So’nggi yangiliklar

12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  2 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  1 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  5 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  2 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  4 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  5 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  16

SHahboz Erkinov: "CHala agentlar ko'payib ketgan, ehtiyot bo'lish kerak" Yangiliklar

SHahboz Erkinov: "CHala agentlar ko'payib ketgan, ehtiyot bo'lish kerak"

O'tgan yilgi mavsumni 8-o'rinda yakunlagan Namanganning “Navbahor” jamoasida jiddiy o'zgarishlar bo'lishi kutilyapti.

Yangi yil bayrami oldidan yig'ilish o'tkazilib, unda klub boshqaruv organida o'zgarish ro'y berganligi malum qilindi. Namangan viloyat hokimining 29 dekabrdagi Farmoyishiga asosan klub prezidenti sifatida faoliyat olib borgan T.Dadabaev, vice-prezident vazifasini bajargan R.Nizambaev va jamoa bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o'z vazifalaridan ozod etilishdi. Klub prezidenti vazifasi Namangan shahar hokimi B.Bekxo'jaev zimmasiga yuklatilgan bo'lsa vice-prezidentlik vazifasini O.Qosimov bajaradi. Rashid G'ofurov “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Yig'ilishda klub xodimlari, murabbiylar, xizmat qiluvchi xodimlar va asosiy va yoshlar tarkibi futbolchilariga klubda faoliyat olib boradigan yangi rahbariyat tarkibi tanishtirildi. Tadbir davomida kelgusida jamoa asosini mahalliy futbolchilardan tashkil etishga etibor qaratilishi ham aytib o'tildi. Biz mavsum yakunlari bo'yicha “Navbahor”ning etakchi hujumchisi SHahboz Erkinovdan intervyu oldik.

- SHahboz, yakuniga etgan mavsumda “Navbahor” sharafini himoya qildingiz. Jamoangiz uchun mavsum qanday keldi? Klub rahbariyati bilan birgalikda jamoa ishtirokini muhokama qildinglarmi?
- Mavsum “Navbahor” uchun og'ir keldi. Ayniqsa, chempionat starti juda yomon bo'ldi, haddan ziyod ko'p ochko yo'kotdik. O'sha boy berilgan ochkolar mavsum so'nggida bizga qimmatga tushdi. Yakunda o'zimizga yarashmagan va mos bo'lmagan 8-o'rin bilan kifoyalandik. Klub rahbarlarini esa oxirgi ikki oydan beri umuman ko'rganimiz yo'q.

- Jamoaning qoniqarsiz ishtirokiga asosiy omil moliyaviy muammaolarmi?
- Asosiy sabablardan bittasi deb o'ylayman. 


- Omadsizlikning yana qanday sabablari bor? Menimcha, tarkib yomon emasdi...
- CHempionat boshidigi ikkita turda Baxtiyor Ashurmatovning yo'qligi juda ham bilindi. Mavsumni bosh murabbiysiz boshlash... bilmadim, buni qanday tushunish va tushuntirish kerak. Keyinchalik o'sha yo'qotilgan ochkolarni yig'ib olishimiz uchun ancha vaqt ketdi. “Andijon” jamoasi bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda ham bosh murabbiyning yo'qligi sezilib qoldi. Baxtiyor akaning yo'qliklarini bildirmaymiz, deb o'ylagandik. Xato fikrlagan ekanmiz. Ashurmatov futbolchilarni qanday ruhlantirish kerak ekanligini juda yaxshi biladilar. Balki, futbolni yaqinda tugatganliklari uchunmi, futbolchilar bilan qanday gaplashish, ularning ko'ngliga qay tarzda yo'l topishga juda ham ustalar. Qolaversa, o'zlari futbolchilik paytlarida to'p tepgan klublarida etakchi rolida bo'lganliklari ham shu murabbiylik faoliyatlarida sezilib turadi. Davralar oralig'idagi tanaffus chog'ida ikkinchi davraga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik. Dastlabki uchta o'yinda 7 ochko jamg'ardik. Ketma-ket ikkita safar uchrashuvida ijobiy natija qayd etdik. Ammo keyin jamoada moliyaviy muammolar boshlandi. Bu esa o'yinimiz va tabiiyki, natijaga salbiy jihatdan tasir o'tkazdi. Muvaffaqiyatsizlikning yana bir sababi – bu tarkib. Murabbiylarda birinchi davrada tarkib tanlash imkoniyatlari keng edi. Ikkinchi davrada esa jamoani bir necha etakchi futbolchilar tark etishdi. Ularning o'rinlari yangilar bilan to'ldirilmadi. Buning natijasida tarkib masalasida muammolar yuzaga keldi.

- “Navbahor” jamoasi hamisha o'z muxlislari bilan maqtanib kelgan. Stadionga muxlislarning tashrifi nisbatan yaxshi bo'lsada, lekin shunga yarasha futbol ko'rishmayapti. Sizningcha, klub tizimida ishlayotgan mutaxassislar o'z vazifalariga sidqidildan yondashishyaptimi?
- Sizning savolingizdan keyin faoliyatimga bir nazar tashlab oldim. O'n bir yildan beri oliy ligada o'ynayotgan ekanman. Ana shu davr mobaynida 4-5 marotaba jamoa almashtirdim. Men to'p tepgan klublar orasida eng ko'p muxlisi bor jamoa bu aynan “Navbahor” ekan. Jamoa yaxshi o'ynab tursa, muxlislar soni keskin oshib ketadi. Bu manzaraga men faqat Namanganda guvoh bo'ldim. G'alaba qozongan o'yinlarimizda mehmonxonaga kelib, eshik tagida karnay-surnaylar bilan kutib olishardi. Mashg'ulotlarimizga kelayotgan muxlislarni ayrim etakchi jamoalarimiz rasmiy o'yinlarida ham to'play olishmaydi. Bunday fidoiy muxlislar uchun bunday yomon natija uyat. Lekin besh qo'l barobar bo'lmaydi. Ayrim muxlislar bilan jiddiy gap talashib qolgan paytlar bo'lgan. Hammaga birdek yoqavermas ekansiz. Ammo keyinchalik ular bilan gaplashib, bir-birimizni tushunib ketganmiz. Fursatdan foydalanib, kimnidir ko'nglini og'ritib qo'ygan bo'lsam, uzr so'rayman. Endi klubning tizimida ishlayotgan mutaxassislar haqida ko'p malumotga ega emasman. CHunki, jamoaning o'z bazasi bo'lmagandan keyin klub tizimida mehnat qilayotgan mutaxassislar, rahbarlar bilan uchrasha olmas ekansiz. O'yindan oldin va keyin mehmonxonada yashaymiz. Murabbiylar shtabidan tashqari deyarli boshqa hech kimni ko'rmaymiz. Futbol maktabi faoliyati qanday yo'lga qo'yilgan, u erda kimlar ishlayapti, buni ham bilmayman. Bazida yosh futbolchilarning mashg'ulotlari bizniki bilan bir vaqtda boshlanardi. O'shanda bir guruh yoshlarni ko'rardim. Har qanday holatda ham klub tizimida mehnati qilayotgan mutaxassislar bundan ham yaxshi ishlashlari mumkin edi. Bir voqea esimga tushib ketdi, o'tgan yili “Olmaliq”qa qarshi kechgan o'yinda Gennadiy Denisov va Igor SHkvirin bilan uchrashuvdan oldin biroz suhbatlashib qoldik. O'shanda bu ikki mashhur murabbiyimiz “Navbahor” stadioni va u erda yaratilgan sharoitlardan hayratda ekanliklarini yashirishmagandi. Denisov o'zi “Navbahor”da o'ynagan paytdagi onlarni aytib berdi. Stadion muxlislar bilan liq to'lishi, klub rahbariyatining o'z ishiga professional tarzdagi munosabati haqida juda iliq fikrlarni aytdi. Endi o'sha payt bilan hozirgisi o'rtasida juda katta tafovut bor.   

- Har bir inson o'zi uchun o'tgan yilni sarhisob qilib, xulosa chiqaradi. Bu yilgi o'yinlaringizga o'zingiz chetdan muxlis sifatida kuzatib, qanday baho berdingiz?
- Ko'nglim yuz foizga to'lmadi. Imkoniyatlarimni to'laligicha namoyon eta olmadim. O'zim tabiatan maksimalistman. Otam shunday tarbiya berganlar. O'zlari ham futbolchi bo'lganliklari uchun hamisha bizdan shuni talab qiladilar. Har bir ishimizga tanqid ko'zi bilan qarashga o'rgatganlar. SHuni aniq bilamanki, men hozirgi holatimdan ham yaxshiroq o'ynashim mumkin. Bu yilgi mavsumda kiritgan gollarim sonini bundan ham oshira olishimni bilaman. Yangi mavsumda yanada ko'proq gol kiritib, o'zimni ko'rsatishga harakat qilaman. Endi baribir sizning o'yinlaringizga mutaxassislarning baho bergani maqulroq. Men o'zim haqida gapirishni yoqtirmayman. SHunday bo'lsada, savolingizga javob berishga harakat qildim.

- Otangiz ilk muxlisingiz va shu bilan birga birinchi tanqidchi hamda tahlilchingiz bo'lsalar kerak? Bu yilgi o'yinlaringiz haqida nima dedilar, gaplashdingizmi?   
- Otam nafaqat ilk muxlisim, balki birinchi murabbiyim hisoblanadilar. Ham hayotda, ham futbolda otamga o'xshashga harakat qilganman. Ularning futbolchilik faoliyatlariga hurmat bilan qarayman. Siz aytgandek, ular mening birinchi muxlisim va tanqidchimlar. Har bir uchrashuvdan so'ng o'yinimni tahlil qilib beradilar. Qaerda xatolikka yo'l qo'ydim, qaysi vaziyatda noto'g'ri harakat qildim, hamma-hammasini aytadilar. Nafaqat aytadilar, balki keyinchalik bu xatolarni takrorlamaslik uchun nimalarga etibor berishimni ham uqtiradilar. Malum sabablarga o'yinimni ko'ra olmasalar, o'sha uchrashuv yozilgan diskni olib kelib bermaganumcha tinch qo'ymaydilar. Bu yilgi o'yinlarimdan xulosa qilib, ko'ngillari to'lmaganini aytdilar. Senga bu yilgi mavsum saboq bo'lsin, kelasi yili bu xatolarni takrorlamagin, deb biroz dakki ham berdilar. Keyin shaxsiy fikrimni ham so'raydilar. Bir so'z bilan aytganda, ota-bola o'rtasida hamisha muhokama, munozara va tahlil bo'lib kelgan.   


- Mavsum avvalida har bir futbolchi o'z oldiga maksimal darajadagi vazifalarni qo'yadi. Hujumchi ekanligingizdan kelib chiqib aytsak, shaxsan siz yil boshida shuncha gol ursam yaxshi bo'lardi, degan bir maqsad qo'yganmidingiz?
- Albatta, har bir mavsum boshlanishida o'z oldimga malum bir maqsadlarni qo'yaman. 2014 yilgi mavsum oliy ligasida 14ta gol urgandim. SHundan kelib chiqib, 2015 yili kamida raqib jamoalar darvozasini kamida 15 marotaba ishg'ol qilsam, yaxshi bo'lardi deb o'z oldimga vazifa qo'ygandim. Ikkinchi davrani ko'tarinki kayfiyatda boshlaganimzda, ha, bu yil o'z oldimga qo'ygan vazifamni ortig'i bilan ado etaman, kamida 20ta gol kiritaman, deya o'ylay boshladim. Lekin “Andijon”, “Lokomotiv” klublariga qarshi kechgan uchrashuvlarda o'yinim umuman qovushmadi. Har ikkala o'yinda ham kamida 2-3ta gol kiritshim kerak edi. Omadim kelmadimi, hujumchilarga xos sovuqqonlik etishmadi yoki aql bilan ish tuta olmadimmi, bilmadim, mana shu ikki uchrashuvda juda yomon harakat qildim. Keyin hayolingiz joyida bo'lmasa ham o'yiningiz qovushmaydi. Jamoadagi moliyviy qiyinchiliklar, bir necha oy mobaynida maoshsiz o'ynash, bu narsalar istaysizmi-yo'qmi, baribir kishiga salbiy tomondan tasir o'tkazar ekan. Bu narsa faqat menda emas, boshqa futbolchilarda ham kuzatildi. Hech narsani o'ylamasdan maydonga tushsangiz, natija ham shunga monand bo'ladi. Afsuski, bizda shunday kayfiyat bo'lmadi. Mavsum yakunlanib borgani sari futbolchilarimizdagi bosim kuchayib ketaverdi.

- “Navbahor” jamoasi bilan shartnomangiz yakunlandimi?
- Ha, shartnomam yakuniga etdi.

- Klub rahbariyatining futbolchilardan qancha qarshi bor? Rahbariyat bilan gaplashdinglarmi? Nima deyishyapti?
- Yaxshigina qarzi bor. Bu juda katta summa. Besh-olti oydan beri harakat qilishyapti. Bilmadim, chempionat yakunlandi, endi bu harakatlardan foyda bo'lmasa ham kerak. O'zi gaplashadigan birgina Baxtiyor Ashurmatov bor edi. Ular ham istefoga chiqdilar. Jamoa boshlig'i G'anisher Ismoilov yugur-yugur qilib, biz uchun ancha harakat qildilar. SHunda ham maoshlarga emas, mehmonxona, eb-ichish, transport harajatlariga pul topish uchun elib yugurdilar. Qolgan rahbarlarni yuqorida aytganimdek, oxirgi ikki oydan beri ko'rmadik. Klub rahbariyati butunlay o'zgarar ekan. Avval ishlaganlarning hammasi istefoga chiqibdi. Endi kimga murojaat qilishingizni ham bilmaymiz.   

- Asosiy tarkib futbolchilari ham Baxtiyor Ashurmatovdan keyin jamoani tark etdimi?
- Bilishimcha, birgina Azim Ahmedov jamoadan rasman ketdi. U “Paxtakor” bilan shartnoma imzoladi. Qolgan barcha futbolchilar, shartnomasi yakuniga etganlari ham hali jamoadan ketgani yo'q. Jamoaning futbolchilardan yarim yillik qarzi bor. Hozir shunaqa holatga tushib qolinganki, qandaydir bir qaror chiqarishni ham bilmaysiz. Hamma o'zi uchun javob bergani maqul. Olti oylik maoshlar qancha bo'lishini tasavvur qilyapsizmi?

- O'zingizning rejalaringiz qanday?
- Hozircha hech qanday reja yo'q. 5 yanvar kuni ko'p narsaga oydinlik kiritiladi. Ungacha dam olish bilan band bo'laman.

- Takliflar bormi?
- SHukrki, takliflar etarli. Hozir jamoalarni sanab ketsam, o'sha klublarga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo'laman. Bir haftada hammasi hal bo'ladi.

- Mavsumni horij klublarining birida boshlashingiz mumkinmi?
- Aniq bir narsa deya olmayman. So'nggi paytlarda chala agentlar ko'payib ketdi. Tanimagan odamlaringiz kimdandir telefon raqamingizni topib, takliflar bo'layotganini aytib qo'ng'iroq qilishadi. Ochig'i, so'nggi 2-3 yildan beri bu narsaga ko'nikib ham qoldim. Osmondan tushgandek, hamma o'zicha agent. SHaxsan o'zimga hech bir horij jamoasidan taklif tushgani yo'q. Lekin taklif tushsa, bundan xursand bo'lardim. O'shanda ham saviyasi yuqoriroq bo'lgan chempionatdan bo'lsa.

- Terma jamoamiz hujum chizig'ida o'ziga yarasha kichik muammolar borligini inobatga olsak, sizda bosh jamoadan chaqiruv olish imkoniyati hali bor. Buning uchun etakchi klublar safiga qo'shilishingiz yoki to'purarlik mahoratini namoyish etishingiz kerak. Bu masala ham kun tartibingizdami?
- Albatta. Ayniqsa, so'nggi ikki yildan beri milliy terma jamoadan chaqiruv qog'ozi olish uchun astoydil harakat qilyapman. Har bir futbolchining orzusi terma jamoada o'ynash. Bugungi kunda oldimga turgan eng katta orzuim ham shu. Nasib qilsa, o'z niyatimga etaman, deb o'ylayman. Sog'liq joyida bo'lib, mavsumni jarohatsiz o'tkazsam, bu orzuim ro'yobga chiqishiga ishonaman. Ochig'i, hozirgi terma jamoamizning o'yinlarini mazza qilib ko'ryapman. Ikkinchi bosqich o'yinlarini yuqori saviyada o'tkazishyapti. Keyingi bosqichda oson bo'lmasligi aniq. 


- Mavsum yakunlari bo'yicha SHahboz Erkinovning ramziy terma jamoasidan qaysi 11 nafar futbolchi joy olishi mumkin edi?
- Odamni o'ylantirib qo'ydingiz. Hozir tezda gazetalarga ko'z yugurtirib chiqdim. Ramziy terma jamoam 4-4-2 ko'rinishida bo'lishini xohlardim. Tarkibni ham shunga monand tarzda tuzib chiqdim. Darvozabon masalasida ko'p o'ylamadim – Eldor Suyunov. O'ng qanot himoyasiga ikkita variantim bor – Akmal SHorahmedov va SHuhrat Muhammadiev. Ko'proq bu tarkibda Akmalning bo'lishini xohladim. Markaziy himoyachilarda ko'p o'ylab o'tirmadim – Nemanya Yanichich va Egor Krimec. “Lokomotiv” va “Paxtakor” jamoalariga qarshi kechgan uchrashuvlarda aynan shu ikki himoyachi menga katta tashvish tug'dirishdi. CHap qanot himoyasiga “Dinamo” klubi azosi Avaz Agaleevni qo'yishni lozim deb topdim. Bu himoyachi jamoasining hujumlarini tashkil etishda ham juda faol o'ynadi. O'ng qanot yarim himoyasiga “Olmaliq”ning turkmanistonlik legioneri Arslonmurod Omonov, o'rtada Azim Ahmedov va Kaxi Maxaradze, chap qanotga katta Jasur Hasanovni tanladim. Hujum chizig'i vakillari tanlovida o'ylab ham o'tirmayman – Igor Sergeev va Bahriddin Vahobov. Bu ikki hujumchi o'z to'purarlik mahoratlarini namoyish etishdi. Ramziy terma jamoamning zaxira o'rindig'idan Sanjar SHoahmedov, SHavkat Salomov va Zafar To'raevlarga joy ajratardim. To'g'ri, bu uchchala futbolchi deyarli bir xil poziciyada o'ynashadi. Lekin ularni asosiy tarkibda ham ko'rishni juda ham istagandim. Lekin asosiy tarkib 11 nafar futbolchidan iborat bo'ladi. Terma jamoa bosh murabbiyi masalasida ham yakdil qaror – Samvel Babayan. Samvel Vyacheslavlovich ham klubda, ham milliy terma jamoada qanday murabbiy ekanligini isbotlab qo'ydi. “Paxtakor” chempion bo'ldi, terma jamoamiz u boshchiligida o'tkazgan 5ta o'yinning barchasida g'alaba qozondi. To'g'ri, ayrimlar terma jamoamizning hozirgi raqiblar kuchsiz, uning salohiyatini hal qiluvchi bosqichdagi o'yinlarda ko'ramiz, deyishyapti. Ammo, shunisi aniqki, Babayan terma jamoadagi muhit va o'yinni ijobiy tomonga o'zgartira oldi. Buni hech kim inkor eta olmaydi.

- Sizningcha, “Oltin to'p”ni kim oladi?
- Menimcha, Messi olsa kerak. Neymar so'rovda ikkinchi, Ronaldu uchinchi bo'ladi. Messi yo'qligida “Barselona”ni o'z ortidan ergashtira oldi.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика