Ravshan Ermatov: Bu O'zbekistonda futbolga qaratilayotgan e'tibor mahsuli

Narzulla Saydullayev
15 yanv 2014, 14:58
Xabar berganimizdek, o'zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov shu yil yozda Braziliyada bo'lib o'tadigan Jahon chempionati final bosqich o'yinlarini boshqarib boradigan baxtli hakamlar qatoridan joy oldi.
Jim Boys boshchiligidagi FIFA hakamlar qo'mitasi tasdiqlagan ro'yxatga ko'ra, mundialda 25ta hakamlar brigadasi ishlaydi. Bundan tashqari, 16ta qo'shimcha hakamlar guruhi ham tasdiqlangan. 2010 yili JARda o'tgan JCHda 5ta o'yinni boshqarib, o'ziga xos rekord qayd etgan Ermatov brigadasi uchun Braziliya-2014 ikkinchi mundial bo'ladi. Bu O'zbekiston sporti, xususan futboli uchun juda katta voqeylik va etirof. Ravshanning brigadasida birgina o'zgarish bo'ladi. JCH-2010ning JAR  Meksika terma jamoalari o'rtasidagi ochilish uchrashuvida o'z qarori bilan qahramonlik ko'rsatgan Rafael Ilyasovning o'rnini Abdulhamidullo Rasulov egallaydi. Rasulov qirg'izistonlik Bahodir Qo'chqorov bilan birga JCH-2014da Ermatovga ko'mak berishadi.

Biz bu xushxabar bilan yurtdoshimizni tabriklash maqsadida qo'ng'iroq qilganimizda, Osiyoning to'rt karra eng yaxshi referisi mashg'ulotda ekan. Ha, bu yog'iga tajribali hakamimiz uchun yanada mas'uliyatli davr boshlanmoqda. Odatdagidan ikki barobar ishlash kerak bo'ladi.

"Ochig'i, bu xabarni eshitib o'zimda yo'q xursand bo'ldim. Umid, ishonch bor edi. Bizning yutuqlarimiz O'zbekistonda futbolga qaratilayotgan e'tibor va g'amho'rlik mahsulidir. FIFA rasmiylari, Hakamlar Departamenti mutasaddilari, futbolimiz rahbarlari va albatta yurtdoshlarimizning ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman. Nimaga erishgan bo'lsam, bu xalqimizning duosi bilan amalga oshgan", - deydi SAga bergan intervyusida Ravshan Ermatov. 

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia