So’nggi yangiliklar

15:41"Ницца" АПЛ клублари қизиқаётган ҳимоячиси учун нарх белгилади  0 15:30Про лига. "Олимпик-MobiUz" – "Машъал" 0:0 (онлайн ҳисоб)  1 15:10ПСЖнинг 2 нафар футболчиси сафга қайтди  0 14:08Шенсни "Юве"да қолиши учун маоши камайишига рози бўлиши керак  0 13:40Гризманн қайтди  1 13:21Дилмурод Назаров хотирасига бағишланган "Наврўз Кубоги-2024" мусобақаси қандай ўтди?  3 13:09"Бавария" "Штутгарт" вингерига кўз тикди  0 12:46"Манчестер Юнайтед" Каземирога ўринбосар топди  2 12:20Эшитдик-да! ФИФА "Бунёдкор"га илк санкцияни қўллади  21 11:48Клоппнинг ассистенти "Аякс" бош мураббийига айланиши мумкин  1 11:24Ўзбекистон – Гонконг учрашувида майдонга югуриб тушган мухлислар маъмурий жавобгарликка тортилди, 2 нафар шахс 5 суткага қамалди  22 10:57Пеп Гвардиола «Манчестер Сити»даги келажаги борасида бир қарорга келди  7 10:28«Бавария» Алонсони қўлга кирита олмаганидан сўнг бошқа бир топ мураббий билан шартнома тузмоқчи  1 10:00ЦСКА устози РПЛнинг энг кучли футболчиси кимлигини айтди  8 09:3410 ойга четлатилган Тонали яна узоқ муддатга дисквалификация қилиниши мумкин  3

"Paxtakor"ga nima yoki kim etishmadi? Yangiliklar

"Paxtakor"ga nima yoki kim etishmadi?

Hech narsa o'zgargani yo'q. Yana alamli mag'lubiyat va biz guruhda qolib ketdik.

Oxirgi yillarda faqatgina "Lokomotiv" orada bir guruhdan chiqdi va chorak finalga qadar qadam bosdi. Keyinchalik esa qatorasiga 3 yildan buyon chempionga aylanayotgan "temiryo'lchilar" ham oson guruhdan chiqishni uddalashmadi. Mana endi "Paxtakor" ham ushbu vazifani bajara olmadi. Hech narsa o'zgargani yo'qdek, to'g'rimi?

O'tgan yili "Nasaf" ham guruhda yaxshi o'ynab, yakunda 10 ochko to'plagan holda pley-offga chiqolmagandi. Odatda 9 yoki 10 ochko guruhdan chiqish uchun etarli bo'ladi. Lekin bizga kelganda 8 yoki 10 ochko ham etmay qolaveradi. Qizig'i, "Nasaf" o'ynagan guruhda o'sha bizga tanish "Persepolis" va "Al Sadd" o'rin olgandi. Yakunda esa mazkur ikkala jamoa guruhdan chiqqan, "Nasaf" 10 ochko bilan jim qolgan, "Al Vasl" esa yaqqol autsayder maqomida musobaqani sharmandali tugatgan. To'g'ri, "Nasaf" oxirgi tur oldidan guruhdan chiqish imkoniyatini yo'qqa chiqarib, so'nggi turda ahamiyati jihatdan muhim bo'lmagan bahsda "Al Vasl"ni mag'lub etgandi. Keyinchalik "kvartet"dan chiqqan "Al Sadd" yarim finalga qadar yurdi va o'sha bekatda guruhdoshi "Persepolis"dan aziyat chekdi. Navbatdagi guruhdoshimiz "Persepolis" esa faqatgina finalda imkoniyatni boy bergandi xolos.



Joriy mavsum esa o'sha guruhdagi eski tanishlar "Paxtakor"ga duch keldi. Qo'shimchasiga Saudiya Arabistonining oxirgi yillardagi eng barqaror jamoalaridan biri "Al Ahli" "kvartet"ni xosil qildi. Ko'pchilik quradan keyin agarda "Paxtakor" pley-off bosqichidan muvaffaqiyatli o'tgan taqdirda ham mazkur guruhda ularga "non" yo'qligini takidlayotgandi. Bir qarashda xolis baho, o'tgan yilgi yarim finalchi va finalchi bor guruh hamda Saudiya Arabistonining barqaror jamoasiga qarshilik qilish mavsum avvalida shunchaki xom-hayolga tenglashtirilayotgandi.


Aslidachi? "Paxtakor" joriy mavsumni finalga teng ikkita bahs bilan boshladi. Yangilangan jamoaning "Eyr Fors"ga qarshi o'yini va Dubayda "Al Nasr" ustidan qozongan g'alabasidan keyin jamoaga bo'lgan ishonchsizlik mehrga aylandi. Ko'pchilik mavsum avvalidagi "Paxtakor"dan yoqimli syurprizni qabul qilgandek xursand bo'ldi. Guruhda esa butkul boshqacha vazndagi jamoalar, o'yinlar manzarasi ham avvalgidan farqlanishi taxmin qilindi. 

Ochig'i, "Paxtakor"ning mazkur guruhdagi o'yinlaridan keyin, ayniqsa Eronda "Ozodi" stadionidagi iroda, Toshkentda "Al Ahli"ga imkoniyat berilmagani, "Al Sadd" bilan o'yindagi energetik futboldan rohatlangan muxlislar durangni unutib, futboldan lazzatlanishdi. Oxirgi yillarda birinchi marotaba natijadan emas, jamoa ko'rsatgan futbolni olqishlaganimizni ko'rdim. Darhaqiqat, "Paxtakor" OCHLdagi birinchi davra o'yinlarini yuqori tempda, butkul boshqacha notada o'tkazdi. Hech bir raqibidan o'yin taraflama nochor ko'rinmadi, aksincha, barcha bahslarda maydonda o'z ustunligini o'tkazish va nazoratni o'rnatishga muvaffaq bo'ldi.

Ikkinchi davra o'yinlari esa Qatarda boshlandi. Ha, o'shandagi birgina qo'pol xato o'yinga mos bo'lmagan natijani keltirdi. Toshkentda esa "Persepolis" ikkinchi turda "Al Ahli" taslim qilinganidek mag'lub etildi. Kecha esa dramaga aylanib ketgan uchrashuvda omad ko'proq raqibga kulib boqdi. Toshkentda "Paxtakor" darvozasiga umuman zarba berolmagan "Al Ahli", o'z uyidagi o'yinda 3 marotaba darvozaga aniq zarba yo'llash choralarini topdi. Buni qarangki, shulardan ikkitasi darvoza to'riga aniq borib tushdi. Futbolda shunday o'yinlar bo'ladiki, o'sha kuni tepgan to'ping darvozadan joy olaveradi. Futbol tilida aytganda, "Al Ahli" kecha juda "fartoviy" o'ynadi.



"Al Ahli" xarakter ko'rsatgani aytilmoqda. O'yin scenariysi va natijadan kelib chiqsak, buni inkor etishning imkoni yo'q. Lekin kecha "Paxtakor" yomon o'ynadimi? Menimcha, yo'q. SHunchaki mazkur bahsdagi omad limiti "Al Ahli"ga foydasiga ishladi. Ko'pchilik himoya chizig'ini tanqid qilmoqda. Himoya chizig'i raqibga uchrashuv davomida 3 marotaba darvozaga aniq zarba berish imkonini qoldirdi. "Paxtakor" esa "Al Ahli" darvozasi tomon 6 bor aniq zarba yo'lladi. SHunchaki kecha raqib hali aytganimdek, futbol tilida "fartoviy" o'ynadi. Omad butkul ular tarafdan kuldi.

"Al Ahli" asosan ikkinchi bo'limda natijadan kelib chiqib bosimni oshirdi. Tabiiyki ko'proq hujumga o'tdi. "Paxtakor" esa birinchi bo'limdagi vaziyat va ustunlikdan naf chiqara olmadi. Ikkinchi taymda esa himoyaga ko'proq etibor qaratgan holda, qarshi hujum rejasi o'ylandi. Garchi gol o'tkazib yuborilgach ham "Paxtakor" bunga reakciya qildi. Javob golini urdi. Lekin "Al Ahli" qo'shimcha vaqtlarda birgina aniq zarbasi orqali o'yinda natijani o'zi tarafga og'dirdi. "Al Ahli" sovuqqon, ko'proq quvvatga ega bo'lib o'ynadi. "Paxtakor" esa toliqqan, energiyasining ko'p qismini sarflab qo'ygan jamoaga aylanib qoldi. Darhaqiqat shunday. CHunki joriy mavsum startida "Paxtakor" emocional tarafdan ko'p energiya sarfladi. Mavsumni jamoa ketma-ket finalga teng o'yinlar bilan boshladi. Guruh bosqichidagi raqiblar statusi va vaznidan kelib chiqsak, Arveladze jamoasi keragidan ortiq energiyani sarflab qo'yishgandi. Jamoa malum energiyani to'plab olishi uchun tanaffusga zarurat sezayotgandi. 


"D" guruhidagi yakuniy holat

Guruh qanday kuchli ekanligini mazkur jadval ham tasdiqlab turibdi. Oxirgi pog'onadagi jamoa bilan peshqadam orasida atigi 3 ochko farq. Peshqadam bilan so'nggi o'rindagi jamoalar ketma-ketligidagi ochkolar esa minimal. Peshqadam "Al Sadd"ning to'plar nisbati -1, aksincha, faqatgina oxirgi o'rindagi "Persepolis"da to'plar nisbati plyusda (1), "Paxtakor" va "Al Ahli"da esa bu ko'rsatkich 0. Teng kuchli jamoalar o'rin olgan mazkur "kvartet" so'zsiz eng kuchli guruhga aylandi.


Fevralda boshlangan mavsum, mayga qadar to'xtovsiz bosimli o'yinlarga to'ldi. Tabiiyki jamoa keragidan ortiq kuch va energiyani sarflab bo'lgandi. Malum energiyani to'plab olish uchun esa "Paxtakor"ga biroz tanaffus zaruriyati sezilayotgandi. Qo'shimchasiga, jarohati tufayli safdan chiqqan Sidiqov, Abdullaev kabi futbolchilarning yo'qligi ham tarkibdagi muvozanatni buzdi. To'g'ri, Sidiqov jamoaning asosiy futbolchisiga aylanib ulgurmadi. Biroq kerak paytda zaxiradan maydonga tushish orqali, boshqa bir asosiy tarkib futbolchisiga nafasni roslab olish imkoniyatini taqdim etardi. 



CHempionatimiz fonida "Paxtakor" tarkibi yulduzli va kuchli ko'rinishi mumkin, ammo OCHLda mazkur tarkibdagi zaxira torligi ham o'z so'zini aytdi. Bu futbolchilarning mahorati bilangina bog'liq emas, bazida kerakli o'zgarishlar orqali jamoani tetik saqlab turish uchun ham zaxira uzun bo'lishi talab etiladi. Energiya keragidan ortiq sarflanib, emocional tarafdan toliqib qolishga ham zaxira biroz torlik qilgani ham haqiqat.

"Paxtakor"ga joriy mavsum OCHLda nima yoki kim etishmadi, degan savolga ko'proq emociya deb javob beraman. CHunki bu narsa kechagi o'yinda ko'rindi. Ayniqsa Sergeevning golidan keyingi holat va qolgan daqiqalar ichida bor emociyani sarflab qo'ygan jamoaga o'sha sanoqli daqiqalarda ehtiyoj sezilgan energiya etishmadi. Tugab qoldi. Bundan esa "Al Ahli" zo'r foydalandi.



Bizdagi eng og'riqli muammo nimaligini bilasizmi? Kechagi o'yindan keyingi manzara. Xoh u "Paxtakor" muxlisi yoki boshqa klublarimiz uchun qayg'uradigan ishqiboz yoki jurnalist bo'lsin, natija bo'lmagach, ular o'z oldiga olib qo'ygan "toshlar"ni mag'lub tarafga qarata otadi. Jamoa ichidan kimnidir aybdor sifatida tanlab, o'sha manzilni "poylaydi".


Joriy mavsumdagi "Paxtakor" yakdil bir jamoa sifatida barchada iliq taassurot qoldirdi. Arveladze qurgan va qurayotgan o'yinda alohida nomlar emas, balki butun bir jamoa muhim ahamiyat kasb etadi. Uslub tanlangan, falsafa aniq va maqsad sari o'sha yo'ldan odimlanmoqda. "Paxtakor"ning o'yini tizimli ravishda yo'lga qo'yilmoqda, garchi maydondagi futbolchilar o'zgaradigan bo'lsada, bu jihat jamoaning o'yin chizgisiga putur etkazmaydi. Bu "Paxtakor" qaysidir futbolchining ustun jihatidan kelib chiqqan holda o'yin qurmaydi. Balki chizib berilgan o'yinga ko'ra maydonda harakatlanadi. Bu umuman boshqa-boshqa manzara.


Tan olaylik, hech kim Qatar va Eronning amaldagi chempionlari va Saudiya Arabistonining barqaror jamoasiga qarshi "Paxtakor" yaxshiroq ko'rinishini kutmagandi. Yaxshiroq deyayotganimga sabab, ikki o'yin natijasiga ko'ra, "Paxtakor" "Al Sadd"ga yutqazgan bo'lishi mumkin, ammo o'yin taraflama bu gapni aytishim, mubolag'aga o'xshab qoladi. Yoki "Al Ahli" bilan ikkala o'yinni olaylik, Toshkentdagi bahs ortiqcha savollarga muhtoj emas. Saudiya Arabistonidagi uchrashuvda esa omad ko'proq raqibga kulib boqdi. Har qanday holatda ham ikki o'yin natijasiga ko'ra hamda o'yin jihatdan "Paxtakor" raqibiga yutqazmadi. "Persepolis" bilan vaziyat esa aniq. Lekin yakuniy natija tarozisi raqiblar foydasiga ishladi. Demak mazkur jihatlar guruhdan chiqish uchun kamlik qildi. Mo'ljalni olishda qaerdadir xato qilingan va bundan tegishli xulosalar chiqarilishi lozim.



Guruhdan chiqqan va umuman OCHLda uzoqqa boradigan jamoalar tarkibiga etibor qaratsak, ularda natijani belgilashda asosiy rolni xorijlik yuqori malakali hujumchilar bajarishadi. "Al Ahli"da esa Omar Al Soma bu ishni qildi. "Al Sadd"da esa Xavidan tashqari jamoaning asosiy "snayperi" Bag'dod Bunedjaning samaradorligi qanchalik naf keltirishi ortiqcha misollarga ehtiyoj sezmaydi. Aytmoqchi bo'lganim, bizga kuchli markaziy himoyachilar kerak degan iddaolarga qo'shilmayman. CHunki, birinchidan, ayni paytdagi eng barqaror va yaxshi tandem allaqachon "Paxtakor"da o'ynamoqda. Krimec-Azamov tandemini alohida bir xatolar bilan baholash adolatdan emas. Yoki futbol tushunchasi pastligidan darak. Omar Al Somaning golida Azamovning bo'yi va hujumchining uzunligi, yoki suriyalik futbolchining bosh bilan qanday o'ynash qobiliyatini ham unutmaslik lozim. OCHLdagi raqiblarimizga qaraylik, ularga kim natija keltirmoqda? Qaysi jamoa metin himoyasi bilan natijaga erishmoqda? Hammasi aynan xorijlik hujumchilarning tasiri. Biz esa o'sha xorijlik yuqori malakaga ega hujumchilarni zararsizlantirib qo'yadigan top darajadagi mudofaa vakillarini olib kelolmaymiz. Undan ko'ra, arablar himoyasini o'zimiznikilar ham yorib o'tayotgan bir pallada, shunchaki kerakli "nuqta"ni qo'yadigan forvardga ehtiyoj yuqori. Buni esa uddalab topib kelish mumkin. Albatta selekciya juda puxta va aniq ishlashi lozim.


SHota Arveladze bilan bo'lgan suhbatdan keyingi xulosam, yani bizda futbol mentalitetini o'zgartirish lozim. Arveladze "Paxtakor"da buni hozircha uddalamoqda. OCHL guruh bosqichidagi natija qoniqarli bo'lmagandir, ammo o'yin bilan o'yinni, mag'lubiyat bilan mag'lubiyatni ham farqi bo'ladi. Har qanday mag'lubiyatdan keyin kimnidir aybdorga chiqarib, keyinchalik uni "sindirish" uslubidan voz kechib, vaziyatga odilona baho berishni, futbolimizni qadrlashni o'rganish lozim. Aks holda bu odat o'zgarmaydi va tarix takrorlanaveradi. Bu yilgi "Paxtakor"ning mentaliteti o'zgardi, chamamda. Balki hozirgi g'oliblik ruhi OCHL uchun kamlik qilgandir, lekin o'sish bo'layotganini inkor etish haqiqiy absurd bo'ladi.

Hozircha OCHLdagi eng qiyin yumush guruhdan chiqish. Agarda shuni uddalasak, qolgani nisbatan oson kechadi. Ruhan taraflama ham pley-offda ishlarimiz osonlashib ketishiga shubham yo'q. O'tgan yili "Nasaf"ning guruhdoshlari o'zaro yarim finalda to'qnash kelishgani va finalga qadar borgan "Persepolis"ga umuman o'yin bermagan "Paxtakor" pley-offda engilroq suzishga qodir. Faqat joriy mavsum emas.



Boshqa jamoa muxlislari, "Paxtakor"ni ichki chempionatda yomon ko'radigan ishqibozlar diqqatiga: Bugun "Lokomotiv"ga omad tilang! Ha, siz "Navbahor" yoki "Nasaf" muxlisi bo'lishingiz mumkin, ammo kelasi mavsumlarda sizning yoqimtoy jamoangiz OCHLda o'ynash yoki o'ynamasligi aynan "Paxtakor" va "Lokomotiv"ning mazkur musobaqadagi o'yinlari, natijalari hamda g'alabalariga bog'liq. Bazi muxlislar esa kechagi mag'lubiyatni g'alabadek nishonlashdi. Afsuski. Bu ham futbol madaniyati, mentaliteti va futbol tushunchasi bilan bog'liq masala. Tepada yozganim, o'tgan yili "Nasaf" OCHL guruh bosqichining o'zi uchun ahamiyatsizga aylangan bahsida "Al Vasl"ni mag'lub etgani aslida o'zbek jamoalarining OCHLdagi ishtiroki ahamiyati jihatdan muhimligini saqlab qolgandi. Yani, xalqaro maydonda ahamiyatsiz o'yin tushunchasi yo'q. U yoki bu jamoaning muxlisi bo'lishingizdan qati nazar, o'zbek jamoalarining barchasi xalqaro maydondagi klublarimizning g'alabasidan manfaatdor.



Hech narsa o'zgargani yo'q, degan fikrga qo'shilasizmi? Men, ha deyman. CHunki muxlislarimiz jamoa g'olib bo'lganida olqishlaganidek, mag'lub holatda ularga tosh otishadi.

Hech narsa o'zgargani yo'q, degan fikrga qo'shilmayman. CHunki "Paxtakor" ko'rsatgan o'yin, futbol va ular taqdim etgan adrenalinni unutib bo'lmaydi. Muhimi, jamoa yo'lga qo'ygan o'yin mavjud. Bu esa tobora shakllanib, o'sib bormoqda. Guruhda hech bir raqibdan kuchsiz ko'rinmagan "Paxtakor"ning mentaliteti o'zgarmoqda. Bu vaqti soati bilan butun o'zbek futboliga o'z tasirini o'tkazishiga umid bog'layman. Balki yakun o'sha-o'sha bo'lgandir, yani hech narsa o'zgarmagandir. Ammo buni qanday qabul qilish va tegishli xulosalar chiqarish qaysidir manoda o'zimizga bog'liq. Yani, biz ham o'sha o'zgarmayotgan narsani o'zgarishiga turtki bo'lishimiz mumkin. Balki bu ko'proq bizga bog'liqdir, bilmadim. Lekin men "Paxtakor"ning joriy mavsumda OCHLda ko'rsatgan o'yini va ishtirokidan mamnunman. Maksimal kutgan natijam bo'lmadi. Ammo bu narsa ularga tanqid toshlarini otishimni anglatmaydi. Guruh bilan guruhni, o'yin bilan o'yinni, raqib bilan raqibni farqi bo'ladi. Lekin bu "Paxtakor"ga raqib kim bo'lishining farqi bo'lmadi. Balki shunisi meni ko'proq quvontirgandir.

Muallif :
Reyting: -92   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика