Allaniyazov (4), Sardor Sulaymonov (4)
"Paxtakor" to'purarlari - Tiago Bezerra (9), Ismael Gonsalvesh (9)
"Paxtakor" va "Navbahor"da o'ynagan futbolchilar: Davron Hoshimov, Botirali Ergashev, SHerzod Karimov, Azim Ahmedov, Oston Urunov, Ro'zimboy Ahmedov
Qiziq faktlar
* "Navbahor" ayni paytda o'z uyida eng kam gol o'tkazgan jamoa bo'lib turibdi - 2
* "Paxtakor" safarda eng ko'p gol urgan jamoa sanaladi - 13
* "Paxtakor" Superligada eng kam gol (9) qo'yib yuborgan va ko'p quruq (10) o'yin o'tkazgan jamoa
* Superliganing 19-turida o'z uyida mag'lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan jamoalar to'qnashadi: "Navbahor" - "Paxtakor"
* "Navbahor" Ilhom Mo'minjonov qo'l ostida Namanganda hali umuman mag'lubiyatga uchragani yo'q
SHahboz Beg'amov
Fikrlar