Sardor Rashidov: "Eron terma jamoasi faqat Azmundan iborat emas"
12 iyu 2017 09:40
Yangiliklar
Sardor Rashidov: "Eron terma jamoasi faqat Azmundan iborat emas"
Ayni payt klubsiz qolgan yarim himoyachi hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqada raqib darvozasini chiroyli tarzda ishg'ol qilgandi.
- Sardor, bugun ikki xil bo'limga guvoh bo'ldik. Buning sababi nimada?
- Unutmaslik kerakki, uchrashuv o'rtoqlik maqomida edi. SHu sababli ham maydonga aralash tarkib tushirildi. Asosiy maqsad shu o'yin orqali Eronga qarshi kechadigan muhim bahsga tayyorgarlik ko'rish edi. Murabbiylarning o'ziga yarasha rejalari ham bo'lib, o'yin davomida ularni sinovdan o'tkazishdi. Ikkinchi bo'limda zaxiradan o'yinga qo'shilgan futbolchilar hujumlarimizning yanada keskin tus olishini taminlashdi. Muhimi, yakunda ishonchli g'alabani qo'lga kiritdik.
- Zaxiradan maydonga tushayotganingizda murabbiy sizga qanday ko'rsatma berdi?
- Hujumlarni yanada keskinlashtirishimiz kerakligini aytdi. Ayniqsa, qanotlardan uyushtirilayotgan hujumlarni yakunlashda aniqroq harakat qilishimiz lozimligini uqtirdi.
- Darvozani ishg'ol qilgan vaziyatda uzoqdan zarba berib tavakkal qildingizmi yoki raqib posbonining biroz oldinga chiqib ketganini ko'rdingizmi?
- Har ikkisi ham. Aslida, avval ham bir-ikki marta uzoqdan darvozani ishg'ol qilishga urinib ko'rgandim. Lekin ikkala vaziyatda ham buni uddalay olmagandim. Uchinchi urinishda niyatimga etdim. Murabbiydan uzoqdan zarbalar berish haqida ham ko'rsatma olgandik.
- Oldinda Eronga qarshi muhim uchrashuv kutib turibdi. Nazariy mashg'ulotlarda raqib jamoani o'rganyapsizlarmi?
- Tehrondagi o'yin biz uchun ushbu saralash bosqichidagi eng muhim uchrashuv bo'lishini taxmin qilish qiyin emas. SHunga yarasha bo'lajak bahsga tayyorgarlik ko'ryapmiz. Raqib juda kuchli, buni barchamiz to'g'ri tushunib turibmiz. Lekin ijobiy natijaga umid yo'q emas.
- Eronning CHernogoriyaga qarshi o'tkazgan o'rtoqlik uchrashuvini ko'rib, tahlil qildinglarmi?
- Yo'q. O'yinning hisobini eshitdik. Lekin hali uchrashuvni to'laligicha ko'rib chiqmadik. Bu jarayon ertadan boshlansa kerak. Qolaversa, Eronning saralash bosqichida o'tkazgan boshqa o'yinlari tushirilgan disklar ham bor. 12 iyungacha raqibni o'rganishda davom etamiz.
- Bugungi kunda Sardor Azmun Eron terma jamoasining eng xavfli futbolchisi bo'lib turibdi...
- Bu fikrga qo'shilaman. Ushbu futbolchi yarimta vaziyatdan ham foydalanib qolishga urinadi. CHernogoriya bilan o'yinda buni isbotladi. Ammo Eron terma jamoasi faqat Azmundan iborat emas. Qolgan futbolchilari ham mahoratli va istalgan vaziyatda portlashi mumkin. SHunday ekan, biz faqat bir o'yinchiga emas, butun boshli Eron termasiga qarshi kechadigan o'yinga hozirlik ko'ramiz.
- Eronliklar ushbu saralash bosqichida hali o'z darvozalaridan gol o'tkazib yuborishgani yo'q. Biz g'alaba haqida o'ylayapmiz. Lekin buning uchun raqib darvozasini ishg'ol qilishimiz shart. Bu borada qanday fikrdasiz?
- Rekordlar abadiy emas. Bir kun kelib ular ham barham topadi. O'ylaymanki, Eronning o'zi uchun yoqimli bo'lgan ana shu ananasiga biz chek qo'yamiz. Bunga ko'p vaqt qolmadi.
- Eronni nimaning hisobiga mag'lub etish mumkin?
- Bu jamoa himoyada o'ta tartibli futbol namoyish etadi. Tayanch yarim himoya chizig'ida o'ynaydigan futbolchilari himoyachilarga yordam berib turadi. Keskin va tezkor hujumlar evaziga har qanday mustahkam himoyani ham parokanda qilish mumkin. Hujumlar xilma-xil bo'lishi lozim. Raqib imkon qa-dar qaysi futbolchidan xavf kutishini bila olmasligi kerak.
- Ozodi stadionidagi muhitni faqat shu maydonda o'ynaganlar biladi. Siz ham o'z vaqtida Osiyoning eng katta stadionlaridan birida to'p surgansiz. Mazkur arenadagi muhit va maydondagi holatni tasvirlab bera olasizmi?
- Bir tomondan 100 000 tomoshabin qarshisida to'p surish maroqli. Lekin boshqa tomondan uncha-muncha futbolchining oyog'i qaltirab qoladi. Bunyodkor safida o'ynab yurgan kezlarim bu stadionda o'ynash baxti menga ham nasib etgandi. O'shanda OCHL doirasidagi uchrashuvda maydonga tushgandim. Ammo o'z oldiga yuksak vazifalarni qo'ygan jamoaga bu omillar xalal bermasligi kerak.
- Mabodo, Eronga qarshi o'yinda durangga erishsak, bu biz uchun ijobiy natija sifatida qabul qilinadimi?
- Ochko yo'qotishga haqqimiz yo'q. Biz Tehronga faqat g'alaba ilinjida boramiz. JCH-2014 saralash bosqichida Eronni mehmonda mag'lub etishning uddasidan chiqqandik. Bu ishni yana bir marta amalga oshirishga urinib ko'ramiz.
- Yangi mavsumni qaysi jamoa safida boshlashingiz malum bo'ldimi?
- Hozircha yo'q. Eronga qarshi kechadigan uchrashuvdan so'ng bu masalaga oydinlik kiritib olaman. Meni o'z safida ko'rish istagida bo'lgan klublar etarli. Ular orasidan eng maqbulini tanlayman.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar