So’nggi yangiliklar

13:33Перес: "Тони Кроосга ўхшашини топиш жуда қийин"  0 12:42Пулишич: "Чемпионлар Лигаси биз учун доим энг муҳим мусобақалардан бири бўлиб қолаверади"  0 11:59"Манчестер Сити" учун АПЛ кейинги ҳафта тугайди, агар..."  10 11:35Луис Энрикенинг шаҳсан ўзи Рэшфордни ПСЖда кўрмоқчи  2 11:12"Ньюкасл" Серхио Рамосга қандай шартнома таклиф қилиши маълум  1 10:44Шкриньяр "Ювентус" билан келишиб қўйди  1 10:19Каррагер: "Жамоа 2-3 йил ҳеч қандай соврин ютмаса ҳам, "Ман Сити" Пепни ишдан бўшатмайди"  3 09:55"Милан" "Эвертон" ҳужумчисини сотиб олмоқчи  1 09:27"Бавария" "Барселона" собиқ вингерига қизиқиш билдирмоқда  1 09:00Флик Ямаль қачон сафга қайтишини маълум қилди  3 08:36Паулу Фонсека: "Бунга ҳаққимиз йўқ!"  0 08:11Викарио "Ман Сити"га қарши 60 дақиқа синган оёқ билан ўйнаган  1 07:49"Реал Мадрид" Мартин Субименди учун курашга киришди  0 07:25Венсан Компани: "Яқин йилларда ПСЖнинг қатор футболчилари Месси, Неймар ва Ибрагимович даражасига чиқади"  5 05:05Остон Ўрунов жамоаси Қатар клуби билан муроса кўчасини танлади  0

Sanat SHaripov: “Mablag' muammosi tufayli yoshlar futboldan ketib qolishlariga yo'l qo'ymaylik!” Yangiliklar

Sanat SHaripov: “Mablag' muammosi tufayli yoshlar futboldan ketib qolishlariga yo'l qo'ymaylik!”

Teglar :  Sanat SHaripov
O'zbekistonlik taniqli agent Sanat SHaripovning Janubiy Afrika futbol associaciyasidagi faoliyatiga bir yarim oydan ortiq vaqt bo'ldi.

Biz kuni-kecha u bilan bog'lanib, orada o'tgan davr mobaynida hamyurtimizning o'zga qitada ko'rgan-kechirganlari haqida suhbatlashdik. Muxlislar etiboriga bugun ushbu suhbatning 1-qismini havola qilamiz.

- Avvalambor, Janubiy Afrika Respublikasiga bu mening ikkinchi marta borishimdir, - deb hikoya qilishni boshladi S.SHaripov. – Bungacha u erda olti yil oldin, 2010 yilgi jahon chempionati vaqtida bo'lgandim. O'shanda bir qancha do'stlar orttirganman. Ularning aksariyati hozir ham JAR futbol associaciyasida yoki mamlakat futbolining boshqa tarkibiy tuzilmalarida ishlashadi. Ularning xalqini juda yaxshi ko'raman. Xuddi bizga o'xshab, ular ham hazilkash xalq, bazi urf-odatlarimiz bir-biriga yaqin. Biz o'zbeklar kabi, ular ham bolajon xalq: misol uchun, u-bu joyga yo restoranlarga borsangiz, oilalar farzandlarining qiy-chuv yoki shovqinsuronlari bilan o'tirishganiga guvoh bo'lasiz. SHu tomondan o'zimni xuddi o'z yurtimizdagidek his qilaman. Mashinalar rullari britancha usulda, yani o'ng tomonda. Harakatlanish ham, inglizlarnikiday, chap taraflama. Bu JARning o'tmishda Buyuk Britaniya mustamlakasi bo'lganligidan darak. Ammo bunday holat bilan avvallari Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi o'lkalarda ham duch kelganligim, Yoxannesburg ko'chalarida harakatlanishda bu narsa haydovchi sifatida menga muammo tug'dirmadi.


- Dastlab, Janubiy Afrikada futbolni boshqarish qay ko'rinishda olib borilishi to'g'risida bilishni xohlardik.
- Ilk kunlarimdanoq men Janubiy Afrika federaciyasining butun tashkiliy tuzilmasini astoydil o'rganishga kirishdim. Federaciya nechta va qanday bo'linmalardan iborat, ularning vazifalariga nimalar kiradi? SHu va shu kabi savollarga javob topishga urindim. Aytib o'tish joiz, bizning futbol federaciyamiz ham “Paxtakor” o'yingohiga qo'shni bo'lgani kabi, Yoxannesburg shahrida joylashgan SAFA (South African Football Association) ofisi ham dunyodagi eng katta stadionlardan biri bo'lmish, JCH-2010 ochilish va final uchrashuvlarini qabul qilgan, o'z bag'riga 94.736 nafar muxlisni sig'dira oladigan “Sokker Siti”ning yonginasidayoq qad rostlagan.

SAFAda prezidentdan keyingi rahbar bosh kotib deb yuritilmaydi. Bu lavozimni Bosh ijrochi direktor egallagan. Ularda federaciya tuzilmasi shu qadar yirikki, bunga aql bovar qilmaydi. Mamlakat 9ta provinciyadan tashkil topgan. SHunga monand ravishda, Janubiy Afrika futbol uyushmasi tasarrufida 9ta tarkibiy provincial federaciya bor. O'z navbatida, bu provincial federaciyalar 53ta regional federaciyaga, ular esa 349ta rayon futbol uyushmalariga bo'lingan. SAFAning siyosatiga ko'ra, bunday pog'onama-pog'ona bo'g'inlar mamlakatning butun hududini futbol bilan qamrab olishi darkor. JARning bir qarich eri ham futbolsiz qolmasligi lozim, futbol bu davlat egallagan 1.200.000 kv.km.dan ortiq hududning jamiki joyida ommaviylashgan bo'lishi shart. Miqdori tasavvur qilib bo'lmaydigan darajada ko'p bu federaciyalar, ulardagi son-sanog'iga etib bo'lmaydigan bo'limlar, ularning rahbar va mutaxassis kadrlari mamlakat bo'ylab shu qadar tartib bilan taqsimlanib, joylashtirilganki va ish yuritishyaptiki, bu eng oliy tahsinlarga loyiq. Bunga istagan kishi federaciyaning www.safa.net manzilidagi saytiga kirib ko'rib, bevosita o'zi guvoh bo'lishi mumkin. Va men bir narsaga yuz foiz aminmanki, shu darajada to'liq va batafsil berilgan malumotlardan har bir kishi yoqa tishlashi muqarrar. Hamma-hamma malumotlar detallarigacha berilgan, hatto SAFAning 2015 yildagi yakuniy byudjetigacha, qaerdan va qancha daromad qilgani, mablag'lar qanday yo'nalishlarga sarflanganigacha turkum hisobotlarda ochiq-oydin taqdim etilgan.


- CHindan ham hayratlanarli malumotlar ekan. Yana qanaqa o'ziga xosliklar mavjud?
- Janubiy Afrika futbol associaciyasi juda kuchli tashkilot. Iqtisodiy tomondan o'ta baquvvat 19ta homiy kompaniyalar bilan shartnomalari mavjud. Ularning ayrimlari o'z sohalarida jahon reytingida birinchi o'rinlarda turishadi. Olmos, oltin, platina qazib oluvchi va ularni butun dunyoga eksport qiluvchi kompaniyalar shular jumlasidandir.

Men, shuningdek, ularning futbolidagi saylov tizimi bilan ham qiziqdim. Bizda federaciya prezidentini mintaqaviy 14ta mahalliy federaciyamiz rahbarlari, klublarimiz vakillari va, umuman, futbolga aloqador kishilargina saylashadi. JARda bunga asosiy masul – mamlakat parlamenti. Saylovlar hukumat miqyosida tashkil etiladi.


- Sizni aynan qaysi bo'limga biriktirishdi?
- JAR federaciyasi tarkibida “Rivojlanish agentligi” deb nomlangan kattakon departament bor. Men aynan shu bo'limga qo'shildim. Bu jahon futbolidagi yagona shunday departament hisoblanadi. Boshqa hech qaerda siz bunday bo'limni umuman uchratmaysiz. Bu idora bolalar futbolini rivojlantirish bilan shug'ullanadi. Ishi judayam noodatiy, judayam noyob tarzda yo'lga qo'yilgan. Homiylar yordamida “Rivojlanish agentligi” mamlakatning butun hududi bo'ylab so'ngi yillarda ketma-ket tarzda son-sanoqsiz futbol maydonlari barpo etib kelyapti. JAR iqtisodiy tarafdan “Qora qita”dagi eng taraqqiy etgan yurt bo'lsada, mamlakatning ko'p joylarida kambag'alchilik baribir keng yoyilgan. “Rivojlanish agentligi” shu bois asosiy etiborni aynan qashshoqlik hamda Yoxannesburg, Keyptaun, Durban, Blumfonteyn, Polokvane va boshqa ko'plab joylardagi jinoyatchilik avj olgan hududlarga qaratgan. Bolalar va o'smirlarni futbol bilan shug'ullanishga chorlash judayam super darajada. Bolalar murabbiylarining soni 7.000dan ortiq. SHunda ham qaysidir rayonlarda murabbiylar etishmasligi sezilsa, “Rivojlanish agentligi” va uning regional bo'limlari, xuddi ko'makka muhtoj bemor uchun uning oldiga “tez yordam” mashinasi yuborilganday, u erlarga ko'chma murabbiylar shtabini yuborishadi. Haftada uch marta yoki kun ora emas, har kuni (!) yuboradilar. SAFAning emblemalari va ananaviy ranglari bilan bezatilgan maxsus avtobuslar bunday chekka-chekka hududlardagi har bir nuqtaga murabbiylarni ertalabdan birma-bir tashlab ketadi. Mahalliy yoshlar bundan albatta boxabar qilinishgan bo'ladi. Murabbiylar barcha futbol anjomlarini – mashg'ulot o'tkazishda kerak bo'ladigan to'plar, darvozalar uchun to'rlar, jiletkalar, fishkalar, konuslar va h.k.larni o'zlari bilan birga olib kelishadi. Va kuni bo'yi turli yosh toifasidagi bolalar bilan navbatma-navbat mashg'ulot o'tkazishadi. Buni qarangki, bu izchil va ajoyib tizim tufayli bolalar sport bilan shug'ullanishmoqda, jinoyatchilikning oldi olinmoqda, yoshlar o'rtasida savodxonlik ham oshib boryapti. Hisob-kitoblarga ko'ra, oxirgi bir yil ichida JARda futbol bilan shug'ullanayotgan bolalarning savodxonligini “Rivojlanish agentligi” orqali 49 %ga oshirishga erishilgan. Bu barcha ijobiy omillardan tashqari, “Rivojlanish agentligi” shu tariqa butun Janubiy Afrika bo'ylab yoshlar orasidan eng iqtidorli futbolchilarni ham saralab boryapti. Bu agentlik etiboridan mamlakatning birorta ham yosh futbolchisi chetda qolmayapti. Mana shuning uchun ham ushbu agentlik hozirda butun jahonda betakror bo'lib turibdi.

