So’nggi yangiliklar

08:13Элдор Шомуродов терма жамоамизнинг олимпия ўйинларидаги иштироки ҳақида фикр билдирди  0 07:45Шунчаки қойил! 6 очкодан маҳрум бўлган Канада аёллар терма жамоаси плей-оффга йўл олди. Чорак финал жуфтликлари билан танишинг  1 07:00Бугун Париж Олимпиадасида қайси спортчиларимиз иштирок этишади? (рўйхат)  0 04:48Париж-2024. Ўзбекистон гуруҳ босқичида барча жамоалар ичида қандай кўрсаткичлар қайд этди?   12 00:32Расман: "Милан" Павлович трансферини эълон қилди  1 00:01"Атлетико" "Барселона" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  0 23:31ЕЧЛнинг янги формати тасдиқланди: анъавий гуруҳ босқичи ўтмишга айланди, қуръани махсус компьютер ўтказади  15 22:30Аёллар футболи афсонаси Марта ўзининг Олимпиададаги катта эҳтимол билан сўнгги ўйинида қизил карточка олди  4 21:43Расман: АПЛ "Манчестер Сити"ни жаримага тортди  2 21:18Килиан Мбаппе ўзи ўйнаган клубни расман сотиб олди  2 20:49Юрген Клопп қачон мураббийликка қайтиши ҳақидаги саволга жавоб қайтарди  3 20:25Расман: "Насаф" сербиялик вингер трансферини эълон қилди  8 19:46Суперлигада тоза ўйин вақти ошди  6 19:20"Боруссия" "Манчестер Сити" футболчисини сотиб олади  0 18:43Расман: U-20 Осиё кубогида чемпион бўлган футболчимиз легионерга айланди  8

Qo'qonlik sportga oshno tadbirkor aka bilan dildan suhbat Yangiliklar

Qo'qonlik sportga oshno tadbirkor aka bilan dildan suhbat

O'zbek futboli vatani bo'lmish Qo'qon shahrida ajoyib sport majmuasi foydalanishga topshirildi. Yaxshi niyatlar bilan mazkur kompleksga “Ahmadxon” nomi berildi.

Xabaringiz bo'lsa kerak, 16 iyun kuni Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov shaxsan Qo'qonga tashrif buyurib majmuani rasman ochib bergandi. Endilikda ushbu kompleksda bir qancha mahalliy yoshlar sportning 30ga yaqin turi bilan shug'ullanishlari mumkin.

Majmuani qurish qachon boshlandi, qiyinchiliklar bo'lmadimi, umuman bu majmuani qurish fikri qanday yuzaga keldi? Biz shu kabi savollarga javob olish maqsadida "Ahmadxon" sport kompleksi rahbari SHavkat SHaripov bilan dildan suhbatlashdik.

- SHavkat aka, ushbu ajoyib sport kompleksini qurish fikri qachon yuzaga kelgandi?
- 2015 yilda. Bir boshdan boshlaydigan bo'lsam, men ham asli sportda katta bo'lganman. Faqat biz yoshligimizda sport bilan shug'ullangan yillari sportga hozirgidek etibor yo'q edi. Kim biladi deysiz, balki etibor yuqori bo'lganida professional sportchi bo'larmidim. Umuman olganda men ko'p sport turlari bilan shug'ullanganman. Dastlab ko'cha changitib to'p tepishni boshladim. Bolaligimizda to qora terga botguncha futbol o'ynab ko'chadan beri kelmasdik. 

Undan keyin yosh ulg'ayib badmintonga qiziqish paydo bo'ldi. Hozir bo'lsa stol tennisi jonu dilim. Hozir ham shaharda stol tennisi bo'yicha menga tengi keladigani deyarli yo'q. Ko'pchilik bolalar oldimga kelib, aka bir o'ynaylik deb shuncha harakat qiladi-yu, lekin hech yuta olishmaydi. SHunday ekan, sport qonimizda bor deya olaman. Endi bunday katta sport majmuasini qurib bitkazish uchun pulning o'zi kamlik qiladi. Avvalo sportga qiziqish, sportni yaxshi ko'rish kerak. Men uch yil muqaddam tadbirkorligimdan foydalanib, sportga qiziqishim tufayli eng shimarib mana shu majmuani qurishga astoydil kirishdim.

 

- Majmua barpo etilmasidan oldin bu erlar tashlandiq joy bo'lgan ekan.
- Endi gapni eshiting. Aslida mana shu bir yarim gektarlik hududda sport kompleksini qurish hokimiyat dasturiga kiritilgan ekan. Biroq negadir shu paytgacha hech kim olmayotgandi. Keyin men agar hech kim qurmasa o'zim quraman, kerak bo'lsa mana shu qurilishga bor mehrimni beraman dedim. SHundan qilib 2015 yilning 3-5 aprel kunlari ishga kirishgan bo'lsak, oradan uch yil o'tib nihoyat bitirdik va foydalanishga topshirildi. Bu erlar oldin haqiqatan tashlandiq joy edi. Hech kim etibor bermas, yon-atrof botqoqqa o'xshab yovvoyi o'tlar o'sib ketgan, atrofga yoqimsiz hid tarqatib yotgan joy edi. Xudoga shukur, uch yil ichida shu erlarni zamonaviy ko'rinishga keltirdik. 

- Ochiq joydagi futbol maydoni ham juda chiroyli qurilgan ekan.
- Bilasizmi, men ish yuzasidan ko'p marta chet davlatlarga chiqib kelaman va har borganimda u erdagi sport komplekslarini ko'rib qaytaman. SHuningdek, xorijdagi stadionlarga ham ko'p tushganman. Bu erda stadion qurilishini boshlashdan oldin prorab do'stimni chaqirib birga maslahat qildik. Men unga aytdim: shuncha ishlar bo'lyapti, kel yana bir ish qilamiz: futbol maydonini xuddi chet eldagi kabi erni qazib pastda quramiz. CHetga chiqqanda stadionlarga ahamiyat bering-da, ularni ko'pi erdan 5-6, hatto 10 metrgacha chuqurlikda joylashgan. Biz ham o'zaro kelishib shunday qilishga qaror qildik va erni bir yarim metr chuqur qazib kavlay boshladik. O'ziyam rosa ko'p tuproq chiqqandi. 

Erni bir yarim metr kavlash uchun ham hazilakam pul ketmadi. O'zim yashab turgan uyni qanchalik mehr berib qurgan bo'lsam, bu majmuani qurish uchun ikki baravar ko'p mehr berdim. Erta-yu kech faqat shuni o'yladim. Majmuamizning tantanali ochilish marosimiga shaxsan Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti Umid Ahmadjonovning tashrifi bizni yanada xursand qildi. Umid aka Qo'qondan katta taassurotlar bilan qaytib ketdilar. Menimcha, majmua u kishiga juda maqul keldi. 


- Qurilish ishlari qay tartibda olib borilganini gapirib bersangiz?
- 2015 yilning aprel oyida qurilish boshlangan bo'lsa, ungacha 2014 yil noyabr oyida shu haqda qaror chiqqandi. Faqat qaror chiqishidan oldin o'zimning shartimni aytdim, yani joy mening nomimda bo'ladi va oilamizga bir umrlik beriladi. Keyin hokimiyatdagilar rozi bo'lishdi va qarorni oilamiz nomiga chiqarib berishdi. Men sportchi bo'lishni orzu qilganman deya olmayman, lekin sport bilan doim yonma-yon yurganman. Bu haqda yuqorida aytib o'tdim. 

To'g'risini aytsam, futbolda ham chakki emasman. SHahrimizda faxriylar jamoasi bor va bunda No'mon Hasanovlar bilan birga o'zim ham o'ynab turaman. Tadbirkor bo'lganim uchun qurilish ishlari boshlangach, har bir ishni etti o'lchab bir kesishga harakat qildim, yani bo'lsa bo'lar bo'lmasa yo'q qabilida ish tutmadim, boshidan oxirigacha tepasida o'zim turdim. 

Lekin majmuani qurish oson bo'lmadi, ketgan mablag'dan tashqari ikki yil soliqchilar bilan kurashishga majbur bo'ldim. Hatto bir safar 20 million so'm undirib ketishdi. Hadeb soliqdan kelavergach, o'zimning ham sabr kosam to'lib, qo'mitaga yozishga majbur bo'ldim. Axir bolajonlar uchun sport majmuasi qurayotgan bo'lsam, zavod yo fabrika qursam ham boshqa gap edi. 

Keyin oxiri masalani mening foydamga hal qilib berishdi va shundan so'ng elkamga shamol tegib bemalol ishlay boshladim. Sport bilan shug'ullangan odam ham jismonan, ham ruhiy tomonlama sog'lom bo'ladi va sportga oshno kishilardan aslo Vatan xoini chiqmaydi. Men ham qo'qonlik yoshlar sport bilan shug'ullansin degan maqsadda shu ishga qo'l urdim. Agar kompleksdan foydalanadigan yoshlardan kelajakda taniqli sportchilar etishib chiqsa bundan faqat xursand bo'laman. 


- Bu erga keluvchi yoshlar sportning qaysi turi bilan shug'ullanadi?
- Aytsam ishonmassiz, lekin yoshlar bemalol sportning 30ga yaqin turi bilan shug'ullanishlari mumkin. Masalan, bitta kurashning qancha turi bor? Gimnastikani-chi? Karate, taekvando, qo'l jangi, stol tennisi, badminton, voleybol, basketbol, trenajyor zali deysizmi, hali katta tennis uchun ham joy bo'ladi. SHuning uchun bu erda faqat futbol bor ekan deyishlari asabimga tegyapti. Majmua o'z nomi bilan sport kompleksi, demak bu erda ko'plab sport turlari bo'ladi. Faqat basseyn bilan muz yo'q, xolos. 

- Malumki, sport kompleksini qurish oson emas. Buning uchun maydon yoki zalnimas, balki dush, kiyim almashtirish xonalarini ham etiborga olish zarur. Aytaylik, sportga qiziqmaydigan odam qurilish qilayotganida nimanidir unutib qo'yishi mumkin. Sizga shu tomonlama kim yordam berdi?
- Juda o'rinli savol berdingiz. Ko'pchilik asosan kechki payt sport bilan shug'ullanadi va bazan chiroq o'chib qolishi natijasida issiq suv - sovuq suv bo'lmay qolishi mumkin. Natijada odam maza qilib yuvina olmay uyiga qaytib ketadi. SHu bois men kompleks qurilishi jarayonida birinchi navbatda etibor bergan jihat kiyim almashtirish bilan dush xonalari bo'ldi. Nima uchun? CHunki o'zimiz ham ko'p bor futbol yoki tennis o'ynab terlagandan keyin suv yo'qligidan yuvina olmay majbur uyga ketardik. Yo'lda odam o'zini juda noqulay his qilardi. Sportchi astoydil shug'ullanib terlab bo'lgach qachon maza qiladi, qachonki suvda maza qilib cho'milib olsa. SHu bois dush masalasiga katta etibor berdim.


- Qaerda nima bo'lishini arxitektura bo'yicha joylashtirish masalasida kim yordam berdi?
- To'g'risini aytsam, hech kim. Menga mana shu bir yarim gektarli er topshirilganidan keyin o'tirib qaerda nima bo'lishini o'zim chizib chiqdim. Sport zal qaerda bo'ladi, trenajyor zali qaerda, futbol stadionini qaerga quramiz - bularning hammasini o'zim miyada pishitib olgandim. SHu bois alohida arxitektorga murojaat qilmadim. Bilasizmi, odamning puli ko'paysa qiziqishlari oshib boraverar ekan. Masalan, kimdir mashinaga, kimdir turli kiyimlarga, kimdir maza qilib eb-ichishga qiziqadi. Men esa yoshligimdan negadir qurilishga qiziqqanman. Mehnatdan aslo qochgan emasman. Qurilish mening jonu dilim deya olaman. Bu narsa menga otamdan o'tgan. Menga qimmatbaho kiyimlar yoki mashina kerak emas, bularga unchalik qiziqmayman. Ammo qurilish bo'lsa boshqa gap. 

- Endi ko'pchilikni qiziqtirayotgan yana bir savolni bersam. Bu majmuaga nom qo'yish masalasi.
- To'g'risi, sport kompleksiga nom qo'yish borasida ko'p o'yladik. “Yangi avlod”, “Yoshlik”, so'ngra sportga oid nomlarni o'zimizcha qo'yib qurdik. Lekin birortasi menga maqul kelmadi. Keyin Qo'qon - xonlar shahri, “Xudoyorxon” qo'yamizmi degan fikrga ham bordim. Ammo tanishlarim ko'p siyosiylashtirma, oddiy nom bo'la qolsin deb maslahat berishdi. Oxiri uzoq o'ylanishdan so'ng o'g'lim Ahmadxonga atab majmuaga “Ahmadxon” nomini berdim. Bu qanday bo'ldi? Bir kuni qarasam o'g'lim o'zi tengi bolalar bilan futbol o'ynayotgan ekan, shunda o'ylanib qoldim: axir bu majmuadan o'g'lim tengilar ham foydalanadi-ku, kel shuning uchun nomi “Ahmadxon” bo'la qolsin dedim. Natijada oilaviy tadbirkorligimiz tufayli majmua qurib bitkazilganidan so'ng o'g'limning nomini berdik. 

- Mana, yaqinda Umid Ahmadjonov boshchiligidagi sportimiz rahbarlari kelib majmuani rasman ochib berishdi. Endi buyog'iga qanday faoliyat yuritmoqchisiz?
- Hozirgi kunda futbol bilan birgalikda gimnastika to'garagi tayyor bo'lib qoldi. Yaqinda oldimga murabbiylar kelib gimnastika bo'yicha yosh qizlarga dars bersak bo'ladimi deb so'rashdi. Ularni eshitganimda faqat gimnastikani o'rgatib qolmay qizchalarning oyog'ini ortopediya yo'li bilan tekislashga harakat qilamiz deyishlari maqul keldi. Natijada ularga ortopedik maxsus stol ham qo'yib berdim. 

Badminton, stol tennisi ham bo'ladi. Bundan tashqari, men bilganim shahrimizda to'rt-beshta basketbol guruhlari bor, faqat ularga basketbol o'ynash uchun sharoit, yaxshi zallar etishmayapti. Nasib qilsa ularni ham olib kelamiz. Hali dzyudochilar, bodibildingchilar keladi. Men och odamga o'xshab bo'ldi majmua ishga tushdi, endi buyog'iga faqat pul ishlayman demayman. Avval sportchilar kelib ko'rsin, sharoitlar bilan tanishsin, mayli bir-ikki yil foydalanishsin, agar yoqsa ana undan keyin gaplashamiz. SHunda ham men o'z foydamni ko'zlamayman, balki bu erning ham o'z sarf-xarajatlari bo'ladi. Masalan, suvdan foydalanish, elektr toki ketishi, maydon chimini yangilash deganlaridek. Buni o'zingiz ham yaxshi bilasiz. 

- Albatta, sport kompleksini qurish boshlanganidan to bitgunicha siz bilan elkama-elka turgan kishilar ham bo'lsa kerak. Agar xohlasangiz, shunday odamlarga o'z minnatdorchiligingizni bildirishingiz mumkin.
- Eslatib juda yaxshi qildingiz. Mana shu o'tgan uch yil ichida men bilan yonma-yon turib bergan sinfdoshim Mubashirxon Saidovga shu fursatdan foydalanib katta rahmat aytaman. Mubashirxon yoshligidan hunarmand bo'lib ganjkorlikka qiziqdi. Keyinchalik mohir usta bo'lib etishdi. Mana shu do'stim menga yaqindan juda ko'p yordam berdi. SHu bois unga alohida minnatdorchilik bildirib qolaman.

- SHavkat aka, ajoyib suhbat uchun rahmat. Sizdek sportni sevadigan tadbirkorlar har doim bor bo'lsin. Keyingi ishlaringizda omad va rivoj tilab qolamiz.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.


Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика