"Qizilqum-Guli"da o'ynayotgan Diyora va Nodirabegim bilan suhbat
12 apr 2020 20:27
Yangiliklar
"Qizilqum-Guli"da o'ynayotgan Diyora va Nodirabegim bilan suhbat
Bu galgi mehmonlarimiz ayollar futboli vakilalari. “Qizilqum-Guli” ayollar jamoasi darvozaboni Meliboeva Nodirabegim va himoyachi Rahmatova Diyora bo'lishadi.
- Xayrli kun, hozirda nimalar bilan bandsiz?
Nodirabegim: - Hozirda uyda, hamma qatori karantin qoidalariga amal qilgan holda mashqlar olib boryapman. Albatta, uy sharoitidagi mashqlar sport formamni saqlab turish uchun ajoyib usuldir. Ha, keyin ko'plab taomlarni pishirib ko'rmoqdaman va bu ish menga zavq bermoqda.
Diyora: - Men ham xozirda uydaman. Mashqlar qilyapman va asosan uy ishlari bilan band bo'lmoqdaman. Karantin qoidalarini buzmasdan, intizorlik bilan futbolni kutmoqdaman.
- “Qizilqum-Guli” jamoasida ishlar qanday ketmoqda, mavsumga tayyorgarlik qanday o'tdi?
Nodirabegim: - Jamoamiz yaxshi formada edi. Xabaringiz bo'lsa bizda mini futbol bo'yicha musobaqalar bilan mavsumga start berilgandi. SHu sababdan mavsumga oldinroq va yaxshi tayyorgarlik ko'rgan edik.
- Keling o'tgan mavsum haqida suhbatimizni davom ettirsak. Jamoa birinchi bosqichda juda yaxshi harakat qildi. Keyinchalik ikkinchi bosqichga kelib faqatgina bitta g'alaba bilan mavsumni ohirgi o'rinda yakunladi. Nega bunday bo'ldi? Jamoaning ikkinchi bosqichga kuchi etmadimi?
Diyora: - To'g'ri, jamoamiz birinchi bosqichni juda ham yaxshi o'tkazdi. Lekin, negadir ikkinchi bosqichda keraksiz va ko'plab mag'lubiyatlarni qabul qilib oldik. Qolaversa, ikkinchi bosqichda saralangan jamoalar qoldi va ular kuchli edi. Bizga birgina g'alaba etmadi, kuchlilar qatoriga kira olganimizning o'zi bizga ko'p tajriba to'plashimizga sabab bo'ldi.
- Navbatdagi savol ikkalangizga ham tegishli. Nega aynan “Qizilqum-Guli” jamoasini tanlagansiz? Yana boshqa kuchli jamoalar ham bor-ku?
Nodirabegim: - To'g'ri kuchli jamoalardan ham takliflar bo'ldi. Ammo, ularni rad etdim va shu erga kelishga qaror qildim. Bilmadim nima uchundir shu jamoa meni o'ziga jalb qila oldi. Jamoadagi yuqori kayfiyatmi yoki ahillikmi, unisini bilmadim.
Diyora: - Aslida Andijondanman. Lekin, menga “Qizilqum-Guli” jamoasi yoqadi. Dugonam aytganidek jamoa juda ham ahil. Bu jamoaning yana bir jihati shundaki, bu erda hamma ohirigacha kurashadi. Balki, shu sabab ham men bu jamoadaman.
- Nodirabegim, sizni aslida “Maksam-CHirchiq”, “Lokomotiv” qolaversa “Andijanka” jamoalarida himoyachi poziciyasida ko'rdik. Nega hozirda darvozabon vazifasini bajarmoqdasiz?
Nodirabegim: - Hammasi terma jamoadagi faoliyatim bilan bog'liq. Meni u erda murabbiylar darvozada sinab ko'rishdi. Menimcha yaxshi taassurot qoldirganman shekilli keyinchalik meni poziciyamni darvozabonlikka almashtirishgan. Afsus qilmayman va bu menga yoqadi.
- “Qizilqum-Guli” jamoasiga yangi mavsumda qanday maqsad vazifa qilib qo'yilgan?
Nodirabegim: - Jamoamizga maqsad qilib, o'tgan yilgi natijamizni yaxshilash va yanada kuchliroq jamoani shakllantirish vazifa qilib qo'yilgan.
- Keling endi jiddiyroq savollarga o'tamiz. Nimaga bizda ayollar futboli darajasi yuqori emas, terma jamoalarimizning natijalari qoniqarli darajada emas?
Nodirabegim: - Mening fikrimcha unday emas. Aksincha terma jamoalarimizda kuchayish va chempionatimizda esa o'sish bor. Oldinlari to'g'ri kuchsiz edik. Ammo, hozir kuchlilar qatoriga kirishga bemalol kurashsa bo'ladi.
Diyora: - Men ham Nodirabegimning fikriga qo'shilaman. Lekin, yana bir tomoni shundaki, bizda qiz bolaning futbolchi bo'lishiga qandaydir boshqacha ko'z bilan qarashadi. Keyin mentalitetimizga ham to'g'ri kelmaydi.
- Nega unda terma jamoamizning jahon chempionatlarida ko'rmayapmiz, nega biz Osiyoda kuchlilar safiga kirish uchun harakat qilmayapmiz?
Nodirabegim: - Harakat bor. Natija esa birdaniga bo'lib qolmaydi. Ozgina sabr qilsak albatta biz kuchlilar safida bo'lamiz.
- Nima deb o'ylaysizlar, nega bizda “Sevinch” jamoasidek kuchli jamoa chiqmayapti?
Diyora: - Nega chiqmayapti borku, mana “Bunyodkor” va “Metallurg” jamoalari, so'ngi paytlarda “So'g'diyona” jamoasi ham anchagina kuchaydi.
- To'g'ri kuchayish bor, baribir “Sevinch” jamoasi bilan raqib bo'lgan jamoada uchrashuvdan oldin g'alabaga ishonchsizlik bordek. Ha, keyin kuchaygan jamoalarda ham aynan “Sevinch” jamoasining tarbiyalanuvchilari talaygina topiladi.
Nodirabegim: - To'g'ri fikringiz lekin baribir raqobat har doim bo'lgan. “Sevinch” jamoasining ko'p yillik tajribasi va ajoyib akademiyasi bor. Qolaversa bu jamoa mana necha yildirki, jamoa o'zagina saqlab qolgan holda harakat qilmoqda. Menimcha asosiy sabab shunda.
- Nodirabegim, siz faoliyat yuritgan jamoalar orasida “Andijanka” jamoasi ham bor. Nima deb o'ylaysiz, nega bu jamoaning oxirgi yillardagi ishlari ko'ngildagidek emas?
Nodirabegim: - To'g'ri aytasiz bu jamoada katta pasayish bo'ldi. Menimcha bunga sabab jamoa bosh murabbiyi Miron Dmitrevichning olamdan o'tib qolgani va jamoada avlodlar almashinuvi ro'y berayotganida deb o'ylayman. Albatta, yana ozgina fursatdan so'ng bu jamoaning kuchlilar safiga qaytishiga ishonaman.
- Yangi mavsumda qaysi jamoalarning chempionlik uchun kurashishini kutyapsiz?
Diyora: - Menimcha “Sevinch”,”Bunyodkor” va “Metallurg” jamoalari bu yil ham chempionlik uchun kurashadiganga o'xshaydi. Buni ularning mavsum boshidagi o'yinlari ko'rsatib berdi.
Nodirabegim: - Menda esa bitta qo'shimcha jamoa bor, u ham bo'lsa “So'g'diyona” jamoasi. Bu jamoa ham yangi mavsumda kuchlilar safida bo'lish uchun qo'lidan kelgan ishni qilmoqda.
- Sizningcha o'zbekistonda ayollar futbolida eng kuchli murabbiy va futbolchi kim?
Nodirabegim: - Men uchun murabbiylardan, Vladislav Nikolaevich Xan yoqadi. Mana necha yildirki bu murabbiy ayollar futboliga ko'plab iqtidorlarni etkazib bermoqda. Futbolchilarga keladigan bo'lsak,”Sevinch” jamoasining ximoyachisi Maftuna SHoyimovani eng kuchli deb bilaman.
Diyora: - Men eng kuchli murabbiy sifatida Boboqulov SHerali akani bilaman. Futbolchi qizlardan esa “Bunyodkor” jamoasi azosi Mahliyo Sarikovani kuchli deya olaman.
- Sizlarga maroqli suhbat uchun katta rahmat! Marhamat muxlislarga tilaklaringizni bildirishingiz mumkin...
Nodirabegim: - Xalqimizga kelgan bu sinovli kunlardan eson-omon o'tib olib, haqqoniy va shiddatli futbolni qarshi olishlarini tilab qolaman. Doimo ularni omad tark etmasliklarini tilayman.
Diyora: - Barchaga omad va zafarlar yor bo'lishini, qolaversa barchaga karantin qoidalariga rioya qilishni so'rab qolardim. Albatta, barchaning xonadonida yana kutarinki kayfiyat hukm surishini tilakdoshiman.
SHoxrux Meylixolov suhbatlashdi
Fikrlar