- Ishning ko'lami haqiqatda keng ekanligini tan olmay iloj yo'q ekan...
- Yana bir qiziq axborot. 2011 yildan JARda murabbiylar uchun “D” toifasidagi licenziya joriy qilingan (eng quyi pog'onalardagi bolalar murabbiylari uchun). So'zlarimga diqqat bilan etibor bering: agar murabbiy hech bo'lmasa “D” licenziyasiga ega bo'lmas ekan, futbol akademiyasini qo'ya turing, u na birorta institut, na kollej yo na birorta oddiy o'rta maktabda jismoniy tarbiya (!) o'qituvchisi bo'lib ishlay oladi. Bu modelni ular nemislardan olishgan. Yosh istedodlarni selekciya qilish jarayoni bir nechta bosqichdan iborat, jiddiy sinovlardan o'ta olganlargina katta jamoalar akademiyalariga tavsiya etiladilar. SHunda ham ularni o'sha akademiyalar skautlari joylarga kelib, maxsus tashkil qilinadigan sinov-nazorat uchrashuvlarida bevosita ko'rib ketishadi va ularga tavsiya qilingan bola yuzasidan faqat shundan keyingina yakuniy xulosa chiqaradilar. Yuqori turuvchi bo'g'inga yosh iqtidorlarni tavsiya qilishganda, istedodni qabul qilayotgan maskan biladiki, eng kamida shu paytgacha bu bola “D” licenziyasiga ega murabbiy qo'l ostida shug'ullangan. Yani u jismoniy tarbiyaga oid malum doiradagi bilimlarni biladi. Yani u g'o'r emas, futbol maktabini ko'rmagan emas, mavjud tizim ishtirokchisi sifatida uni biladi, undagi talablardan xabardor. Tabiiyki, hozirdanoq bazi bilimlarga ega chekka-chekka qishloqlardan bo'lgan yoshlarni rivojlantirish ular kelgan yangi joyda, bu etakchi klublar “Orlando Payrets” yo “Ayaks Keyptaun” bo'ladimi, endi buyog'iga qiyin kechmaydi. CHunki ularda futbol asoslari bor, ular “D” licenziyasiga ega murabbiy qo'lidan o'tib kelishgan, ular yangi muhitga – bu joyning darajasi balandroq bo'lsa ham, silliqlik bilan, bemalol moslashib ketishadi.


- Bolalar o'rtasidagi musobaqalar u erda qay tariqa tashkil etilgan?
- Mana bu holat ham etiborga molik. Biz bolalar futboli deymiz, bolalar futbol ligasi deymiz... Bizda “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” yoki “Nasaf” akademiyalari jamoalari respublika miqyosidagi musobaqalarda oliy liga klublari qoshidagi maktablar jamoalari bilan, nari borsa, birinchi liga klublari maktablari tarbiyalanuvchilari bilan to'p surishadi. Agar farzandingiz oliy va birinchi ligalarimiz klublari maktablaridan boshqa dargohlarga qatnasa, bunday oddiy to'garaklar orqali uning katta futbolga qo'shilib ketishining ehtimoli yo'q hisobi deb aytiladi O'zbekistonda. Bizda katta futbolga yo'l faqatgina shu etakchi klublar akademiyalari orqaligina ochiladi degan tushuncha miyamizga kirib qolgan. JARda farqi yo'q. Umuman farqi yo'q. Bu professional futbol klubi qoshidagi akademiya yo maktabmi, yoki tijorat maktabimi, yohud kimdir tomonidan ochilgan shaxsiy futbol maktabimi, barcha-barcha jamoalar aralash holatda bir-birlari bilan kurash olib borishadi. Kichkinagina maktab vakillariga professional klublar akademiyalari bilan o'ynash imkoniyatining yaratilganligi oddiy jamoalar uchun judayam qiziqarli, o'ta kuchli rag'batdir. Jamoalar avvaliga o'z provinciyalari birinchiliklarida 36-40tadan o'yin o'tkazishadi. Provinciyalarda sovrinli o'rinlarni egallagan klublar keyinchalik mavsum oxirida final bosqichida o'zaro kuch sinashadilar.

50 milliondan ziyod aholisi bor JARda haqiqiy iqtidorlar, bo'lajak futbol yulduzlari butun mamlakat bo'ylab mana shunday ajoyib tizim, futbol maktablarini mana shunday tabaqalashtirilmagan holda, mana shunday murosasiz bahslar orqali kashf etilmoqda. Istedodi bo'lib, lekin keyinchalik etarli mablag'ga ega bo'lmaganidan biror bolaning futbolni majburlikdan yarim yo'lda tashlab ketish holatlari ularda yo'q. CHunki bunday vaziyatlarda muhtojlarga aynan “Rivojlanish agentligi”ning jamg'armasi yordamga keladi. “Egilib qolganlarning” qulashlariga ular umuman yo'l qo'yishmaydi. Aksincha, suyab, tayanch vazifasini o'tab, nochor oilalar farzandlari katta futbolga yo'l ovolishlarida ushbu jamg'arma eng zarur pallada beg'araz moliyalashtirish orqali ularga yanada katta g'ayrat va kuch bag'ishlaydi. Bizda aynan mablag' etishmovchiligi tufayli ko'plab iqtidorli bolalar millionlar o'yinining tashqarisiga achinarli tarzda chiqib qolayotganlarini har kuni eshitamiz. Natijada, selekciya jarayonida biz respublikamizdagi barcha istedodlarni qamray olmayapmiz. Terma jamoalar tuzishda, u xoh milliy terma bo'lsin, xoh o'smirlar yoki olimpiya termasi, nomzodlar doirasi judayam tor. Agar biz chindan ham qudratli terma jamoalarga ega bo'lishni istasak, endi buyog'iga mablag' muammosi sababli yosh o'yinchilar futboldan ketib qolishlariga aslo yo'l qo'ymaylik!..

SAFAning strategik rejalariga ko'ra, JAR milliy terma jamoasi 2022 yilga borib dunyoda kuchli 20talikka, Afrikada esa kuchli uchlikka kirishi kerak. Va keyinchalik shu mavqeni faqat yaxshilab borishi lozim. Bunga esa mamlakat futbolining eng tub bo'g'ini, millionlar o'yinining tom manodagi o'q tomiri – bolalar futbolida joriy etilgan, yuqorida tariflab berilgan va hozirda ishlab turgan tizim albatta chinakam poydevor bo'lib xizmat qiladi, deb ishonch bilan aytmoqda Janubiy Afrika federaciyasi “Rivojlanish agentligi” direktori Robin Petersen. Ushbu loyihada SAFAning “Rivojlanish agentligi” azosi sifatida shaxsan mening ham ulushim borligidan, qashshoq joylarda bolalarning futbolga bo'lgan mehrini qozonishga yordam berayotganimdan men juda xursandman.


- Xabarimiz bor, siz Cyurix universitetini tamomlaganingizdan so'ng mazkur oliy o'quv yurti talablariga ko'ra, u erda olgan bilimlaringizni amaliyotga tatbiq etishingiz kerak edi. SHu maqsadda universitet sizning rezyumeingizni Janubiy Afrika, Yangi Zelandiya va Jazoirga yuborgandi. Sizni tanlagan SAFA sizning ham oldingizga qandaydir vazifalar qo'ydimi? Ularning tanlovi bejizga sizda to'xtamagandir...
- Menga aslida uchala federaciyadan takliflar keldi. Janubiy afrikaliklarga xorijiy 5-6ta tilni bilishim maqul kelibdi. CHunki ularda turli tillarda gaplashadigan mutaxassislar ko'p ekan. JCH-2010 va 2014, EVRO-2016 kabi yirik musobaqalarda ishlaganlarim ham ularning etiborini qozongan. Ayniqsa, ular meni bir jihat yuzasidan ham kutayotganlarini yozishganida, mening ham JARga borish istagim oshdi. Ular bu yurtda 2010 yili, yani JCH munosabati bilan ularda xalqaro standartlardagi futbol infratuzilmasi endigina barpo qilingan vaqtda bo'lganligim hamda endilikda borib, ularning futbolida shu o'tgan olti yildan so'ng qanday o'zgarishlarga guvoh bo'lishimni xolisona tarzda baholashim shartligini ham aytishdi. Menga yuborishgan shartnomada xuddi shunday band mavjud edi. Kelishganimizdek, vaziyatni bir oy to'liq o'rganib chiqqach, men ham ularga o'zimning batafsil xulosalarimni taqdim etdim. Futbolni rivojlantirish yo'lida haqiqatda mustahkam poydevorlar bunyod etilganini alohida takidladim.

- Ular bizning futbolimiz haqida nimalarni bilishar ekan?
- O'smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz muntazam ravishda jahon chempionatlarida ishtirok etishlaridan xabarlari bor. Bilasizmi, men JARga rosa bir qiziq vaqtda borib qoldim. 24 avgust kuni O'zbekiston milliy terma jamoasi Burkina-Faso bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdi. Burkina-Faso esa yaqinda, aniqrog'i, 3 oktyabr kuni JAR bilan JCH-2018ning Afrika qitasidagi saralash turniri hal qiluvchi raundida bahs olib boradi. SHuning uchun ham janubiy afrikaliklarda O'zbekiston – Burkina-Faso bellashuvi katta qiziqish uyg'otdi.

Ular bilan Rio Olimpiadasini birga kuzatish ham men uchun qiziq bo'ldi. Medal olishni dastlab biznikilar boshlashdi (Diyorbek O'rozboev). Keyin 5ta kumush evaziga JAR bizdan o'tib ketdi. Ilk oltin medallarni ikkala davlat vakillari ham 14 avgust kuni qo'lga kiritishdi (Hasanboy Do'smatov va erkaklar o'rtasida 400 m.ga yugurish bo'yicha Veyd van Nikerk). 15 avgust kuni Ruslan Nuriddinovning oltini hisobiga JARdan endi biz o'tib oldik. 20 avgust kuni ayollar o'rtasida 800 m.ga yugurish bo'yicha Kaster Semenya janubiy afrikaliklarga ikkinchi oltinni keltirdi va ular o'z natijalarini biznikidan yaxshilab olishdi. Ammo Olimpiadaning so'ngi kunida SHahobiddin Zoirov va Fazliddin G'oibnazarov butun dunyoni larzaga keltirishdi. Yakunda bizda 13ta (4-2-7), JARda esa 10ta (2-6-2) medal hosil bo'ldi. Medallar bo'yicha Rioda biz 21-o'rinni egalladik, afrikaliklar esa - 30-o'rinni. Ular O'zbekistonning sport salohiyatiga shundan keyin yuqori baho berishdi. Sizlarda yakkakurash sport turlari alo darajada rivojlangan ekan deb hayratda qolishdi. O'z vatandoshlaringga o'zga yurtda turib muxlislik qilish, bo'lib ham ularning muvaffaqiyatlaridan bahra olish naqadar yoqimliligini bilsangiz, bir his qilsangiz edi!..


Fursatdan foydalanib, erishilgan bu ulkan yutuqlar zamirida O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti Mirabror Usmonov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimovlarning katta va mashaqqatli mehnatlari yotganligini takidlagan holda, men ularni mazkur olamshumul muvaffaqiyatlar bilan muborakbod etaman. Ilohim, O'zbekistonimiz bayrog'i jahon sport maydonlari uzra hamisha eng balandlarda hilpirayversin!

Aytgancha, men u erdagi do'stlarimga FIFA reytingida ham O'zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Afrikadan 10-15 pog'ona yuqori o'rinda ekanligiga alohida urg'u berishlarini aytdim. Ikkinchi tarafdan, Rioda JARning ham erkaklar, ham ayollar futbol jamoalari to'p surishgani tahsinga loyiq. Ularning ikkala jamoasi ham guruhdan chiqa olmagan bo'lsada, erkaklar Braziliya, Daniya va Iroq, ayollar SHveciya, Xitoy va Braziliya termalari bilan tengma-teng o'ynashdi. Bir jihat diqqatga molik. JARda ayollar futboli havaskorlar darajasida. Hech qaysi jamoada hech kimga umuman haq to'lanmaydi. Qizlar va ayollar o'zlari xohlab futbol bilan shug'ullanishadi. SHunchaki shu sport turini yoqtirganlari, yaxshi ko'rganlari uchun to'p tepishadi. SHunga qaramay, ular so'ngi ikkita – London va Rio Olimpiadalarining futbol turnirida qatnashishga erishishdi.

Olimpiadadan so'ng janubiy afrikaliklarda bizning sportimizga qiziqish yanada ortdi. SHunda men internet orqali ularga Milliy olimpiya qo'mitamizning yangi binosini, uning ichidagi superzamonaviy tibbiyot markazini, “Bunyodkor” stadionini ko'rsatdim, bu inshootlar haqida faxrlanib gapirib berdim. Ular bu obektlarga ancha yaxshi baholar berishdi. Umuman, O'zbekistonda sportni rivojlantirish borasida uzoq yillardan buyon olib borilayotgan hukumatimizning keng ko'lamli ishlari haqida so'zlab berdim.

Ulug'bek MIRZAEV suhbatlashdi

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика