

E'tiborlisi, jamoalar o'zaro kelishuvga asosan bir kunning o'zida ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishga qaror qilishdi.
Dastlab har ikki terma jamoa o'rtasidagi FIFA kunlari doirasidagi asosiy xalqaro o'rtoqlik o'yini bo'lib o'tadi. Mazkur bahs Nyu-Yorkdagi "Icahn Stadium" o'yingohida Toshkent vaqti bilan tungi soat 23:45 da start oladi.
Asosiy uchrashuv yakunlangach, jamoalar 35 daqiqadan iborat ikki bo'lim (jami 70 daqiqa) davom etadigan yana bir norasmiy nazorat o'yinini o'tkazishadi. Ikkinchi bellashuv translyatsiya qilinmaydi.
Manbalarga ko'ra, bunday noodatiy formatdagi qo'shimcha o'yinni o'tkazish tashabbusi dastlab Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ronald Kuman tomonidan bildirilgan va bu g'oya vakillarimiz ustozi Fabio Kannavaro tomonidan ham to'liq maqullangan.
Bundan ko'zlangan asosiy maqsad – yaqinlashib kelayotgan mundial oldidan yakuniy qaydnomaga kiritilgan barcha 26 nafar futbolchining har biriga maydonda etarlicha o'yin amaliyoti berish, ularning jismoniy holatini to'liq sinovdan o'tkazish hamda yangi taktik sxemalarni sinab ko'rishdir. Shu tariqa, hech bir o'yinchi so'nggi tayyorgarlik jarayonida maydondan chetda qolmaydi.
Eslatib o'tamiz, mazkur to'qnashuvlar O'zbekiston milliy terma jamoasi uchun tarixdagi ilk Jahon chempionati boshlanishidan oldingi so'nggi va eng jiddiy tayyorgarlik vazifasini o'tab beradi.



