Pep mukammal murabbiy, Peruning JCH-2022ga chiqish imkoniyatlari past, murabbiylikdan ko'ra oilam muhimroq - Klaudio Pisarro bilan intervyu
14 avg 2020 14:20
Yangiliklar
Pep mukammal murabbiy, Peruning JCH-2022ga chiqish imkoniyatlari past, murabbiylikdan ko'ra oilam muhimroq - Klaudio Pisarro bilan intervyu
- Futbolni tugatgach o'zingizni qanday his qilyapsiz, qandaydir noqulayliklar sezilmayaptimi?
- Yo'q aksincha, bu yaxshi va yoqimli. Har tomonlama tinchlantiruvchi hislarni sezyapman (kuladi). Uzoq yillik kareram davomida bir necha bor faoliyatimni to'xtatishni o'ylab ko'rganman va buni o'zimga ham aytishgan. Lekin, men futbolni tark etishni istamasdim. Har safar yana to'p tepishga qaror qilganimda baribir davrim tugayotganligini his qilar edim va bu men uchun juda og'riqli edi.
- Hali faoliyatingizni yakunlaganingizga bir yil ham bo'lmadi. Tabiiyki, futbol ichida yashagan insonning bu erdan ajralishi qiyin. Siz bunday holatga qanday ko'nikyapsiz?
- Hamma narsaning muayyan vaqti bo'ladi. Menda ham bu normal holatda kechdi deb ayta olaman. Hozir bayramlardan zavq oladigan, oilam bilan birga ko'proq bo'ladigan paytim. Futbol muhitidan chetda yashashga ham ko'nikishim kerak. Menimcha, hammasi joyida va o'z vaqtida bo'lgani maqul. To'g'ri, bazida o'sha kiyinish xonalari-yu, jamoadoshlarim bilan o'tgan xotiralar, stadion to'la muxlislarimni eslab turaman. Ular hayotimning bir qismi va hech qachon yoddan chiqmaydigan lahzalar bo'lib qoladi.
- Faoliyatingizni so'ngida o'z vataningiz Peruga qaytib, "Alyansa Lima" jamoasida o'ynamoqchi bo'lganingiz rostmi?
- To'g'ri, bu mening rejalarimda bor edi. 2019 yilning oxirigacha shartnoma imzolanishim kerak edi. Baribir, o'z mamlakatim ligasida chempion bo'lmagandim va menda bunday orzu yo'q emasdi. Lekin, "Verder" dagi murabbiylarim va rahbariyat jamoadan ketishimga qarshi chiqishdi. Ular meni Germaniyada qolib, keyinchalik mutaxassis bo'lib ishlashimni xohlashgan.
- Bilamizki, mashhur futbolchilar faoliyatlarini yakunlagach, o'zlari to'p tepgan sobiq jamoalarga murabbiy bo'lib ishga o'tishadi. Xo'sh, sizdachi? Agar tanlash imkoniyati bo'lganda "Bavariya"ni boshqargan bo'larmidingiz yoki "Verder"ni?
- To'g'risini aytganda, ancha o'ylantiradigan savol. Yuqoridagi ikki klub men uchun haqiqiy maktab bo'lgan desam yangilishmayman. Aynan shu jamoalar meni ommaga tanitgan, ular menga barcha sharoitlarni yaratib bergan. Qaerda o'ynagan bo'lsam ham va nima qilgan bo'lsam, barchasini klubim va futbol uchun qilganman. Ikkisi ham men uchun birdek qadrli. Lekin, tanlash imkoniyatim bo'lganda "Bavariya"ni tanlar edim. U erda doim maksimal atmosfera yaratiladi va barcha o'z ishiga chuqur masuliyat bilan yondoshadi. Tabiiyki, bunday muhitda malum bir missiyani amalga oshira olasan. Lekin, hozircha qaerda ishlashimni aniq belgilab olganim yo'q.
- Hozir guvohi bo'lyapmizki, Bundesligada o'rnatgan bir qancha rekordlaringizni bugungi davr futbolchilari yangilab ulgurishyapti. Bunday vaziyatda ular siz uchun qanday qiymatga ega?
- Men bolaligimda bugungi erishgan yutuqlarimni hatto tasavvur ham qila olmasdim. To bugungacha bo'lgan uzoq yo'lda men o'z oldimga qo'ygan marralarimga qattiq intildim. To'g'ri, Germaniyadan ham ko'ra kuchliroq ligalarda o'ynashni orzu qilganman. Lekin, bu er menga ko'plab imkoniyatlar eshigini ochgan va o'z uyimga aylanib qolgan. Bu erda ko'plab individual sovrinlar yutdim. "Bavariya"da bir necha bor to'purarlik. To'g'ri, hozirgi o'rnatgan rekordlarim bir necha bor yangilanib bo'ldi va bu tabiiy hol. Futbol rivojlanyapti, hammasini to'g'ri qabul qilaman. Ayniqsa, Levandovskiga alohida hurmatim bor, u haqiqiy top forvard. Lekin, rekordlar haqida gap ketar ekan, baribir uning egalari doim yodda saqlanadi. Sening isming va sening millating klub tarixidan muqim joy olsa, demak sen futbolga nimanidir berganingni his qilasan. Bu albatta yoqimli.
- Hayotingizning ko'p qismi Germaniyada o'tdi. U er sizga nimalarni o'rgatdi?
- Juda ko'p narsa. Dastlab bu erga ko'chib kelgach, hamma narsa qatiy tartib ostida ekanligi meni hayron qoldirdi. Tezda ko'nikib ketishimga otam sababchi bo'lgan desam, adashmagan bo'laman. U harbiy sohada ishlar edi va uyda ham qatiy nazoratda bo'lganman. Adaptaciya oson kechgan. Eng noqulay tomonlari ovqatlanish va ob-havo borasida sodir bo'lgan. Eng muhimi nemis murabbiylari qo'l ostida futbol olamiga turli rakurslardan qarashni o'rganganman. Hozir shu erda yashayman va bu erning madaniyatini to'liq o'zlashtirganman.
- Nima uchun murabbiy bo'lishni jiddiy o'ylab ko'rmagansiz?
- Faoliyatim oxirlab borayotgan yillar Gvardiola menga murabbiylar maktabiga borishni tavsiya qilib, mendan mahoratli murabbiy chiqishini aytib o'tgan edi. Biroq, menga oila va yaqinlarim muhimroq. Xayolni chalg'ituvchi har qanday jiddiy va masuliyat talab etuvchi ishlarga unchalik xohishim yo'q.
- Futbol olamida siz eng kuchli deb hisoblaydigan bir murabbiy, jamoadosh va raqibingizni ayta olasizmi?
- Murabbiy shubhasiz Pep. U men ko'rgan mutaxassislar ichida eng yaxshisi. O'yin taktikasini tuzishidan tortib, har bir o'yinchisini raqib jamoa specifikasiga qarab maydonga moslashtirishigacha o'ta aniqlik bilan ishlaydi. U shunchaki mukammal. Jamoadoshga to'xtalsak, braziliyalik Roberto. U bilan bir birimizni juda kuchli tushunib harakat qilganmiz, maydonda ham, maydon tashqarisida ham. Raqibimga kelsak, urugvaylik Diego Lugano. Unga qarshi kechgan har bir o'yin men uchun jang edi. Ayniqsa Kopa Amerikaning turli turnirlarida bir necha bor to'qnash kelganmiz. Ammo, asl hayotda unday emas. O'rtamizda do'stona hurmat va o'zaro yaqinlik bor.
- Karerangizdagi 3ta esda qolarli muhim voqea?
- Ikkita aytishim mumkin. 2013 yilda "Bavariya" bilan erishgan oltin trebl va 2015 yilda Peru bilan Kopa Amerikada yutgan bronza medallarim. Bular kareramni bezab turadi.
- Milliy jamoangiz sizda qanday xotiralarni qoldirgan?
- Esda qolarli barcha xotiralar Germaniya bilan bog'liq! Qaysi bolakay yoshligidan terma jamoada to'p tepishni orzu qilmaydi. Men buni o'zimda faqat orzu sifatida qolib ketmaganidan xursandman. Omadliman, termada sardor bo'ldim. Evropaga ko'chib o'tganimdan so'ng, dunyoqarashim butunlay o'zgargan. U erdagi futbolni mahalliy futbolimizga ham singdirishga harakat qilganman. Lekin, termada men kabi bir ikkita legionerlar bor edi xolos. Amalda esa bu juda past ko'rsatkich bo'lib, ko'p bora tajribasizlik qilganmiz. Milliy jamoamga evropacha futbol etishmasdi. Yagona armonim - Jahon chempionatida o'ynamaganim. Hozirgi avlod buni uddalashdi. Bundan xursandman. Ular bunga haqli. Lekin, Rossiya-2018 ga chaqirilmaganimdan qattiq afsusdaman. Ammo, buni qabul qilishga majburman. Balki, o'yin amaliyoti etishmagandir. Murabbiyni qar orini hurmat qilaman.
- Hozirgi zamonaviy Peruning yutuqlarida Rikardo Garekaning hissasini qanday baholaysiz?
- Tan olish kerak, u terma jamoaga juda ko'p narsa bera oldi. Evropacha dinamik sxema olib kirdi. Futbolchilarni pressingga o'rgatdi avvalo. Muhimi bizga etishmagan ishonchni qaytardi. Qaysidir manoda Peru futbolining oldingi tomirlarini tikladi.
- Peru milliy terma jamoasinining Qatar-2022 yo'lidagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Albatta, tarkib har tomonlama o'sdi. Lekin, meni havotirda ushlab turuvchi omillar ham yo'q emas. Birinchi galda men legionerlarimiz ko'payishini kutgandim. So'nggi turnirlardagi yorqin o'yinlari evaziga bir nechta yosh futbolchilarimizga Evropaning top ligalaridan takliflar tushgandi. Lekin, rahbariyat negadir istedodlarni mamlakatda olib qolmoqchi. Men bunga mutlaqo qarshiman. Evropa havosini olgan o'yinchida baribir rang-baranglik kuzatiladi. Lekin, so'nggi saralashlarda yoshi ancha o'tib qolgan mahalliy elita futbolchilari yig'inga jalb etilyapti. Bu esa natijalarning ham o'sishiga salbiy tasir ko'rsatyapti. Peruni JCHda ko'rishni istayman, lekin bu missiyani amalga oshishini qiyin deb o'ylayapman. Lekin, futbol marafonga o'xshaydi, unda nima bo'lishini oldindan ayta olmaysan.
- Sizni yurtingizdagi elchixonada yuridik mansabdor sifatida ish boshlaganingizni eshitdik. Xo'sh, Pissaro ushbu poziciyadan turib qanday rejalarni mo'ljallamoqda?
- Avvalo, vatandoshlarimga qo'limdan kelgan barcha yordamimni ayamayman. Birinchi galda, ishni futboldan boshlayman. Mahalliy futbolimizga yirik investiciyalar kiritilishini tashkillashtirmoqchiman.
Fifa.com saytidan Yusufbek Saydaliev tarjimasi
Fikrlar