

Mazkur turni ochib bergan bahs autsayder jamoalar ishtirokidagi o'tdi. Premer ligaga endi chiqqan "Tambov" safarda "Orenburg" mehmoniga aylandi va to'rtta gol kiritilgan bellashuvda tomonlar durangga imzo chekishdi. Mazkur durang natijasi har ikkala jamoa uchun joriy mavsumdagi dastlabkisiga aylandi.
Turning qiziqarli to'qnashuvlaridan biri sifatida qaralgan "Krasnodar" hamda "Rubin" o'rtasidagi o'yinda birgina gol masalani hal etdi. Roman Sharonov qo'l ostida mavsumni ajoyib boshlagan va himoyaviy uslubdan hujumkor futbolga o'tgan "Rubin" jamoasining darvozaboni tomonidan yo'l qo'yilgan xato qozonliklarga qimmatga tushdi. Ivan Ignatevning goli "Krasnodar"ga muhim 3 ochkoni taqdim etdi.
Yana bir qiziqarli qarama-qarshilik "Dinamo" va "Zenit" o'rtasidagi bellashuvda kuzatildi. Maydon egalari tomonidan keskin qarshilik kutilgan bahsda amaldagi chempion ortiqcha qiyinchilikka duch kelmadi. Artyom Dzyubaning goli va Magomed Ozdoevning goliga assistentlik qilgani yakunda piterliklarga g'alaba keltirdi.
Tulaning "Arsenal" jamoasi joriy mavsumni ham o'tgan yilgidek muvaffaqiyatli o'tkazmoqda. Navbatdagi turda jamoa "Ufa"ni qabul qildi va Viktor Alvarez tomonidan kiritilgan gol tufayli muhim g'alabani qo'lga kiritdi.
Mazkur turdagi yagona yirik hisob qayd etilgan bahsda "Lokomotiv" "Ural" jamoasini ayab o'tirmadi. Fyodor Smolov, Jemalitdinov KRixovyak va Aleksey Miranchuk tomonidan kiritilgan gollarga mehmonlardan hech kim javob bera olmadi. Natijada "Lokomotiv" o'z uyida navbatdagi g'alabaga erishdi.
Turning kutilmagan natijasi Moskvadagi SSKA - "Sochi" uchrashuvida qayd etildi. Nomdor jamoaning o'z uyida debyutantga ochko ulashishi turning sensaciyasi sifatida etirof etildi. Harbiylar debyutant jamoa darvozasiga yo'ltopishni uddasidan chiqishmadi va natijada joriy mavsumdagi ilk durangga imzo chekishdi.
Tarkibini Jahon chempioni bilan kuchaytirgan "Spartak" mazkur turda Grozniyda mehmon bo'ldi va "Axmat" jamoasi ustidan ishonchli g'alaba qozondi. Mazkur g'alabada jamoaga endigina kelib qo'shilgan Germaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Andre Shyurrle o'z hissasini qo'shdi. Dastlab uchrashuvda dubl qayd etgan Zelimxan Bakaevning birinchi goliga assistentlik qilgan Shyurrle moskvaliklarning uchinchi to'pini kiritishga muvaffaq bo'ldi. Natijada "Spartak" mehmonda "Axmat" ustidan g'alaba qozondi.
Turni yakunlab bergan o'yin biz uchun ahamiyatli bo'lgan "Rostov" hamda "Krilya Sovetov" o'rtasida kechdi. Valeriy Karpin qo'l ostida yangi mavsumni ko'tarinki ruhda va hujumkor uslubda boshlagan "Rostov"ning bu galgi g'alabasida ham O'zbekiston terma jamoasining asosiy yulduzi bo'lib turgan Eldor Shomurodov katta hissa qo'shdi. Aynan Shomurodovning Ionovning uzatmasidan so'ng urgan goli yakunda "Rostov"ga muhim g'alabani taqdim etdi. Eldor Shomurodov esa 5-turda o'zining to'rtinchi golini urdi.
Turnir jadvali haqida gapiradigan bo'lsak, 5-turdan keyin amaldagi chempion "Zenit" karvonboshchilik qilishda davom etmoqda. Piterliklardan 2 ochko kam jamg'argan "Rostov"da esa 11 osko mavjud va ular ikkinchi pog'onada. Bir yo'la to'rtta jamoalar - SSKA, "Krasnodar", "Arsenal" va "Lokomotiv" aktivida 10 ochko bor va ular 3-4-5-6 o'rinlarni bo'lishib turishibdi.
Vitaliy Denisov harakat qiladigan "Rubin" esa mazkur turdagi mag'lubiyatdan keyin 7 ochkosi bilan 8-o'ringa tushib ketdi. Xavfli hududda esa hali qozonmagan "Sochi" va "Orenburg" turishibdi.
Rossiya premer ligasida to'p surayotgan terma jamoamiz a'zolari - Eldor Shomurodov, Vitaliy Denisov, Vadim Afonin orasidan faqatgina Shomurodov asosiy tarkibda o'ynadi. Afonin esa "Orenburg" safida zaxiradan o'yinga qo'shilgan bo'lsa, Denisov o'tgan turdagi kabi bu gal ham zaxirada qoldirildi.

To'purarlar poygasida Artyom Dzyuba, Aleksandr Sobolyov va Eldor Shomurodov 4tadan gol bilan peshqadamlik qilishmoqda. E'tiborlisi, Sobolyov va Dzyuba bittadan golni penaltidan urishgan. Shomurodov esa barcha gollarini o'yinda kiritishga muvaffaq bo'lgan. Gol plyus pas tizimida esa Artyom Dzyuba 6 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo'lsa, ikkinchi pog'onada 5 ochko jamg'argan Eldor Shomurodov bormoqda. Eldor Shomurodov hisobida 4ta goldan tashqari bitta golli uzatma ham mavjud.
Kelasi turni Shomurodov to'p tepayotgan "Rostov" "Ufa"ga qarshi safarda o'tkazadi. Denisov harakat qilayotgan "Rubin" esa "Arsenal"ni mehmon qiladi. O'zbekiston terma jamoasining sobiq a'zosi Vadim Afonin to'p surayotgan "Orenburg" bu turda "Sochi"ni qabul qiladi. Turning markaziy bellashuvi esa so'zsiz Moskva derbisida "Spartak" hamda SSKA o'rtasida kechadi.



