Superliga. Qishki transferlar (TOP 10)
26 fev 2022 15:07
Yangiliklar
Superliga. Qishki transferlar (TOP 10)
Jamoalar shu vaqtga qadar o'zlari uchun zarur bo'lgan futbolchilarni qo'shib olishdi. Saytimiz esa qishda amalga oshirilgan eng yaxshi transferlarning 10 taligini tuzishga qaror qildi.
1. Jamshid Iskanderov. "Seongnam" > "Navbahor"
Transferlar oynasida ommaning nigohini o'ziga qaratgan "Navbahor" safiga Jamshid Iskanderov ham kelib qo'shildi. Ortda qolgan ikki mavsumni Janubiy Koreyaning "Seongnam" jamoasida o'tkazgan yarim himoyachi bundan buyon Samvel Babayan qo'l ostida to'p tepadi. Yarim himoya chizig'ida Azim Ahmedov bilan birgalikda etakchilikni qo'lga olishi kutilayotgan futbolchidan mahalliy ishqibozlarning umidi katta. Zero aqlli va o'ylangan paslar, hujum chizig'i vakillarini to'p bilan taminlash qobiliyatiga ega Iskanderov ishonchlarni oqlashga harakat qilishi tabiiy.
2. Alisher Jalilov. "Istiqlol" > AGMK
Tarkibda ko'p yo'qotishlarga uchragan olmaliqliklar ketganlarning o'rnini munosib to'ldirishga urinishdi. To'g'ri, "Navbahor" singari ko'p xaridlar qila olmagandir, lekin kerakli va muhim futbolchilar bilan shartnoma imzoladi. Ulardan biri Tojikistonning "Istiqlol" jamoasi yarim himoyachisi Alisher Jalilov transferidir. Uning dushanbeliklar tarkibida nimalarga qodirligini mamlakatimiz klublariga qarshi kechgan o'yinlarda ko'rganmiz. Alisher Jalilov AGMKda ham shunday o'yin namoyish qila oladimi? Buni mavsum davomida bilib olishimiz mumkin.
3. Anzur Ismoilov. "Paxtakor" > AGMK
Bir necha mavsumdan beri markaziy himoya chizig'ida kamchiliklar kuzatilayotgan AGMK 2022 yilga kelib mazkur muammoga barham bergan ko'rinadi. Anzur Ismoilovdagi boy tajriba va malaka bunda katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Bosh murabbiy Mirjalol Qosimov mudofaa chizig'idagi kemtiklikni Ismoilov va Mishenko yordamida hal qilsa ajab emas.
4. Sardor Rashidov. "Kuvayt SK" > "Paxtakor"
2021 yilda "Paxtakor"da qisqa vaqt to'p tepib Quvayt chempionati vakili "Quvayt SK" jamoasiga yo'l olgan Sardor Rashidov qishki transferlar oynasida yana "sherlar" safiga qaytdi. To'g'ri jamoaning yarim himoyasida o'yinchilar yo'q emas. Deylik Xojimat Erkinov, Diyor Holmatov singari yosh ijrochilar topiladi. Ammo OCHLda ishtirok etadigan "Paxtakor" uchun tajribali va mahoratli futbolchi kerak edi. Rashidov bu borada ayni muddao.
5. Temurxo'ja Abduxoliqov. "Lokomotiv" > "Qizilqum"
"Qizilqum" yangi mavsum starti oldidan hujumchi Temurxo'ja Abduxoliqovni o'z futbolchisi sifatida tanishtirdi. Nomdor forvardda so'nggi mavsumlarda sermahsullik tushib borayotgandi. Balki jamoasini o'zgartirgani foydaga ishlar. Har holda u "Qizilqum"da yolg'iz emas, atrofida bir nechta sobiq "temiryo'lchilar" bor.
6. Ikrom Aliboev. "Tedjon" > "Paxtakor"
Yuqorida aytganimizdek, "Paxtakor" OCHLda xizmat qiladigan tajribali futbolchilarni olishi shart hisoblanardi. Rashidov bilan birgalikda Ikrom Aliboev "Paxtakor" yarim himoyasida yaxlitlik hosil qilishadi. Taxminimizcha ,Slavche Voyneski Dragan CHerandan hujumchi rolida foydalansa, Aliboev markazdan o'rin oladi. Bu borada taktik o'zgarishlarni ham qo'llash nisbatan osonroq kechadi. Aliboevdagi nostandart qarorlar, hujumga tez qo'shilish kabi xislatlar "sherlar"ga muhim pallada samara keltirishi mumkin.
7. Zoran Marushich. "Dinamo Tbilisi" > "Navbahor"
"Navbahor" va nihoyat hujumchiga yolchidi deb o'ylaymiz. O'tgan yili aynan forvard masalasida aziyat chekkan "lochinlar" legioner hujumchini jalb qildi. Gruziya chempionatining eng yaxshi hujumchisi Turkiyadagi yig'inlar chog'ida ham o'zini ko'rsata oldi. Zoran Marushich "Navbahor"ning hujumdagi muammolarining echimi bo'lib chiqsa ne ajab. Ko'ramiz va kuzatamiz.
8. Ivan Solovyov. "Navbahor" > "Nasaf"
Qarshining "Nasaf" jamoasi o'tgan yilgi tarkibni saqlab qolishga erishgani bois transferlarda faol bo'lgani yo'q. Ro'ziqul Berdiev bu masalada ehtiyotkor va aql bilan ish tutdi, deya olamiz. Jamoaga taklif etilgan rossiyalik yarim himoyachi Ivan Solovyov yarim himoyadagi raqobatni oshishiga xizmat qiladi.
9. Lutfulla To'raev. "Bunyodkor" > "Neftchi"
Ko'pchilik shu kungacha Lutfulla To'raevni yoshi katta, qariya deb atab keldi. Lekin uning maydonda qilayotgan ishi yosh futbolchilardan kam emas. O'yinni qo'lga olish, futbolchilarni ortidan ergashtirish, maydondagi "dispetcherlik" "Neftchi"ga qo'l keladi. Ilhom Mo'minjonov tomonidan amalga oshirilgan eng yaxshi transfer muammosiz Lutfulla To'raev bo'ldi.
10. Elguja Grigalashvili. "Qizilqum" > "Navbahor"
Elguja Grigalashvili bitta so'z bilan aytganda, maydondagi jangchi va kayfiyat o'yinchisi. "Navbahor"ga aynan shunday tipdagi o'yinchi etishmayotgandi. Samvel Babayan buni payqadi va gruziyalik futbolchini jamoaga chorladi. O'ylaymizki, Grigalashvili namanganliklar uchun foydali transfer.
Bular shunchaki mavsumoldi yuritilgan mulohazalar. Birinchi davra yakunida yana bu borada xulosalarimizni taqdim qilamiz.
Fikrlar