"Ro'ziqul Berdiev - samolyot, Andrey Kanchelskis - traktor" - Slavko Lukich bilan intervyu
12 avg 2020 19:38
Yangiliklar
"Ro'ziqul Berdiev - samolyot, Andrey Kanchelskis - traktor" - Slavko Lukich bilan intervyu
"Jahon o'rgimchak to'ri" bizga juda katta imkoniyatlarni taqdim qilayotgan paytda uyda bekorchi bo'lib o'tirishdan mano yo'q. Minimum imkoniyatdan maksimal ravishda foydalanishga, "yo'q joydan gol urib ketishga" intilyapmiz biz ham.
Bu safargi "o'ljamiz" "Nasaf" va "Navbahor" tarkibida o'ynab ketgan himoyachi Slavko Lukich bo'ldi. Oldingi intervyulardan birida Dushan Savich garchi so'nggi maoshini olmagan bo'lsa-da, "Paxtakor"ni sudga bermaganligini aytganida "Navbahor"ning ko'pchilik muxlislari buni Aleksey Belenkov voqeasiga bog'lashdi. Biz futbolchilarni zo'rlab, unday de, bunday de, "Navbahor"ni yomonla yoki osmonga ko'tar demaymiz. Ularning har bir aytgan gapini ommaga havola etamiz. Yana qaytaraman, futbolchilarning aytgan gapini saytga chiqaramiz. Ularning nima deyishlari esa o'zlarining ixtiyori.
- Slavko, o'zbek futboli muxlislari nomidan salom yo'llayman. Ishlar qanday?
- Barchaga salom. El qatori karantindamiz. Hozirda individual tarzda mashg'ulotlar qilyapman. Qishda yangi jamoaga qo'shilishni niyat qilganman.
- Internetda sizning so'nggi jamoangiz sifatida Bosniyaning "Zvezda-09" jamoasi ko'rsatilgan. U erdan 1 iyul kuni kutgan ekansiz. Hozir qaysi jamoadasiz?
- Hozircha erkin qushman. Biroz dam olishni niyat qilgandim. Aslida oldimda takliflar bor edi. SHunchaki oilamga vaqt ajratishni istagandim.
- Eshitishimiz bo'yicha, Serbiyada holat unchalik yaxshi emas, koronavirus ham yuqori tezlikda tarqalayotgan ekan.
- Bir haftalar oldin shunaqa edi. Hozir ko'p narsa joyiga tushib qoldi. Serbiya yaxshi holatga kirib bormoqda. CHempionat ham boshlandi. Umuman olganda barchasi yaxshi.
- Katta futbolga qay tariqa kirib kelgansiz?
- Yoshligimda Serbiya yoshlar terma jamoasi tarkibida Nemanya Matich ("Manchester Yunayted"), Dushan Tadich ("Ayaks"), Stefan Yovetich ("Manchester Siti"da o'ynagan) kabi futbolchilar bilan o'ynaganman. Katta futbolga kirib kelish shunday kechgan. Umuman olganda Serbiyada futbol yulduzlari juda ko'p. U erda futbolni ko'proq yaxshi ko'rishadi. Ko'chalarda yosh bolalar to'p tepishadi. O'zbekistonda yosh bolalarda futbolga qiziqish unchalik yuqori emas ekan. Kechqurun asosan katta yoshlilar suniy maydonga chiqishini ko'p ko'rganman.
- Qaysi jamoa tarkibida professional darajaga bora oldingiz deb o'ylaysiz?
- Trnavaning "Spartak" jamoasi bilan yaxshi o'yin ko'rsatib, balki, o'zimning yangi, yuqori bosqichimga chiqqandirman. U erda o'sdim, rivojlandim, o'yin amaliyotiga ega bo'ldim, chempionlikni qo'lga kiritdim. Keyinchalik hayotimdagi eng yaxshi onlarni taqdim qilgan "Nasaf" tarkibida o'ynadim. O'zim o'ynagan barcha klubdagilarga katta rahmat aytaman.
- O'zbekistonning ikki jamoasida o'ynadingiz. Sizga bir vaqtda "Nasaf" va "Navbahor"dan taklif tushsa, qaysi jamoaga borardingiz?
- Albatta, "Nasaf". CHunki Ro'ziqul Berdiev eng zo'r murabbiy. U yoshlar bilan yaxshi ishlay oladi, juda talabchan va yaxshi manoda injiq. Aytganini bajartirmagunicha qo'ymaydi, bu esa futbolchining rivojlanishida katta o'ringa ega bo'ladi.
- Murabbiylar masalasida ham to'xtalsak: qaysi murabbiy talabchan - Ro'ziqul Berdiev yoki Andrey Kanchelskis?
- Albatta Ro'ziqul Berdiev. U Kanchelskisdan 100 marta yaxshi. Solishtiradigan bo'lsak: Ro'ziqul Berdiev - samolyot, Andrey Kanchelskis - traktor. Berdiev doim zamon bilan hamnafas, Kanchelskisning maktabi eski, o'z doirasidan chiqmaydi.
- Eshitishimizga qaraganda, "Navbahor" siz bilan qarzdorlikni uzmagan ekan. Klub sizga 70 mln so'mga yaqin pulni to'lamagan.
- To'g'risi, bu haqida bilmayman. Hokim juda yaxshi inson, shu sababli "Navbahor" bilan bu muammoni tinch yo'l bilan hal qilishga urundik (u bu savolga to'liq javob berishni istamadi).
- Unda nega "Navbahor"dan ketdingiz?
- Andrey Kanchelskis meni yomon ko'rardi. Yodimda, Igor Golban jarohat olgandi. O'shanda men Kanchelskisga markaziy himoyada ham o'ynay olishimni aytgandim. 4 o'yinda mag'lub bo'lmadik, ikki golli pas amalga oshirdim. "Paxtakor"ga qarshi o'yindan keyin menga hech nima demadi va navbatdagi o'yinlarda zaxirada qoldirdi. U meni doim tanqid qilaverardi.
- SHuningdek, muxlislarga "Nasaf"dan ketganingiz sababi ham qiziq.
- O'sha yili klubning homiylari bilan muammolari paydo bo'la boshladi. Gap pulda emas, men katta maosh olardim va klubga og'irlik qilayotgandi. SHu sababli "Nasaf"dan ketdim. Klubning menga katta pul to'lashini istamagandim. SHukurki, endilikda "Nasaf"da barchasi yaxshi. Evropada futbol shunday. Har bir murabbiy va futbolchi bunday pallada shunday ish qilgan bo'lardi.
- Futbolda muxlislik alohida o'ringa ega. Siz o'zbek futbolidagi eng ko'p muxlisga ega ikki klub tarkibida o'ynadingiz. Solishtiradigan bo'lsak, qaysi klubning muxlislari zo'r, "Nasaf" yoki "Navbahor"?
- Ikkisi ham zo'r. Hech kimni ajratib ko'rsata olmayman. SHunchaki "Nasaf" va "Navbahor"dagi muxlislar - O'zbekistondagi eng zo'rlari.
- Tasavvur qiling. Hayotingizda 10 daqiqa vaqt bor. SHu 10 daqiqani ajoyib inson bilan bir bokal qahva ichishingiz mumkin. Kimni tanlagan bo'lardingiz?
- Ro'ziqul Berdiev. Suhbatlashishga juda zo'r inson. Hazilni ham joyida ishlatadi. Har kun mashg'ulotdan oldin u bilan jarima zarbalari tepish borasida battl uyushtirardik. Yutgan yutqazganga "Red Bull" olib berardi. Bir kun u, bir kun men yutardik. Ro'ziqul Berdiev futbolchilar bilan shunday ajoyib munosabat o'rnatganki, shogirdlari uchun u ota kabi mehribonlik qiladi, o'rgatadi, urushadi. Muhimi barchasini tartib ostida ushlab tura oladi.
- Siz ko'plab chempionatlarda o'ynagansiz. Aytingchi, o'zbek/serb/bosniya futboli o'rtasidagi farq qanday?
- O'zbekistonda byudjeti katta jamoalargina natija qayd eta olar ekan. Serbiyada jamoalar individual futbolchiga tayanishadi. Bilasizmi, nima uchun O'zbekistonning ko'plab klublari Serbiyadan legioner tanlashadi? CHunki serblarning katta qismi individual tarzda ko'p ishlaydi. Mashg'ulotlar yakuniga etganidan keyin ham bir-ikki soatlab stadionda qolib, texnikaga ishlov berishadi. Bosniya futbolini pragmatikaga solishtirsa bo'ladi. Jamoalar juda og'ir o'ynashadi. Uch davlatning futbolini solishtirganda O'zbekistonda jamoaviylikka etibor katta, shuningdek, o'yin ham tezroq kechadi.
- Ko'p davlatlarda futbol o'ynab, dunyoning ko'plab mamlakatlariga borgansiz. O'zingizning ona vataningizdan tashqari, eng chiroyli 3 joyni tanlab bering.
- Slovakiya. Tarixiy obidalarga boy davlat. Uzoq masofaga piyoda yurib ham charchamaydi odam. U erdagi binolarni ko'rib, ko'z to'ymaydi. Dubay. Menimcha dunyodagi eng chiroyli shahar. Sanoatning har sohasida rivojlanish, har bir nuqtada zamonaviy binolar... Barchasi ideal u erda. Islandiya. O'zgacha davlat. U erda ko'p narsa ko'zingizda noodatiy ko'rinadi. SHu sababli ham u erlar juda chiroyli. O'zbekiston ham go'zal oshyon. U erda faoliyatimning bir qismini o'tkazdim. Dunyo aylanishni yaxshi ko'raman. Biroq hozir sog'liqni o'ylash kerak. O'zbek futboli muxlislariga ham o'zlarini o'ylashini tavsiya qilgan bo'lardim. Ularga salomimni etkazib qo'ying. SHu o'rinda ularga katta rahmat aytaman. Siz kabi muxlislar dunyoda boshqa topilmaydi.
Mirjalol Normatov suhbatlashdi
Fikrlar