So’nggi yangiliklar

09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  0 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  3 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  5 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  9 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  3

Penalty: SHahboz Erkinov: "Terma jamoadagi debyutim unutilmas bo'lgan" Yangiliklar

Penalty: SHahboz Erkinov: "Terma jamoadagi debyutim unutilmas bo'lgan"

Loyihamizning 2016 yildagi dastlabki mehmoni sifatida SHahboz Erkinovni tanlashga qaror qildik.

Faoliyati davomida oliy liganing bir qator klublarida o'ynagan, Eronning "Pas" klubida faoliyat yuritgan va terma jamoa safida maydonga tushgan hujumchi bilan suhbat juda ham qiziqarli kechdi. Ko'rinishidan dimog'dor bo'lgan Erkinov tabiatan juda ham oddiy va sodda inson ekaniga guvohi bo'ldik. O'zbekistonlik tajribali murabbiy Furqat Esonboevning o'g'li bo'lgan SHahboz faoliyati haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.

- Futbolga ilk qadamlar haqida gapirib bering.
- Futbol o'ynashni 5-6 yoshimdan boshlaganman. Birinchi murabbiyim Kovalenko Anton Mixaylovich bo'lgan. 9-10 yoshimda TapoICH futbol maktabiga borib professional futbolga kirib kelganman. Farhod Tojiev bilan birga bu maktabda bir sinfda o'qigandik.

- O'zbek futbolidagi qaysi klubning formasi yoqadi?
- O'tgan yil "Navbahor"ning oq formasi yoqdi. Undan tashqari "Paxtakor"ning nastarin rangli (sireneviy) formasi yoqardi.


- Oliy ligadagi dastlabki qadamni "Paxtakor"da qo'ygansiz...
- 17 yoshimda ROZKni bitrib "Paxtakor" yoshlar jamoasida o'ynashni boshlaganman. Bir yil o'rinbosarlar safida o'ynaganman va 2003 yil oliy ligada debyut qilgandim. Keyin boshqa klubga ijaraga berishgandi. 2007 yilda jamoaga qaytganman. Ammo hujum chizig'ida Zayniddin Tojiev, Anvar Soliev, Aleksandr Geynrix va Ixeruome Uche kabi "futbol bo'rilari" bor edi (kuladi). SHu bois kam maydonga tushardim. Qizig'i jamoaga qaytgan yilim chempion bo'lardik. 2007 yilda ham, 2012 yilda ham "Paxtakor" chempion bo'lgandi. Klubdagilar hazillashib menga chempion keltiruvchi deb nom qo'yishgandi. 7 yil davomida shu klubda o'ynadim. Qadrdon klublarimdan biri bo'lib qolgan.  

- Futbolda forma rangining qanchalik tasiri bor?
- Yo'q, hozir zamonaviy futbolda bu katta rol o'ynamasa kerak. Oldin projektorlar bo'lmaganida buning ahamiyati katta edi, nazarimda. Asosiysi bir-biridan ajralib tursa bo'lgani. 2011 yil "SHo'rtan" bilan OFK kubogida o'ynaganimizda sifatli formada o'ynagandik. Issiq davlatlarda ham qiynalmagandik.

- "So'g'diyona"dagi faoliyat haqida nima deya olasiz?
- 2005 yil yoshlar futbolidan katta futbolga o'tishimga katta "tramplin" bo'lgan. "Paxtakor" Akmal SHorahmedov, Alisher Mahmudov, Akmal Risqullaev va meni ijaraga bergandi. Suyun Murtazoev boshchiligida o'sha yil oliy ligada futbolchi sifatida tanilganman va tajriba to'plaganman. 2008 yil esa eng sermahsul yillarimdan biri bo'lgan. Otamning qo'l ostida hujumchi sifatida butkul shakllanganman. Boshqalardan 100 foiz talab qilsalar mendan 200 foiz talab qilardilar. Menga juda ko'p tanbeh berardilar. Eronga ketishimga ham aynan shu jamoadagi o'yinlarim sabab bo'lgandi. "So'g'diyona" safida o'sha yil adashmasam 13ta gol urgandim.


- Muhim uyin oldidan qaysi taomni tanovvul qilish yoqadi?
- O'yindan bir kun oldin jamoa bazaga to'planadi. SHu bois shifokorlar tavsiya qilgan narsalarni eyish mumkin xolos. Bir kun oldin osh tanovul qilinadi. O'yin kuni nonushtada farqi yo'q, uchrashuvga oz qolganida esa asosan engil taomlar beriladi. Tovuq, parlangan taomlar eyish mumkin.

- 2008 yil kuz oyida Eronning "Pas" klubiga o'tdingiz. Legioner sifatida o'ynash qanday ekan?
- Erondagi faoliyatim tufayli O'zbekiston milliy terma jamoasiga chaqiruv olganman. Terma jamoa murabbiylari bejizga legionerlarni chaqirishmas ekan. Sababi kuchli chempionatda o'ynab futbolga bo'lgan qarash boshqacha ekanini tushunib etdim. Eron chempionati kuchli, hamon kuchli hisoblanadi. Ko'pchilik nega bo'lmasa OCHLda bizni klublar Eron klublarini doim yutaveradi deydi. Sababi Eronda eng birinchi o'rinda milliy chempionat va kubok bahslari turadi. Ko'pchilik murabbiylar urg'uni pro-ligaga qaratishadi. U erda mahalliy derbilar juda dahashtli tarzda o'tadi. "Sepaxon" - "Zob Oxan", "Persepolis" - "Istiqlol" o'yinlariga kirishni istardim. Ammo jamoadoshlarim "nimalar deyapsan, bizni muxlislar tanishib qolishsa nima bo'lishini bilasanmi" deyishardi. To'g'risi stadiondagi muhitni tariflab bera olmayman. Ko'rish kerak uni.

- O'zbek va rus tillaridan tashqari qaysi tillarni bilasiz?
- Eronda fors tilini o'rganganman. To'liq emas, lekin bemalol gaplasha olaman. Ingliz tilini esa biroz kamroq bilaman. Fikrimni bildira olaman.


- "SHo'rtan", "Olmaliq" va "Navbahor"dagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz?
- Eronda jarohat olib O'zbekistonga qaytgandim. "SHo'rtan" klubidan tushgan taklifni qabul qilib Edgar Gess boshchiligidagi jamoada o'ynaganman. Bu jamoada Igor Taran, Vadim Afonin, Vyacheslav Ponamarev kabi futbolchilar bilan to'p tepgandim. Yaxshi jamoa yig'ilgandi. Birinchi yil to'rtinchi o'rinni olib OFK kubogida qatnashgandik. G'uzorga Yaman klubi kelganida kuchli qor yoqqandi va raqibni 7:1 hisobida g'alaba qozongandik. Sovuq havo bizga katta yordam bergandi. Yamanda esa bizni issiq bilan "engishmoqchi" bo'lishgan va uchrashuvni 17:00ga belgilashgan. Biroq biz baribir yutib kelgandik (kuladi).

2013 yil "Olmaliq"ka katta umidlar bilan borgandim. Sababi Igor SHkvirin O'zbekistonning eng kuchli hujumchilaridan biri hisoblanadi. Bu murabbiy qo'l ostida yanada o'sishni o'ylagandim. SHkvirinning taktikasiga tushmadimmi yoki boshqa sababmi jamoadagi faoliyatim qisqa bo'ldi.

"Navbahor"ga esa Baxtiyor Ashurmatov sababli borganman. Menimcha ikki yil yomon o'tgani yo'q. Bazida moliyaviy muammolar bo'ldi, ammo futbolchilar shunga qaramay har bir o'yinda maydonga tushib g'alaba uchun kurashaverdi. Agar shu jamoa saqlanib qolganida keyingi yil yanada yaxshi natija ko'rsatardik. Bunga ishonaman. Ashurmatov ham jamoadan ketdi, men ham ketdim. "Navbahor" yangidan shakllantirilmoqda.


- Boshqa sport turi to'plari bilan futbol o'ynaganda qanday kulgili holatlar ro'y berishi mumkin?
- Bir marta basketbol to'pi bilan futbol o'ynaganmiz. Vadim Abramov olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi edi. Bir safar Abramov mashg'ulotga kech qolgan, shunda futbolchilar basketbol to'pi bilan futbol o'ynagandik. SHerigimizdan biri to'pni tepib oyog'ini qayrib olib ikki haftaga safdan chiqqandi. Vadim Karlenovich buni keyin bilib qoldi va agar klubda bo'lganlaringda senlarni katta miqdorda jarimaga tortadim deb hazillashgandi.

- Malayziyada nima bo'ldi? Erkinovni kelajakda ham xorij chempionatida ko'rishimiz mumkinmi?
- Malayziyadan taklif kutilmaganda bo'ldi. 2 yanvar kuni menga qo'ng'iroq qilishdi va 4 yanvarda Malayziyaga uchib bordim. 90 foizga aniq deyishgani uchun borgandim. Aslida bir haftaga chaqirishgandi, 8 kun bo'lasan deyishdi. Ikkita o'yin o'tkazdim. Men hali jismonan yuqori darajaga chiqmagandim. Yanvar oyida qaysi o'zbekistonlik futbolchi jismoniy holati yaxshi bo'ladi? Murabbiylar menga fevral oyi oxirigacha shu erda shug'ullanib tur agar barchasi yaxshi bo'lsa shartnoma tuzamiz deyishdi. Bunga men rozi bo'lmadim. O'zbekistonga qaytib Muborakning "Mashal" klubining taklifini qabul qildim. Kelajakda agar xorijdan yana taklif tushsa albatta o'zimni sinab ko'raman.

- Kim sizni ruhlantiradi?
- Otam! Otam butun umr futbol o'ynaganlar. Birinchi ustozim deb otamni ham tan olaman. Sababi futbolni ham, yashashni ham otam o'rgatganlar. Biroz o'zimni bo'sh qo'ysam o'zimni tezda o'z holimga keltirib qo'yardilar. Rahmatli buvam esa stadionga kelib o'yinlarimni ko'rardilar. Ular gol ursang va nomingni gazetada o'qisam bo'ldi deb qo'yardilar (kuladi).


- Milliy terma jamoada 3ta o'yin o'tkazgansiz. Har bir uchrashuvga to'xtalib o'tsangiz.
- Debyutim ajoyib va unutilmas bo'lgan. 2009 yil yanvar oyida "Pas" safida Eron kubogi chorak final o'yinida maydonga tushganmiz. Men Tehronga uchib kelib Dubayga, terma jamoaning BAAga qarshi o'yiniga uchishim kerak edi. Ob-havo yomon bo'lgani tufayli Tehronga kechikib uchib borganmiz va Dubay reysiga kech qolganman. CHiptam kuygan. Mirjalol Qosimovga buni etkazganman. "Agar ulgurmasang mayli kelmay qo'yaver" deganlar. Uchrashuvga 2 kun bor edi. Aeroport xodimlaridan barcha malumotlarni olib Tehrondan Dubayga o'z yonimdan biznes klassga chipta olib uchib borganman. Qosimovning yoniga borib vaziyatni tushuntirganman. Qo'shoqovich meni maqtab "juda ham kelgin keptida, mayli BAAga qarshi o'yinda albatta maydonga tushiraman" degandi. Murabbiy so'zining ustidan chiqib menga imkoniyat bergandi. SHunday qilib terma jamoada debyut qilganman. Farhod Tojievning goli evaziga safarda g'alabaga erishgandik.
JCH-2010 saralashi doirasida Yaponiyaga qarshi bahsda yutqazib qo'yganmiz. SHinji Okazaki uchrashuv boshida gol urib yaponlar yutib ketishgandi. Adashmasam aynan o'sha g'alabadan keyin Yaponiya Jahon chempionatiga chiqqandi. O'sha bahsda omadimiz kelmagandi, to'p darvozaga kirishni istamagandi.
Bosniya va Gercegovinaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi bo'lgan. Toshkentda o'tgan bahsda hisob ochilmagandi. Yodimda qolgani o'shanda juda kuchli yomg'ir yoqqandi (kuladi).  

- Havas va hasad. Futbolchilar orasida qaysi biri ko'proq?
- Menimcha hasad bizda kamroq bo'lsa kerak. To'g'ri sport, pul bor bo'lgan joyda hasad bo'ladi. Ammo Rossiya va O'zbekistonda butkul boshqacha. Mentalitet umuman boshqachaligi ham muhim rol o'ynaydi. Bizda havas ko'proq. O'zim Odil Ahmedovga havas qilaman. Sababi u bilan birga o'ynaganmiz. 13-14 yoshidan buyon taniyman, yoshligida deyarli ovozi chiqmasdi.  Olimpiya terma jamoasida o'ynaganimizdagina qattiq kulganini ilk bor ko'rgandim. U qanday bo'lsa hamon shundayligicha qolgan. Uni hech nima o'zgartirmaganiga qoyil qolaman. Havas qilaman. Yoshlarga Odilni o'rnak qilib ko'rsataman. Meni ko'pchilik ko'rinishimga qarab juda ham kekkaygan odam deb o'ylaydi. Ammo ko'rib turibsiz oddiy sodda va hazilkash insonman.


- SHahboz Erkinov uchun eng noqulay himoyachi yoki darvozabon?
- SHu paytgacha Ignatiy Nesterovga umuman gol urmagan ekanman. Hisoblab chiqsam bu darvozabonga qarshi juda ko'p o'yinlarda ishtirok etib to'p kiritmagan ekanman. O'tgan yil "Lokomotiv"ga gol urdim, ammo o'sha o'yinda Nesterov maydonga tushmagandi (kuladi). Himoyachilarga kelsak, "Lokomotiv"da o'ynagan Nemanya Yanichich juda tajribali va toza o'ynaydigan himoyachi ekan. Qo'pollik qilmasdan to'pni hujumchiga bermaydigan o'yinchilar toifasiga kiradi. Bundan tashqari "Qo'qon-1912"da o'ynagan Igor Golban ham menga qiyinchilik tug'dirdi. Egor Krimec esa bejizga Xitoyga ketgani yo'q. Oxirgi yillarda uning o'yini juda ham kuchaydi.

- Futbolchilarga yana qanday qulaylik va imtiyozlar yaratilishini xohlar edingiz?
- Ko'z tegmasin yildan-yilga sharoitlar yaxshilanib bormoqda. Oliy ligada 12 yildan buyon o'ynab kelayotgan ekanman. Mana oddiy fakt bugungi kunda deyarli barcha viloyatda yangi va zamonaviy stadionlar bor. Birgina kamchiligimiz bu vitaminizaciya. Akmal SHorahmedovning fikrlariga qo'shilaman. Agar O'zbekistonda ham bunga ko'proq etibor qaratilsa natija yanada yaxshi bo'ladi.

- Otangiz faoliyatingizda qanday o'rin tutadi?
- Juda katta o'rin tutadilar. Elni og'ziga elak tutib bo'lmaydi. Ko'pchilik otasi orqali futbolchi bo'lib yuribdi deydi. Yoshligimda futbol maktabiga olib borib meni bir o'zimni murabbiyni yoniga yuborganlar. O'zlari tepaga chiqib kuzatib o'tirganlar. 300 nafar yosh bola orasida 3 kun shug'ullandim. Oxirgi kun murabbiy O'taboev Kamil Malikovich seni ota-onang bormi degandi. SHunda otamni chaqirganman. Murabbiy nega meni o'g'lim demadingiz, nega mendan berkinib o'tirdingiz degandi. Otam agar meni ko'rsang buning xatolariga ko'z yumishing mumkin edi, bu menga kerak emasdi. Agar futbolga tortsa futbolchi bo'lishini istadim degandilar. "Otasining bolasi" deyishmasligi uchun, xattoki yoshligimda familiyamni Esonboevdan Erkinovga o'zgartirgandilar.


- Yosh SHahboz kimga taqlid qilgan? Bugun SHahboz Erkinov kimga taqlid qiladi?
- Patrik Klyuyvertga taqlid qilganman. Yoshligimda uning o'yinlarini kuzatganman. Ajoyib hujumchi edi. Hozirda esa Zlatan Ibragimovichning o'yinlari yoqadi. Uning deyarli barcha gollari shedevr deb atashga loyiq bo'ladi.

-  Tanqidiy savol: Nima uchun so'nggi yillarda yurtimizda ko'p gol uradigan hujumchilar kamayib ketdi?
- Ko'p gol uradigan emas, individual kuchli bo'lgan hujumchilar kamayib ketdi degan bo'lardim. Ko'p o'ylayman shu narsani. Hujumchi bo'lganim uchun o'zimga ham olaman. Hozirgi murabbiylarning ko'pi hujumchiga "to'pni o'zingda saqlab qol, yarim himoyachiga oshir" deydi. Dilshod Nuraliev qo'l ostida o'ynaganman, bu murabbiy istisno. Nuraliev bilan o'smirlar jamoasi safida Rossiyada turnirlarida qatnashib kelganman. Ular bolalarga "imkoniyat bormi, raqibni aldab zarba ber" derdilar. SHu bois ham Nuraliev jamoasidan individual kuchli futbolchilar etishib chiqadi. Klublarda hujumchilarga biroz erkinlik berish kerak. SHunda fintlar ham, gollar ham ko'paysa kerak.

- Daraxt bir erda ko'karadi deymiz. Futbolda bu qanchalik haqiqatga yaqin?
- To'ppa-to'g'ri aytilgan gap. Bitta jamoada ikki yil o'ynasam, ikkinchi yil doim yaxshi o'ynaganman. Agar uchinchi yil o'ynasam tasavvur qiling qanday o'ynayman. "Mashal"ni bekorga tanlaganim yo'q. Sababi bu barqaror jamoa. Qishda tarkibda ikki-uch futbolchi o'rniga ikki-uch nafar futbolchi keladi xolos. Asosiy tarkib deyarli saqlanib qoladi. Bitta jamoaga 10-11 nafar futbolchi kelsa jamoa sifatida shakllanish uchun yarim yil vaqt ketadi. Keyin yil tugab qoladi. Natija bo'lmasa murabbiy ishdan ketadi va o'sha futbolchilar boshqa jamoaga o'tib ketishadi. "Navbahor"da ikki yil deyarli bitta tarkib o'ynadi. Agar bu yil ham shu futbolchilar qolganida kelgusi yil jamoa yanada yaxshi o'ynay olardi. Ammo doim ham siz istagan narsa ro'y bermas ekan.


- Yodingizda qolgan penalti yoki penaltilar seriyasi
- Patrik Klyuyvert 2000 yilgi Evropa chempionati yarim finalida Italiyaga qarshi o'yinda penaltidan gol ura olmagandi. Penaltilar seriyasida esa Klyuyvert gol urgan, ammo Gollandiya yutqazib qo'ygandi. O'shanda kechasi bilan uxlay olmagandim. O'zimga kelsak 2013 yil Antaliyada "Paxtakor" bilan qishki yig'in o'tkazgandik. Xarkovning "Metallist" klubiga qarshi o'rtoqlik turnirida penaltilar seriyasida gol ura olmagandim. Ammo jamoa g'alaba qozongan shu bois ko'pchilik buni eslamaydi ham (kuladi).


Gulshan Sadullaeva va Narzulla Saydullaev suhbatlashdi.
Foto: Tolibjon Qosimov

Reyting: +16   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика